ASH'ORI ESH, QOBIL IJODKOR

Anchadan beri Eshqobil Shukur haqida bir so‘z aytgim keladi, nimadir deyish, yozishga o‘zimni burchdor, qarzdor sezaman. Uning ko‘p qirrali ijodini kuzatib kelayotganimga o‘ttiz yildan oshdi, axir. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, nosir, publitsist Eshqobil Shukur allaqachon jamoatchilik e’tiborini qozongan.

 

Qizg‘in qizg‘aldoqlar kaftida o‘sdim,

Bir juft kabutarning kiftida o‘sdim.

U avvalambor, betakror, nuktadon shoir, kamtar, samimiy inson. Shoir bo‘lib maqola, hikoyalar yozadi, efir, ekranda ko‘rsatuvlar qiladi, suhbatlar quradi, “Ma’naviy hayot” jurnalini boshqarib keladi. Uning ipakday tovlanuvchi, musiqiy nazmlarini o‘qish, uqish, dalil, fikrga boy ma’ruzalarini tinglash, salmoqli maqolalari, jajji tadqiqotlaridan bahramand bo‘lish yoqimli. 

Eshqobil Shukur qator-qator kitoblarni qalashtirib tashlaydigan ijodkorlar sirasidanmas, har bir she’ri, turkumi, maqolasi, to‘plami zar qadrini biluvchi zargar ijodkorlar nazariga tushadi, iliq baho oladi. 2002 yili “Sharq” NMAK bosh tahririyati chop etgan “Hamal ayvoni” nomli salmoqli she’riy kitobining Yozuvchilar uyushmasida taqdimoti o‘tkazilganda shoirlar, munaqqidlar, o‘quvchilar birin-ketin so‘zga chiqib iliq fikrlar aytishgani, muallif hay’atning bir chetida qimtinibgina o‘tirgani, oxirida qisqagina so‘zlab minnatdorchilik bildirgani esimda. To‘plamni boshlab bergan “Hayotga qasida” she’ri, refren bo‘lib takrorlaguvchi “Lahzani ushlab qol, yashab o‘t lahzani” misralarini butun ijodining leytmotivi deyish mumkin. Sinchkov, zukko ijodkor momoqaldiroqning shirin uxlashini, chaqmoqning so‘zanalar to‘qishini, muzliklar kulgisini, zulmatning tabassum qilishini nozik his etadi, “Barini ko‘zlaringga jamla, sen bu tiriklikni tingla va angla” deya o‘ziga — so‘zlar saylagan noibga — nakaz beradi. Tingla va angla. Bu shunchaki da’vat emas, o‘ziga va o‘zgalarga “shiftidan dard tomgan kasalxonada armonday tizilib turgan, bir aytgan qo‘shig‘in takror aytmas daraxtlarni”, osma ukollarning ostida yotgan... ko‘zlari kirtaygan sariq va oriq daryolarni” tinglash va anglashga da’vat etadi.

Shoirning she’rlari majoziy sifatlari, xalqning qadimiy ohanglarini o‘ziga singdirgani bilan ayricha go‘zal bir manzara hosil qiladi. So‘fiyona naqllar fikrlar taloshida suvratlanadiki, bu hol nazm hamisha ilohiyotdan suv ichganligiga botinda yana bir karra ishonch uyg‘otadi. “Ko‘hna ruh”, “Oydin qayg‘u”, “Toshlar ovozi”, “Nasoyimul muhabbat”ga sayr”, “Muvaqqat uy”, “Hamal ayvoni” sarlavhali turkumlardan ko‘hna va yangi dunyo, turli davr va zamonlar, turfa tiynatli odamlar aks etgan she’rlar o‘rin olgan. Shoir qutlug‘ mavzularda qalam chekar, ulug‘vor voqealar, tarixiy qadriyatlar, hayotiy manzaralar, xush-xursandchiliklar, ruhiy evrilishlarni tasvirga olar ekan, yaltiroq iboralar, madhiyalar, nojoiz so‘kishlarni ishlatmaydi, sehrli obrazlar, tagdor ramzlar, topilma tashbehlaru o‘tkir detallar, kutilmagan qiyosu kontrastlar, ibratli voqealar, nafis manzaralar, maroqli syujetlar, sho‘xchan misralar, ma’yus satrlar, ma’nodor tinish belgilari — mana Eshqobilning sevimli usullari, sadoqatli vositalari. Uyatchan nomozshomgullar, shoir nazdida, she’rning dilbar singilchalari; “Dengizlar ko‘karib tortadi chilim”; “Qo‘ylar bulutlarni ichib qo‘ydilar Maysalarning yashil qoniga to‘lib... Yashil chimildiqning ohori sindi, Adirlar bevaday qoldi mung‘ayib”. Qaysi oyning tasviri bu? To‘g‘ri, iyunning; “Minorlarni yulib ko‘za qildilar, Va minglab ko‘zaga to‘ldirdilar qon”; “Yer ostiga kirsa barcha shoirlar, Osmondan kutinglar ulug‘ ovozni”. Shodiyona damlarda ruh tantanavor, jarangdor kuylaydi:

Ahay-aha-hay. 

Ahay-aha-hay!

Men qushlarning 

tushlarida ko‘rinay,

Men tushlarning 

qushlarida ko‘rinay.

Lirik men to‘ylarning kuylarida, kuylarning to‘ylarida, ko‘zlarning so‘zlarida, so‘zlarning ko‘zlarida ko‘rinishni xohlaydi.

“Chanqovuz” she’ridagi ikki bor takrorlangan “Tilim tiyildi mening, so‘zim qiyildi mening, Po‘lat til topib oldim” misralari, chanqovuzni ko‘z yoshga, dardga, olovga chayqab olingani ta’kidlangani bu mitti cholg‘u asbobi nay, g‘ijjak, rubob, tanbur, dutor, chang singari hasrat, armon, alam ifodasi bo‘lish barobarida erksizlikka ishora qilinganini payqash qiyin emas. Yuragini so‘zlarining dasturxoni deb bilgan, “tilingga chipqonlar chiqqanida, tilingni chayonlar chaqqanida men tabib bo‘ldim, tobut bo‘ldim” deb kuylagan baxshining mungli, anduhli xonishi ma’nodor, tagdor (“Mamarayim baxshi”. Boshqa bir she’rda “Chanqovuzni kim chaldi?” so‘rog‘iga Qodir baxshi qulunlar, oylar, qo‘ylar, bulbullar chalganini aytadi-da oxirida “ko‘kragida erk chayqalgan ena el chaldi” satri g‘oyani ochishda asosiy xizmatni o‘tagan.

Eshqobilning bir qator she’rlari syujetli. Muayyan voqea, go‘zal tasvir, qiyosu kontrastlar, xos, mos detallar keltiriladi, xulosa chiqarish ko‘pincha o‘quvchiga havola etiladi. “Ko‘pkari” she’rida milliy o‘yinimiz jarayoni, ot, chavandoz mahorati ta’sirli chiziladi. Ko‘p taboq olgan chopag‘on ot ko‘zikib surinadiyu o‘lib qoladi, ichdan yig‘lagan chavandoz nazdida saraton muzlaganday, quyosh qorga botganday, qosh ila qoboq, Shom ila Iroq ketganday. Kulminatsion nuqta, nishonga tekkan o‘q oxirgi to‘rt satrda: “Endi g‘amli eriga So‘z aytmasdan botinib Olti oy aza tutar Chavandozning xotini”. Bir she’rining “Uch kunlik buzog‘i o‘lgan sigirni Sog‘ib olayotir befarzand xotin” satrlariyoq o‘quvchini loqayd qoldirmaydi, hushyor torttiradi, davomini kutadi, davomi esa mungli, ta’sirli: “Qayg‘uni yamlamay yutadi xotin, Alamni kavshab yeb yotadi sigir. Tomorqada esa... ekin ichidan Bitta bola izlab ivirsiydi er”. Oxiri andak kulgili, ko‘proq qayg‘uli: “Ikki jonvor qalbi chayilgan sutni O‘g‘ri mushuk ichib ketdi o‘sha tun”. “ Qish.  — Dasht...” she’rida qattiq sovuq boshlanayotganini, cho‘pon erining ko‘nglini sezib o‘tovning bir kelinchagiga o‘tovning bir burnidan besh qo‘zichoq, to‘rt kuchukcha, olti uloqchaga joy hozirlaydi, o‘choqqa o‘t qalaydi, bir kechada bir o‘tovda o‘n yetti jon isinib jon saqlaydi, so‘nggi to‘rtlik g‘aroyib: “Kuyov bo‘sa olayin desa, Kelin nari ketadi birdan. Nima qilsin, shuncha ko‘z tursa... Iymanadi go‘dakchalardan”. Umuman, Eshqobil ona tabiat shaydosi, uning bo‘shashmas kuychisi. Bobo quyosh, momo oyni turli chizgi, rakurslarda berishi, inson tiynati, ruhiy holatlarni nozik ifodalashda ular nuri, yog‘dusidan ko‘p va xo‘p foydalanishiga qoyil bo‘lasan kishi. 

“She’r degani iloh qalbi bilan tutashadigan oliy tuyg‘ular tasviri degani, shoir bog‘idagi tafakkur daraxtining gulga kirishi degani, muqaddas va’da degani. Shuning uchun ham unga ehtiyot bo‘lib, faqat muhabbat bilan yondashish kerak. U muhabbatni yaxshi ko‘radi. Buning iloji bo‘lmasa, jim turgan ma’qul. Matbuotda e’lon qilinayotgan hamma she’r ham she’r darajasida bo‘lganda edi, olam allaqachonlar guliston bo‘lib ketardi...Milliy til, milliy tuyg‘u, milliy did. Bularni ayro holda ko‘rib bo‘lmaydi. Taniqli shoirning yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashi, maslahat, yordamlarini darig‘ tutmasligi tahsinga loyiq. O‘zi ham yoshligida yaxshi insonlarning jo‘yali maslahatlarini olgan. Qumqo‘rg‘onlik Yangiboy Shoymardonov, termizlik Shafoat Rahmatullaevni minnatdor bo‘lib eslaydi. Yaxshi shoir, didi o‘tkir Yangiboy akaning “She’r – ko‘p o‘qish, izlanish, mehnat, ilhom mahsuli, noyob topildiq, matbuotda she’rlari bot-bot bosilib, qator-qator kitoblari chiqib turgan anovi shoirga havas qilma, ergashma, bundaylar hunarmand emas, kosiblar, oz yozsang ham soz yoz”, — o‘giti miyamda qattiq o‘rnashib qolgan, Shafoat aka mashqlarimni erinmay ko‘rib, fazilat, kamchiliklarini aytib berardi”, — dedi yaqindagi suhbatimizda Eshqobil. — Toshkentga kelgach ustozlardan omadim chopdi. 1979 yil, hali ToshDU filfagining birinchi bosqich tolibiman, “Guliston”da she’rlarim chiqib qoldi-ku. Asqad Muxtorday alloma adib nazariga tushish, u kishi boshqargan jurnalda qatnashish, yana iliq fikrlarini eshitish u paytlar bizdek yoshlar uchun katta adabiyot eshigidan mo‘ralash, oq fotiha olishdek baxt edi. Taniqli shoir, talabchan noshir Shavkat Rahmonga she’riy to‘plam ma’qul keltirish nohoyatda qiyinligini bilardik. Qo‘lda yozilgan bir to‘p she’rlarimni tavakkal qilib topshirib kelgandim. Qarang, o‘zi o‘qib, jinday qalam urib, mashinkada bostirib, “Sochlari sumbul-sumbul” degan nomda to‘plam qilib chiqargani, yana iliq “Oq yo‘l” bag‘ishlaganini unutib bo‘ladimi? Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzaevdek taniqli nosirlarimiz ijodimni kuzatib, dalda, ilhom berib turishardi. “Yoshlik”da bosilgan turkum tizmalarimni o‘qib Odil aka “Iste’dod muhri urilgan she’rlar” deya baho berganidan terimga sig‘may quvonib ketgandim. Abdulla Oripov, Xurshid Davronlarning-ku doimiy nazaridaman.

“Yurakni o‘rganish”, “Tungi gullar”, “Yashil qushlar”, “Hamal ayvoni” to‘plamlaridan keyin chop etilgan “Ko‘z yumib ko‘rganlarim” kitobiga O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov “Fikr va hissiyot uyg‘unligi” nomda muqaddima, iste’dodli munaqqid Abdulla Ulug‘ov “Chorlov” otlig‘ so‘ngso‘z bag‘ishlashgan. Mashhur shoir, jumladan, shunday yozadi: “Har qanday yasamalikdan, har qanday fikrbozlikdan, har qanday soxta ohanglardan xoli bo‘lgan bu she’riyatda dilkashlikni, samimiyatni, mehrni, kuyinchaklikni, go‘zallikni uchratasiz”. Abdulla Ulug‘ov Eshqobilning tug‘ma shoirligi, ermakka she’r yozmasligi, yuragi tug‘yon urib, hislari oshib-toshgan paytda kechinmalarini qog‘ozga tushirishini, so‘zlari bir hovuch durdek yarqirashini ta’kidlaydi.

Eshqobil Shukur bir doston, besh-o‘n turkumlardan boshqa yirik hajmli she’riy asar yozgani yo‘q, garchi iqtidori, mahorati shunga imkon bersa ham. Buning boisi til boyligida, so‘zga xasislik fikrga saxiyligi, o‘quvchi vaqtini ayashida ekanligini bilsam-da, so‘raganimda, katta asar uchun katta miqyos, tafakkur kengligi, falsafiy teranlik kerakligini, hozir so‘z, iboralar etimologiyasi, tarixi haqidagi mo‘’jaz tadqiqotlarini, keyingi she’rlarini yig‘ib alohida to‘plamlar tayyorlayotganini, “Ko‘hna bog‘ rivoyatlari” hikoyalar kitobidan keyin nasrda ijodini davom ettirmoqchi ekanini aytdi. Aziz kitobxon, Eshqobil Shukurning besh to‘rtlikdan iborat she’rini o‘qiyligu, uning mahoratiga tasanno aytaylik:

Lafz kabi ulug‘man-u, she’r kabi g‘arib shonman,

 Men shonga sultonman-u, shon ustida beshonman,

 Jahon muncha shontalab, jon muncha jahontalab,

Men muncha parishonman, munchalar parishonman.

Oy muncha osmontalab, osmon esa jontalab,

Yer muncha naysontalab, nayson esa ontalab,

Yor muncha hijrontalab, hijron esa qontalab,

Men muncha parishonman, munchalar parishonman.

Ishq muncha olovtalab, olov esa yovtalab,

Dil muncha yalovtalab, yalov esa tovtalab,

Tulporlar jilovtalab, sor burgutlar ovtalab,

Men muncha parishonman, munchalar parishonman.

Botirlari ortalab, or esa hazortalab,

Shoirlari dortalab, dor esa bozortalab,

Zorlari ozortalab, ozorlari zortalab,

Men muncha parishonman, munchalar parishonman.

Kulgi yig‘iday yig‘lab, yig‘i kulgiday kulsa,

Nafrat sevgiday yonsa, tuyg‘u sevgiday o‘lsa,

Boshqa Eshqobil bo‘lib, boshqa Eshqobil kelsa,

Men muncha parishonman, munchalar parishonman.

 

Saydi UMIROV, 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan 

yoshlar murabbiysi