Mening Mustaqilligim

Mustaqillik bu — avvalo huquq ya’ni o‘z yurtining egasi bo‘lish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, ozod va baxtli yashash huquqidir.

Mustaqillik bu — erkinlik. Fikrlash, so‘zlash, e’tiqod qilish, milliy ananalarni asrab avaylash, kasb tanlash, mehnat qilish va orzu-intilishlarni amalga oshirish erkinligidir.

Mustaqillik bu — o‘zlik. O‘z qadr qimmatini anglash, ajdodlarini tanish va ulug‘lush, o‘z insoniy sha’nini, or nomusini baland tutish, jahon ichra o‘z o‘rniga ega bo‘lish saodati.

Mustaqillik bu — bunyodkorlik inson mehnatini qadrlash, rag‘bat, e’tibor va yana ko‘pdan ko‘p imkoniyatlardir.

 

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda mustaqillik bugungi erkin hayot, bugungi beqiyos imkoniyatlar har qaysi millat, har qaysi avlod tarixida faqat bir marta beriladigan ulug‘ va noyob ne’matdir. Shu bois xalqimiz mustaqillik kunini eng ulug‘, eng aziz ayyom deb biladi. Bu tarixiy sanani katta shodu xurramlik bilan bayram qiladi. Qaysi yurtda qo‘shiq yangrasa, musiqa ovozi eshitilsa, qaysiki mamlakatda mehmon ko‘p kelsa, o‘sha yurtda tinchlik, osoyishtalik hukmron, manzili obod, farovon, odamlari mehr-oqibatli, iymonli, insoflidir. O‘zbekiston ana shunday davlatlarning biridir. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq yurtimizning bir qancha obidalari, shahar va ko‘chalari, ta’lim muassasalari, qolaversa barcha sohalarda  obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xorijdan kelgan mehmon bilan hamsuhbat bo‘lar ekanman, uning ko‘zlari quvnab, O‘zbekiston haqidagi ta’surotlarini hayajon bilan so‘zlaganini ko‘rib ko‘zim yoshlandi.

— Men O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim. Bir oy mobaynida avtobus bilan Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Turkiya va mana nihoyat O‘zbekistonga keldik. O‘zbekistondan chiqib o‘zimizning ona vatanimiz Germaniyaga qaytib ketamiz. Eng uzoq davom etgan sayohatimiz ham aynan O‘zbekistonda bo‘ldi. Odamlarining mehmondo‘stligi va samimiyligini so‘z bilan ifoda qilib berolmayman. O‘zbekiston haqiqiy mo‘jizalarga boy, jannat monand yurt ekanligiga bugun yaqqol amin bo‘ldim. Ayniqsa, o‘zbek yoshlari biz bilan xoh ingliz tili bo‘lsin, xoh nemis yoki rus tillarida bemalol suhbatlashgani tahsinga loyiq. Sizlarga judayam havasim keldi. Men O‘zbekistonni sevaman, deya takror va takror so‘zlagandi germaniyalik Andrea Seyfarz  —  ismli sayyoh biz bilan suhbatda.

Darhaqiqat, ulug‘ bobokalonlarimiz, ajdodlarimiz qurgan binolar, obidalar, sahovatli mehmondo‘st o‘zbek xalqi, bugun O‘zbekiston degan nomni dunyoga tanitdi hamda tanildi. Bobolarimiz bejizga “Tinchlik bor joyda hamisha ahillik, totuvlik, baraka bor” deb aytishmagan. Biz yoshlar, mustaqil yurt farzandlari mana shunday barakali, tinch yurtda tahsil olib, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishimizga mustaqillik keng imkoniyat yaratib berdi. Bizning barcha sohalarda erishayotgan yutuqlarimiz ham ana shu tarbiyaning mevasidir albatta. Biz yoshlar oliy o‘quv yurtlarida Yurtboshimizning barcha asarlarini darslik sifatida o‘rganamiz. Chunki, bu risolalarda mustaqillikdan tortib, to mustaqillikgacha bo‘lgan hamda undan keyingi davr voqealari, erishilayotgan yutuqlar, ma’naviy-mafkuraviy ma’lumotlar berib o‘tilgan. Jumladan, birgina, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” nomli risolalarida biz yoshlar ko‘rmagan, boshimizdan o‘tkazmagan mustaqillik uchun qanchadan qancha ajdodlarimiz kurashib halok bo‘lgani, yurtboshimizning mustaqillikka erishish uchun ko‘rsatgan jonbozliklari, quloqlashtirish siyosati, paxta ishi, ming-minglab yurtdoshlarimizni sovuq o‘lkalarga surgun qilinganligi, bunday odamlarning farzandlariga “xalq dushmanining farzandi” degan tamg‘alar bosilgani, millionlab odamlarni yorug‘ kunlarni ko‘rmasdan bu dunyodan o‘tib ketgani, o‘zbek xalqini boshidan ne-ne og‘ir kunlar o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Kommunistik mafkura zamonida milliy urf-odatlar, ananalarni nishonlash, qozonlarda sumalaklar pishirish, Navro‘z bayrami, Ramazon va Qurbon hayitlari, Islom dini, ro‘za tutish marosimlari uyoqda tursin janozaga borish mumkin bo‘lmaganligini mutoala orqali bildik, o‘rgandik. Rus faylasufi Petr Chaadaev aytganidek – Tarix xalqni tushunish kalitidir.

Shunday ekan, mana, Mustaqil O‘zbekiston degan nomga qay darajada erishganimizga amin bo‘ldik. Biz yoshlar o‘tmishni o‘rganar ekanmiz, bugun erishayotgan yutuqlarimiz va tinchligimizdan havolanmasdan, kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday marralarni zabt etishimiz kerak? Biz qanday ulug‘ siymolarning avlodimiz? Ularga munosib qanaqangi voris bo‘lishimiz kerak? Men yurtim tinchligi uchun nima qila oldim va nima qilishim kerak? Degan savollar bilan yashashimiz, ayniqsa o‘tmishga boqib, tinchlikni, mustaqillikni qadriga yetib, erkinlikni, mustaqillikni, yorug‘ kunlarni ko‘rolmay ne-ne qonlar to‘kib mustaqillik yo‘lida shahid ketgan ajdodlarimizni amalga oshmay qolgan orzu-istaklarini, biz yoshlar, bir bo‘lib ro‘yobga chiqarishimiz, ularni yodga olib xotirlashimiz, mustaqillik degan ulug‘ nematni abadiy saqlab qolish, biz yoshlarning vatan oldidagi qolaversa, mustaqillik uchun joni fido bo‘lgan xalq oldidagi muqaddas va sharfli burchimizdir.

Yurtboshimiz yoshlarga qarata “Ishonaman barcha-barchangiz sizga mansub bo‘lgan kuch g‘ayrat va qat’iyat, izlanish va yana bir bor izlanish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bilan o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga albatta erishasiz, jamiyatimizda munosib va mustahkam o‘rin egallaysiz. Hech qachon bo‘sh kelmang aziz bolalarim, ertangi kun-kelajak sizlarniki” degan yuksak ishonchlari bizga madad, kuch va tinimsiz ijod, harakat, yuksaklikka intilish bo‘lib xizmat qiladi.

 

Maftuna RO‘ZIYEVA,

SamDChTI talabasi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.