EVRILISH

Bir insonni fikridan qaytarish yoki o‘z haqiqati bo‘lgan shaxsning qarashlarini o‘zgartirish oson emas. Chunki inson o‘z maslagidan voz kechishi, bosib o‘tgan yo‘lini, yashash tarzini inkor etishi, men adashibman, deya osongina tan olishi hazilakam gap emas. Bu qalb va iroda bilan kechadigan jarayon. Axir, umr davomida singdirilgan mafkurani yangilashning o‘zi bo‘lmaydi-da!

 

O‘zbekiston Qahramoni, tarjimon va munaqqid Ozod Sharafiddinovning mashhur maqolasi bor. O‘sha maqolada aynan biz tilga olgan mavzu – davr o‘tishi, tizim o‘zgarishi bilan inson qalbida kechadigan jarayonlar, bo‘hronlar, kurashlar haqida gap boradi. Maqola sarlavhasining o‘ziyoq kishini mushohadaga undaydi – «E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?».

Ozod domlaning navqiron yoshi, umrining salmoqli qismi «u» davrga to‘g‘ri keldi. Faraz qilaylik, siz xizmat qilayotgan jamiyat, siyosat, yon-atrofingizdagi barcha voqea-hodisalar birdan o‘zgardi. Xo‘sh, nima qilasiz? Indamay, yangi tizimga, boshqaruvga, atmosferaga moslashib ketaverasizmi? Shubhasiz, yo‘q! Bu holat INSONga xos emas. Texnikalarning, robotlarninggina egasi bo‘ladi, inson qalbining emas. Odamzod bunday yozuqni osongina qabul qilmaydi. Yuragini tahlil qiladi, umrini taroziga soladi, taqqoslaydi va qaror chiqaradi. Mana, yigirma besh yil ichida qanchalab insonlar qalb qarorini qabul qildi.

Faxriy hamkasblarimizdan biri latifanamo qilib aytib bergan mana bu voqea e’tiborni tortadi: Chekka qishloqdagi maktabda bir o‘qituvchi dars o‘tayotganida tasodifan chiroq o‘chadi. Shunda ustoz «ana, svet o‘chdi» deya o‘zicha gapirib yuboradi. Ikki kun o‘tmasdan o‘qituvchi qamaladi va unga «Nega sen sovet o‘chdi» deding, deya dushmanlik tamg‘asi bosiladi. 

Yana bir amaldor otasining vafot etganini eshitgan kuniyoq mamlakatdan chiqib ketadi. Agar u shu yerda bo‘lsa janozaga borishi kerak, bu mansab uchun xavfli harakat. Agar yurtdan tashqarida bo‘lsa, xalq ayb qilmaydi...

Endi o‘ylang, odamlar ommaviy tarzda ajdodlar xotirasi, qadriyatlardan voz kechtirilsa, iroda izchillik bilan qo‘rquv va mutelikka mahkum etilsa-yu bular tush edi, o‘tdi-ketdi, deyilsa inson qanday holatga tushadi? Qattiq ruhiy azoblanadi, o‘zini haqoratlangan his qiladi. Aytish mumkinki, mustaqillikning dastlabki yillarida bu toifa kishilar juda ko‘pchilikni tashkil etgani aniq. Ammo vaqt o‘tgani sari, mamlakatdagi ulkan islohotlar, muvaffaqiyatlarni ko‘rgan ming-millionlab  odamlar qarashini o‘zgartirdi. Eng muhimi, bosimsiz, majburlovsiz to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi, xulosa, tanlov esa insonning o‘ziga qo‘yib berildi.

Oliy o‘quv yurtida bir ustozimiz ma’naviyat fanidan dars berganida domlaning o‘tmishini surishtirgan ayrim tengdoshlarimiz ayb topishdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha domla sobiq tuzum davrida ateizmdan dars bergan ekan. Nega bu odam «bir yumalab» ma’naviyatchi bo‘lib qoldi, qadriyatlarni ko‘kka ko‘tarib maqtayapti, deyishdi. Vaholanki, bu holatni ham odatdagidek tushunish mumkin edi. Kishining xatosini anglashiga, dunyoqarashining o‘zgarishiga imkon berish lozim. Ayniqsa, gap fuqarolik pozitsiyasi haqida ketayotganda.

Insonni quvontiradigan holat bor. Bugun siz o‘zingiz uzoq yillardan buyon biladigan tanishlaringiz bilan suhbatlashing. Ular bugun boshqacha fikrlayapti. Ularning yuragida nimadir o‘zgargan. Xotirjamlik, ishonch hissi paydo bo‘lgan. Yoshi yetmishni qoralabdiki, yashashga, mehnat qilishga ishtiyoqmand, «bir paytlar»ni unutgan. Sababi, bugun bunday odamlar nasiyaga yashamayapti. Farzandi, nabirasi uchun quryapti, yaratyapti. Odamlardan «olib qo‘ysa-chi», «sotib qo‘ysa-chi» degan kayfiyat ketdi. Nazarimda, yigirma besh yil davomida mana shu evrilishga erishilgani Mustaqilligimizning eng katta yutug‘idir.

 

Isomiddin PO‘LATOV