Zinnura abiyning degani

– Oilamiz bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelganimizda besh yoshda edim. Bolaligim Xatirchi tumanida o‘tgan. O‘sha kezlardayoq murg‘ak qalbim bilan bu yurtning odamlari mehr-oqibatli ekanini his qilganman.

 

Keyin urush boshlandi, otam birinchilardan bo‘lib frontga ketdi, onam esa og‘ir xastalik tufayli vafot etdi. Ana shu diyonatli, oqibatli xalq biz – ota-onasiz chin yetimlarni aslo yolg‘izlatib qo‘ymadi. Urush tugaganda 17 yoshda edim. Meni tuman xalq ta’limi bo‘limiga kotibalikka ishga olishdi. Keyinroq ukam ham ulg‘ayib, bilim yurtiga o‘qishga kirdi, Toshkent traktor zavodiga ishga ketdi. Afsuski, singlim Nuriya suronli yillarda bedavo dardga yo‘liqqan ekan, hayotdan ko‘z yumdi. Qo‘ni-qo‘shnilarning, atrofdagilarning bag‘rikengligi, muruvvati og‘ir damlarda menga dalda bo‘ldi. Shu yurtda baxtimni topdim, oilali bo‘ldim, farzandlarimni ulg‘aytirdim. O‘zbekistonni o‘z uyim, Vatanim deyman. Katta o‘g‘lim harbiy, podpolkovnik, ayni payt-da Moskvada yashaydi. Yiliga bir marta meni, singlisini ko‘rgani keladi, bizni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ladi, lekin men unamayman. O‘zbekistonni, mahallamni, mahalladoshlarimni jannatlarga alishmayman...

Navoiy shahridagi Ibn Sino ko‘chasi, 4-uy, 5-xonadonda iqiqomat qiluvchi 88 yoshli Zinnura Sharafiddinova ana shularni ta’kidlar ekan, mahalladagi kattayu kichik o‘zini “abiyjon” deyishidan faxrlanishini ham kulib qayd etdi. 

Haqiqatan u “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inining hurmatli onaxoni, ayniqsa, qiz-juvonlarning sevimli maslahatgo‘yi. Kelini arazlagan qaynona bormi, ro‘zg‘or yumushlarini eplolmayotgan kelinchak bormi, uning yo‘l-yo‘rig‘i bilan hayotini izga soladi. Bunga Zinnura abiyning ko‘p kitob o‘qigani, hayot falsafasini uqqani, yoshligida juda pazanda, chaqqon va saranjom-sarishtali bo‘lgani, bir so‘z bilan aytganda, ro‘zg‘or tutumida o‘z maktabiga egaligi sabab bo‘lsa kerak. 

– Yoshligimda uzun sochlarimni qirqkokil o‘rib, atlas kuylaklarda yurishni yaxshi ko‘rardim. Bu millatning qalbi misol urf-odatlari, liboslari ham chiroyli, – deydi Z.Sharafiddinova. – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha millat va elat vakillari teng huquqqa egaligi kafolatlangani bizning baxtimiz. Shahrimizda tatar milliy-madaniy markazi faoliyat ko‘rsatayapti. Markaz boshchiligida  har yili “Saban to‘yi”ni nishonlaymiz. Tadbirimizga qardoshlarimiz ham ishtirok etishadi. Turli millat farzandlarining tinch-ahil umrguzaronlik qilayotgani, o‘zbeklarning oqko‘ngilligi, mehmondo‘stligidan, deb o‘ylayman. 

Suhbatimiz yakunida Zinnura abiy o‘zi yashayotgan ko‘p qavatli uyning 1-qavatida faoliyat ko‘rsatayotgan, undan hamisha xabar olib turuvchi harbiy qism savdo bo‘limi mutasaddilaridan, shuningdek, “Saxovat” MChJga qarashli dehqon bozori ma’muriyatidan ham mamnunligini aytib, maqolamizda ularga abiy nomidan minnatdorlik bildirishimizni so‘radi.

– Bu olijanobliklar boshida albatta mahalla turibdi, – deydi u mamnun bo‘lib. – Mahalla biz keksalarni e’zozlab, homiylarni xayrli ishlarga da’vat etyapti. 

“Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida rus, tatar, qirg‘iz, nemis, koreys, ozarbayjon, arman va boshqa millat vakillari bir tan, bir jon bo‘lib umrguzaronlik qilmoqda. Haqiqatan, ko‘pmillatli hududda tinchlik-xotirjamlik, o‘zaro hamjihatlik hukm surishida mahallaning katta hissasi bor. Mahalla faollari bayramlar, qutlug‘ sanalarda eng avvalo qardosh millat vakillarini yo‘qlashadi. Tatar yigiti Erkin Dastanovning yig‘indagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi sardori ekani ham hududda baynalmilal munosabatlar yanada yaxshilanishiga omil bo‘lmoqda. 

– O‘tgan yili yozda “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo‘linmasi yordami bilan kam ta’minlangan fuqaro, 80 yoshli Zinaida Kashaevaning uyini ta’mirlab berdik, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘lqin Boltaev. – Anna Kim, Aleksandr Ivanushkin, Vladimr Skarnyakov, Mariya Serena va Gulya Nizamieva kabi keksa yoshdagi qardoshlarimiz ahvolidan doimo xabar olamiz. Ularning pand-nasihatlari mahallamizda millatlararo do‘stlik rishtalarini mustahkamlab kelmoqda. 

Mahallada baynalmilal oilalar ham bor. Erkin Xo‘jaev tatar millatiga mansub bo‘lsa, rafiqasi Musallam Saidova o‘zbek ayoli. Bu ahil oilada uch nafar farzand voyaga yetmoqda. Musallam opa Ibn Sino ko‘chasidagi 8-uy boshlig‘i. 

Bir kunlik janjal qirq kunlik xayru barakani ketkazadi, deydi keksalar. Ahillik va totuvlik esa qut-baraka olib keladi. Mahalla mahalladoshlarning ana shu fazilatlari bois bugun fayziyob. Ayniqsa, farzandlar tarbiyasida e’tirofli yutuqlarga erishilmoqda. Umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol topayotgan mahalla yoshlari orasida umidli sportchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Jumladan, Shuhrat Sharipov milliy kurash, Dinara Sharipova va Shohida Jiyanova suzish, Gavharoy Alimova qo‘l tennisi, Marjona Erkinova karate bo‘yicha O‘zbekiston chempioni. Ular xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib kelishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, millatlaro totuvlik mahalladagi tinchlik-osoyishtalik kafolatidir. 

 

Xolbibi SAFAROVA