TEKINGA OFTOBGA CHIQQAN MUSHUK yoxud internet do‘konlarda nima gap?

“Savdoning boshida shayton turadi”, degan gap bor xalqimizda. Yoki shaytonning uyi — bozor, deyiladi hadislarda. Chunki aldov ham, odamlar haqqiga xiyonat qilish ham, tuhmat ham — xullas, aksar illatlar makon topgan bu “go‘sha”da! Mahsulotini sifatli, asl deb yoki kilogrammini falon, deb xaridorning ko‘ziga tik boqib, chuv tushira oladi ba’zi nobop sotuvchilar. Aybini aytib shikoyat qilib borgudek bo‘lsangiz, o‘zingizni yer bilan bitta qilib, izza qilishga ham qodir ayrimlari. Vaholanki, unda siz sotuvchi bilan yuzma-yuz turib aldangan, ismini bilmasangiz-da, tashqi qiyofasi, hech bo‘lmaganda savdo rastasini eslab qolgan bo‘lasiz. Biroq endikilikda barcha g‘alvalardan nari  sotuvchisining na o‘zi, na manzili ma’lum internet-do‘konlari tobora ommalashib bormoqdaki, ularga qaysi nuqtai nazardan qarashni, qanday ishonish mumkinligini bilmaymiz, hatto.

 

 — Yaqinda internet-do‘konlar saytini kuzata turib, bejirim ko‘ylakka ko‘zim tushdi. Libos menga shu qadar yoqqanidan o‘sha onning o‘zidayoq buyurtma berishga kirishdim. Biroq bog‘lanish telefonlarini topa olmadim. Shunda sahifa bir chetidagi onlayn-chatni ko‘rib, darhol xarid qilish istagimni yozib yubordim. Sayt operatorining ma’lumot berishicha, buyurtmani 20 kun, uzog‘i bilan bir oy ichida Xitoydan yetkazib berishar ekan. Odatga ko‘ra, buyurtma uchun oldindan ma’lum foiz pul to‘lanishi kerak. Masalan, xaridning 20 foizini oldindan to‘lasam, qolgan 80 foizini buyurtmam kelgach berishim mumkin. Biroq virtual suhbat davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, agar to‘lovni 100 foiz oldindan amalga oshirsam, tovarning tannarxi o‘zgarmas ekan. Mabodo 15-20 foizini to‘lab qolganini keyin bermoqchi bo‘lsam, buyurtma yetib kelgunga qadar tovar narxi oshishi ham mumkinligini aytishdi. Eng asosiysi, o‘lchamimni aniq bilishim kerak, aks holda, buyurtma orqali kelgani bois almashtirishning iloji yo‘q emish.

Yuqoridagi holatni so‘zlab bergan o‘rtog‘im: “Men 100 foiz to‘lovni amalga oshirsamu, buyurtmam yetib kelmasa-chi?! Unda dardimni kimga aytaman: ularning manzili uyoqda tursin, hatto telefon raqamlarini ham bilmayman-ku!”, deya ikkilanib turganini aytdi. Uning ikkilanishida jon bor. Chunki onlayn-savdo va uning tartib-qoidalari haqida tushunchaga ega bo‘lmay turib, omadli xaridni amalga oshirish mushkul. Aks holda, shoshmashosharlik oqibatida cho‘ntagimizga ziyon yetishi mumkin. 

Internet allaqachon zamonaviy odam hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. O‘tgan yil holatiga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining 13 milliondan ortig‘i internet foydalanuvchilari bo‘lishgan. UZ domenidagi saytlarning ko‘rsatishicha, yurtimizda internet faol foydalanuvchilarning o‘rtacha yoshi — 25-34 yoshga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarni esa 35-50 yoshlilar zabt etgan. Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, bu oraliq yosh ayni xaridni amalga oshiruvchilar yoshi hisoblanadi. Ayniqsa, onlayn-savdoni yo‘lga qo‘yuvchilar uchun bu juda qulay imkoniyat. Tahlilchilarning aytishiga qaraganda, yaqin kelajakda odamlar butunlay onlayn savdo-sotiqqa o‘tishadi. Odatiy do‘konlar esa qadimiy buyumlarga o‘xshab, har qadamda emas, bir-ikki yerda uchrashi mumkin, xolos. Buni kelajak ko‘rsatadi, albatta. Lekin bugun biz, avvalo, onlayn-savdo nimaligini va ularning odatiy do‘konlardan farqini anglashimiz kerak. Ayniqsa, butun dunyo o‘rgimchak to‘rida biror ayirboshlash himoyalanmaganini aniq bilib turgan mahalimizda internet-do‘konlarga ehtiyojimiz bormikan? Quyida shu savollarga javob izlaymiz. 

Onlayn-savdo, deganda internet tarmog‘i orqali mahsulotlarni sotish yoki xizmat ko‘rsatish tushuniladi. Ayni damda onlayn-savdoning eng ommabop ko‘rinishi internet-do‘konlar hisoblansa-da, messenjerlardagi botlar orqali ham bu savdoni amalga oshirish mumkin. Internet-do‘konlar sababli siz endilikda uyingiz yoki ishxonangizdan chiqmay turib, turli xaridlarni amalga oshirishingiz mumkin. Bekatda ancha vaqt avtobus kutish, sovuq yo issiqda tirbandda bozor aylanishdan sizni ozod etishi tayin. Eng avvalo, shu jihatlari bilan ham internet-do‘konlar juda qulay. Hatto istalgan yeringizda turib dunyoning boshqa bir chekkasidagi davlatdan savdolashish huquqiga egasiz. Dunyoga mashhur brendlar va savdo kompaniyalari ham bu ommabop tendentsiyalardan keraklicha foydalanishadi. So‘nggi paytlarda yurtimizda arba.uz, home24.uz, texnomart.uz, asaxiy.uz, hm.uz, kansler.uz kabi saytlar; @gotaxibot, @bringobot singari botlar samarali onlayn-savdoni amalga oshiryaptilar. Bu ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin. Ammo ularning hammasi ham eng yuqori bosqichda, ya’ni juda zo‘r faoliyat olib boryapti, deb bo‘lmaydi. Biroq ularning daromadi hozircha yaxshi. Vaqt o‘tib, internetdan foydalanish yuqorilagani sari ularning ham daromadi o‘sishini oson taxmin qilish mumkin.

Onlayn-savdodagi qator afzalliklar bilan tanishsak.

Vaqtni tejash imkoniyati. Ya’ni ishdan keyin shosha-pisha bozorga yo‘l olish yoki birgina dam olish kunini ham bozor-o‘charga bag‘ishlash hammaga ham birdek yoqmaydi. Vaqt masalasi ham ustun. Ammo internet sayt orqali qilingan xarid 10-15 daqiqani olish mumkin, xolos. Odatiy bozor xaridiga esa bir soatdan kam bo‘lmagan vaqt sarflaymiz. 

Bayram oldi — sotib olish uchun qulay imkoniyat. Nafaqat biz o‘zbeklar, balki dunyodagi aksar xalqlar bayram oldi bozorlarga, savdo komplekslariga yo‘l olishadi. Ayni shu kunlarda bozorga otlansangiz bormi, xaridor ko‘pligidan hushingiz uchib, it egasini tanimas holatning guvohi bo‘lasiz. Onlayn-savdolar ayni shu noxushliklarning oldini olib, muammolarni osongina hal qiladi. Internetga kirib, sotib olishni istagan tovaringiz nomi va sonini yozib, haqqini to‘lasangiz, xaridning o‘zi sizni bayramgacha topib keladi. 

Mablag‘ni tejash. Mutaxassislarning aytishicha, internet-do‘konlardagi narxlar, ayniqsa, uy jihozlari odatiy do‘konlarga nisbatan arzonroq narxda bo‘larkan. Shu bilan birga, do‘konlarga nisbatan virtual xarid jarayonida foydali chegirma va aktsiyalar tez-tez bo‘lib turadi.

G‘aroyib xaridlar imkoniyati. Agar siz ishtiyoq bilan qidirsangiz, boshqa yerda uchratmagan va hech bir odatiy do‘konlarda takrorlanmas noyob va juda go‘zal mahsulotlarni (hatto qo‘lda yasalgan ishlarni) sotib olshingiz mumkin. 

To‘lov usulini tanlash imkoniyati. To‘g‘risi, bu holat ijobiymi yoki salbiy — hali aniq emas. Internet-do‘konlarda keng tarqalgan usullardan biri — naqd pul orqali xaridni amalga oshirishdir. Agar sizda naqd pul bo‘lmasa, boshqa muqobil variantlar ham taklif etiladi. Plastik kartochka, bank orqali yoki elektron pul o‘tkazish orqali ham to‘lovni amalga oshirish mumkin. Albatta, qaysi usulda bo‘lishi bu sizning tanlovingizga bog‘liq. 

Xullas, yuqorida birga sanaganlarimiz onlayn-xaridlarning ijobiy jihatlari edi. Lekin ularga uchib, odatiy do‘konlardan tezda voz kechishga shoshilmang. Mushuk tekinga oftobga chiqmaganidek, quyida internet do‘konlarning salbiy tomonlarini ham keltirib o‘tamiz.

Yetkazib berish xizmatidagi jiddiy muammolar. Agar siz mahsulot buyurtma qilingan joydan chekkaroq, uzoqroq hududda yashasangiz, ba’zi hollarda yetkazib berish xizmati narxi buyurtmangiz narxidan qimmatga tushishi mumkin. Chunki barcha internet-do‘konlarda ham yetkazib berish xizmati bepul emas. 

Tovarlarni qaytarish bilan bog‘liq muammolar. Deylik, chopar sizga sifatsiz yoki yaroqsiz mahsulotni olib keldi. Kiyim yoki oyoq kiyim tanlashda o‘lchamda adashdingiz, aytaylik tanlagan libosingiz rasmdagidek chiroyli emas ekan — bunday holatlarda siz tovarni qaytarishni istashingiz tayin. Yo pulingizni qaytarishlarini yo boshqasiga almashib berishlarini talab qilishingiz ham bor gap. Biroq bu almashish yoki pulini qaytarib olish jarayoni aksar inernet-do‘konlarda shu qadar murakkabki, bunga astoydil xohish bildirish amrimahol. Shu sababdan ham onlayn-xaridni amalga oshirishdan oldin dastavval undagi tovarni qaytarish va almashish imkoniyatlarini yaxshilab o‘rganish tavsiya etiladi.

Buyurtmani uzoq (ba’zan juda uzoq) vaqt kutish. Agar buyurtmani qabul qilish uchun pochta xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, dastavval yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Ayniqsa, buyurtmangiz bayramga atalgan bo‘lsa. Chunki bayramda jo‘natmalar shu qadar ko‘payadiki, pochtalar borishi kerak bo‘lgan manzildan ham adashadi. Ba’zi paytlar esa buyurtma ikki yoki uch oylab yo‘lda qolib ketadi. Chalkashliklarga duch kelmaslik uchun oldinroq buyurtma qilgan afzal. 

Jo‘natmaning yo‘qolishi. Ajablanmang, chunki pochta orqali qabul qilinishi kerak bo‘lgan buyurtmalar yo‘qolib qolgan holatlar ham amaliyotda uchragan. Agar buyurtmangiz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirgan bo‘lsangiz, pulingizni qaytarish uchun yuqorida aytganimizdek ancha yoqimsiz va murakkab jarayonni bosib o‘tishingiz kerak bo‘ladi. 

Bolalar uchun buyurtmalardagi muammolar. Gap shundaki, siz tanlagan o‘yinchoq yoki kiyim bolangizga yoqmasligi, balki o‘lchami to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, buyurtma yetib kelguncha bolaning bo‘yi o‘sib, o‘lchami kattalashadi. Shu boisdan bolalarga buyurtma qilishda hushyorlik va ehtiyotkorlik juda muhim. 

Aldanib qolish xavfi. Taassufki, onlayn-xarid davomida na buyurtmani va na pulni qaytarib olish mumkin. Shunday vaziyatga tushmaslik uchun xarid qilmoqchi bo‘lgan onlayn-do‘koningizni yaxshilab o‘rganing. Ishonch hosil qilish uchun tovar va xizmatlar sifatini tekshiring. Saytda mijozlar qoldirgan fikrlarga ham ko‘p ishonavermang, chunki virtual sotuvchilar tomonidan atay shunday “o‘yinlar” uyushtirib turiladi. Yaxshisi, internet-do‘kon saytining yuridik ma’lumotlari va aloqa telefonlarini qidiring. 

Qoniqarsiz xizmat. Bu muammoga afsuski, hamma joyda duch kelamiz. Yuqorida aytganimizdek, kech yetkazib berish, qo‘pol chopar va boshqa yoqimsiz holatlar.

So‘ngso‘z o‘rnida onlayn-savdo yaxshi yoki yomon deb xulosa chiqarmoqchi emasmiz. Bu har bir xaridorning tanloviga bog‘liq. Faqatgina iste’molchilik huquqlarimiz buzilishidan ogoh bo‘lishga chaqiramiz. Bozordagi sotuvchilar tarozidan xaridimizning qanchadir grammini urib qolishar yoki yaxshi deb, sifatsiz tovarini amallab o‘tkazar. Lekin virtual savdoda ehtiyotkor va hushyor bo‘lmasak, firibgarlar monitor ortida turib ham cho‘ntagimizdan o‘g‘irlashi mumkin. Eng qizig‘i, aksar hollarda chuv tushishimiz mumkinligini o‘ylab ham o‘tirmay, o‘z xohishimiz bilan mablag‘imizni qo‘shqo‘llab topshirishga shay turamiz. 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.