KIYINISH MADANIYATINI kim qanday tushunadi

Zap zamonlar bo‘ldi-da! Bundan yigirma yillar avval “kiyimingiz yirtilib yoki so‘kilib ketibdi” deyishsa, uyalib o‘zimizni panaga olardik, sharmanda bo‘lishdan cho‘chir edik. Yillar o‘tib, yuz berayotgan o‘zgarishlar odamlarimizning kiyim borasidagi qarashlarini ham keskin o‘zgartirib yubordi. Bugungi yoshlar ataylab yirtiq kiyimlarni kiyishni, shu kiyimlarda nikoh va kechki bazmlarga borishni istashmoqda.

 

Yirtiq kiyimlar talvasasi

Yirtiq shimu yubkalar, yelkasi ochiq ko‘ylaklar, kalta kiyimlar shunchalik urfga kirdiki, bundan hech kim ajablanmay qo‘ydi. Hatto, keksalarning ham ko‘zi o‘rganib bo‘ldi, shekilli, avvalgidek tanbehlar ham quloqqa chalinmayotir. Kelinlarimiz yelkasi ochiq (ba’zan belgacha ochiq), yengi yo‘q to‘y ko‘ylaklarni kiyishsa ham uyat hissini tuyishmayapti. Buni ko‘rib turgan ota-ona, hatto, bo‘lajak er ham juftining “zamonaviy”ligidan xursand bo‘libmi yo gap uqtirolmaganidanmi, shunga ko‘nib qo‘ya qolyapti (asli er kishida sharqona g‘urur kuchli bo‘lsa, nafaqat ayoli, opa-singlisini ham o‘z izmiga sola oladi). Kimdir buni urf deb bilsa, kimdir zamonaviylik der, kimdir birovlarning diqqat markazida bo‘lishni istar, xullas, har kimni o‘z istaklari boshqarayotir. Ammo bularning barchasida “milliylikdan yiroqlashtirish”ni maqsad qilgan ko‘rinmas kuch ustun kelayotganday...

Tan olaylik, bunday kiyimlarni o‘z farzandimiz kiyganida ham koyimasdan “mayli, yosh, nima qilibdi, kiysa kiyibdi-da” deb oqlashga urinamiz. Ba’zan o‘zimizni shu kiyimlar bilan ajralib turishimizni xohlayotgandek bo‘lamiz. O‘ta millatparvar bo‘lsangiz ham atrofdagilarga qarab, “hamma shunday yuribdi-ku, el qatorida” degan fikr xayolingizdan o‘tadi. Millat oldidagi mas’uliyat esa bir zum unutiladi.

Xo‘sh, bunga kim aybdor? Bozori chaqqon yirtiq-yamoq kiyimlarni peshma-pesh keltirib rastalarni to‘ldirayotgan sotuvchimi, zamona zayliga qarab shularni kiyishga oshiqayotgan yoshlarmi yoki o‘zi ham milliylikni unuta boshlagan ota-onami? Sotuvchining maqsad-vazifasi – qanday kiyim-kechak bo‘lmasin, mo‘may daromadga ega bo‘lish. Ularni ham tushunsa bo‘ladi. Axir, sotuvchi talabga qarab ish tutishi kunday ravshan-ku! 

Bu bilan sotuvchini oqlamoqchi emasmiz. U o‘z nomi bilan sotuvchi. Kasbi sotish... Bunday ahvol hamma joyda ham shunday emas. Quvonarlisi, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hozircha evida. Masalan, deylik, vodiy bozorlarining ayollar bo‘limiga kirsangiz, asosan uzun ko‘ylaklar, turli-tuman ro‘molu-sharflar ko‘zni quvontiradi. Chetdan kelayotgan yirtiq-yamoq liboslar, kalta yubkalarni deyarli uchratmaysiz. Farzandning yurish-turishidan tortib, xulqi-odobiyu kiyim-kechagigacha ota-ona tarbiyasini bor bo‘y-basti bilan namoyon etib turishi hayotda allaqachon tasdig‘ini topgan haqiqat ekanini yodga olish kifoya. To‘g‘ri, kattalarga quloq tutmay, o‘zboshimchalik bilan yoki atrofidagi o‘rtoqlariga qarab, ish ko‘radigan yoshlar ham bor. Bunday paytda targ‘ibot katta rol o‘ynaydi. Targ‘ibot vositalari keng tarqalgan bugungi kunda ulardan o‘rinli foydalanish ham yaxshi samara berishi ko‘p bor sinalgan usul. Shu ma’noda, televidenie eng kuchli targ‘ibot vositasi bo‘lib qolayotir. Ammo afsuski, bu faqat ijobiy natija berayotgani yo‘q. Ayrim xususiy kanallar bilib-bilmay, o‘z dasturlari – ko‘rsatuvlar, filmlar, seriallar, reklamalar orqali milliylikdan yiroq, an’analarimiz va qadriyatlarimizga zid axborotlarni targ‘ib etmoqda. Birgina misol, telekanallarimizni “bezab turgan“ ko‘pgina seriallarning mazmun-mohiyati mentalitetimizga yot, qarashlarimizga zid. Aktyorlarning kiyinishiyu o‘zini tutishi g‘ashga tegadigan bir ahvolda – yirtiq, tanaga o‘ta yopishgan, ochiq. Inson vizual axborotni eshitilgan axborotdan ko‘ra tezroq qabul qilishi allaqachon isbotini topgan. Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, deb shunga aytadilar. O‘sib kelayotgan yoshlar ana shu qahramonlarni o‘zi uchun ideal shaxs sifatida qabul qilmasligiga kim kafolat bera oladi? 

 

Aks e’tirof

Zukko o‘quvchi xorij seriallariyu aktyorlarini tanqid qilishdan avval, o‘zimizning shou-biznes olami vakillariga ham bir nazar tashlang deyayotgan bo‘lsa, ajab emas. Darvoqe, bu masalada ba’zi yulduzlarimiz alohida “e’tirof”ga sazovor. Negaki, kliplarda suratga tushayotgan ayrim san’atimiz vakillari (san’atkor so‘zining yuki og‘ir) ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyinishda boshqalarga yaxshigina o‘rnak bo‘layotganini ham yashirishga hojat yo‘q. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun bir-ikkita misol keltira qolaylik. Shu kunlarda kanallarimizda qayta-qayta namoyish etilayotgan Rayhon o‘anievaning “Hamma jam”, Nilufar Usmonovaning “Kel ikkimiz” qo‘shiqlariga olingan kliplarda kiyib tushgan liboslarini ko‘rgandirsiz. Minglab-millionlab tomoshabin qarshisida paydo bo‘ladigan yulduzlarimiz, avvalo, o‘zlarini, so‘ng boshqalarni hurmat qilishi lozim emasmi?! Ular bunday “madaniyat” ortidagi tahdidni tushunishmasmikin? Nazarimizda, ular yo millat oldidagi o‘z mas’uliyatini bilmaydi yoki bu millatdan o‘zini ayri holda ko‘radi. 

 

O‘z bozorimizni qachon o‘zimiz egallaymiz?

Kiyinish madaniyati haqida so‘z ochar ekanmiz, hali bu borada qilinajak ishlar ko‘pligiga amin bo‘lamiz. Xo‘sh, ko‘pgina yoshlarning diqqatini, aqlini o‘g‘irlagan ajnabiy kiyimlardan voz kecha olamizmi? Afsuski, ushbu kiyimlarni yo‘q ham, inkor ham qila olmaymiz. Ammo bugungi o‘zbek milliy modasini targ‘ib qilishimiz mumkin. Aslida, dunyoning yetakchi dizaynerlari o‘zbeklarning atlasidan qo‘shib-chatib, o‘z nomi bilan liboslar taqdim etayotganini, bizning oddiy eski kovushlarimizga sal o‘zgartirish kiritib, moda olamining eng yuqori cho‘qqisini zabt etayotganini hamma ham bilmasa kerak. Eng sifatli ipak tolalari, paxta tolasi o‘zimizda yetishtirilsa-da, haliyam sifatli kiyim mahsulotlarini boshqa davlatlardan olib kelyapmiz. Uzoqqa bormaylik, ayni paytda birgina Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar dizayni va sifati bilan e’tiborimizni tortmoqda. Hozirgi kunda Turkiya va Bishkek yengil sanoat mahsulotlari o‘zbek bozorlarida yetakchi o‘rinni egallab kelayotganini ham hammamiz ko‘rib turibmiz. Nahotki, o‘zbek mutaxassislari hech bo‘lmasa o‘zimizning bozorlarni ham zabt eta olmasa?! 

 O‘zbek dizaynerlari sifatli va bejirim kiyimlarni taklif etmas ekan, farzandlarimiz “yirtiq” kiyimlarga oshno bo‘lib qolaveradi. Yoshlar ongli ravishda buni o‘zlari inkor etmas ekan, barcha sa’y-harakatlarimiz besamar bo‘lib qolishi hech gap emas. Kiyinish madaniyatini yo‘lga qo‘yish va samaraga erishish uchun esa, birinchi navbatda, o‘zbek modasi rivojlanishi va taraqqiy etishi kerak. To‘g‘ri, jahon podiumlarida o‘z dizaynerlik ishini namoyon etib kelayotgan mutaxassislarimiz bor va bundan mamnunmiz. Ammo bu hali bozorni egallash va o‘zbek iste’molchisining talabini qondirish darajasida emas. Shunday bo‘lishi kerakki, odamlarimiz Turkiya mahsulotiga qiziqish bildirgani kabi o‘zimizning dizaynerlar ishiga ham ehtiyoj sezishsin. O‘zbek modasi ilgarilab borsagina, boshqa mamlakatlar o‘z “g‘ayrioddiy” urfi bilan bizni ishg‘ol etolmaydi. Sohaning eng yaxshi mutaxassislari o‘z ishlari bilan tez-tez ko‘rinib tursalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu masalada yuqorida ta’kidlaganimizdek, telekanallarimizning xizmati katta bo‘lishi lozim (ayni paytda “Mening yurtim” telekanali orqali dizayner Shahzoda Muhammedova maxsus ko‘rsatuv olib borayotganini ham qayd etish zarur. Ammo ko‘rsatuvning nomidan boshlab, maxsus mehmon uchun tikiladigan kiyimlarning milliylikka aloqasi yo‘q). Bundan tashqari, o‘zbek modasi kunlari muntazam tashkil qilinib, televidenie orqali namoyish etilib borishi, reklama va boshqa dasturlarda liboslarga alohida e’tibor berilishi ham yoshlarimizni oz bo‘lsa-da, madaniyatsizlikdan asrab qoladi, deb o‘ylaymiz.

 

Hulkar ABDULLAYEVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi,

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.