BOLANG necha pul, ONA?!

... Ona bir eshakli o‘tkinchiga kaftlarini uzatdi.

 

— Mana shu qizaloqni olib keting, katta bo‘lsa, eshigingizni supuradi! — dedi. — Bir hovuch kepakka beraman, bir hovuchgina!

O‘tkinchi o‘zini eshitmaslikka oldi. Bozor uchun narx-navoni so‘ramadi. Boshli-ko‘zli bolani so‘rab-surishtirmadi...

Onalar... tasbehday-tasbehday tizilib o‘tirdi. Ona bir yo‘lovchiga qo‘l cho‘zdi.

— Mana shu qizaloqni ola keting, sizga qiz bo‘ladi! — dedi. — Bir kulchaga almashaman, bir kulchaga!

Ona bir yo‘lovchiga bolasini ko‘rsatdi.

— Mana shuni zog‘ora nonga almashaman! — dedi. — Kaftday zog‘ora non bo‘lsa bo‘ladi!..

 — Siz kimning zurriyotini bozorga olib chiqqaningizni bilyapsizmi? Kimsan, Mirzaxo‘jaboyning zurriyoti!

Ona miq etmadi. Ona yerga tikildi.

— Mirzaxo‘jaboyning zurriyoti-ya! — dedi Botir firqa. — Chin, Mirzaxo‘jaboylar sovet hukumatini tan olmay, Afg‘onistonga qochib ketdi. Lekin u kishi Saidxo‘ja eshonning to‘ng‘ich o‘g‘illari. Bir so‘z bilan aytsak, eshonzoda, eshonzoda!

Ana shunda, ona tilga kirdi. Jelagi yoqasi bilan og‘zini ushlab tilga kirdi.

— Bir norasidaning tovoniga qolmayin deyapman-da, firqa bova, — deya yig‘ladi. — Shugina norasida peshonamga sig‘mayapti!

— Shugina bir... go‘dakni boqib bo‘lmay qoldimi?

— Yo‘q-da, firqa bova, yo‘q-da. Xonumonimiz kuydi! Biz kuyib-kuyib... kul bo‘ldik!

— Mirzaxo‘jaboyni go‘dagi uchun-a?

—Kunjara bersam, yemasa nima qilayin? Zog‘ora non otliqqa yo‘q bo‘lsa, nima qilayin?..

Mazkur tasvir Tog‘ay Murodning XX asr o‘zbek ziyolilarining ko‘rgiliklari, dard-alamlari, fojialari haqida so‘z yurituvchi “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanidan bir parcha edi. Unda qizini boqolmay qiynalib qolgan eshon kelini aslida non uchun o‘z bolasini bozorga solayotgan emasdi. Uning niyati xolis: farzandi onasi o‘limidan so‘ng qarovsiz, och-nahor o‘lib ketmasligini, o‘ziga to‘q bir oilada voyaga yetishini chin dildan istardi. Chunki o‘sha zamon parcha nonga zor, odamlar kunjara yeb qorni shishib, ko‘cha-ko‘y jasadlarga to‘lgan bir davr edi. 

Biz uchun ertakka aylangan u kunlar, shukrki, tarixda qoldi. Bugun tinch-osoyishta, to‘kin-sochinlik zamonida yashayapmiz, farzandlarimizni istaganimizdek voyaga yetkazib, orzu-havasimizni ko‘nglimizdagidek amalga oshiryapmiz. 

Tarixga bir nazar soling. Qirg‘inbarot urush yillarida, ochlik, qahatchilik, zulm urchigan bir davrda xalqimiz minglab bolalarni o‘z qaramog‘iga olib, mehr bilan voyaga yetkazgan. Vaholanki, o‘sha kezlari ham bir burda nonga zor alfozda kun kechirilgan. Bor-budini sotib ro‘zg‘or tebratsa-da, biror bola ko‘chaga haydalmagan, oila mehriga zoriqib o‘smagan. Bolalar u yoqda tursin, ular yotgan beshik-da sotilmagan. Aksincha, borlari qatoriga yetim bolalarni ham qo‘shib asragan. Shuncha zug‘um, sitam, mashaqqatga qaramay, yorug‘ kunlarga umid bog‘lab, tinim bilmay mehnat qilib yashashda davom etilgan. O‘shanda dunyo ahli o‘zbekning chinakam bolajonligiyu, insonparvarligining, cheksiz mehr-muhabbatining shohidi bo‘lgan. Hali-hanuz o‘sha ko‘mak, o‘sha mehr iliqlik bilan yodga olinadi. 

Biroq bugun mehrdan uzoqlashgan, azaliy qadriyat va an’analarimizni anglash baxtidan mosuvo, yuragi toshga aylangan ayrim hamyurtlarimiz dunyoga bolajonligi bilan tanilgan ana shunday buyuk millatimiz sha’nini toptamoqda, insoniy tuyg‘ularimizga putur yetkazmoqda. 

Biz “ayol” so‘zini eng chiroyli ta’riflar bilan aytishga odatlanganmiz. Uni quyoshga, oyga, gulga qiyoslaymiz, shiddatini daryolarga mengzaymiz. Ayol ham o‘zining mehru muhabbati, fidoyiligi bilan umri davomida bu qiyoslarga munosib yashashga intiladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak ular bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklarni og‘riqli tarzda qabul qilamiz.

Ayol bunyod etish, barpo qilish, birlashtirish uchun yaratilgan, aslida. Uning nojo‘ya xatti-harakatlari esa qonunga ham, dinu diyonatga ham to‘g‘ri kelmaydi. Jamiyat ham ko‘z yumib keta olmaydi bu holatlarga. Ayniqsa, gap tirikchilikni ro‘kach qilib o‘z farzandini pullayotgan, ulardan yuz o‘girayotgan onalar haqida ketsa! 

Internet nashrlarini ko‘zdan kechirarkanmiz, tug‘iboq o‘z bolasini o‘ldirgan ona, tug‘ruqxonadan chiqishga ulgurmay chaqalog‘ini pullayotgan ayol yoxud vahshiylarcha zurriyotini kaltaklagan, pichoq sanchgan, tiriklay ko‘mganlar haqidagi noxush xabarlarga guvoh bo‘lamiz. Bu mazmundagi xabarlarning kunda bo‘lmasa ham kunora uchrab turganining o‘zi achinarli holat. 

“2 oylik bolasini tinchlantirish uchun spirt bergan ona go‘dakning o‘limiga sababchi bo‘ldi”, “Bolalar o‘ynayotib chaqaloq jasadini topib olishdi”, “Chaqaloqfurush rahbar va uning yordamchilari qilmishiga yarasha jazolandi”, “Farzandini chiqindi quvuriga tashlab yuborgan ayol 12 yilga qamaldi”, “8 oylik chaqaloq onasi tomonidan 90 marta pichoqlandi”, “Ona yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘chaga tashlab ketdi”, “Yangi tuqqan ayol o‘z xushtori bilan kelishib, bolasini sotdi”, “Voronejda chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan juftlik puliga O‘zbekistonga chipta sotib olmoqchi bo‘lgan” kabi sarlavhalarning o‘ziyoq “insonman” degan tanni junjitib, ruhiyatni bir qalqitadi. Ularni o‘qiy turib achinamiz, achchiqlanamiz, g‘azabimiz alanga oladi va o‘rni kelganda o‘sha ayollardan jirkanamiz, or qilamiz. Bu nobop kimsalarni millatimiz vakilasi ekanligidan uyalamiz ham. Chindan-da o‘zbek ayoli uchun isnod, uyat bu holatlar. Quyida ba’zi qilmishlardan misol keltirsak, ayni muddao bo‘lardi, nazarimizda.

Hech bo‘lmaganda, to‘rtinchi farzandi o‘g‘il bo‘lishidan umidvor Nargiza (ismi o‘zgartirilgan) tag‘in qiz farzand ko‘rdi. Biroq erining o‘z pushti kamaridan voz kechganidan xavotirga tushgan ayol chaqalog‘ini tug‘ruqxonaning o‘zida sotishga urindi. Bu haqida xonadoshlariga shipshitib ham qo‘ydi. Osongina topila qolgan vositachi esa ona mehriga to‘yib ulgurmagan go‘dakni 5 million so‘mga baholadi. «Oldi-sotdi»ni amalga oshirayotgan jinoyatchilar kafeda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Qarang-a, farzandiga hayotning oqu-qorasini tanitish burchi bo‘lgan onaning o‘zi jinoyatga qo‘l ursa?! Tag‘in o‘z bolasi “sotuvchisi”ga! Odamfurushlar-ku mo‘may daromad orttirish ilinjida tanimagan, bilmagan odamlarini dunyo bozorida pullar. Lekin to‘qqiz oy jismida avaylab-asragan farzandidan arzimagan pul evaziga voz kechish insoniylikning qay me’zoniga to‘g‘ri kelarkin, izohlashga ojizmiz. 

Yaqinda televidenieda ko‘rsatilgan yana bir jinoyat bundan-da o‘tib tushdi. Ayol to‘rt yashar o‘g‘lini bir kvartira bahosiga (16 ming AQSh dollari evaziga) sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olingan. Xabarda aytilishicha, ayol onalik huquqidan mahrum etilib, bola davlat qaramog‘iga topshirilarkan. Aqlini ancha tanigan, ona mehriga bog‘lanib qolgan go‘dak esa onasidan ayrilishni istamay, unga talpinib, yum-yum yig‘lardi... 

Aslida onalar go‘dagiga shamolni ham ravo ko‘rmaydilar-ku! Bolasi bir “uh” desa, o‘ttiz ikki tomiridan og‘riq keladi, axir. Nahot bu ayollarni farzandining kimlar qo‘lida, qanday oilada, qanday muhitda voyaga yetishi qiziqtirmasa?! Kelajak hayoti o‘ylantirmasa?! Moddiy boylik evaziga farzandini sotgan onalarni qanday oqlash mumkin-a?! Mehr ila boquvchi qaro ko‘zlarni o‘zga qo‘lga bir buyumdek beparvo topshirish aqlga sig‘adimi axir? Yoki sut tishi chiqayotgani bois emayotgan onasi ko‘kragini tishlagan chaqaloq volidasi tomonidan tig‘ bilan bir necha bor “jazolanishga” mahkummidi? Oromini o‘ylab, bir yoshga ham to‘lmagan go‘dagiga alkogol berib, natijada farzandi qotiliga aylangan onani-chi? Shu kunga qadar dunyo ahli bunday razillikni eshitganmidi? Nahot, onalik hissi yo‘q bu ayollarda? 

Hali tili chiqmagan go‘dak zaboni bilan tushuntirishga qodir bo‘lmasa-da, mehrli ko‘zlari, jajji qo‘llari bilan hislarini bayon eta oladi. Qorni ochsa, dimog‘iga tanish hidni qo‘msasa, bor ovozi bilan chinqirib yig‘laydi. Shunda yupatguvchi birgina ona bo‘ladi. Yolg‘iz — ona! 

Endi o‘zingiz ayting, tanish bag‘irdan, tanish chehradan ayro yashash murg‘ak qalb uchun oson kecharmikan?! Kun kelib haqiqatdan xabardor bo‘lsa, beg‘ubor qalbi ozorlanmasmikan, gulgun chehrasi yoshlanmasmikan? Yoki tug‘ilgan zahoti ko‘z ochib ko‘rgani — volidasi tomonidan tiriklayin paketga o‘rab chiqindiga uloqtirilgan chaqaloqning uvoli tutmaydimi bir kun? U ham barchamiz singari tirik jon edi, uning ham bu yorug‘ olamda yashashga, toza havodan to‘ygunicha nafas olishga, musaffo osmon ostida emin-erkin ulg‘ayishga haqqi bor edi. Biroq nafs balosiga yo‘liqqan, harom yo‘lni manzil tutib, begona erkaklar bag‘ridan qo‘nim topgan va alaloqibat qilmishini yashirish uchun farzandini tug‘ilmay o‘limga mahkum etayotgan “onalar” sabab kunda bo‘lmasa ham, kunora bir norasida qurbon bo‘lmoqda. 

Tahorat olib, suralar o‘qib farzandini emizgan onalar yoki kunora 10-15 ta farzandi kir-chirini yuvib, 40-50 talab nonni yopgan, sham yorug‘ida bo‘lsa-da, Buxoriy, Navoiy, Qodiriylarni o‘qib, bolalariga ham kitobni oshno etgan ayol siymosi bugun tushga aylangandek go‘yo. Aslida o‘shalar sabab dunyoga tanilgan va islom madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk muhaddislar, olimlar, avliyolar yetishib chiqqan edi! 

To‘g‘ri, bugun ham ayol — ona, rafiqa, kelin, uy bekasi, jamiyatning faol ishtirokchisi. Uy yumushlari, bola tarbiyasidan ortib turli sohalarda javlon urib mehnat qilayotgan nozik xilqat vakilalari jamiyat taraqqiyotiga, yurt ravnaqiga  o‘z hissasini qo‘shishga ulgurayotgani ham ayni haqiqat. Balki shuning uchun bugun ona — tadbirkor, fermer, ixtirochi, harbiy, muhandis, hatto prezident bo‘la oldi. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek el koriga yarash nari tursin, beshik tebratishga-da yaramayotgan, balki istamayotgan, yengil-elpi hayotga o‘rgangan, moddiylikni ustun qo‘ygan “ojiza”lar sabab o‘zbek ayoliga “qotil”, “jinoyatchi”, “firibgar” tamg‘alari ham urilayotir. 

Har bir inson xato, gunoh yoki afsus-nadomat emas, balki o‘zidan yaxshi nom — tarbiyali, o‘qimishli, vatanparvar, jonkuyar farzandlarni voyaga yetkazish uchun hayot yo‘llarini bir-bir bosib o‘tadi. 

To‘g‘ri, “jinoyat”, “jinoyatchi” so‘zlari har zamon va makonda bo‘lgan. Biroq bu tamg‘a aslo ayollarga yarashmas. Ammo ming istamaylik, bugun ayol sha’nini yerga urayotgan jinoyatlar qandaydir olis o‘lkalarda emas, yurtimiz, ko‘chamiz, mahallamizda sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

—Aziz mushtariy, bunday holda sizu bizdan faqat hushyor nigoh talab etiladi. Chunki yonginamizda egri yo‘lga qadam tashlashga shaylanib turgan qiz, ayol, ona bo‘lishi mumkin! Ehtimol, ular bizning maslahatimiz, nasihatimiz, ko‘magimizga ehtiyojmanddir...

 

“... 1933 yil to‘ldi.

Non chuchuk bo‘ldi. Non shirin bo‘ldi. Ota o‘z o‘g‘lini bir zog‘ora nonga almashdi. Ona o‘z qizini bir hovuch kepakka almashdi. Odamzod kunjara yeyishgacha bordi...”

Bugun-chi?..

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri