JAMIYATNI HALOKATDAN QUTQARUVCHI KUCH

2016 yil alohida ahamiyatga molik yil sifatida O‘zbekiston tarixida muhrlanib qoladi. Chunki bu yil xalqimizning uzoq yillar davomida orzu qilib kelgan davlat mustaqilligining qo‘lga kiritilganiga yigirma besh yil to‘ladi. Ko‘p ming yillik jahon tarixi, 3 ming yillik milliy davlatchiligimiz tarixida chorak asr ummondan tomchi, arzimas muddatdek.

 

Ammo u yoki bu voqea-hodisalar yillar, asrlarning salmog‘i o‘tgan vaqt bilan emas, aksincha, shu davr mobaynida erishilgan yutuqlaru muvaffaqiyatlar, ayniqsa, shu jamiyat fuqarolarining hayotdan roziligi darajasi bilan o‘lchanadi.

Shu yilning 2 iyun kuni mamlakatimiz rahbari Islom Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Qaror aslini olganda mamlakatimiz va xalqimizning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, oldimizdagi oliy maqsad – dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga qo‘shilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning tahlili hisoblanadi. Unda davlat organlari, ma’naviy-targ‘ibot muassasalari oldiga juda katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan o‘zgartirib, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilgani, toptalgan milliy-madaniy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, farovon hayot va yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurish yo‘lida beqiyos imkoniyatlar ochib berganini ishonarli tarzda yoritish lozimligi qayd etilgan. 

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviy olamini shakllantirishda, milliy-madaniy merosimizni tiklashda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdik. Ma’naviyat-ma’rifat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakat Prezidentining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” deb nomlangan asarida “jamiyat taraqqiyotining asosi, uni muqarrar halokatdan qutqarib qoladigan yagona kuch – ma’rifat” ekanligi  biz “xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz, tarixining tag-tomirigacha nazar tashlaymiz”  deb qayd etilishi yuqoridagi fikrimizning isbotidir.

Ayni paytda u yoki bu masalaning mazmun-mohiyati taqqoslash, solishtirish natijasidagina ko‘z oldimizda gavdalanishi mumkin. Shu o‘rinda Yurtboshimizning asarlariga murojaat qilishni maqsadga muvofiq, deb bildik. Xususan sho‘rolar hukmronligi davrida, 1989 yilning 28 noyabrida mamlakatimiz rahbari madaniyatimiz, ma’naviyatimiz mustabid tuzum davrida og‘ir qiyinchiliklarni boshidan kechirganini, xalqimizni o‘z milliy madaniy merosidan ajratib tashlash siyosati avjga chiqqanini qayd etib, shunday deydi: “Yashirishga hojat yo‘q, biz shubhali shiorlarga berilib, ma’naviy madaniyatimizni oziqlantirib turgan ildizlarni qirqib tashlashga o‘nlab yillarni sarfladik. Hozir buning oqibatlarini sezib turibmiz. Madaniyat manbalariga qaytish g‘oyat qiyin kechmoqda, odamlarning bu jarayonga munosabati o‘tkir bo‘lmoqda”. 

Sho‘ro mafkurasi aslida milliy madaniyatlarni kamsitish, ularni yo‘q qilish, bular natijasida mustamlaka xalqlarning o‘zligini anglash jarayonini to‘xtatishdan iborat edi. Fikrlarimizni isbotlash uchun ayrim misollar keltiramiz: Xivaga yurishda qonxo‘r jallod Kaufmanga hamrohlik qilgan sharqshunos A.Kun 300 dan ortiq Sharq qo‘lyozmalari (shulardan 120 tasi 140 jildli tarixiy asarlar, 20 muallifning 30 jildli asarlari, huquqshunos va ilohiyot masalalari bo‘yicha 50 jildli 40 asar, 18 nusxa Qur’on va 50 darslik)ni imperator kutubxonasiga topshirgan. 1895 yilda N.Veselovskiy rahbarligidagi ekspeditsiya Amir Temur maqbarasidan o‘yma eshikni ko‘chirib Peterburgga yuborgan. O‘zbekistonlik tarixshunos B.Luninning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya xazinalariga 1865 yildan 1917 yilgacha 3000 ta Sharq qo‘lyozmasi tashib ketilgan. 1915-1916 yillarda sharqshunos B.Ivanov Buxoro madrasalari vaqf kutubxonlaridan 1125 ta noyob qo‘lyozmani olib, Rossiya va Yevropaning ko‘plab muzey, kutubxonalariga sotib yuboradi.

Qadimgi milliy-madaniy boyliklarni tashib ketish siyosati Sho‘ro tuzumi davrida yanada avj oldi. Havaskor-arxeolog J.Kastan’e o‘zi to‘plagan nodir yodgorliklarning katta qismini Ermitajga, eng yaxshilarini esa Parijga olib ketgan. J.Kastan’ening yetkazgan zarari 500 ta nodir qo‘lyozma, buyumlardan iborat edi. 1920 yil sentyabr oyida Buxoro hukumati xazinasida joylashgan oltin, kumush buyumlar, yodgorliklar, pullar 13 ta vagonda Peterburgga jo‘natiladi. Peterburgdagi SSSR xalqlar etnografiyasi muzeyi xodimi S.Rudin 8 yil davomida 4000 dan ortiq asori-atiqalarni tashib ketdi.

Albatta, yuqorida keltirilgan misollar O‘zbekistondan qariyb 130 yil mobaynida Rossiya, Turkiya, Yevropaning qator mamlakatlari muzey, kutubxonalariga tashib ketilgan, sotib yuborilgan moddiy-madaniy boyliklarimizning bir qismi, xolos. Biz bugungi kunda O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi to‘g‘risida fikr yurita borib milliy-madaniy boyliklarimiz shafqatsizlarcha, bearmon talon-toroj qilinganini ham eslashimiz lozim. Xo‘sh, O‘zbekistonda mustamlaka va mustabid tuzumlar sharoitida olib borilgan noinsoniy siyosat qanday oqibatlarga olib keldi?

Birinchidan, boy milliy-madaniy merosimiz o‘tmish sarqiti, millatchilikning ko‘rinishi sifatida baholandi. Ikkinchidan, madaniyat va san’at, umuman, ma’naviy-ma’rifiy soha kuchli siyosiy-mafkuraviy zug‘um ostiga olindi. Milliy ziyolilarning asarlari ta’qib ostiga olindi, o‘zlari qatag‘on qilindi. Uchinchidan, xalqning urf-odatlari, an’analari, madaniyati oyoq-osti qilindi, ona tilining qo‘llanish sohasi sun’iy tarzda cheklab qo‘yildi. 

O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi mustaqillik arafasidagi ahvolining ayrim jihatlari shulardan iborat edi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, sovet mustabid tuzumidan bizga juda yomon “meros” qolgan edi. Endi zudlik bilan xalqimizni o‘z madaniy-milliy o‘zanlariga qaytarish, ma’naviy qadrsizlanishning oldini olish lozim edi. Yurtboshimiz sovet davri “ma’naviy merosi”ni “ma’naviy aynish” deb atadi. 

Toptalgan milliy-madaniy merosni tiklash, fuqarolar ma’naviy olamini shakllantirish, jamiyat a’zolaridagi ma’naviy aynishning oldini olish o‘ta qiyin va murakkab vazifa edi. O‘zbekiston rahbarining bu boradagi sa’y-harakatlari esa har qanday tahsinga loyiq. Ma’naviyat-ma’rifatning davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishi natijasida xalqimiz o‘zining eng muqaddas tuyg‘ulari bo‘lgan imon, insof, mehr-oqibat, andisha, or-nomus, kattaga hurmat, kichikka izzat, mehmondo‘stlik, yurtga va xalqqa sadoqat kabi fazilatlarini qayta tikladi. Jamiyatda ma’naviy va axloqiy poklanish yuz bera boshladi. O‘z navbatida ma’naviy va axloqiy poklanish xalqimizda g‘urur tuyg‘usini oshirib yubordi. 

Mamlakat ma’naviy hayotidagi islohotlar, fuqarolarda ma’naviy-ruhiy kayfiyatni oshirib borish chuqur o‘ylangan, puxta-pishiq ishlab chiqilgan kontseptsiya asosida amalga oshirildi. 

Sovet mustabid tuzumi davrida shakllangan ma’naviy inqirozdan chiqish, O‘zbekiston jamiyatini yanada rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy negizlarini ishlab chiqish o‘ta muhim ahamiyatga ega edi. Bu narsa Yurtboshimizning 1992 yilda  nashr etilgan “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” kitobida ilk marotaba o‘zining ifodasini topdi. Asarda mustaqillikning dastlabki davrida ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy sohalarning bir-biri bilan uzviy bog‘liq 4 negizi mavjudligi, ular:

- umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;

- xalqimizning ma’naviy merosini saqlash va rivojlantirish;

- inson o‘z imkoniyatlarini erkin nomoyon qilishi;

- vatanparvarlikdan iborat ekanligi ko‘rsatib berildi.

Shu o‘rinda mustaqillikning dastlabki yillarida ma’naviy-ma’rifiy sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarning markazida fuqarolarga vatanparvarlik ruhini tarbiyalash masalasi turganini alohida qayd etish lozim. Gap shundaki, mustabid tuzum odamlarda  vatan tushunchasini yo‘q qilishga, bitta vatan mavjudligini, u ham bo‘lsa mavhum SSSR deb atalmish mamlakatdan iboratligini targ‘ib etardi. Vatanni sevish, uni e’zozlash, uning mavjudligini har qadamda his etish millatparvar va vatanparvar mutafakkirlarimizning azaliy-asriy orzusi bo‘lib kelganligini yaxshi bilamiz. Shu o‘rinda 17 yoshli Cho‘lponning quyidagi fikrlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiq: “Vatan tuprog‘i shundoq onadurki, buni xo‘r qilduk, o‘zimizning ham xo‘r bo‘lmog‘imiz ko‘z oldidadur... So‘nggi pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qlig‘i hammamizg‘a ma’lumdir. Hech bo‘lmasa Abdulla afandidek namuna ko‘rsatguchi fidokor savdogorlarimizdan ibrat olub, vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan, o‘z cho‘ntagimizda olub yurmog‘imiz kerakdur”. 

Ma’naviyat va ma’rifat Cho‘lpon aytganidek, ona kabi muqaddas vatan tuprog‘iga bo‘lgan mehr-muhabbatni  oshirishga, odamlarda o‘z yurtidan faxr va iftixor qilish ko‘nikmasini shakllantirishi lozim edi.

Masalaning o‘ta nozik ekanligini e’tiborga olgan holda 1994 yil 23 aprelda Prezident farmoni bilan “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi tashkil etildi. Shu yilning 8 iyunida esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur farmonning bajarilishini ta’minlashga qaratilgan maxsus qaror qabul qildi. Qarorda “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazining asosiy vazifasi va yo‘nalishi qilib o‘zbek xalqining boy ma’naviy-madaniy merosi, sharqona va umuminsoniy qadriyatlar asosida mamlakat, millat kelajagini belgilaydigan ilg‘or g‘oyalarni yuzaga chiqarish, jamiyatdagi sog‘lom kuchlar, yuksak iste’dod va tafakkur sohiblarining aqliy-ijodiy salohiyatini Vatan istiqboli sari yo‘naltirish, millatlararo do‘stlik, hamjihatlikning ahamiyatini oshirish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, mintaqada yashayotgan millatlarning  madaniy, ma’rifiy, ma’naviy taraqqiyot tomirlari mushtarakligini targ‘ib qilish kabilar belgilab berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1996 yil 4 sentyabrda “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi xodimlari uchrashuvi, ma’naviy va ma’rifiy hayotda katta voqea bo‘ldi. Ayni chog‘da 9 sentyabrda “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilinganligi ham xalqning ma’naviyatini yanada yuksaltirishga, noyob namunalarni to‘plashga, avaylab-asrashga, kishilarni o‘z vataniga chinakam sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgandir. 1996 yil sentyabr  oyi oxirida “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi qoshidagi “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdiki, uni barcha ziyolilar, ijod ahli zo‘r mamnuniyat bilan kutib oldi. 

Bugun mustaqillikning muazzam 25 yilligi arafasida turib, barchamiz O‘zbekistonda hamma sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar shakllangan milliy g‘oya va mafkura hamda uning keng fuqarolar ijtimoiy ongiga singdirilishi tufayli sodir bo‘layotganini ham eslashimiz lozim. Shu o‘rinda mustaqillikka erishish ostonasidagi voqea-hodisalarni eslaylik: mustabid tuzum o‘z umrini o‘tab bo‘layotgan, 70 yildan ortiq hukmronlik qilgan kommunistik mafkuraning butun dunyoda, shuningdek, oddiy fuqarolar ko‘z oldida hech narsaga arzimas “matoh”ga aylanishi, partiya biletlarining yoqib yuborilishi... Bularning bari kechagi tarix.

Odamlar esa qaysi g‘oya va mafkuraga e’tiqod qilishini bilmay sarosimada edi. 

Bu narsani mamlakat rahbari Islom Karimov allaqachon anglab yetgan edi. Shuning uchun ham 1989 yildan to mustaqillikka erishguncha, istiqlolning dastlabki yillari  milliy g‘oya va mafkurani shakllantirish, fuqarolarimizni uning asosiy mazmun-mohiyati bilan qurollantirish yillari bo‘ldi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakat rahbari olimlar, ijodkorlar, san’at va madaniyat xodimlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, ularning fikr-mulohazalarini bildi. KPSSning noinsoniy, nomilliy siyosatidan bezib qolgan ayrimlar hattoki “bizga hech qanday mafkuraning keragi yo‘q”, deyishgacha bordilar. Ammo Yurtboshimiz mafkura va g‘oyasiz inson o‘z yo‘lidan adashishi, jahon taraqqiyotidan chetda qolishi, o‘zining milliy zaminidan uzilib qolishi mumkinligini qayd etdi. Shu o‘rinda mamlakat rahbarining 1993 yil 6 may kuni aytgan quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim, deb bilaman: “Oldimizda turgan eng muhim masala, bu – milliy istiqlol mafkurasini yaratish va hayotimizda tatbiq etishdir.

Milliy istiqlol mafkurasi xal-qimizning azaliy an’analari, udumlari, tiliga, diliga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini ongimizga singdirishi lozim.

Shu bilan birga bu mafkura xalqimizda, o‘zining qudrati va himoyasiga suyangan holda, umuminsoniy qadriyatlarga asoslanib, jahon hamjamiyatidagi mutariqqiy davlatlar orasida teng huquqli o‘laroq  munosib o‘rin egallashiga doimiy intilish hissini tarbiyalamog‘i kerak”.                

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda milliy g‘oya va mafkura asoslarini yaratish o‘z evolyutsiyasiga ega. Bunda ayniqsa mamlakat rahbarining “Tafakkur” jurnali bosh muharriri (1998 yil), “Turkiston” gazetasi muxbiri (1999 yil), “Fidokor” gazetasi muxbiri (2000 yil) savollariga bergan javoblari alohida ahamiyatlidir. Shuningdek, milliy g‘oya va mafkura asoslarini yaratishda, ularni shaxs va jamiyat ma’naviyati bilan uyg‘unligini ta’minlashda Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch” asari alohida o‘ringa ega. Asarda milliy g‘oyaga shunday ta’rif beriladi: “Milliy g‘oya deganda, ajdodlarimizdan avlodlarga o‘tib, asrlar davomida e’zozlab kelinayotgan, shu yurtda yashayotgan har bir inson va butun xalqning qalbida chuqur ildiz otib, uning ma’naviy ehtiyoji va hayot talabiga aylanib ketgan, ta’bir joiz bo‘lsa, har qaysi millatning eng ezgu orzu-intilish va umid-maqsadlarini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bunday keng ma’noli tushunchaning mazmun-mohiyatini ifoda qilgan bo‘lamiz”. Milliy mafkura esa shu jamiyatning tayanchi bo‘lmish oddiy inson va uning manfaatlarini ifoda etishi, xalqimizning bexatar, tinch-omon, farovon, badavlat turmushga  erishishi uchun kuch-g‘ayrat manbai bo‘lishi lozim.

Milliy g‘oya va mafkura aslida shu jamiyatda yashayotgan barcha millat va elatlarni yagona maqsad – ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurish yo‘lida birlashtirishi, uyushtirishi, jipslashtirishi, yo‘naltirishi lozim. Bu borada bizni yagona maqsad sari ilhomlantiradigan ko‘plab shiorlar borki, ularni e’tiborga olmaslik mumkin emas. Jumladan, “o‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish mumkin”, “Milliy mafkura – millatni birlashtiruvchi bayroqdir”, “Eng dahshatlisi – fikr qaramligi, tafakkur qulligi”, “Maqsadsiz odam, jamiyat, davlat o‘z yo‘lini yo‘qotadi”, “Yuksak ma’naviyat—engilmas kuch”, “Mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchlidir”, “Millatning, xalqning hamjihatligi taraqqiyot garovidir”, “Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari”, “Jaholat—ma’rifatning kushandasi”, “Jahonga o‘z so‘zimizni aytaylik”, “Yurtimizning xavfsizligi – siyosatimizning bosh yo‘nalishi” kabi shiorlar aslida har birimizni yuksak maqsadlar sari yetaklaydigan mash’aladir.

Ma’naviyat-ma’rifat va milliy g‘oya targ‘iboti ajralmas, uzviy bog‘liqlikdagi yagona vazifa hisoblanadi. Agar sovet mustabid tuzumi sharoitida madaniyat, san’at kommunistik mafkuraning “quli”ga aylantirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ma’naviyat-ma’rifat milliy g‘oya va mafkurasiz jamiyatga hech qanday naf bermasligi to‘g‘risidagi haqiqatni anglab yetmoqdamiz. Bu narsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi (2006 yil 25 avgust) qarorida yana bir bor, yangi mazmunda o‘z ifodasini topdi.

Qarorga binoan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining ilmiy-amaliy yo‘nalishida faoliyat olib boradigan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Milliy g‘oya va mafkura masalasi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni, bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, ularning aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish markazning asosiy vazifasi etib belgilandi. Shuningdek, xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviyati va millat qadriyatlari, diniy qarashlari va hayotiy udumlariga, yoshlarimizning ongini zaharlab, ma’naviy jihatdan qaram etishga qaratilgan mafkuraviy xatolarga qarshi samarali kurash olib borish bo‘yicha ilmiy-amaliy dasturlarni ishlab chiqish ham markaz zimmasiga yuklatildi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda mustaqillik arafasida erishilgan yutuqlarning zamirida tanlangan milliy g‘oya va mafkuraning to‘g‘riligi, adolatliligidir. Ushbu fenomen hodisalar eng avvalo xalqning manfaatlarini ifoda etmoqda, kishilarda bugungi kundan rozilik, ertangi kunga ishonch kayfiyatini shakllantirmoqda. Eng muhimi, milliy g‘oya va mafkuraning mazmun- mohiyatini ma’naviyat va ma’rifat tashkil etmoqda. Aslida demokratik davlat va fuqarolik jamiyati ma’rifatli davlatdagina barpo etilishi mumkin. Shuning uchun ham O‘zbekistonda bejiz ma’naviyat va ma’rifat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi, deb e’lon qilinmagan. 

Ushbu qoidaning qator e’tiborli jihatlari bor. Avvalo shuni yodda tutish lozimki, ma’naviyat va ma’rifat – mamlakatda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga kuch-ko‘mak beradi. Kishilarda illatlarning yo‘qolishi va insoniy fazilatlarning shakllanishini ta’minlaydi. Odamlarda tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish ko‘nikmasini yuzaga keltiradi. Ma’naviyat – kasal qalbni davolaydi, ko‘ngilni tozalaydi. Pirovard natijada har birimizda Vatanni va millatni sevishga yordam beradigan g‘ururni tarbiyalaydi. 

Yana shu narsaga e’tibor berish lozimki, ma’naviyat bilan barchamiz shug‘ullanishimiz lozim. Ushbu vazifa faqat mutasaddi tashkilotlar va mas’ul shaxslarninggina burchi, deydiganlar xato qilishadi. Ma’naviyat bilan shug‘ullanish o‘ta og‘ir va mas’uliyatli vazifa. Chunki bu narsa har birimizdan o‘zimizni qiynashni, yomon sifatlarimizni ijobiy, yaxshi sifatlarga aylantirishni talab etadi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, ma’naviyat oxir-oqibatda yomon odamni yaxshi odamga, yaxshi odamni esa go‘zal sifatli shaxs-ga aylantiruvchi buyuk kuch hisoblanadi.

Haqiqatdan ham, ma’naviyat-ma’rifat bebaho kuch. Yurtboshimiz bejiz yuksak ma’naviyatni yengilmas kuch ekanini bot-bot takrorlamaydi. Ayni paytda eng buyuk jasorat ham ma’naviy jasoratdir. Bu haqida gapirib mamlakat rahbari shunday deydi: “Yer yuzidagi barcha o‘lmas obidalar, insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan jamiki ulug‘ kashfiyot va ixtirolar, mumtoz san’at va adabiyot durdonalari, mardlik va qahramonlik namunalari odamzotning aql-tafakkuri, salohiyati va ma’naviy jasorati mahsulidir. Shuning uchun ham bu yorug‘ olamda eng buyuk jasorat  bu – ma’naviy jasorat deb javob bersak, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘lamiz”.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida ma’naviyat-ma’rifat hech shubhasiz, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Mamlakatimiz o‘tgan chorak asr davomida ma’naviy qashshoqlikdan chiqdi, mamlakatda va jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy muhit shakllandi, odamlar bugungi kundan shukronalik va rozilik, ertangi kunga ishonch kayfiyati paydo bo‘ldi. Bularning bari mamlakat rahbari tomonidan ma’naviyat-ma’rifat sohasida olib borilgan tub islohotlar natijasidir.

 

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.