Biz bilgan va bilmagan OROL. Birinchi maqola

Qachonlardir Orol dengizi haqiqatan ham ulkan va sersuv bo‘lgan. Bundan atigi 60-70 yilcha avval, XX asrning 50-yillarida Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlarida joylashgan mazkur suv havzasining hajmi 68 ming kvadrat kilometrni tashkil etgani yuqoridagi fikrimizning tasdig‘idir. Ulkan suv havzasining bo‘yi 428 kilometr, eni esa 283 kilometr, eng chuqur joyi 68 metr bo‘lgan. Taassufki, XXI asrning boshlariga kelib esa vaziyat tamomila o‘zgardi. Orolning maydoni yildan-yilga tobora qisqara borib, 14 ming kvadrat kilometrga tushib qoldi. Uning eng chuqur joylari 30 metrni tashkil etdi. Bora-bora u bir-biridan ajralgan ikkita alohida ko‘lga aylandi. Shimoliysi kichik Orol, janubiysi katta Orol deb atala boshlandi.

 

Bu mavzuda qalam tebratishimizning boisi shuki, mamlakatimizda dengizshunoslik, daryoshunoslik ilmi shakllanmagan. O‘tmishda ham, hozir ham bu ishlarni o‘zga millat vakillari amalga oshirishadi. Albatta, ular o‘z maqsadlari yo‘lida shunday qilishadi. Ushbu maqolani tayyorlashda ham biz ular keltirgan faktlarga suyandik. Nima bo‘lganda ham Orol xalqimiz tarixida muhim o‘rin tutadi. Har holda u haqda nimalarnidir bilganimiz o‘zimizniki. Aslida, bilishimiz ham shart. Faqat bugina emas, ko‘p ma’lumotlarning ko‘prog‘ini. Xullas... 

Olis moziyga nazar solsak, ma’lumotlarda keltirilishicha, bundan yigirma million yillar muqaddam Orol bilan Kaspiy bir-biriga qo‘shilib turgan. Ayni paytda dengizning qurigan havzasidan topilgan qadimgi mozorlar 1 ming yillikning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinadiki, o‘sha paytda ham Orol ancha qisqarib, sayozlashgan, keyinchalik esa yana suvga to‘lgan. Mutaxassislarning tasdiqlashicha, Orolda suv sathining o‘zgarishi ma’lum bir tsikllarga bog‘liq holda kechgan. XVII asr boshlarida ham navbatdagi sayozlanish davri boshlangan. Ayrim daryolar unga quyilmay qo‘ygan. 

Ammo o‘sha vaqtda bu hodisa mutlaqo halokatni anglatmagan. Dengiz, aniqrog‘i dunyo okeanidan uzilib qolgan sho‘r suvli ko‘l baribir mintaqadagi yirik suv havzasi sifatida qolavergan. Orolning moviy to‘lqinlarida yirik kemalar va paroxodlar suzib yurgan. Orolning hatto o‘z harbiy flotiliyasi bo‘lgan. Flot kemalari to‘plardan o‘q uzib o‘zlarining Rossiya imperatori fuqarolari ekanini eslatib turgan. Shu bilan birga ulkan suv havzasini o‘rganish yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari ham olib borilgan.

Sobiq ittifoqning eng ko‘p suv talab qiladigan paxtaga bo‘lgan ehtiyoji tufayli O‘rta Osiyoda kanallarning ketma-ket qazila boshlashi, katta va kichik daryolarga suv omborlari va to‘g‘onlar qurilishi yuz berajak fojianing xavotirli xabarchisi bo‘ldi. Mirzacho‘l, Qarshi cho‘li va boshqa cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, kanal va ariqlarni qazish ishlari XX asrning 30-yillarida boshlanganiga qaramay, yana o‘ttiz yillar mobaynida Orolda suv sathi pasaymay turdi. Faqat 60-yillarning boshiga kelib pasayish dastlab asta-sekin, keyinchalik tezlashib boshladi. Binobarin, 1961 yilda ko‘lning sathi 20 santimetrga, ikki yildan keyin esa 80 santimetrga pasayib ketdi. 

1990 yilga kelib esa Orolning maydoni 36,8 ming kavadrat kilometrga tushib qoldi. Aynan shu holatda suvning sho‘rlanishi uch baravarga oshdi. Bu tabiiy ravishda mahalliy hayvonot va nabotot dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Holbuki, barcha zamonlarda ushbu dengizda baliq mo‘l-ko‘l bo‘lgan va aholi tomonidan ovlab kelingan. Orol baliqchilari yiliga ming tonnalab turli-tuman baliqlarni ovlashganiga guvoh bo‘lgan kishilar hali hayot. Dengiz sohillarida baliq zavodlari, konserva kombinatlari va baliq qabul qiluvchi punktlar kechayu kunduz faoliyat yuritgan. 

1989 yilga kelib Orol dengizi ikkita mustaqil ko‘lga ajraldi. Shundan keyin unda baliqchilik sohasi butunlay to‘xtadi. Katta Orolda shu kunlarda baliqdan nom-nishon qolmagan. Suvda tuz miqdori haddan ziyodligidan baliqlar butunlay qirilib bitgan. Oz miqdordagina baliq kichik Oroldan tutilyapti. Ammo bu dengizdan bir tomchi, xolos. 

Orol tom ma’nodagi dengiz maqomidan ajralgandan keyin eng jiddiy mushkulot va qiyinchilik uning qirg‘oqlaridan yashovchi aholi yelkasiga tushdi. Baliqchilik sanoati inqirozga yuz tutgach, yuzlab kishilar ishsiz, tirikchiliksiz qolishdi. Bu mahalliy aholining fojiasiga aylandi. Masalaning yana bir og‘riqli jihati, sho‘r ko‘lda yashashga moslashgan baliqlar pestitsidlarga me’yoridan yuqori darajada “to‘yingan”. Bu esa uni iste’mol qiluvchi aholi sog‘ligiga salbiy ta’sir etishi turgan gap. 

Xo‘sh, nima sababdan bunday fojia yuz berdi, Orol dengizi qurishining sabablari nimada? Ko‘pchilik mutaxassislar buning sababini Orol dengizini ta’minlab turgan suv zaxiralarini noto‘g‘ri taqsimlashda deb aytishadi. Azal-azaldan dengizning asosiy suv manbalari mintaqaning katta daryolari — Amudaryo va Sirdaryo bo‘lgan. Bir zamonlar ular dengizga yiliga 60 kub kilometr suvni yetkazib bergan. Hozirgi paytda bu ko‘rsatkich yiliga atigi 5 kub kilometrni tashkil etadi. 

O‘rta Osiyoning bu qudratli daryolari o‘z oqimini dunyoning eng purviqor tog‘lari Hindikush, Pomir, Tyan-Shandan boshlaydi. Ular Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlari hududi bo‘ylab ikki ming kilometrdan ziyod yo‘lni bosib o‘tib Orolga quyilgan. 

Orolning qurib qolishi bilan bog‘liq sanab o‘tilgan sabablar bilan bir qatorda ko‘l tubi yer qatlamlarining buzilishi ham shu oqibatga olib kelgan degan qarashlar mavjud. Buning natijasida suv yer ostidan Kaspiy dengizi va boshqa ko‘llarga oqib ketayotgan emish. Ayrim mutaxassislar esa bunga bosh sabab sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari deb biladi. Dengizning qurishiga tog‘lardagi muzlarning erib ketayotgani sabab deguvchilar ham yo‘q emas. Zero, aynan Sirdaryo va Amudaryo mana shu tog‘liklardan boshlanadi.

XXI asrda Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishlari jarayonlari tezlashdi. Umuman, iqlim muvozanati ko‘p jihatdan katta suvga bog‘liq edi. Orol dengizi tabiatni mo‘’tadillashtirib, ob-havo muvozanatini saqlab turardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Orol Sibirning sovuq shamollarini yumshatar, jazirama saraton havosini esa salqinlatib bormoqda. Shunga mos ravishda ziroatlarni sovuq urmoqda, uy hayvonlari ham bundan jabr chekmoqda. 

Agar bu muammolar barchasi faqat Orolbo‘yi bilan cheklansa, masala unchalik chigallashmasdi. Taassufki, qurib borayotgan Orol ayni kunda juda katta hududga ta’sir o‘tkazmoqda. Gap shundaki, Orol dengizi ustidan qudratli shamol oqimlari tez o‘tayapti. Bu oqimlar endilikda dengizning ochilib qolgan tubida yotgan ming-ming tonna tuz, ximikatlar va zaharli changlardan iborat xavfli aralashmani osmonga ko‘tarib chiqadi. Zaharli changlar atmosferaning yuqori qatlamlariga yetib borib, nafaqat butun Osiyo qit’asi hududiga, balki Yevropaga ham yetib boradi. Shubhasiz, yomg‘ir va qor aralash yoqqan tuz yomg‘irlari zaminga tushgach, barcha tiriklikni nobud qiladi. 

(Davomi bor)

A.AZIMOV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.