Olam va odam madhi

O‘zbek she’riyati hamma davrlarda ham o‘zligini namoyon etib kelgan, albatta, buning uchun yetarlicha iste’dodlar  bo‘lgan. Ayniqsa, o‘tgan asr 70-yillar adog‘ida adabiyotimizga jo‘shib, gurillab kirib kelgan  yoshlarni oladigan bo‘lsak, bu hodisaga yana bir karra guvoh bo‘lamiz.

 

Bugun aynan mana shu avlod vakillari she’riyatimizning zalvorli yukini yelkaga  olib, matonat va sabr bilan ko‘tarib  kelayapti, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.  Ular orasida Yo‘ldosh Eshbekning gohida o‘ychan, gohida shiddatli ovozi alohida o‘rin tutadi. O‘tgan saksoninchi yillar biz she’riyat muxlislari, o‘sha davr talabalarining yaxshi esimizda.  O‘zMU(avvalgi ToshDU)  yotoqxonalari, Mirzacho‘l paxta dalalaridagi  she’rxonliklarda Abdulla Orif, Rauf Parfi, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron  va boshqa bir qator  shoirlarning  she’rlarini zavq-shavq bilan  o‘qirdik, muhokama va mubohasa qilardik. Ular orasida, albatta, Yo‘ldosh Eshbek ham bo‘lardi. Sevimli shoirlarimizning otashin tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan sevgi-muhabbat, vatan mavzularidagi she’rlaridan milliy g‘urur, milliy qadriyatlarni,  eng muhimi, o‘zlikni qidirardik. Ta’kidlash kerakki, davr taqozosidan kelib chiqib, shoirlarimiz  mustabid tuzumning noqisliklari, millatimizning fojialarini turli ramzlar, timsollar bilan o‘rab berishga intilardi. Biz esa ularning mag‘zini chaqishga, so‘zlarga berilgan ma’noni anglashga urinardik.

Yaqinda Y.Eshbekning «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan nashr etilgan «Qizg‘aldoqlar ochildi» nomli kitob muxlislar qo‘liga yetib bordi.    

 Mushtimni qayoqqa uraman,

Dushmanning yuzi yo‘q, yuzi yo‘q,

Xastaman, telbaman, kulaman,

Dunyoning o‘zi yo‘q, o‘zi yo‘q,

deydi shoir «Oshiq rivoyati» she’rida. Garchi she’rda oshiqning dardu armonlari xususida so‘z yuritilsa-da, aslida shoir oshiq timsolida o‘sha davrning mavjud barcha illatlari — aldov, tanazzul, zo‘ravonlik, nohaqliklarni ro‘y-rost ochib berishga harakat qilgan. Muallifning  o‘sha yillarda yozilgan «Shifoxonada» she’rida esa davrning ayanchli fojialaridan biri  bo‘lgan xasta va nogiron bolalarning shifoxonadagi hayoti  aks ettiriladi. Shoir jamiyat  ko‘ra-bila  turib loqayd  qarayotgan bu holdan junbushga keladi. Xasta  go‘dakka hamdardlik izhor etib, shunday satrlarni bitadi:

Dunyoda jamiki xasta bolalar —

Mening bolalarim! Asal bolalar!

Ro‘zg‘or ham, zamon ham, hayot ham asli,

Bolalarning buyuk shifoxonasi!

 

Muallif  turg‘unlik davrlari manzaralarini mahorat bilan aks  ettirgan «E’lon qilinmagan vatan urushi» sarlavhali she’r  ham  muxlisni befarq qoldirmaydi:

 

Qurigan dengizlar

Yitgan sahrolar,

O‘rmonlar va bog‘lar,

Iymon qurishi,

Asablarda portlab turgan yadrolar—

E’lon qilinmagan jahon urushi.

 

Y.Eshbekning ushbu  she’rlarini o‘qiyapmanu, o‘sha davr manzaralari — paxta yakkahokimligi, xalqimizning har tomonlama xo‘rlangani, bolalar o‘limi, onalarning nolayu faryodi bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tayapti. Shoirning «Baxtiyorning qo‘shig‘i», «Yig‘layotgan qiz», «Boychibor», «Qush» kabi she’rlarida ham haqiqat va ozodlik deb talpinayotgan yurakning shiddatli  depsinishlarini his etamiz.  

Mana, Xudoga  behad shukur, mustabid  tuzum patarot topib,  1991-yilda mustaqillikka erishdik. Qancha-qancha ota-bobolarimiz orzu qilib yetolmagan  dorilamon kunlar boshlandi. Pirovardida, ko‘plab mushkulliklar, qiyinchiliklarni ortda qoldirib, yorug‘ kunlar  quyoshidan va havosidan bahramand bo‘ldik. Oradan chorak asr o‘tib esa avval kim edigu, bugun kim bo‘lganimizni nafaqat o‘zimiz, balki butun dunyo ahli ochiq-ayon  ko‘rib turibdi. 

Y.Eshbek ancha yillar kitob nashr etishga shoshilmagan yoki buning imkonini qilolmagan bo‘lsa-da, mustaqillik yillarida ham katta ilhom bilan barakali  ijod qildi. Uning bu davrda yozgan she’rlari avvalgilaridan ko‘p  jihatlari bilan  farq qilishini aytib o‘tish joiz. Zotan, u  endi balog‘at pallasiga yetib, har bir so‘zi yanada  yuksak zalvor kasb etdi, fikrlari buloq suviday tiniqlashdi. Endi u she’riyatning, umuman, adabiyotning birlamchi talabi  sifatida har bir so‘zni, kerak bo‘lsa, har bir tinish belgisini yetmish marta taroziga solib, keyingina  ishlatadigan bo‘ldi.   

Shoir ijodining ilk bosqichida ko‘proq urg‘u berilgan ijtimoiy masalalar yanada o‘zining murakkabligi va salmog‘i bilan satrlarga joylandi. Ijodkorning lirik qahramoni, ya’ni  XXI asr  odami  butun koinotni, olamni va  jamiyatni uyg‘oq shuur va nigoh bilan  idrok etishga intiladi. Vatan, ozodlik kabi  buyuk qadriyatlarga shoir  aksariyat kishilar o‘ylagandek oddiygina tirikchilikni o‘tkazish  yoki qorin to‘ydirish vositasi  deb qaramaydi. Aksincha, shoir Vatanni sevishni, uni ardoqlashni taqdir deb, o‘tmish va kelajak oldidagi mas’uliyat, insoniy  burch deb biladi.  Aynan shunday qarashlardan kelib chiqqan holda, shoir endi o‘z fikr va tuyg‘ularini she’rlar qatiga  darj etdi. Xususan, «Dostonga ilova» sarlavhali she’ridagi ushbu satrlar buni yaqqol ifodalab turibdi:

 

Endi qayg‘u saodatday porlaydi,

Endi baxtlar taxtdan baland yurtimda.

Endi barchin ko‘chmas bo‘ldi, ko‘chmasin,

Chirog‘imiz o‘chmas bo‘ldi, o‘chmasin.

 

Y.Eshbekning «Vatan doston bo‘lsa osmonga sig‘mas» deb boshlanadigan she’ridagi quyidagi satrlarga ham e’tiborni qarataylik:

 

Ot choptirib o‘tar  guldurak ichra,

Alpomish sig‘masdan do‘mbira ichra,

Bolalar cho‘qqilar osha uchirar,

Varraklar, tog‘laru adirlar ichra.

Shafaqqa tutashar dashtlar gulxani,

Budir qizg‘aldoqzor chopib kulgani,

Dostonni kuydirib o‘tishi tayin,

Vatanni satrga joylab ko‘r, qani?

 

Yuqorida aytganimizdek, shoir  jami borliqni bir butunlikda ko‘radi. Inchunun, olam va odamning mukammalligini ham  mana shu bir butunlikda his etadi. Uning har bir satrida olam va odamning hayoti, dardlari va quvonchlari o‘z inkishofini topadi.  Oqibatning kichrayib borishi tufayli muvozanat buzilishini esa u quyidagicha tasvirlaydi: 

 

Iqlimlar o‘zgarmoqda, odamlar o‘zgarmoqda,

Kichrayib bormoqda oqibat,

Kichrayib borgani sayin oqibat,

Toshqinlar, yong‘inlar qo‘zg‘almoqda.

 

Albatta, mo‘’jaz bir maqolada qirq yillik ijodning mingdan birini ham qamrab ololmasligimiz aniq. Bu yerda eng asosiysi, Yo‘ldosh akaning she’riyatimiz muxlislariga juda ajoyib bir tuhfa hadya etgani. Hali ushbu kitob haqida, umuman, shoir ijodi haqida zukko munaqqidu olimlarimizdan ham talay yaxshi fikrlar eshitishimizga shubha yo‘q. Qolgan gaplarni ularga havola etib, shoirga uzoq umr,  ijodda yangi dovonlarni zabt etishni tilab qolamiz. 

 

Abdumajid AZIM