MOVAROUNNAHR TASAVVUFI VA TARIQATCHILIK

 

Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror, Alisher Navoiy, So‘fi Olloyor, Ya’qub Charxiy kabi allomalar tomonidan boyitilgan tasavvuf ta’limoti xalqni yagona maqsad atrofida birlashtirib, jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik rishtalari kuchayishiga xizmat qilgan. Tasavvufdagi bag‘rikenglik tamoyili asosida shakllangan halollik, mehnatsevarlik, adolat va rostgo‘ylik kabi insoniy fazilatlar turli millat va din vakillarining bir hududda tinch-totuv va hamkorlikda yashashlari uchun qulay muhit yaratgan.

Tasavvuf — uzoq asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga, uning ijtimoiy tafakkuri ezgu g‘oyalar asosida shakllanishiga xizmat qilib kelgan diniy va dunyoviy qarashlar uyg‘unligidan iborat ta’limotdir. Mintaqa san’at va madaniyati, adabiyot va falsafiy fanlari rivojida uning ta’siri beqiyos.

Bugungi kunda tasavvuf ta’limotining tarixiy shakllanish jarayonlarini tadqiq etish, tasavvuf adabiyotini xolisona o‘rganish barobarida uning bugungi globallashuv sharoitida insonlar hayotida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, diniy va dunyoviy qarashlar uyg‘unligidan iborat tasavvuf ta’limotining to‘g‘ri talqini bir jihatdan turli mutaassib ekstremistik g‘oyalarga qarshi turishga xizmat qilsa, uning noto‘g‘ri talqini turli tariqatchilik harakatlariga asos yaratib beradi. Uzoq asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilgan Movarounnahr tasavvuf ta’limoti XVIII asrdan boshlab islom mamlakatlarida mutaassib g‘oyalar asosida shakllanib, bugunga qadar tobora avj olib borayotgan salafiylik, jihodchilik hamda boshqa oqim va harakatlarga qarshi turishda ma’naviy to‘siq vazifasini bajarib kelgan. Movarounnahr tasavvufi boshqa yurt tasavvuf ta’limotlaridan o‘ziga xos xususiyatlari, maqsad va yo‘nalishlari, usul va uslubiyati bilan farqlanib turgan. Zero, tarixan Turon zaminida shakllangan bag‘rikenglik tamoyillariga yo‘g‘rilgan o‘lka tasavvufi asrlar davomida turli din, millat. va madaniyat vakillari yonma-yon totuv yashab kelishlariga o‘z hissasini qo‘shib kelgan.

Ayniqsa, Movarounnahrdagi yirik tariqat hisoblangan naqshbandiyani boshqa tariqatlardan farqlab turuvchi, tarkidunyochilik emas, ijtimoiy faol hayot tarziga undovchi «Dil ba yoru, dast ba kor» shiori ostida shakllangan ilmiy-ma’naviy merosini diqqat bilan o‘rganish qadriyatlarimizga yuksak e’tibor berilayotgan bir vaqtda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, naqshbandiya tariqatida yuksak ma’naviy mezonlar, insoniy fazilatlar haqidagi ta’limotning kundalik hayot va oddiy insonlar turmush tarziga yaqinlashtirilgani uning tadrijiy taraqqiyotiga hamda har qanday zamon va makonga mos kelishiga. zamin yaratgan deyish mumkin. ToshDShI qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi qo‘lyozmalar fondining salmoqli qismini tashkil etuvchi tasavvufga oid asarlarning aksariyati naqshbandiya tariqatiga oid ekani ham bu ta’limotning diyorimiz tarixida tutgan o‘rni nechog‘lik katta ekanini ko‘rsatadi.

Albatta, naqshbandiya bilan bir qatorda yurtimiz tarixida yassaviya tariqatining ham o‘z o‘rni bor. Zero, Ahmad Yassaviy faqat tariqat asoschisigina emas, balki turkiy tasavvuf she’riyatining betakror ijodkori sifatida ham buyuk tarixiy vazifani bajardi. Yassaviy birinchi bo‘lib o‘z ona tilini tariqat tili maqomiga ko‘tardi. Uning naqadar keng imkoniyatlarga ega ekanini betakror ijodi bilan isbotlab, turkiy tilda keyingi davrlarda ham mutaxassislarni maftun etgan asarlar yaratilishiga zamin hozirladi. Kubraviya tariqatidagi vatanparvarlik g‘oyalari esa uzoq vaqt Movarounnahr xalqlarini bosqinchilarga qarshi turishga ruhlantirishi barobarida hozirgi tahlikali zamonamizda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Tasavvufning asl g‘oyalari aks etgan asarlarni tadqiq etish va yuzaga chiqarish islomshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Zero, hozirda tasavvuf ta’limotining noxolis talqini yurtdoshlarimiz orasida «tariqatchilik» illatining yoyilishiga dastak bo‘lmoqda. O‘zbekiston hududidagi zamonaviy tariqatlar garchi ma’naviy qadriyat, an’ana va marosimlar hamda milliy madaniyatga sodiqlikni namoyish etsa-da, avvalgi qiyofasidan birmuncha farqlanadi. Ayniqsa, uzoq xorijdan «eksport» qilinayotgan va aholi o‘rtasida tarqatilayotgan noan’anaviy tasavvuf ta’limotlari jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bundan tashqari qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonda erkin faoliyat olib borayotgan tariqatchilar ham O‘zbekistondagi «pir» va «murid»larga ta’sir etmay qolmaydi. Binobarin, qo‘shni davlatlardagi tariqat peshvolari o‘zlarining maxsus saytlari orqali olib borayotgan targ‘ibot faoliyatlari soha mutaxassislarida muayyan tashvish uyg‘otmoqda.

Global dunyoda o‘z izdoshlari sonini jahon miqyosida muttasil ravishda o‘stirib borayotgan tasavvuf muayyan ko‘rinishda transformatsiyaga uchrab bormoqda. Transmilliy uyushmalarga aylanib borayotgan tariqatlarning globallashuv sharoitida o‘z a’zolari sonini ko‘paytirishda qo‘llayotgan uslub va vositalaridan O‘zbekistondagi an’anaviy va noan’anaviy tariqatlarning aksariyati birqadar yiroq. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bugungi «kunda Movarounnahr zaminida vujudga kelgan tariqatlar dunyo miqyosida faoliyat ko‘rsatib, globallashuv “sharoitida G‘arb va Sharqdagi musulmon jamoalarining diniy, madaniy va siyosiy hayotida tobora katta o‘rin egallab bormoqda. Shu jihatdan ham yurtimiz tasavvufi tarixi va bugungi kunini qiyoslab o‘rganish, unda kechayotgan jarayonlarni yaqindan kuzatib borish va ilmiy asoslangan xulosalar berish muhim hisoblanadi. Zero, XX asrning 90-yillaridan boshlab Markaziy Osiyodagi tasavvufning qayta tiklanish jarayonlari va hozirgi holati borasida olib borilgan ayrim yuzaki g‘arb tadqiqotlari xorijda noxolis qarashlarni shakllantirgan. Binobarin, xorijda Movarounnahr tasavvufiga qiziqish hamon yuqori.

Bugungi kunda tasavvuf ta’limotlari sharq musulmon mamlakatlarida mutaassib kuchlarga qarshi turishda muhim omil sifatida e’tiborga olinmoqda. Turli salafiy, jihodchi va boshqa noan’anaviy oqim va firqalar g‘oyalariga ma’naviy immunitet hosil qilishda aynan Movarounnahr diyoridan chiqib, jahonga tarqalgan tasavvuf ta’limotlarining o‘rni beqiyos bo‘lmoqda.

Movarounnahr tasavvufi musulmon mamlakatlari ijtimoiy-ma’naviy hayotiga chuqur kirib bordi, fan, madaniyat va adabiyot rivojiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganini mutaxassislar ham qayd etganlar. Tasavvufiy qarashlarning yaxlit ta’limotga aylanib, islom o‘lkalariga keng yoyilishi va kishilar hayotida muhim voqelikka aylanishida movarounnahrlik Hakim Termiziy, Abu Bakr Kolobodiy, Aziziddin Nasafiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Porso, Ya’qub Charxiy, So‘fi Olloyor va boshqa tasavvuf olimlarining arab, fors va turkiy tillarda bitgan asarlari islom olamida hozirga qadar e’zozlanadi. Shuni alohida qayd etish zarurki, o‘rta asrlarda eng keng tarqalgan uch til — turkiy, arab va fors tillarida asarlar bita olish malakasi asosan Movarounnahr ulamolarida shakllangan. Zero, mintaqa aholisining talab va ehtiyoji ham aynan shuni taqozo qilgan edi.

Markaziy Osiyo respublikalarida diniy qadriyatlarning tiklana boshlashi «qayta qurish» davridayoq ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar to‘lqinida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonda noan’anaviy tariqatlar faoliyati ham kurtak yoza boshlagan edi. Tariqatlarning faollashuvi 2000 yillardan boshlab ko‘zga tashlandi. O‘sha davrda ko‘plab «eshon», «shayx», «hazrat»lar paydo bo‘lib, ularning atrofida «murid»lar jamlana bordi.

Mintaqadagi zamonaviy tasavvuf avvalgi asl qiyofasidan birmuncha farqlanadi. Shunday bo‘lsa-da, mintaqa davlatlari mustaqilligining ilk davrida sufiy jamoalarning ko‘pchilik a’zolari uchun qayta-islomlashuv an’anaviy «sufiycha» shaklga ega marosim an’analarini (zikr va jamoaviy rasm-rusumlar) qayta tiklash ko‘rinishida namoyon bo‘la boshladi. Biroq bugunga kelib sufiy guruhlarning tub aholi orasida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga urinishi sodir bo‘lmoqda. Natijada mintaqa aholisi o‘rtasida tariqatchilikning quyidagi noo‘rin ko‘rinishlari namoyon bo‘lmoqda:

8tarkidunyochilik kayfiyati;

8pirlarni haddan ziyod ulug‘lash;

8ibodat marosimlarida ixtilofli masalalarga berilib ketish;

8e’tiborni jalb qiladigan kiyimda yurish (yozda ham salla-chopon, mahsi-kavush, uzun ko‘ylak-nimcha, beo‘xshov soqol qo‘yish) orqali boshqalardan ajralib turishga urinish;

8yosh, mehnatga layoqatli yigitlarning «pir»lar etagidan tutib ijtimoiy hayotdan uzilib qolishi, oilalarini tark etib, ertayu kech pir xizmatiga o‘zini bag‘ishlashi va hokazo.

Tariqatchilar faoliyati tufayli ijtimoiy nizolarga sabab bo‘layotgan holatlar:

8tariqatda bo‘lmaganlarga nisbatan past nazar bilan qarash;

8ilm olishga bo‘lgan rag‘batning susayishi — go‘yoki «ko‘pgina avliyolar o‘qimasalar ham katta maqomlarga yetishganlar» qabilida ish tutish;

8oilali tariqatchilar oilalarining ta’minotini «Allohga tavakkal» qilib, pirdan vazifa olganlik bahonasida oila moddiy ta’minotidan bosh tortish;

8zamonaviy madaniyat va taraqqiyot yutuqlariga salbiy munosabatda bo‘lish;

8boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik ko‘rinishlari va boshqalar.

Diyorimizdan chiqqan Termiziylar, Buxoriylar, Samarqandiylar, Nasafiylar, Shoshiylar, Ustrushaniylarning ilmiy merosida sog‘lom tafakkurga ega, ma’nan va jismonan barkamol avlod tarbiyasiga e’tibor doimo yuqori bo‘lgan. Allomalarimiz merosida farzandni jismonan baquvvat, aqlan zakovatli, odob-axloqli qilib tarbiyalashning yo‘llari ilmiy asoslar, hayotiy tajriba, muayyan qarashlar tizimida chuqur tahlil qilingan. Mana shu kabi xususiyatlar bilan bir qatorda farzand tarbiyasida bag‘rikenglik, diniylik va dunyoviylik masalalarida muvozanat hissini shakllantirish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Markaziy Osiyo tasavvufi va tariqatchilik o‘rtasidagi nomutanosiblik aynan o‘sha ulkan ilmiy meros va an’anaviylikdan uzoqlashishning natijasidir.

 I. USMONOV,

Toshkent islom universiteti Islomshunoslik kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.