TINCHLIK HAMMAGA KERAK

Yaqinda barcha tinchliksevar bashariyat ahli, jumladan, vatandoshlarimiz ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning yetmish yilligini katta tantana bilan nishonladi. Millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan, odamzod boshiga mislsiz yo‘qotishlar, talafotlar va musibatlar keltirgan bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim esidan chiqarmaydi. 

Insoniyat urushning qanday dahshatli ofat ekanini, ayniqsa, ommaviy qirg‘in qurollari ishga solinganda qanday oqibatlarga olib kelishini bugun juda yaxshi biladi. Shu ma’noda Ikkinchi jahon urushi va u keltirgan ofat-halokatlar shubhasiz, bugungi va kelgusi avlodlar uchun achchiq saboq bo‘lib qolgusidir. 
Shu yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lgan suhbatda «Hech shubhasiz, Ulug‘ Vatan urushida barcha xalqlar bilan birga bo‘lib, fashizm balosi ustidan qozongan g‘alabamizni, bu urushda xalqimiz ko‘rsatgan matonat, mardlik va qahramonlik namunalarini avlodlarimiz aslo unutmaydi, jang maydonlarida bizning o‘g‘lonlarimiz nimaga qodir ekanini doimo g‘urur va iftixor bilan eslaydi», deya ta’kidlab o‘tdi.
Qayta-qayta aytish mumkinki, bizning xalqimiz ham, dunyodagi boshqa barcha xalqlar ham dunyoda tinchlik va osoyishtalik hukm surishini, barcha-barcha xonadonlarda xursandchilik, xotirjamlik bo‘lishini istaydi.
Ammo dunyoda shunday kuchlar ham borki, ular davlatlar, xalqlar o‘rtasiga nizo urug‘ini sochish, urush olovini yoqish, begunoh odamlarni qirish kabi yovuzliklarni o‘zlariga kasb qilib olgan desak, xato qilmaymiz. Ayni kunda ham ko‘plab mamlakatlarda norasidalar, ayollar va qariyalarning umriga zomin bo‘layotgan urush va qirg‘inlarga barham berilmayotgani mana shuning oqibatidir.
Bu hol sog‘lom fikrli, imon-diyonatli hech bir kishini o‘ylantirmay, tashvishga solmay qo‘ymaydi. Negaki, shu kunlarda ham xalqaro maydonda 50 dan ziyod katta yoki kichik ziddiyatli hududlar bor. Albatta, bunday qurolli mojarolar oqibatida odamlar nobud bo‘lishi bilan birga uy-joylar, korxonalar, gullab yashnab turgan manzil-makonlar vayron etilmoqda, ko‘plab aholi tinch boshpana izlab o‘z Vatanlaridan bosh olib ketib, qochqinga aylanmoqda. Darhaqiqat, dono xalqimiz aytganidek, bir kun urush-janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ko‘tarilishi bor gap.
O‘tgan urush oqibatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan kuchlar dunyoning turli mintaqalarida qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Fashizm degan ofat yana bosh ko‘tarib, shovinizm paydo bo‘lmoqda. Jahon mamlakatlarida davom etayotgan inqiroz oqibatida ayni kunda Yevropadagi rivojlangan mamlakatlarda ham aholining turmush sharoiti tobora pasayib bormoqda. Katta-katta korxona va kompaniyalarning daromadlari kamayib ketayotgani bois, ko‘plab ish o‘rinlari qisqartirilib, xodimlar ishdan bo‘shatilayotir. Vaziyat shu tariqa davom etaversa, Yer kurrasida ishsizlar soni tobora oshib, 400 million nafarga yetishi taxmin qilinmoqda.
Jahon OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda ishsizlik darajasi 6 foizdan oshgan bo‘lsa, Yevropada bu ko‘rsatkich 12 foizni tashkil etmoqda. Bugun shiddat bilan o‘zgarib, tobora keskinlashib borayotgan dunyoda vaziyat xatarli tus olib, siyosiy, iqtisodiy, harbiy holat yanada yomonlashmoqda. Mana shunday sharoitda jahonning yetakchi davlatlari vaziyatni o‘nglash o‘rniga o‘z mamlakatlari aholisini muammolardan chalg‘itish maqsadida yoki inson huquqlarini himoya qilish va demokratiya bahonasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishga urinmoqda.
Bunday tang holatda barcha tinchliksevar kuchlarning sa’y-harakatlarini yagona bir maqsad yo‘lida safarbar etish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi va boshqa nufuzli xalqaro institutlarning o‘rni va ta’sirini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday xalqaro tashkilotlar jahonda yuz berayotgan nizolarning oldini olishi, ularni tinch yo‘l bilan bartaraf etishga intilishi zarur. Aks holda ularning nufuzi va ta’sir kuchi haqida gapirishning aslo hojati yo‘q.
Ko‘pgina mamlakatlarda notinchlik, iqtisodiy tanglik davom etayotgan bir paytda jonajon mamlakatimizda turli jabhalarda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorliklar har birimizni mamnun etadi, albatta. Qaysi bir hududlarda insonlar tasodifiy kelib tekkan o‘qdan yer tishlashdan qo‘rqib, hatto ko‘chaga chiqolmay, suvsiz, och-nahor o‘tirganini televizordan ko‘rib, matbuot sahifalaridan o‘qib turibmiz. Xudoga ming qatla shukrki, yurtimizdagi barqaror tinchlik tufayli ertalab dilbandlarimizni maktab va bog‘chalarga xotirjam va bexavotir kuzatib qo‘yamiz. Ishxonada yumushlar bilan kun bo‘yi band bo‘lib, oqshom yana uyga — oilamiz bag‘riga qaytib, bir dasturxon atrofiga to‘planamiz. Menimcha, har qanday inson uchun bundan-da, qimmatroq boylik, bundan-da oliy baxt-saodat bo‘lmasa kerak.
Hamjihatlik, tinchlik tufayli istiqlol yillarida Vatanimiz barcha sohalarda yuksak yutuq va muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Birgina o‘tgan 2014 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 6,9 foiz, kapital qurilish 10,9 foizga o‘sdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor tovar tashkil etganini nazarda tutsak, ushbu raqamlarning salmog‘i yanada oshadi.
Tabiiyki, bunday o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bularning zamirida avvalo oqilona iqtisodiy siyosat, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va va diversifikatsiyalash, chuqur tarkibiy o‘zgarishlar turibdi. Inson manfaatlarining barcha narsadan ustuvor qo‘yilishi, kelajak nasllarga ozod va obod vatanni qoldirish kabi tamoyillar davlatimiz va jamiyatimizning asosiy ezgu maqsadi hisoblanadi.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universtiteti sotsiologlari tomonidan «Dunyoning eng baxtli mamlakatlari» degan mavzuda o‘tkazilgan tadqiqot yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘ladi. Mazkur reytingda O‘zbekiston 158 ta mamlakat orasida 44-o‘rinni egalladi. Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida esa birinchi o‘rinni ishg‘ol etdi. Qani ayting, bunday ko‘rsatkichlar har birimizda iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmasligi mumkinmi?
Yaqinda bir xayrli tadbir bahonasida Sirdaryo viloyatining markazi Gulistonda va bir qator tumanlarda bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Tadbir davomida ko‘plab litsey, kollej va maktab o‘quvchilari, iqtidorli yoshlar, sportchilar bilan uchrashib, qiziqarli suhbatlar qurdik. Sirdaryolik yoshlarning zukko va bilimdonligi, jur’at va g‘ayrati quvonchimizga quvonch qo‘shdi. Nega desangiz, mazkur viloyatning chekka tumanlaridan ham jahon chempionlari, xalqaro olimpiadalar va san’at tanlovlari g‘oliblari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, yosh tadbirkorlarning chiqishi bugun odatiy holga aylangan. Albatta, qishloq yoshlarining bunday sa’y-harakatlari, ilmga chanqoqligi har qancha tahsinga loyiq. Yoshlarning ko‘zlarida chaqnab turgan o‘t-olov, orzu-maqsadlarga erishish uchun intilishlarini ayting. Ochig‘i, men bularni ko‘rib, O‘zbekistonning kelajagi, ravnaqi, mana shu yoshlarning qo‘lida ekaniga yana bir karra imon keltirdim. Yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ularni yangidan-yangi marralar sari yetaklamoqda.
Bu borada qilinayotgan ishlar Yurtboshimizning OAV vakillari bilan suhbatida aytilgan quyidagi fikrlarga to‘la-to‘kis hamohangdir: «Oldimizda turgan ustuvor vazifalar haqida gapiradigan bo‘lsak, eng muhimi, barchamizning boshlagan ishlarimizning davomchisi bo‘lgan, barcha mas’uliyatimizni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan farzandlarimiz — yoshlarimiz, yangi avdlodlarimizga ravon yo‘llarni ochib berishga e’tiborimizni yanada kuchaytirishimiz zarur va ularni har qanday balo-qazolardan asrashimiz kerak».

Abdumajid AZIMOV