KICHIK TUYNUKNING KATTA MUAMMOLARI

Har kun ko‘chaga chiqarkanmiz, avtoulovlarning ko‘pligidan tirbandliklar yuzaga kelayotganining guvohi bo‘lamiz. Bozorlarga yaqin hududlar uchun bu odatiy hol. Ayniqsa, “Ippodrom” deb atalmish uchta savdo bozori jam bo‘lgan maskanda. Chunki bu yerning tirband bo‘lmagan kuni, soati yo‘q. Qachon borsang, bir xil manzaraga ko‘zing tushadi. Ayniqsa, dam olish kunlari bu yerga nafaqat ot-ulovda, balki piyoda ham yaqinlashishning imkoni bo‘lmaydi. Bu muammoni hal etish uchun tegishli tashkilotu idoralar qancha chora ko‘rmayapti, deysiz.

 

“Chilonzor buyum bozori”, ya’ni “Ippodrom”ning boshlanish joyidan katta ko‘chalarda temir panjaralar to “Do‘stlik” bozorigacha davom etgan. Bozorlardan chiqayotgan odamlar aynan temir panjara turgan joyidan yo‘lni ajratib turadigan beton to‘siq ustidan o‘tishni afzal biladilar. Bu ishi bilan ular o‘zini va mashina boshqarib kelayotgan kishi hayotini xavfga qo‘yayotganini bilisharmikan?! Bular orasida yuk ko‘targaniyu, yosh bolasini yetaklagani qancha. Ayniqsa,  momolarimizu kalta yubka, tor shim kiygan qizlarning shunday harakatlarini ko‘rib, nima deyishni ham bilmaysan, kishi. Yo‘lovchilar masofani qisqa qilish va manziliga erta yetib olish uchun jonlarini xatarga qo‘yayotganini oqlab bo‘lmaydi, albatta. Qolaversa, ikki qadam narida yer osti yo‘lagi bo‘lsa... Buning ustiga, bunday qoidabuzarliklar qonunan ham taqiqlangani hech kimning xayoliga kelmaydi. Qoidaga ko‘ra, piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi belgilarga bo‘ysunmasligi, ularni yo‘lning harakat qismida belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi eng kam ish haqining 1/3 baravarida (49925) miqdorida jarima belgilanishiga sabab bo‘ladi. (O‘z.MJTK 138-m).  

Yana bir manzara. “Bek Baraka” va “Abu Saxiy” savdo markazlari oldidagi tirbandlik ham ko‘pchilikning tepa sochini tikka qiladi. Bu bugungi gap emas, ko‘p gapirilgan, yozilgan, ammo... Ikki savdo markazi o‘rtasida to‘rt qator mashinalar qatnov yo‘llarini ajratib turuvchi temir panjaralar mavjudligi hammamizga yaxshi ma’lum. Bu bozor oralig‘ida ham piyodalar harakati, ularning madaniyatsizlarcha qilayotgan amallariga duch kelasiz. 

Misol uchun, “Algoritm” dahasidan “Bek Baraka” savdo majmuasiga qarab harakatlanish uchun mo‘ljallangan yo‘l chetiga qo‘yib ketilgan mashinalar oralab ovora bo‘lasiz. Chunki yo‘lning bu qismini Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga yo‘lovchi tashiydigan kirakashlar egallab olgan. Ovoragarchilikdan xunobi chiqqan ayrim yo‘lovchilar hatto savdo markaziga yaqin yo‘l o‘rtasiga o‘rnatilgan temir panjarani buzib, “eshigu, teshiklar” ochib olishgan. Undan o‘tish uchun yig‘ilgan olomonni ko‘rib, hamma bir-birini turtib, tezroq tuynukdan o‘tishga shoshiladi. Hech kim go‘dagini ko‘tarib olgan onalarga, keksalarga e’tibor bermaydi. Qisqasi, manzarani ko‘rib, o‘tib-qaytayotgan mashinalar hozir birortasini “ana urib ketadi, mana urib ketadi” deb yuragingizni hovuchlaysiz. Chunki tirbandda turaverib zerikkan haydovchi ham, tez o‘tib olish niyatida bo‘lgan yo‘lovchi ham shoshishi tabiiy. 

Nega ushbu panjara ortida shuncha odam to‘planadi, degan haqli savol tug‘iladi. Savolga javob topish maqsadida ayrim yo‘lovchilar bilan fikr almashdik. Ular, masalan, “Ko‘k terak” “Keles”, “O‘rikzor”, “Kultepa”, “Bojxona” yo‘nalishlaridan Ippodromga qatnaydigan 481-raqamli “ISUZU” mikroavtobusi, shu va boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan mashinalar bemalol yo‘lovchilarni ana shu – taqiqlangan joyga tushirib yoki shu joydan olib ketar ekan.  Haydovchilardan, “To‘xtash mumkin bo‘lmagan joyga nega odam tushirayapsiz?” deb so‘raganimizda, “kichik yo‘ldagi noqulaylik va tirbandliklar sababidan” deya javob berishdi. “PHAETON TAXI” MChJga qarashli “fil suyagi” rangli litsenziyaga ega kirakashdan so‘raganimizda esa “bizga mumkin” dedi qo‘rslik bilan. Ana xolos, jamoat transporti yoki litsenziyasi bo‘laturib, qonun-qoidaga umuman amal qilmagan haydovchilar shu ahvolda bo‘lsa, qolganlarni gapirmasa ham bo‘lardi. 

Masalaning ajablanarli tomoni shundaki, muammolar bir-biriga zanjirdek bog‘liq. Bir muammo ikkinchisini keltirib chiqarmoqda. Yo‘lovchilarga “nega bu yerdan harakatlanyapsiz, turgan joyingizdan atigi yuz qadamcha narida yer osti yo‘laklari bor-ku?” degan savolimizga “Tunelga borguncha, bu yerdan o‘tib bo‘laman, transportlar bizni shu yerga tashlab ketyapti, biz nima qilaylik, axir?” deya kinoya qilishadi. O‘ylab qarasang, ularning gaplarida ham jon bor. Chunki 100 metr yaqin joy emas-da. Shuncha yurgandan ko‘ra, ko‘chani kesib o‘tish osonroq. Ular majburlikdan temir panjaralar ustidan, ostidan agar unday tarzda o‘ta olmagan taqdirda yuqoridagidek tuynuklardan o‘tmoqda. Yo‘l harakatini nazoratga soluvchi inspektorning aytishicha, bir necha bor ushbu tuynuklar boshqatdan payvandlanib, turli qalinlikdagi sim bilan qayta yopilgan. Ammo foydasi bo‘lmayapti. Odamlar “tuynukchalarni” qayta hosil qilishgan. 

Fikrimizcha, piyodalarga yanada qulaylik yaratish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ikki bozor markazlarini bog‘lab turadigan piyodalar uchun yer usti yo‘l o‘tkazmalarini bunyod etish maqsadga muvofiqmikan, deb o‘ylab qolasan, kishi. Agar muammoning boshqa yechimlari mutasaddilar tomonidan nazarda tutilmagan bo‘lsa, xuddi shunday ko‘tarma ko‘priklar yuqorida aytib o‘tilgan “Do‘stlik” bozori yonida ham qurilishiga ehtiyoj katta. “Bek to‘ppi” savdo majmuasi yonida esa bittagina xuddi shunday yo‘l o‘tkazmasi mavjud. Ammo bir necha yillar davomida bu yerda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmay chala qolib ketgan. Ayni damda bitmagan bo‘lsa-da, undan aholi foydalanmoqda. E’tibor bering! Bitmagan bo‘lsa-da! Buning ustiga yo‘lovchi xavfsizligini ta’minlovchi yon to‘siqlar ham mavjud emasligini hisobga olsak, bu yerda noxush holat yuz bermaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Taassufki, ushbu manzilda balog‘at yoshiga yetmagan bolalarning ham yugurib yurganiga guvoh bo‘ldik. 

Yana bir muammoli holat: uchala bozorning atrofiga e’tibor qaratarkansiz, har joyda kirakashlarning noqonuniy “pitak”lariga duch kelasiz. Bunday kirakashlarda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Vaholanki, marshrutsiz taksilar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar mavjudligini hamma biladi. Ayniqsa, dam olish kunlari ularning ishi avjida. 

Chinni bozor yonidan o‘tarkansiz, yon tomondagi yo‘ldan qarama-qarshi harakatlanayotgan ko‘plab, “Damas”laru turli yengil avtomashinalarga duch kelasiz. Bu ikki tomonlama yo‘lmi, deb o‘ylashingiz tayin. Ammo faqat bir tomonga harakatlanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa-da, aksariyat kishilar bu yo‘ldan qarama-qarshi yurishni ma’qul ko‘radi. Chunki ko‘chaning Abu Saxiy bozori tomonidan aylanib kelishga ancha vaqt ketadi. Mashinalarning tirbandligidan vaqting ham, yonilg‘ing ham isrof bo‘ladi. Shu bois ko‘pchilik shundoqqina “Chinni bozor”ga kirish darvozasi yonidan yurishni, to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlanadi, degan buyruqli belgi bo‘lishiga qaramay, yo‘lovchilarni o‘sha yerda kutib oladilar. Lekin bu ularning noqonuniy harakatini oqlamaydi, albatta. Xuddi shu tartibsizlikda yurib, Qo‘yliq va Sergeli tumanlariga yo‘lovchi tashiyotgan “Damas”lar harakatini tartibga solishning vaqti kelmadimikan?! Umuman, bu muammolarni, mavjud ahvolni tartibga soluvchi idoralar rahbarlari bilisharmikan? Bilishmaydi. Chunki bozorga piyoda kelishmaydi. Yoki bu haqda o‘ylashga vaqt topisha olmasa kerak. Hali osh, hali yig‘ilish, hali boshqa tashvishlar deganday...

Bunday muammolar faqat ushbu ko‘rsatilgan bozorlardagina emas, balki shahrimizning markazida joylashgan “Farhod” bozoriga ham tegishli. Chunki uning orqa tomoni, ya’ni xalq tilida “zapchas bozori” deb ataladigan ko‘chaning yoni, ya’ni yo‘lning yarmidan ko‘proq qismi ulgurji dehqon bozori hamdir. Shu tarzda uch “polosa”li yo‘l, bir yo‘lakchaga aylanib qolganiga nima deysiz?! Biror kishi bu savdogarlarning pishagini pisht demaydi, yoki ular uchun boshqa biror joy hozirlab beradigan mard topilmayotir. Bu kabi noxush holatlarga ana shu markaziy nuqtada ham har kuni duch kelish mumkin.!

 

Muxtasar aytganda, yo‘lu yo‘lovchi tashish sohasidagi ko‘plab muammolar o‘z yechimini kutayotgani sir emas. Ularning hal etilishida tegishli mutasaddilardan javob kutamiz va ushbu mavzuga yana qaytamiz.                            

Muhammadjon XO‘JAYEV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.