MA'NAVIYaT — BEBAHO OLAM

Toshkentning qoq markazi – Navoiy teat­ri maydoni ro'parasida joylashgan “Sharq ziyokori” kitob do'konida bo'lganmisiz? Bu joy poytaxtimizdagi eng go'zal ziyo maskani, bu yerda shu qadar bebaho xazinalar borki, undan istagan kitobni topish mumkin. O'zbek adabiyotining eng sara asarlarini deysizmi yoki jahon adabiyoti durdonalarini istaysizmi, barchasi bor.

Faqat…

Yaqinda shu joyga borib kitob tanlash uchun 45 daqiqa vaqt sarfladim. Shuncha muddat mobaynida bu yerga mendan tashqari bitta odam tashrif buyurdi. Unga kimdir qo'ng'iroq qildi. Telefoni baland ovoz rejimiga qo'yilgan ekan, qo'ng'iroq qilgan odam: “Qaerdasan?”, deb so'radi. “Kitob do'konidaman”, deb javob qildi. “Esing joyidami? U yerda nima bor?” deb so'ragandi: “Kitob ko'rayapman”, dedi. “Hozir men mashinada yetib boraman, ko'chaga chiqib tur”, deb buyurdi qo'ng'iroq qilgan kishi.

Men o'zim tanlagan kitoblarning haqini to'lash uchun kassaga yondashdim. Bu yerdagi sotuvchi qizlardan so'radim:

— Do'konda xaridorlar yo'q-ku. Har doim shunaqami yoki hozir shunday bo'lib qoldimi?

— Kun bo'yi shu ahvol. Odamlar kitob o'qimay qo'yishdimi, bilmadik, kitoblarni oziq-ovqat mahsulotlari oldida sotsakmikan?

Ajabo! Kitobdan uzoqlashgan odamlar gazetaga ham loqayd bo'lib qolishgani aniq. Kitob do'konidan nari yurgan yoshlarga, o'quvchilarga murojaat qilgim keladi. Sizlar hayotning asl mazmuni kitoblarda ekanligini bilmas ekansiz. Butun diqqat-e'tiborni telefonlarga, ijtimoiy tarmoqqa qaratish — bu bir tomonlama qiziqish ekanligini unutmang. Chin ma'noda dunyoqarashingizni boyitish uchun kitob­­ga oshno tutuning. Agar kitobxonlikdan voz kechsangiz, umringiz behuda o'tadi. Keyin kech bo'ladi. O'z hayotingizni mazmunga boy, ma'noli o'tkazmoqchi bo'lsangiz, albatta, kitoblar olamidan uzoqlashmang. Kitob shunday mo''jizaki, u insonni bunyodkorlikka, yaratuvchanlikka undaydi. Kitobni qalbingizga oshno tutsangiz, butun koinot sizga yordam beradi.

Axir, odam bolasi faqat qorin uchun yashamaydi-ku?! Hayotimiz ezgu qadriyatlar, ma'naviyat bilan mazmunli emasmi?! Agar kimdir sizga faqat nafs uchun yashaysiz desa, xafa bo'lishingiz tabiiy gap. Inson o'z umrining go'zal bo'lishini ta'minlashi uchun Vatanini, vatandoshlarini sevishi kerak. Buning uchun ma'naviyatli bo'lish zarur.

“Men gazeta o'qimay qo'yganimga ancha bo'ldi”. Bu so'zni ba'zilar maqtanib aytishadi. Go'yo bunday zotlar o'zini kiborlar toifasidan, mayda-chuydalardan xoli hisoblaydi. Agar gazetadan, kitobdan uzoqlashganingizga ancha bo'lsa, ma'naviyatingiz haqida gapirmasak ham bo'ladi.

O'tgan yil yakunida yurtimizda muhim voqealar sodir bo'ldi. Avval korrupsiyaga qarshi kurashgan insonlar yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Keyin O'zbekiston Prezidenti raisligida Ma'naviyat va marifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'ldi. Birinchi tadbirda dunyoning turli joyidan kelgan fidoyi odamlar ishtirok etishdi. Ikkinchi tadbirda madaniyat xodimlari, yozuvchilar, san'atkorlar, jurnalistlar qatnashishdi. Bir-biridan farq qiluvchi mavzularda anjuman bo'ldi. Lekin ikkala tadbirni o'zaro bog'lab turadigan masala bor edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun inson iymonli, insofli, diyonatli, ma'naviyatli bo'lishi kerak.

Korrupsiyani yo'qotish uchun inson qalbida Vatan g'ururi, or-nomus, iftixor tuyg'ulari jo'sh urishi kerak. Bitta joyda o'sha illat ro'y bersa, bu xususiy hol emas, aksincha, jamiyatga dog' tushganday qabul qilinishi kerak. Qatar amiri korrupsiyaga qarshi kurashganlarga yuksak mukofotni topshirish marosimini nega aynan O'zbekiston poytaxti Toshkentda o'tkazishni tanladi? Chunki bizning zaminimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida to'g'ri yo'l tanlangan.

Insonning hayotga munosabati yillar o'tgan sayin o'zgarib borayapti. Qachonlardir ilk bor traktorning harakatini ko'rgan odam “Shayton arava” degan bo'lsa, gapirib turgan radioni bir buyum bilan urib o'chirishga uringan bo'lsa, endilikda tezyurar poezdu raketalar sur'atidan ham ajablanmay qo'ydi.

Turmush taraqqiyoti har qancha yuksalmasin, baribir inson ko'ngli, ma'naviy olami ezgulikka ehtiyoj sezaveradi. Bu ehtiyojni aqlli mashinalar, taraqqiy etgan robotlar qondirolmaydi.

Ma'naviyati yuksak, iymoni butun odam qanaqa bo'ladi? Men shunday bir odamni tanirdim. Asli namanganlik bo'lgan manbashunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ismatilla Abdullayev Toshkent shahridagi akademiklar shaharchasida yashar edi. Hurmatli domla o'zi yashayotgan mahallaning biror farzandi e'tiborsiz o'tsa, darhol to'xtatar va undan so'rardi: “Bolam, siz kimning farzandisiz?”. Bola javob bergach, “Ie, otangiz juda yaxshi olim-ku, nega salom bermay o'tyapsiz?” Unga javoban bola: “Assalomu alaykum” dey­di. “Bu boshqa gap, hamisha shunday bo'lsin” derdi. Shundan so'ng olimlar mahallasida hamma salomga o'rganibdi. Shu domlaning fidoyiligini eshitgan namanganliklar alohida uy-joy hozirlab viloyatlariga taklif qilishibdi. Ustoz ham yurtiga quruq bormadi, butun umr to'plagan kitoblarini namanganlik yoshlarga tuhfa qildi.

Namanganlik ma'naviyat jonkuyari Ziyovuddin Mansurning hikoya qilishicha, Ismatilla Abdullayev 60 yoshida o'z o'quvchilariga, 70 yoshida nogironlarga osh qilib shukrona das­turxoni yozibdi. Bu tadbirlardan moddiy daromad qilishni xayoliga ham keltirmagan. Ba'zan ayrim kishilarga biror vazifa qo'yilsa, “Buning uchun mukofot beriladimi?” deb so'rashadi. Zotan, biz ixlos qo'yayotgan jadid bobolarimiz jamiki savobli ishlarni o'z fidoyiliklari evaziga bajarishgan.

Prezidentimiz barcha ishlarni mahallalar orqali amalga oshirishni taklif qilayotgani judayam o'rinli. Axir inson tafakkuri, hayotga nisbatan mas'uliyati mahallada, oila bag'rida vujudga keladi. Agar mahallada ma'naviyat ishlari yaxshi yo'lga qo'yilsa, hammasi risoladagidek bo'ladi.

Hozirgi paytda korxona va tashkilotlarda rahbarlik qiladigan kadrlarni shartli ravishda ikkiga bo'lish mumkin. Birinchi toifasi ma'naviyatni tushunadigan kadrlar, ikkinchi toifa faqat xo'jalik ko'rsatkichlarini biladigan kadrlar. Ikkinchi toifa vakillari uchun xayolida faqat “gektar, sentner, tonna, foiz”ni ifodalovchi ko'rsatkichlar g'ujg'on urib, butun kuchni bir tomonlama sarflashga urinadi. Ma'naviyatni yaxshi tushunadigan rahbarlar hayotga keng miqyosda fikr yuritib, qaysi maqsadlarni ko'zlab harakat qilayotganini yaxshi biladilar. Yurtimizda mehnat qilayotgan viloyat va tuman hokimlari orasida qaysilari zamon talablariga munosibligini halqimiz yaxshi biladi.

Sirdaryo viloyatida Abdurahim Jalolov (oxirati obod bo'lsin) degan hokim bo'lardi. Taniqli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad bilan viloyatga borganimizda hokim: “Yaqinda gazetada mahalliy ijodkorning kuz manzaralari etyudini o'qib maza qildim” deganda hayratlangan edik. Son-sanoqsiz tashvish bilan band bo'lgan inson shu maqolani o'qigani, hatto undan ta'sirlanganiga qoyil qolgandik. “Men bu etyudni o'qib, Pushkin hikoyalarini esladim” deganda, ochig'i, lol bo'lib qoldik. Demak, suhbatdoshimiz azaldan mumtoz adiblarning asarlarini o'qigan. Unday odam bilan suhbatlashish ham maroqli.

Ma'naviyat shunday bebaho olamki, uni birovlarning buyrug'i bilan egallab bo'lmaydi. U insonning nechog'li tarbiya topganligi, hayotga munosib qarashiga bog'liq.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida xizmat

ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =