FARZANDLARIMIZ KELAJAGINI BOY BERMAYLIK

Bugun yosh avlodning  bilim olishi va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali  foydalanayotgan uka-singillarimizning yutuqlarini ko‘rib,  chin dildan quvonamiz.

 

Biroq yoshlar orasida jamoat joylarida o‘zini tutolmaydigan, dilozor, andishasizlari ham uchraydi. Tarbiyasi og‘ir bolalarning bunday xatti-harakatlari  salbiy oqibatlarga olib kelmasdan, to‘g‘ri yo‘lga  solish kattalarning, ayniqsa, ota-onalarning oldida turgan  dolzarb vazifalardan biridir.

Bugun internet orqali farzandlarimiz dunyoning istalgan burchagida bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatishadi. AQSh va Yevropaning ayrim davlatlaridagi o‘quvchilarning maktabga qo‘lida qurol bilan kelib sinfdoshlari va o‘qituvchilarini yaralab, o‘ldirishgacha borib, oxirida o‘z jonlariga qasd qilayotganlaridan ham aynan internet orqali xabardor bo‘layapmiz. Yaqinda shunga o‘xshash voqea Rossiya maktablarining birida ham sodir bo‘ldi. Ivanteevka shaharchasida joylashgan maktabda 15 yoshli bola maktabga  qo‘lbola qurol bilan kelib,  o‘qituvchisiga jarohat yetkazdi. Militsiya xodimlari voqeadan vaqtida xabardor topib, bu qotil o‘smirni to‘xtatishga ulgurishdi. Ma’lum bo‘lishicha, yigitcha o‘z-o‘zidan qurol tutishgacha bormagan. Ancha paytlardan beri sinfdoshlari uni  masxara qilib, haqoratlab yurishgan. Ginalar oxir-oqibat nafratga aylangan. Hujumdan oldin bolalar ro‘yxatini tuzib, aniq rejalar asosida ish boshlagan. Voqealar o‘rganilgach, shu narsa aniq bo‘ldiki, bunday bolalar internetdan shunga o‘xshash voqealarni sodir etganlarni o‘zlariga qahramon qilib olib,  xuddi ulardek yo‘l tutarkan. Masalan, shu bolaning qahramoni amerikalik Dilan Klebold. Bu o‘smir va uning o‘rtog‘i 1999 yilda maktab oshxonasida sinfdoshlariga hujum qilgan. Natijada 13 kishi halok bo‘lib, 23 kishi yaralangan, keyin ikkovlon o‘zlarini ham otib o‘ldirgan. Naqadar ayanchli voqealar. Arzimagan xatolarning javobi qanchalar achinarli.

Yaqinda bir tanishim poytaxtimizdagi kollejlarning birida yigit-qizlarning sumkasini navbatchilar tekshirib kiritishi natijasida, ayrim yuqori sinf o‘quvchilarining o‘quv-qurollari orasidan pichoq va qaychi chiqqanligini aytib qoldi. Ammo ko‘pchilik ota-onalar bunday yondashuv ularga yoqmaganini iddao qilishibdi. 

Bu kabi amaliy ishlardan quvonish o‘rniga ayrimlarning ensasi qotayotganini qanday tushunish mumkin.

Bu mavzuga qo‘l urishimizga aslida, so‘nggi vaqtlarda ko‘cha-ko‘yda ayrim ota-onalardan maktab, litsey, kollejda ta’lim olayotgan yoshlar sinfdosh o‘rtoqlariga kichkina qaychi yoki pichoqcha bilan tahdid qilayotgani haqida eshitganlarimiz sabab bo‘ldi. Bir o‘ylab ko‘raylik, nahotki, farzandlarimiz uchi o‘tkir qaychi, pichoq bilan ta’lim dargohiga kelsa? Mushtdek bola qalbida birovga ozor berish tuyg‘usi qaerdan va qachon boshlandi? 

Barchamizga ma’lumki, hatto jajji bolajonlarimizga atab yozilgan ertak qahramonlari bejiz tabiat va hayvonlar, ularning do‘stligi, yaxshi amallar bilan bog‘lanmagan. Chunki farzandlarimizni go‘daklik chog‘laridan tabiatni, o‘simliklarni va hayvonlarni sevishga, ularni avaylashga o‘rgatadi. Biroq so‘nggi paytlarda ta’lim dargohlari o‘quvchilari bir-biriga do‘q-po‘pisa qilib, birovning joniga qasd qilishgacha  borayotgani juda ayanchli. Bunday voqealar yaqin-yaqingacha ham xorijiy mamlakatlarda sodir bo‘lar, go‘yo bizda hech qachon yuz bermaydigandek tuyular edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zimiz bunga guvoh bo‘lyapmiz. Bu juda xavotirli holatdir. Bu muammoning yechimini o‘z vaqtida topib, ertaga ulardan qanday insonlar yetishib chiqar ekan, deb hozirdan tashvishga tushishimiz kerak, aks holda... 

— Bola tarbiyasi uchun avvalo, ota-ona javobgar bo‘lsa-da, biz, pedagoglar ham bu borada o‘zimizga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan ado etishimiz kerak, — deydi Toshkent shahridagi 94-maktab direktori Angelina Velichko. — Chunki maktabga kelayotgan har bir o‘quvchi biz uchun farzanddek gap. Maktabimizda shunday odat yo‘lga qo‘yilganki, o‘qituvchilar bilan ota-onalar muammolarni birgalikda o‘rganib, uni ijobiy hal etishga harakat qilishadi. Mana shunaqa salbiy voqealar sodir bo‘lmasligi uchun doim hushyor bo‘lishimiz kerak. Faqatgina odobnoma darslarida emas, balki matematika darslarida ham tarbiya to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz.

Tajribali pedagogdan “Nima deb o‘ylaysiz, xulqi yomon bolaning ta’siri boshqalarga yuqadi deb uni hammadan ajratib qo‘yish kerakmi?”, — deb so‘radim.

— Agar shunday qilsak, bola tarbiyasidagi eng katta xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz, — dedi u. — Nimaga endi a’lo o‘qiydigan va xulqi namunali bo‘lgan o‘quvchiga e’tiborli bo‘lib, to‘polonchi o‘quvchilarni hamma narsadan chetlatishimiz kerak? Hozir e’tiborsiz bo‘lsak, ertaga biz ham uning jabrini ko‘ramiz. Maktabimizda axloqsiz, darslarni yomon o‘zlashtiradigan o‘quvchining zimmasiga boshqa bolalar xulqi, darslarga qatnashish javobgarligini yuklaymiz. Qarabsizki, bu o‘quvchi mas’uliyatni his qilgan holda, o‘zining tarbiyasini ham ijobiy tomonga o‘zgartira boshlaydi. Maktabimizda faoliyat olib borayotgan ruhshunoslar hamkorligida bolalarimizning ruhiyatida nimalar kechayotganini bilib olamiz. 

Ma’lumki, xalqimizda bola tarbiyasi har davrda nozik va dolzarb masala sanalgan. Farzandlarimizning nafaqat ta’lim olishi, balki tarbiyasini ham maktab va “ko‘cha”ga tashlab qo‘yaveribmiz. Ota-onalar gap-gashtak, to‘y-bazmlarga sarflayotgan vaqtini farzandiga bag‘ishlasa, u bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, muammolarini va qiziqishlarini o‘rgansa, bunday voqealarning oldi vaqtida olinardi. 

Maktabga borayotgan bolamizning sumkasini qachon tekshirdik? Oxirgi marta qachon bolamiz bilan dildan suhbatlashdik? Biror kitobni o‘qib muhokama qildikmi? Bugun farzandlarimizning texnologiya vositalariga mute bo‘lib, kitob varaqlamayotganining bosh sababchilari ham ota-onalar. Kelajak borasidagi xato — tuzatib bo‘lmas xato emasmi? Ertamiz zalolatga yuz tutmasligi uchun harakatni hozirdan boshlaylik.

— Bola, ayniqsa, o‘smir yoshida hech nimadan qo‘rqmaydigan, ko‘ngli tusagan ishni tap tortmay bajaradigan bo‘ladi, — deydi psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Odina Otajonova. — Shunaqa vaziyatlarda bolalar ikki toifaga bo‘linadi. Birinchi toifadagilar o‘ziga hammaning e’tiborini qaratib, eng zo‘r ekanligini isbotlaydigan. Ikkinchi toifaga mansublari esa, atrofdagilardan dakki eshitadigan, o‘rtoqlari doimo bepisand nazar bilan qarashgan, hattoki ota-onalari befarqligi uchun ichki tuyg‘ularini hech kim bilan bo‘lisha olmagan bolalardir. Ularning ichki olamidan doim ogoh bo‘lishimiz zarur. Biz farzandlarimizni bunday holatgacha yetkazmasdan oldini olishimiz, oila va maktab birgalikda har bir bola bilan shug‘ullanishi, kerak. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda faqatgina ota-ona, yaqinlar va maktab o‘qituvchilari ularga do‘st bo‘lib, mehr orqali to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak. Avvalo, bola doimo ota-ona nazoratida bo‘lishi shart.  Ularga yaxshi ta’lim berishdan tashqari, tarbiyasi uchun ham mas’ulligimizni alohida his qilishimiz darkor.

Hammamiz farzandlarimiz uchun yashaymiz. Ularning usti but, qorni to‘q bo‘lishi uchun ertadan kechgacha yelib-yuguramiz.  Biror joyi og‘rib qolsa, uning sog‘ayishi uchun hatto jonimizni ham berishga tayyor turamiz. Lekin nima uchun uning ongi qanday rivojlanayotgani, ruhiyatida nimalar kechayotgani bilan qiziqmaymiz, tashvishlanmaymiz? Bir dargohda aka-uka, opa-singildek bo‘lib ulg‘ayayotgan farzandlarimiz bir-biri bilan xuddi dushmandek bo‘lib qolayotganiga esa jiddiy e’tibor qaratmayapmiz. Oqibatda, ular do‘stlik tushunchasining nima ekanini his qilmay o‘sayapti. Ilgarilari chet el kinolaridan bir-biriga jismoniy zarar yetkazib, axloq tuzatish muassasalaridagi bolalarni ko‘rib, dunyoda ham shundaylar borligiga ishonmasdik.  Bugun bunday voqealarni o‘z hayotimizda uchratib, nahotki, o‘sha mudhish illatlar shamol tezligida o‘zimizga yetib kelayotganiga hayron qolyapmiz! Nega bolalarning qalbida ezgu tuyg‘ularni uyg‘otadigan badiiy, hujjatli filmlar yaratishga e’tibor susayib ketgan? Ehtimol, bolalarimiz bilimli, zukko va ko‘plab yutuqlarga erishgan tengdoshlari haqida filmlar tomosha qilishsa, bunday salbiy oqibatlarga berilmasmidi?

Farzand — eng totli meva. Ular kelajagimiz davomchimiz, ertamiz bunyodkorlari. Bugun inson ongi uchun mafkuraviy kurash ketayotgan bir davrda yashamoqdamiz. Farzand tarbiyasiga esa shunchaki quruq gap sifatida qarab bo‘lmaydi. Ularning kelajagi uchun  har tomonlama chuqur o‘ylangan, ilmiy asosda puxta tashkil etilgan, uzluksiz olib boriladigan ma’naviy tarbiya berish talab etiladi. Agar hozir farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi va tarbiyasiga beparvo qarasak, ertaga uning kasridan butun bir jamiyat ozor chekishi mumkin. Farzandlarimiz kelajagini qo‘ldan boy bermaylik!

 

Nargiza BOBOMURODOVA,

“Hurriyat” muxbiri