GUMROHLIK BADALI. Sud ocherki

Shu yilning o‘zida bir necha marta o‘zbek nomining terrorchi sifatida xalqaro maydonda tilga olinishi xalqimizning har bir vakilini tashvishga soldi, ko‘pchilikni hushyor torttirdi. Xususan, 31 oktyabr kuni AQShning Nyu-York shahrida sodir etilgan terakt tufayli sakkiz kishining o‘limiga va o‘n ikki kishining tan jarohati olishiga sabab bo‘lgan Sayfullo Soipovning qilmishi barchani bir qalqitdi. o‘arb, Amerika matbuotida turli shov-shuvlar paydo bo‘ldi. Xayriyatki, yetti yil avval O‘zbekistondan chiqib ketib, hatto ota-onasi bilan ham aloqada bo‘lmagan bu kimsani terrorchi qilib “tarbiyalagan” muhit hisobga olindi. Xorijiy ekspertlar, tadqiqotchilar o‘zbek xalqining bunga aloqasi yo‘qligini tan olishdi. Ammo shu bilan ko‘nglimiz xotirjam tortib, atrofga befarq qarab o‘tirolmaymiz. Negaki, Sayfullo kabi kaltabin, g‘o‘r yoshlar oramizda kam, deysizmi?..

 

Qosim Akadjanov ham “Tavhid va jihod katibasi” diniy ekstremistik va terroristik tashkilotining a’zosi sifatida xuddi shunday og‘ir jinoyatga qo‘l urishiga bir bahya qolgan edi... 

25 yoshli bu yigit Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashagan. O‘zi tengi ayrim yoshlar kabi u ham rizqini chetdan qidirdi. Sankt-Peterburg shahrida ishlab yurgan qarindoshi bilan xabarlashib, uning yoniga bordi. Bu yerda to‘rt oy elektr payvandchi bo‘lib ishladi, ammo maoshning tayini bo‘lmadi. Keyin biroz qurilishda ishlab ko‘rdi, buyam uni qoniqtirmadi. Shu orada qirg‘izistonlik bir-ikkita yigitlar bilan tanishdi va  ularga qo‘shilib namoz o‘qiy boshladi. Farz amallarini bajarish uchun inson ruhan pok va shunga tayyor bo‘lishi lozimligini anglamagan bu yoshlar o‘rtasida oxir-oqibat janjal chiqdi va Qosim Belgorod shahriga o‘tib ketdi. 

Ishlayman, pul topaman deb uydan chiqib ketgan boshqa tengdoshlari qatori boriga qanoat, yo‘g‘iga sabr qilishga kuchi yetmagan va o‘zicha ibodatga berilgan Q.Akadjanov endi Bilol ismli qirg‘izistonlik kimsaning to‘riga ilindi. Avvaliga jamoa bo‘lib namoz o‘qishni taklif qilgan Bilol asta-sekin uning ishonchiga kirishga urindi.

– Boshlaganingizga ko‘p bo‘lmagan shekilli, ba’zi amallarni xato bajaryapsiz, – dedi u bir kuni gapni uzoqdan boshlab. – Qo‘llarni quloqqacha emas, yelkagacha ko‘tarish kerak. Oyoqlar esa juft emas, yelka kengligida ochiq bo‘ladi, – deya harakatlari bilan ko‘rsatib berdi.

– Nega, menga shunday o‘rgatishgan-ku, siz buni qaysi manbadan olib aytyapsiz? – so‘radi Qosim uni sinagan kabi.

– Payg‘ambarimiz hadislarida shu tartibda namoz o‘qilsa, sahih bo‘ladi deyilgan, – hozirjavoblik qildi Bilol va o‘zining “ilmli”, “beg‘araz” ekanini isbotlagandek unga tik boqdi. So‘ng o‘zi uni savolga tutib, nechta farz amal borligini so‘radi. Qosim “beshta”, deb javob bergach, maqsadga ko‘chdi:

– To‘g‘ri, lekin hozirgi vaqtda yana bir farz borligini bilasizmi?

– Yo‘q, nimani aytyapsiz?

–  Bu – jihod, hozir jihod zamoni! – dediyu Qosimga sinovchan nazar tashladi. Uning biroz cho‘chiganini ko‘rib, hali ancha “o‘qitish” kerakligini angladi va o‘zini go‘yo din ulamolari kabi vazmin tutib, tushuntira ketdi:

– Jihodning hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q, bu – harakat degani. Chuqurroq anglab yetgach, cho‘chimay qo‘yasiz. 

Bilol bir urinishda maqsadiga erisha olmasligini bilgach, ko‘p gapirib o‘tirmadi. Keyingi gal uchrashganlarida hushyorlik bilan yana qarmoq tashladi:

– Mendan xafa bo‘ldingizmi?

– Xafa bo‘lmadimu, lekin gaplaringizdan terroristik harakatning hidi kelyapti, shu haqda gaplashmay qo‘ya qolaylik!

– Mayli, o‘zingiz bilasiz, xudoning bitta farzini inkor qilsangiz qilibsiz-da!

– Jihodning farz ekanini isbotlash uchun diniy ilmingiz yetarlimi, buni qanday isbotlaysiz?

Bilolga aynan shu kerak edi. “Yo‘q, mening ilmim yetarli emas, lekin mana buni eshitsangiz, yaxshiroq tushunib olasiz”, dedi-yu, qo‘l telefonidagi videoni ko‘rsatdi. Unda “Tavhid va jihod katibasi” diniy ekstremistik va terroristik tashkilotining o‘zbek jamoasi amiri Abu Salohning shu haqdagi ma’ruzasi yozilgan edi. Qosimning ko‘nglidagi shubha baribir arimadi:

– Musulmon musulmonni o‘ldiradimi? – so‘radi u Biloldan.

– Jihod faqat urush orqali qilinmaydi, ukam! Ilm yoki mol orqali jihod qilish ham mumkin. Hammasi istakka bog‘liq!

Qarmoq atrofida aylanib, ikkilanayotgan Qosimni mahkamroq ushlash uchun Bilol Abu Salohning “O‘zbekiston imomlari haqida”, “Musulmon davlatlari davlat boshqaruvi xodimlari tomonidan bizni terrorist va ularni o‘ldirib yuborish kerak deb aytganlarga javob”, “Shahidning fazilatlari” kabi bir qancha ma’ruzalarini video orqali qo‘yib eshittirdi. So‘ng:

– Ana, ko‘rdingizmi, shahidning qancha fazilati bor? Avvalo, Tangri joningizni olishni istasa, Suriyadamisiz, Turkiyadamisiz, o‘z yurtingizdami, farqi yo‘q, olaveradi. Ammo shahid bo‘lgan kishi qiynalmaydi, uning jonini Azroil emas, xudoning o‘zi xamirdan qil sug‘urganday osongina oladi, – deya yigitning “ishonch”ini mustahkamlashga urindi.

Qosimning xayolida turli fikrlar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi, biroz o‘ylanib turdi va o‘zicha bir nimalarni chamalagan bo‘ldi. Axiyri, yechimini topolmay, Bilolga yuzlandi:

– Hozirgi kunda jihod farzi ayn bo‘lsa, uni bajarish kerakdir balki, lekin mening qarzim ko‘p, ularni kim to‘laydi, oilamni kim boqadi?

– Bundan xavotir olmang, – dedi Bilol laqma yigitni jahannam to‘riga ilintirayotganidan mamnun bo‘lib. – Qarzni jihod orqali to‘laysiz, buning uchun hatto ota-onadan ruxsat olib o‘tirish ham shart emas. Ishonmasangiz, mana buni eshiting, – deya  endi “rahnamo”ning qarz to‘g‘risidagi ma’ruzasini qo‘yib berdi.

Ilmiy saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lgan Qosim shu tarzda Bilolning changaliga tushgach, uni avval Turkiyaga borib o‘qib kelasiz, deb o‘sha yoqqa jo‘natadi. Bu davlatda uni terroristik guruh gumashtasi Kamol kutib oladi. Q. Akadjanov o‘zi kabi bir qancha avom yoshlar qatori undan saboq ola boshlaydi. Yaxshiki, bunday saboq uzoqqa cho‘zilmaydi, shum niyatli ushbu kimsalarning oyoq olishi kimgadir yoqmaydi va Turkiya politsiyasiga xabar beradi. Guruhning bir nechta a’zosi shu tarzda hibsga olinib, jinoyatlari fosh bo‘ldi. Qosim va boshqa o‘zbekistonliklar yurtimizga deportatsiya qilingachgina, o‘zlarining manqurt-jangari yoki tirik bombaga aylanishiga bir bahya qolganini anglab yetdilar. Buni joriy yil 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘zlari tan olishdi. Afsuski, ancha kech edi. O‘z yurtidan boshini baland ko‘tarib chiqib ketgan bu g‘o‘r yoshlar yuzlariga qora buyoq surtilgan holda qaytdilar. 

Qosim kabilar minglab begunohlarning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘layotgan IShIDni haqiqatdanam Islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb tushunayotgani achinarli. Holbuki, muqaddas dinimizda tinchlik ulug‘ ne’mat deyiladi va bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytariladi. Butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning Islomga umuman aloqasi yo‘qligi haqida fatvo berganidan ularning nahotki xabari bo‘lmasa?! Islomiy saboq olaman, farz amallarni bajaraman degan kishiga yurtimizda yo‘l ochiq, e’tiqod erkinligi ta’minlangan bo‘la turib, nega yoshlar saboqni chetdan olishyapti?! Bu bilimsizlik, gumrohlikdan darak emasmi?! Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” degan so‘zlari bor. Islom dini vatanga xiyonat, qotillik, buzg‘unchilik, o‘zini o‘zi o‘ldirish, o‘zgalarga zulm qilishdan qaytaradi. Diniy ekstremizm targ‘ibotchilarining buzg‘unchi g‘oyalari bilan sug‘orilgan ma’ruzalarini tinglashga vaqt topgan noshudlar nega kerakli manbalarni o‘qimaydi yoki mamlakatimiz ulamolariga quloq tutib, shu haqdagi targ‘ibotlarni eshitmaydi? Ularni bunday targ‘ibotlarning hech biridan xabari yo‘qligiga ishonish qiyin.  

Qosim oilada to‘ng‘ich o‘g‘il, otasi vafot etgach, onasining suyanchig‘i, ukasi va singlisi uchun o‘rnak bo‘lishi lozim edi. Ming afsuski, endi umrining o‘n yilini ozodlikdan mahrum holda o‘tkazishga majbur. Gumrohlikning badali nafaqat o‘ziga, oilasiga ham qimmatga tushdi. Uning bunday qismati insonning rizqi, avvalo o‘z yurtida bo‘lishini, ona tuprog‘ida biror ishni qoyillatib qo‘ymagan kishi begona yurtda tup qo‘yib, palak yozishi nafaqat mushkul, balki yovuz niyatli kimsalarning dastyoriga aylanib qolishi ham hech gap emasligini ko‘rsatib turibdi. Qosim kabi adashgan yoshlarning xatosi, kechirib bo‘lmas gunohi boshqalarga saboq bo‘lar, degan umiddamiz.  

 

Sarvar KARIMOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi,

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri