“BIZ NIMA, DEVONAMI?”

ELLIKBOSHI: — So‘zim shulki, sovchigarchilik olug‘-solug‘i so‘ylashilmasa, chunki kuyov bo‘lmish yigit o‘zingizg‘a ma’lum, yetim, ham kambag‘al. Yana olug‘-solug‘ shari’atda yo‘q gap. Olug‘-solug‘ qilinsa, kuyovdan ko‘b oqcha olinsa, qarzdor bo‘lub qolsa, yaxshi emas, deyman. Keraklik narsalarg‘a ozroqqina oqcha olub, nikohlab bersangiz, shari’atdagi ish bo‘lur edi.

FAYZIBOY: — Olug‘-solug‘ bo‘lmasa, to‘y — to‘y bo‘ladimi? Mening ham boshimda bir qizim bor, orzu-havaslik dunyo, yaxshilab orzu-havas qilsam, degan niyatim-da bor. (Domlaga qarab) Taqsir, bu kishining so‘zlari durustmi?

DOMLA-IMOM: — Bu kishining aytkanlaridek qilsangiz xalqqa kulgi bo‘lasiz. Olug‘-solug‘ qilinmasa bo‘lmaydur. (Ellikboshiga qarab) Olug‘-solug‘ yurtning rasmi, buni qilmang demoqingiz ayb gap! 

...To‘yg‘a ketkan oqchani Xudo o‘zi yetkuzadur, qarzdor bo‘lsa bo‘lar. Qarz uzilar, xotun yonga qolar,..

 

Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasidan olingan mazkur lavha sizga yaxshi tanish bo‘lsa kerak. Ochig‘ini aytganda, bu kabi savol-javoblar ko‘pchiligimizning boshimizdan o‘tgan. Fayziboy aytgandek, har birimizning orzu-havasimiz bor. Qolaversa, g‘ururimiz tog‘dek, birovdan kam bo‘lgimiz kelmaydi. 

Behbudiy bobomiz bundan bir asr muqaddam “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida: “Biz na uchun xudo va rasul so‘zig‘a va o‘zimizni naf’imizga amal qilmaymiz. Biz nima devonami?” deya kinoya qiladi. O‘ylab qaralsa, to‘y-ma’rakalarimizda qilayotgan ishlarimiz shunga o‘xshaydi. O‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rsa-da, millionlab qarzga to‘y qilib, o‘zi och qolsa. Bu qaysi aqlga sig‘adi? Bunday misollar kundalik hayotimizda ko‘plab topiladi. Afsuski, bugun to‘y qilishda turli ortiqcha dabdabalar ortib borayotir. Hatto tug‘ilgan kun yoki biror bahona bilan kichik yig‘inlarimizga ham shohona tus berayotirmiz.

Bu mavzuda “Hurriyat” gazetamizda uzoq yillardan beri ko‘plab tanqidiy maqolalar chop etilgan. Ammo hech kimdan sado chiqmasdi.  Bu masala hozir ham dolzarb.

Yaqinda bir tanishimiz tug‘ilgan kuniga qancha odam kelganiyu, qancha aroq ichilganini maqtanib gapirdi. Mana sizga hozirgi kishilarimizning ma’naviy saviyasi. Yegan-ichgan bilan ham maqtanib bo‘ladimi? Bunday tor fikrlaydigan, dabdabaga o‘ch kishilar oramizda ko‘p uchraydi. Buning bir tomoni ilmsizlikka, ma’naviyatning sayozligiga borib taqalmaydimi?! Alisher Navoiy bobomiz o‘z asarlarida bir kun kelib jamiyatda ilmu-ma’rifat, tafukkur g‘alaba qozonishini orzu qilganiga 500 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Ammo o‘sha tafakkur g‘alabasiga erishish qiyin kechayotir. Hayotimiz to‘kin-sochinu hamma sharoitlar bor bo‘lsa-da, imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, ilm olishu savob ishlardan ko‘ra, behuda kayfu safoyu isrofgarchilikni xush ko‘rayotganga o‘xshaymiz. Buning bosh nuqtasi esa to‘ylar bo‘layotir.

Bugun to‘y qilish xursandchilik qilishdek tuyuladi. Ammo kamxarj oila uchun g‘am-tashvishdan boshqa narsa emas. O‘zingga to‘q, bir-ikki so‘ming ortib turgan bo‘lsa, muammo yo‘q. Ammo mullajiringdan qiynalib qolgan bo‘lsang, to‘y qilish azobdan boshqa narsa emas. Bir kunlik orzu havas, boringni supurib ketadi. Ham cho‘ntaging quriydi, ham sho‘ring. Iqtisodi tarang oilalarni esa bo‘ynigacha qarzga botirishi hech gapmas. Afsuski, bu illatlar necha asrlardan bo‘yon bizni ta’qib etib, ko‘plab yurtdoshlarimizga aziyat yetkazmoqda.

Shu kunlarda hamma to‘ylarni ixchamlashtirish haqida gapirsa, ayrim saytlar aktrisalarning xorijda qilgan to‘ylarini reklama qilish bilan ovora. Bu to‘ylarni ko‘rgan har qanday yosh o‘rnak olishi tayin. Bunday orzu havas kimga qimmatga tushadi. Albatta ota-onaga. Ayniqsa, otaga. Chunki to‘yning bor sarf-xarajati ular zimmasida. Bu yo‘lda esa ular ne-ne chig‘iriqlardan o‘tishga to‘g‘ri kelmoqda... 

Shu o‘rinda Chinozda bo‘lgan bir voqeani keltirsam. Xullas, qizgina oq otliq sarkardasini uzoq kutdi. Bu yog‘i vaqt ham to‘xtab turmaydi. Yoshi ham bir joyga boryapti. Nihoyat, kutilgan kun keldi. To‘y bo‘ladigan el oldidan o‘tadigan payt kelganda qizgina xarxasha qilishga tushdi. Vaholanki, mahalla-ko‘y kelishib to‘yni restoranda emas hovlida o‘tkazishga kelishilgandi. Kelin bo‘lmish to‘yimga falonchi artistni olib kelasiz deb turib oldi. Avval tushuntirildi. Keyin tartibga chaqirildi. Ammo qizning ko‘zida uzoq  kutilgan baxti ko‘rinmaydi. Bir kunlik to‘y-tomoshaning dovrug‘i bilan boshi garang. Hech narsa eshitmaydi. Hech gapga tushunmaydi. Nima balo bo‘lgan o‘zi. Ota-onaning bag‘ri qon, mahalla-ko‘y hayron...

 Yana bir voqea, yaqinda Samarqand viloyatining olis bir qishlog‘ida ayanchli voqeaga guvoh bo‘ldim. 

Erta tong. Qishloqni “Voy, otam-ay, voy, akam-ay” degan ovoz tutdi. Bu tovushlar sahardan hammani g‘amga cho‘ktirdi. Qishloq ahli azaning xabarini uch kun oldin eshitgandi. “Kechasi olib kelishibdi-da, Rossiyadan. Bechora Sobit arzimagan pulni deb o‘lib ketdi-ya, shu yoqlarda”. Butun qishloqning og‘zida shu gap. 

Mahalladoshlarining aytishicha, marhum bundan bir yarim yil oldin qiziga to‘y qilaman deb, sudxo‘rdan bor-yo‘g‘i bir million ikki yuz ming so‘m qarz olgan. Uni vaqtida qaytarolmaganidan foiz qo‘shilib, o‘n milliondan oshgan ekan. U ro‘zg‘orga qarasinmi, yo qarzini to‘lasinmi, xullas, dehqonchilikdan topganidan orttirib qarzni qutulishga ko‘zi yetmay, bahorda bir-ikki qishloqdoshi bilan majbur Rossiyaga jo‘nabdi. Afsuski, u yoqlarda ham ishi yurishmay, och-nahor qiynalib, uyga qaytishga zo‘rg‘a pul qiladiyu, qaytishiga biri-ikki kun qolganda sog‘lig‘i ko‘tarolmay olamdan o‘tadi. Mana sizga to‘yning kasofati. Bu kabi ayanchli taqdirlar ko‘rib turganingizdek, Qodiriy bobomiz keltirganday bugun ham bor. 

Bu o‘rinda “taqdir ekan, ajali yetibdi-da, hammasi xudodan” deb o‘zimizga tasalli beramiz. Ammo Yaratgan bizga taqdir berishi bilan birga aql, tafakkur ham  berib qo‘yibdi-ku. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib qo‘yibdi. Biz-chi, nimalar qilyapmiz? Qay biriga amal qilyapmiz? Boshimizga og‘ir kun tushsa o‘zimizdan emas, balki Xudodan deb bilamiz. Ammo unga o‘zimiz sababchi emasmi?

To‘y qilaman deb qarzga botib, kosasi oqarmay olamdan o‘tib ketsa. Yuraging achishadi. Chunki Vatandoshing. Behuda odatlar deb hayotdan erta ketdi sho‘rlik. Shu o‘rinda so‘dxo‘rning ishini ham oqlab bo‘lmaydi. “O‘zi oldi-da, men majburlaganim yo‘q” deyishi mumkin. Ammo birovning tang ahvolidan foydalanib, boylik orttirish qaysi mezonlarga to‘g‘ri kelarkin. Sudxo‘rlarda vijdon, insoniylik degan tuyg‘ular bormikan, deb o‘ylab qolasan kishi. 

– Alloh taolo insonni azizu mukarram qilib yaratgan, shuning uchun ham uni turli zararli illatlardan qaytargan, – deydi Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov. – Sudxo‘rlik gunohi kabiralardan bo‘lib, uning jazosi nihoyatda og‘irdir. Alloh bay’ni (savdoni) halol qilgan bo‘lsa, riboni harom qilgan va bandalarini ribo yeyishdan qattiq qaytarib, ularga qiyomat kuni beriladigan azoblar juda qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirgan. Hadislarda shunday keltiriladi: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam riboxo‘rni, uning yediruvchisini, kotibini va ikki shohidini la’natladilar va: «Ular barobardirlar», dedilar» (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Ko‘rib turganingizdek, dinimizda sudxo‘rlik nihoyatda qoralanib, uning beruvchisi ham, oluvchisi ham, guvohlar ham gunohkor bo‘lishligi ta’kidlanadi. Afsuski, bugun kishilarimiz orasida aholining tang vaziyatidan foydalanib boylik orttirayotganlar yo‘q emas. Albatta buning oxiri yaxshilikka olib kelmasligi tayin.

Bugun yuqoridagi kabi ayanchli voqealarning kelib chiqishiga yoki to‘ylarimizning dabdabayu isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotganiga faqat bir yoki ikki kishini ayblash noo‘rin. Chunki bugun yurtimizda minglab mahalla yig‘inlari, imom-xatiblaru qishloq faollari ish yuritmoqda. Agar ular o‘z vaqtida bir tanu jon bo‘lib, turli dabdababozlik, isrofgarchilik, to‘y-ma’rakalardagi turli irim-sirim, bid’atlarga qarshi turishganida edi, o‘ylaymanki, ko‘plab isrofu noxush holatlarning oldi olingan bo‘lardi. O‘ylab qaralsa, xalqqa eng yaqin kishilar ham ular. Shunday ekan, nahotki, o‘z mahallasida so‘zini o‘tkazish qiyin bo‘lsa. Shunisi aniqki, bugun o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaraydigan, faqat hisobot to‘ldirishdan nari o‘tmaydigan mahalla faollari yoki to‘yda nikoh va ma’rakada janoza o‘qishdan boshqa ish qilmayotgan imom-xatiblar ham yo‘q emas. Ular o‘sha mahalla, qishloq ahlining vijdoni, ma’naviyat-ma’rifat targ‘ibotchisi bo‘lishi kerak emasmi?! Avvalo ular uyg‘oq, sergak bo‘lib, zamon bilan hamnafas bo‘lib, “shu mahallaga, qishloqqa men mas’ulman” deb daxldorlik, fidoyilik tuyg‘usi bilan qaraganida, yurtimizda namunali mahalla, oilalar soni yana ham ortgan, turli dabdababozligu illatlar ham tomir yoyib ketmagan bo‘lardi. Shular haqida yozarkansan, qalaming beixtiyor ushbu kalomni bitishga chog‘landi! “Biz nima, devonami?” 

 

Bobur MUHAMMADIYEV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.