KATTA O‘LJAGA KO‘Z TIKKAN “KALXAT”LAR

Otasini hibsga olishgandan beri Jonibekning tinchi yo‘qolgan. Kimsan shahar prokuraturasining mas’ul xodimi – sudlarda jinoyat ishlari bo‘yicha prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi prokurori bo‘la turib, biror chora topolmasa, nima qilib yuribdi?! Qanday bo‘lmasin, u yerdan otamni qutqarishim kerak, nimadir qilishim zarur, deya o‘ylagani-o‘ylagan. Otasi ham kichkina odam emas, don mahsulotlari korxonasining rahbari edi. Shu ishning orqasidan qancha narsaga erishdi, yegani oldida, yemagani ortida, kayfi chog‘ yashayotganlarida chaquvdan bo‘ldimi, ko‘rolmaslikdanmi, xullas, xavfsizlik xizmati xodimlari rais va o‘rinbosarini ikki yuz million so‘mdan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblab, hibsga olishdi. Endi oilasidagilarning bor umidi Jonibekdan, otasini u yerdan olib chiqish ham, topish-tutish ham uning zimmasida. Jo‘nroq qilib aytganda, katta yeb, katta kiyib o‘rgangan farzandlarga kutilmagan zarba og‘ir botdi. Avvalo pul topish kerak, o‘yladi u, oxiri bir qarorga kelib, otasi bilan birga tergov bo‘limi hibsxonasida yotgan Murodning uyi tomon yo‘l oldi.

 

Halim akaning ham yuragiga g‘ulg‘ula tushib, o‘g‘li Murodga qanday yordam berishni o‘ylab yurgandi.

– Men ularning ishini olib borayotgan tergovchi bilan gaplashdim, – dedi Jonibek umidvor tikilgan otaga sinovchan nazar tashlab. – Qirq ming ko‘kidan bersak, ikkalasini ham chiqarib beradi. Bermaydigan bo‘lsak, jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblanib, kesilib ketishadi.

– O‘hu, ochiq-oydin shuncha so‘radimi?

– Yo‘g‘-e, meni qaerda ishlashimni unutdiz chog‘i, bunday narsalar ochiq aytilmaydi, avzoyidan tushundim.

– Demak, yigirmatadan topishimiz kerak bo‘ladimi?!

– Menda hozir uncha pul yo‘q, siz hammasini yig‘ishtirib beravering, otam bilan o‘g‘liz chiqqandan keyin o‘rtadagi xarajatni qoplaymiz. Yigirmatasini korxonaga yetkazilgan zararni qoplash uchun beramiz, qolganini tergovchining qo‘liga berish kerak.

– O‘zi aniq aytmagan bo‘lsa, shuncha pulni qanday qilib bermoqchisiz organning odamiga? Bizni pora berishda ayblamaydimi?

– Avval ishni hal qilib bersin-chi, keyin haqini “cherez-cherez” qilib yetkazamiz-da!

– Mendayam chiqsa, hozir o‘nta chiqadi, qolganini bir-ikki kunda bir amallarman, – dedi-da, Halim aka unga o‘ng ming AQSh dollarini berib yubordi. Kelishilganidek, bir necha kundan so‘ng ular yana uchrashishdi. Jonibek yigirma ming dollarni ko‘rib, “bu yetmaydi, qolganiniyam bir balo qiling, endi”, deya yana muhlat berib ketdi. Halim akaning sotiladigan narsasi qolmadi, hammadan ham, yaxshi kunlarga deb boqib yurgan o‘n to‘rtta novvosning barini sotdi-ya! Endi birgina yo‘li bor, qarz ko‘taradi, shu nodon bolasi qamoqdan chiqsa bo‘lgani, bu yog‘i bir gap bo‘lar. U o‘rtog‘i, jiyani, qo‘shnisi degandek, to‘rt-besh kishidan yana to‘qqiz ming sakkiz yuz dollarni yig‘ib qo‘ydi.

– Mayli, ikki yuzni o‘zim qo‘shaman, – dediyu Jonibek pulni olib ketdi.

Bu orada amakisining o‘g‘li Shokir bilan uchrashdi. U ham don mahsulotlari korxonasida amakisining qo‘l ostida ishlab, sobiq rahbarning erkatoyi bo‘lib yurardi. 

– Nima bo‘ldi, biror variantini topdingmi? – so‘radi u o‘zini hamdardlarcha tutishga urinib.

– Pulni-ku topdim, Murodning otasi meni tergovchi bilan gaplashgan, deb o‘yladi. Lekin endi ishni cho‘zmay, tez hal qilib beradigan odam kerak. 

– E, menga qara, avval organda ishlagan Akrom akani-chi, Toshkentda akademik tanishlari bor, aytib ko‘raylik!

Bu taklif Jonibekka ma’qul tushdi, uchchovlon gapni bir joyga qo‘yib, poytaxtga yo‘l olishdi. Endi bu ishga Akromning tanishi Olimbek ham bosh qo‘shdi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, zanjir bo‘ldi: Olimbek yuqori organda ishlaydigan Bahriddinni, Bahriddin esa o‘zini “hukumatda ishlayman” deb tanishtirgan Dilmurodni boshlab keldi. Zanjirning “baquvvat halqalari” vaziyatni o‘rganib, o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishini aytishdi.

Bu orada Jonibek necha marta Toshkentga qatnadi, yangi tanishlari bilan uchrashib turdi. Ammo qassob ko‘p bo‘lsa, mol harom o‘ladi deganlaridek, beli baquvvat akalar ishni achchiq ichakdek cho‘zishdi. Keyingi gal u Shokirga to‘plangan pulni berib, “ularga buni ko‘rsatib, ish hal bo‘lgandan so‘ng olishlarini aytasan”, deya tayinladi.

Shokir bilan Akrom endigi safar poytaxtga borib, uzil-kesil javob bilan qaytishlari kerak edi. Ular shahar chetida joylashgan soy bo‘yidagi choyxonada akaxonlarga dasturxon yozib, kutib olishdi. Avvaliga o‘zlarini sipo tutib, bunday nozik ishni osongina hal qilib bo‘lmaslgini aytib turgan akalar biroz qizishib olishgach, maqsadga ko‘chib qo‘ya qoldilar:

– Zarar qoplangan bo‘lsa, ular qamalmasligiyam mumkin, faqat... sakson ming ko‘kni tayyorlab qo‘yasiz. Sudgacha chiqarib yuborish kerak bo‘lsa, ellik, sudda chiqaradigan bo‘lsak, o‘ttiz besh ko‘k, – dedi-da, Dilmurod “dallol”larning “reaktsiya”sini kuzatdi.

Bahriddin ham uning gapini ma’qullab, qo‘shib qo‘ydi:

–Rozi bo‘lsalaring, ularni uch kunda chiqarib olamiz!

Ammo Shokir ham anoyilardan emas, bo‘zchining mokisiday shuncha yo‘lga bekorga qatnab yurgani yo‘q, qo‘lida turgan shu mablag‘dan bir nima undirmay, barini ularga berib yuboradigan nodon borakanmi?! Shu tobda anavi mashhur spektakldagi O‘tkuriyning gapi uning xayolidan o‘tdi: dilni yayratadigan ham, tilni sayratadigan ham pul, pul... So‘ng fikrini jamlab, o‘ziyam sayradi.

– Yo‘g‘-e, akalar, bu biz uchun juda katta pul, arabistonning shahzodalaridan bo‘lsak-ku, boshqa gap edi, – dedi u og‘iz poylab turgan “himoyachi”larni biroz yumshatishga urinarkan zo‘rma-zo‘raki kulib. Uning hiringlashiga Akromdan boshqa birov qo‘shilmadi. Shunday bo‘lsa-da, Shokir o‘zini yo‘qotmadi, o‘lganning ustiga tepgan qabilida ish tutayotgan bu sullohlarning narxini pasaytirib qo‘ymoqchi bo‘ldi va:

– To‘g‘risini aytaman, akalar, ish bitsa, ertasi kuni o‘n besh ming ko‘k qo‘lingizda bo‘ladi, bitmaydigan bo‘lsa... endi nachora, boshqa biror yo‘li topilar! – dedi.

Buyam osonlikcha jon beradiganlardan emasligini tushungan “Burgut”lar boriga baraka deya “Kalxat”ning changalidagiga rozi bo‘lishdi va bir-ikki kundan keyin qo‘ng‘iroqlashib olamiz, deb tarqalishdi.

Shokir ortga qaytgach, bor gapni Jonibekka aytib berdi. Bunday qulay shartnomani eshitib, uning kayfi chog‘ bo‘ldi va:

– Ha, sen bor-ku, eski tulkisan, bekorga seni jo‘natdimmi? – deb kuldi. 

Katta ishni qoyil qilgan kabi mast bo‘lib kularkan, Shokir o‘ziga yanayam yuqori baho bermoqchi bo‘ldi:

– Yo‘, adashding, og‘ayni, tulkining oviga ko‘z tikkan qarg‘aman! 

 U haqiqatan qarg‘aligini qildi. Ish bitsa, ularga yetkazasan, deya Jonibek bergan yigirma ming dollarning besh mingini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi. Ular surgan “tank”lar esa kuchsiz bo‘lib chiqdi, va’da mujmalligicha qolib ketdi.

Bu yoqda o‘g‘li Murodning ozod bo‘lishini kutaverib ko‘zi to‘rt bo‘lgan Halim aka oyog‘i kuygan tovuqday pitirlab qoldi. Jonibekning yoniga qatnay-qatnay, tinkasi quridi. Oxiri unga ko‘ndalang shart qo‘ydi:

– Hoy, bola, meni yana qancha laqillatmoqchisan, o‘g‘limga hech qanday yengillik berilmadi-ku, endi, pulni kimga bergan bo‘lsang, o‘shaning oldiga olib borasan meni!

Jonibek bu qistalang vaziyatdan qanday chiqishni o‘ylab, dovdirab o‘tirmadi, shunchaki kimligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi:

– Xit qildiz-da, aka! Ko‘p boshimni qotirmang, kutasiz, tamom-vassalom!

– Unday bo‘lsa, pulni qaytar! E, sendaqa, qonun himoyachisini...

– Pul yo‘q, egasini topib ketgan! U odam siz bilan uchrashishni istamayapti, bo‘ldimi?!

Halim aka chuv tushganini bilib, tutaqib ketdi va og‘ziga kelganini qaytarib o‘tirmadi:

– Ey, bu nima deganing, qo‘lingdan kelganini qil, demoqchimisan? Asl niyatingni bilmagan ekanman, chog‘i?!  Senga o‘xshagan bitta-ikkita tekinxo‘rlarni deb odamlar qonun idorasidan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urgan! 

O‘g‘li qamalib ketgani yetmaganday, shuncha puldan ayrilgan, yana qarzi boshidan oshib ketgan Halim aka qarshisida faqat bir yo‘l borligini tushundi.

– Endi o‘zingdan ko‘r, muttaham, otang bilan birga panjara ortida quchoqlashib yotasan, – dediyu tegishli joyga borib, uning ustidan shikoyat qildi.

Oxir-oqibat, katta o‘ljaga ko‘z tikkan “kalxat”larning o‘zlari to‘rga ilindi.    

Xolida FAYZIYEVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.