Ijtimoiy hayot va madaniyat muammolari

Mamlakat — yaxlit kompleks, undagi barcha sohalar, institutsional tizimlar bir-biriga uzviy bog'langan Bu esa majmuaviy yondashuv­ni, ya'ni barcha sohalar, tizimlar va institutlarga, ulardagi ijtimoiy muammolarni o'rganishga yaxlit yondashishni taqozo qiladi. Bundan tashqari, madaniyatning universal xususiyati, ijtimoiy borliqning barcha sohalariga, inson hayoti va faoliyatining barcha tomonlariga singib ketgani mavzumizga komp­leks yondashishni shart qilib qo'yadi.

Ilmiy adabiyotlarda madaniyatni ma'naviy madaniyat va moddiy madaniyatga klassifikatsiya qilish ustuvor yondashish bo'lib kelgan. To'g'ri, uning keyinchalik semiotik, etnologik, etnografik, lingvistik, antropologik, sotsiologik, tarixiy, fenomenologik jihatlari ham alohida voqelik sifatida o'rganila boshlandi. Biroq madaniyatning universal va kompleks xususiyatga ega hodisa ekani inkor qilingan emas. Ba'zi adabiyotlarda ma'naviyatni madaniyatdan alohida voqelik sifatida talqin qilishga intilish uchraydi, ammo ular ham pirovard natijada madaniyatning universal, kompleks voqelik ekaniga iqror bo'lishadi.

Hududlar “jamiyat” deb atalgan murakkab ins­titutning bir qismi, yo'nalishidir. Unda ikki — umumiylik va xususiylik mujassam.

Umumiylik jamiyat, xalq, millat, davlat va insoniyatga xos belgilarni ifoda etsa, xususiylik “umumiydan farqlananuvchi, o'zining ichki immanent belgilariga ega, nisbatan alohida mavjud” ob'yektdir. Nisbatan alohidalik xususiylikning, bizning misolimizda, hududning bosh belgisidir.

“2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi yetti ustuvor vazifalarga ijtimoiy-madaniy rivojlanish maqsadi singdirilgan. Ustuvor vazifalar “inson qadri uchun” tamoyiliga, xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquq va manfaatlarini so'zsiz ta'minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosiga qurilgani ta'kidlanadi. Bular mohiyatan ijtimoiy-madaniy xarakterga ega talablar va vazifalardir. Shu bilan birga, ustuvor yo'nalishlarning beshinchisi bevosita ijtimoiy-madaniy taraqqiyotga taalluqli. U “ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” deb belgilangan. Bu o'rinda “ma'naviy taraqqiyotni” ba'zi tadqiqotchilar qilganidek, “ilohiy nur” kabi mifoteologik talqin qilmaslik kerak, u moddiy va ma'naviy boyliklar yig'indisidir. Shunday keng talqin qilinsa, “ma'naviy taraqqiyot” tushunchasi jamiyat hayoti, real ijtimoiy muammolar, inson qadri, faolligi, turmush farovonligi va axloqiy-ma'naviy imperativlar, qadriyatlar, moddiyat bilan bog'liq, umuman, moddiy va ma'naviy boy­liklar yig'indisi ekanini to'g'ri anglaymiz.

“Taraqqiyot strategiyasi”da inson qadrini ulug'lashga qaratilgan dastlabki tadbirlar sifatida ijtimoiy himoya tilga olinadi. Unda 2026 yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to'liq qamrab olinishi kerakligi yuklatilgan. Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloya­tida 1-4-sinf o'quvchilarini bepul nonushta yoki tushlik bilan ta'minlash belgilangan. Ijtimoiy himoya davlatning sotsial funksiyalaridan biri, u davlatning xalqparvarligi ifodasidir. Ammo ijtimoiy himoya tekintomoq shaxslarni shakllantirish omili emas, balki ularni ijtimoiy-iqtisodiy hayotga qaytarish, tayyorlash usulidir. U palliativ xususiyatga ega chora.

Taraqqiyot strategiyasi hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni mahallalar bilan bog'laydi. Ularni faollashtirish uchun 8 ta ustuvor yo'nalishlar belgilangan. 6-yo'nalishda “mahalla hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko'maklashish va o'qitish markazlari, tadbirkorlik ob'yektlari kabi infratuzilmalar yaratish bo'­yicha chora-tadbirlar amalga oshirilsin”, deb ko'rsatilgan. Bu mahalla hududining ijtimoiy-madaniy rivojlanishiga turtki beradi. Shu bilan birga, mahalla institutini hududni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishning bosh sub'yektiga aylantirish haqida bosh qotirish kerak. Mahalla institutini joriy etish va rivojlantirish bosqichlarini o'rganish ko'rsatadiki, u hali hududiy muammolarni hal etishga qodir institutga aylantirilmadi, unga mahalliy va markaziy idoralar taz­yiqi hamon kuchli. Bugun u oilaviy nizolarni yechish, obodonlashtirishda qatnashadi, xolos.

Mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, madaniy xizmatlar infratuzilmasini yaratish, turarjoylar kompleksi barpo etish, yo'llar va ob'yektlarni ta'mirlashda u deyarli hech qanday ta'sir o'tkazolmaydi. Mahalla instituti hokimlarga qaram, ularning yugurdagi bo'lib qolmoqda. Mahallaning yuridik statusini qayta ko'rib chiqish, uni tashqi tazyiqlardan xalos qilib, hududning chinakam egasiga aylantirish zarur.

Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq mahallalarda yangi institut — yoshlar bilan ishlovchi 9 300 dan ziyod yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. U mahallalarni faollashtirishga xizmat qilishga da'vat etilgan. Joylarda ma'lum bir tajribalar ham to'plangan. Mahalla-tuman-viloyat- respublika vertikali shakllantirilgan. Ming afsuski, bu borada ham hali aniqlik yetishmaydi. Yoshlar yetakchisining yuridik statusi aniq emas, uning hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishdagi o'rni va vazifalari, fuqarolar yig'ini, madaniyat markazlari va bo'limlari, maktablar, o'quv yurtlari, o'zini o'zi boshqarish organlari bilan funksional aloqalari doirasi belgilab berilmagan. Umuman, hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirish kimning vazifasiga kiradi? Bir qarashda bu vazifani Madaniyat boshqarmalari va bo'limlari bajarishi kerakdek, ammo ularning bu boradagi huquqiy, moliyaviy, arxitektura-qurilish, sanitariya, yo'l-transport, iqtisodiy zonalar kabi ko'plab tizimlar bilan aloqalari   oydinlik talab etadi. Shunday aniq me'yor va talablarning ishlab chiqilmagani tufayli ba'zi tarixiy-madaniy ob'yektlarga qarashli yerlar va binolar tadbirkorlarning xususiy mulkiga aylantirilgan. Mening fikrimcha, ziddiyatlarga to'la madaniyat sohasidagi ushbu munosabatlarni milliy taraqqiyotimizga muvofiq keladigan qonunlar to'plami — Madaniyat kodeksini qabul qilish orqali hal etish mumkin.

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida yoshlar bilan bog'liq qator hududiy ahamiyatga ega muammolar kun tartibiga qo'yilgan. Unda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish zarurligi ko'rsatilgan. Mohiyatan bu qaror yoshlarning hududiy-madaniy hayotini tubdan takomillashtirishga qaratilgan. Yoshlar yetakchilari zimmasiga:

— madaniyat va san'atni targ'ib qilish;

— sog'lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish;

— axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish;

— ma'naviyat va kitobxonlikni targ'ib qilish;

— yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning huquqiy savodxonligini oshirish;

—tadbirkorlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash kabi vazifalar yuklatilgan.

Ularni tashkil etish va g'oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatini oshirishda, avvalo, madaniyat muassasalari ishtirok etadi. Busiz aslo mumkin emas. Demak, yoshlar yetakchiligiga madaniyat va san'atdan xabardor, bu sohalarda maxsus ma'lumotga ega yoshlar saylanishi darkor. Hududlardagi ijtimoiy-madaniy hayotdan va muammolardan yaxshi xabardor bo'lgan yoshlarni mahalliy hokimiyat O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutiga yo'llanma berish yoki malaka oshirish kursiga yuborish tartibini joriy qilish maqsadga muvofiqdir.

Yoshlar yetakchisining funksiyalari, Prezidentimiz qarorida ko'rsatilganidek, Madaniyat markazlari bilan o'xshash. Ular o'rtasidagi farq kam. Madaniyat markazlarining tadbirlari keng aholiga, yoshlar yetakchilariniki esa yoshlarga yo'naltirilgan; birinchisi Madaniyat vazirligiga, ikkinchisi mahalliy hokimiyatga bo'ysunadi. Ammo ikkala tizim ham hududni ijtimoiy-madaniy rivoj­lantirishga xizmat qiladi. Asosiy funk­siyalarining yaqinligi ularni hamkorlik qilib ishlashga undaydi. Bizda hokimiyatga yaqin har qanday shaxs­­ni, lavozimni mutlaqlashtirishga intilishdek stereotip mavjud. Esda tutish kerakki, tadbirkorlar bilan ishlashga da'vat etilgan hokim yordamchilari ham, mahallalardagi yoshlar yetakchilari ham aholi va yoshlar o'rtasida madaniy, targ'ibiy, tarbiyaviy hamda tashkiliy ishlarni olib boruvchilardir. Ular madaniyat xodimlari tajribasiga tayanishga, ular bilan hamkorlik qilishga majbur. Ushbu ijodiy hamkorlik pirovard natijada hududni ijtimoiy- madaniy rivoj­lantirishga olib keladi.

Hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishda iqtisodiyot sohasining roli katta. Iqtisodiyot yaratadigan moddiy ne'matlar, binolar, maydonlar, uy jihozlari o'z navbatida moddiy madaniyat namunalaridir. Shuning uchun har qanday iqtisodiy faoliyat, moddiy ne'matlar madaniyatshunoslar predmeti bo'lishi mumkin. Iqtisodiy-madaniy jarayonlarsiz umumiy, ijtimoiy taraqqiyot yo'q. Demak, madaniyat iqtisodiyotdan nafaqat predmetini qidiradi, shuningdek, uni o'zining ta'siri, elementlari va sotsiogumanistik merosi bilan boyitadi. Shu tarzda iqtisodiyot bir tomondan, insonning biologik, fiziologik va sotsial ehtiyojlarini qondirsa, ikkinchi tomondan, madaniyat ta'siri ostida inson yon-­atrofini go'zallashtiradi, turmushini farovon qiladi, tabiiy boyliklaridan samarali foydalanib, urbanizatsion va sivilizatsion taraqqiyotni ta'minlaydi.

Bugun yurtimizda iqtisodiyotning yangi-yangi yo'nalishlari, ob'yektlari va tuzilmalari paydo bo'lmoqda. Masalan, 180 ta mahsulot chiqarayotgan Angren, 160 ga yaqin turli mahsulotlar chiqarayotgan Navoiy erkin iqtisodiy zonalari yirik komplekslar hisoblanadi. Shuningdek, bugun Respublikamizda tadbirkor yoshlarning 186 ta iqtisodiy savdo-sotiq, ishlab chiqarish va turli xizmatlar ko'rsatuvchi markazlari, har bir tuman va shaharlarda IT parklar, 2 mingdan oshiq “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, yangi “siti”-markazlar, turarjoy massivlari qad ko'targanki, ularning har biri madaniyat muassasalari uchun tayyor auditoriyadir. Ammo ular ijtimoiy-madaniy jarayonlarga jalb etilayotganicha yo'q. To'g'ri, ayrim yangi massivlar va IT parklarda pullik xizmatlar ko'rsatuvchi kompyuter tuzatuvchi ustaxona, o'quv zallari, o'quv qurollari sotuvchi maskanlar, aksariyat yangi massivlar oldida ochiq sport maydonlari, salomatlik yo'laklari bor. Bu joylarga hali madaniyat markazlarining nazari tushmagan. Ushbu iqtisodiy sohalar va yangi massivlardagi aholining dam olishini uyushtirish, ularda milliy madaniyat va san'atga qiziqish uyg'otish madaniyat xodimlarimizning vazifasi hisoblanadi. Biroq madaniyat va san'at xodimlari iqtisodiyot talablarini o'rganishdan yiroqda. Raqamli iqtisodiyot konsepsiyasini olaylik. Bu qanday voqelik? U iqtisodiy rivojlanishimizga nimalar beradi? Bu borada qanday bilimlarga ega bo'lish darkor? Ushbu muammolarni hal etishga madaniyat muassasalari ham o'z hissasini qo'shishi zarur. Respublikamizda 600 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari mavjud, ammo ularning ma'naviy ehtiyojlarini qondirish madaniyat va san'at xodimlarining vazifasiga hali aylanmadi. “Raqamli O'zbekiston — 2030” konsepsiyasini targ'ib etish biz, madaniyatshunoslar uchun ham ulkan izlanishlar maydonidir. Biz iqtisodiyotga qanday xizmat qilsak, u ham bizga shunday xizmat qiladi, bizni moddiy qo'llab -quvvatlaydi. Iqtisodiyot — madaniyat drayveri, uni hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishga yo'naltirish madaniyat xodimlarining ham vazifasidir.

Hududlarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishda har bir soha, institut va ob'yektning o'rni bor. Jamiyatimiz hayotida, kishilarimiz ongida “Uchinchi Renessans” g'oyasi shakllanmoqda. Bu ulkan mavzu, muammo.

Uni pozitiv voqelikka aylantirish uchun butun intellektual salohiyatni, ijodiy kuchlarni harakatga keltirish zarur. Bu borada ham madaniyat va san'at xodimlari biror tashabbusni ilgari surishgani yo'q hali. Jamiyatni tubdan yangilashga qaratilgan Yangi O'zbekiston g'oyasini keng ommalashtirish va ob'yektiv voqe'likka aylantirish borasida ham sohamiz xodimlari orqada qolmoqda. Ijtimoiy hayotdagi yangiliklarni tez ilg'ab, ularni madaniyat va san'at vositalari orqali ommalashtirish bizning asosiy vazifamiz emasmi axir? Nazariyamiz bizni ijtimoiy va ijodiy faol, yon-atrofimizdagi yangiliklarga hozirjavob bo'lishga, fidoyilik ko'rsatib, elni, ommani yuksak madaniyatli, go'zal axloqli va vatanparvar qilishga undaydi. Aksariyat madaniyat xodimlarimiz maoshi pastligidan, muassasalari eski, asbob-uskunalar, vositalar yetishmasligidan nolishadi. Bu kasbiy stereotipga aylangan. Mening fikrimcha, bu kasbiy va ma'naviy-axloqiy zaiflik belgisi, u madaniyat xodimiga yarashmaydigan qusurdir.

Kompleks yondashuv hududlardagi   har bir institutga, ob'yektga muvofiq keladigan ijtimoiy-madaniy vazifalarni belgilab olishni taqozo etadi. Inchunun, madaniyat va san'at sohasi ijtimoiy o'zgarishlardan orqada qolmasligi, balki ularni tez ilg'ab olib, yangilanishlar tarafdori va jarchisi bo'lishi kerak.

Viktor ALIMASOV,

falsafa fanlari doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =