QALB QUSHINING SADOSI

Ijodga oshna bo‘lgan odam hech qachon qarimaydi. Buni men jahon adabiyoti klassiklari, o‘zimizning taniqli adiblar asarlarini mutolaa qilib, ko‘p bora dildan his qilganman. Ular jismonan yoshi ulg‘aysalar-da, lekin aqlan yoshlarday navqiron ijod qilaveradilar. Bunday ijodkorlarning qalblarini hamon otash muhabbat o‘tlari «yondiraveradi», hayotning chigal muammolari qiynayveradi, kurashlarga tushayotgan polvonlarday jo‘shib-jo‘shib yozaveradilar. Aql hech qachon qarimaydi.

 

Men taniqli adib va jurnalist, yarim asrki qo‘lidan qalam tushmay kelayotgan xassos ijodkor Abdusattor Hotamovning «Vaqt yog‘dusi» («O‘zbekiston» nashriyoti, 2015 yil) kitobini o‘qib, xayolimdan ana shunday fikrlar kechdi. Kitob samimiy, hayotiy va xalqona uslubda yozilgan. Xalqona deyishimning boisi, kitobdan joy olgan hikoyalaridan tortib qatralarigacha, barcha-barchasi yengil o‘qiladi, o‘quvchini ko‘pam qiynayvermaydi, toliqtirmaydi. Bu, menimcha, Abdusattor Hotamovning ko‘p yillar jurnalistika sohasida qalam tebratib, gazetada muharrirlik qilganidan bo‘lsa kerak. Qariyb barcha hikoyalari badiiy to‘qima yoki adib o‘ylab topgan zo‘rama-zo‘raki voqea-hodisalardan iborat emas, balki hayotdan olib yozilgan yorqin ijod namunalaridir.

Ta’kidlash kerakki, muallif turli nashrlarda e’lon qilinayotgan sadoqat va xiyonat, yaxshilik va yomonlik, to‘g‘rilik va egrilik kabi mavzularga bag‘ishlangan hikoyalarning birinchi satrlaridanoq gap nima haqda borayotgani va qanday xulosa bilan tugashi oynadek ravshan bitiklar yozishdan butunlay yiroq holda, aksincha, ushbu mavzularning o‘quvchi ilg‘ab ulgurmagan yangi qirralarini tahlil etishga va kutilmagan xulosalar chiqarishga intilganligi ko‘rinib turadi. Ko‘pincha hikoya boshida tashlangan «tugun» asar oxirida o‘quvchi xayoliga kelmagan yechimini topadi.

Yozuvchining mahorati shundaki, asarda detallarning joyida ishlatilishi, mushtariyga tasvirning tiniq bo‘lishi, jumladan, qahramonning chehrasi, tabiatini tasavvur etish, hatto so‘zlash ohangini payqash imkonini beradi. Olaylik, «Yomg‘irli kunda»gi ayolning tamaki chekaverib, chakaklari ichiga tortib ketganligi, «Tanholik»dagi tabib cholning so‘zlash uslubi, «Tog‘a-jiyanlar»dagi sobiq parrandachilik korxonasi rahbarining ko‘r bo‘lsa-da, uy tuxumi bilan fabrika tuxumini ajrata olishi kabilar muallif asar yozishda o‘z kuzatuvlari bilan tajribali jurnalist ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Yana bir ibratli jihati qahramonlar o‘tmishi qanchalik qorong‘ilikda kechgan bo‘lmasin, oxir-oqibatda, kelajagiga ishonch bilan qaraydi. Muallif bu tuyg‘uni ular «ongi»ga o‘z falsafiy qarashlari orqali singdiradi. Zero, adabiyot kishilarni hamma vaqt yaxshilik va yorug‘likka chorlagan. Buni, ayniqsa, «Qush uyasi», «Oftobli kunlar», «Muz ostida» hikoyalarida sezish mumkin.

Abdusattor o‘z hikoyalarida oddiy, lekin mard, tanti, halol kishilar obrazini yaratishga intilgan. Qishlog‘i dovrug‘ini qozonishi uchun kurashda yetim bolaga yengilgan chavandoz («Ayg‘ir kishnashi»), oila sha’ni va obro‘sini saqlab qolish niyatida bog‘ yaratish uchun tog‘larga chiqib ketgan chol («Tanholik») o‘quvchida olijanob tuyg‘ularni mavjlantiradi.

«Gullayotgan daraxt»ni o‘qib, ijodkorning kichik janrda ham bir necha davr voqealarini qalamga olishga intilgani va shu tariqa turli yillar odamlari dunyoqarashini yoritish asnosida o‘quvchini falsafiy mushohadalarga undaydigan asar bitganini payqash mumkin. Bu esa adibning yirik asarlar yoza olish qobiliyati allaqachon shakllanganidan dalolatdir. Ta’kidlash joizki, A.Hotamovning deyarli barcha ijod namunalarida milliy va umuminsoniy qadriyatlar jo‘shqinlik bilan madh etiladi, ularga necha-necha asarlardan beri dunyo tan olayotgan ulug‘ ajdodlarimizning dono fikrlari, hikmatlari ustalik bilan singdiriladi.

Hikoyalarda qahramonlar bir-birlaridan farq-li ravishda so‘zlashishlari ijodkor til ustida ancha jiddiy shug‘ullanayotganini namoyon etadi. Bunday farq personajning xarakteri, kasbi, yashash tarzi, hatto yoshida ham sezilishi muallifning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari natijasi ekanligini e’tirof etish adolatdan bo‘ladi, albatta.

Ustoz ijodkor Abdusattor Hotamovning navbatdagi kitobini o‘qib, o‘zimning chin dilimdan chiqqan fikrlarni siz bilan o‘rtoqlashgim keldi. Chunki har bir yangi kitob qalblarga ma’rifatning yorug‘lik nashidasini olib kiradi. Bunday kitoblarni yaratayotgan adib ijodning o‘ziga xos sirli olamidan munosib joy egallab, hali-beri qo‘lidan qalami tushmasligidan dalolat berib turibdi. 

 Meksikalik taniqli adib Karlos Fuentes ijod haqida shunday degan ekan: «Bir asarga nuqta qo‘yganim hamon yuragimda keyingi asarim tug‘iladi. Ehtimol, shu eng so‘nggisidir, deb o‘ylab qolaman. Ammo qalbimga quloq solsam, unda hamisha bir qush tinimsiz sayrayveradi. Ijodga, yozishga muhabbat kuyini his etaman shunda. O‘sha qush ijodkorning ko‘ngil sadosi».

Bu so‘zlar biz yangi kitobini mutolaa qilib, u haqda birozgina fikr yuritgan adibimizga ham aynan tegishli. U ham hali mo‘’tabar yoshda bo‘lsa ham, sira tinim bilmayapti.

– Ijodkor hech qachon qarimaydi, — deydi u.

Adibning hali mushtariy yuzini ko‘rmagan «Yurtini quchoqlagan bola» qissasi so‘zimizning isbotidir. U nashrdan chiqqach, bu kitob haqida ham fikr yuritish esa boshqa mavzu.

 

Jabbor RAZZOQOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.