Tolening kulgan davri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009—2014 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilgan tadbirlar o‘zining beqiyos samaralarini berdi. Joylarda qad rostlagan musiqa va san’at maktablari mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarning beqiyos ifodalaridan biri sifatida hammaga qadrli. 

 

1

Sakson yoshida ham tetik va bardam qo‘shnimiz Otaboy ota bilan birgalikda, yoshlarning tantanali tadbirida qatnashish uchun, Urganch shahridagi 1-musiqa va san’at maktabiga yo‘l oldik. Tabiiyki, yo‘lda undan-bundan gaplashib bordik. Suhbatimiz albatta farzandlarimiz, kelajak avlod uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ham edi. Kutilmaganda otaxon qiziq bir gap aytdi. 

— Xudoybergan Devonov olgan kichik bir hujjatli filmni ko‘rmaganimda bunga o‘zim ham ishonmas edim. Bilasizmi, o‘sha filmda xonning farzandlari — kichik to‘ralar qum o‘ynab o‘tirishgan ekan.

— Xo‘sh, nima bo‘libdi?

— Siz gapning davomini eshiting. Ular qumni bir yerga yig‘ib, kichik tepalik yasashga intilishadi. Qum esa yoyilib ketaveradi...

— Bu ham hali hech narsani anglatmaydi.

— E, qiziq ekansiz. Hozir qaysi bola qum o‘ynab, kun o‘tkazadi? Ularning bunga vaqtlari bormi? Turli-tuman mashg‘ulotlar kutib turibdi-ku ularni. Hali maktab emas, istagan bir bog‘chaga boring, ko‘rasiz shunda, ular nima bilan shug‘ullanishayotganini. Biri — surat chizadi, yana biri til o‘rganadi... Gilam ustida o‘mbaloq otishadi...

Manzilga yetib kelmaganimizda, suhbatimiz yana ancha davom etardi. Ammo musiqa va san’at maktabi ro‘parasida Otaboy ota birdan hayajonlanib ketdi.

— E, qasr-ku bu. Nevarayu chevaralarim, ota, bizning maktabni bir ko‘ring, deyishganda e’tibor bermagan edim. Ilgariroq kelsam bo‘lar ekan.

Men unga shunda Urganchning har bir burjida  chiroyda biri-biridan ustun musiqa va san’at maktablari borligi, ilgarigi moslashtirilgan binolardan asar ham qolmagani haqida gapirib berdim.

— Hammasi mana shunday katta yo‘lning bo‘yidami? — so‘radi Otaboy ota.

— Endilikda hech bir ta’lim-tarbiya muassasasi oraliq joylarda biqinib qolgan emas.

Bu gap unga ma’qul bo‘ldi. Katta yo‘l bo‘yidagi maktab o‘tganning ham, qaytganning ham ko‘ngliga g‘urur bag‘ishlashini ta’kidladi.

Maktabning ichkarisiga kiraverishda maktab faollaridan biri peshvoz chiqadi, salomlashib, bizni marhamat qiling, deya ichkariga taklif etdi.

— Yo‘q, — dedi Otaboy ota, — oldin ba’zi narsalarni aniqlab olay. Siz o‘qituvchimisiz?

— Maktab direktoriman.

— Bu maktabda necha bola o‘qiydi?

— Uch yuz o‘ttiz nafar.

— Shunday katta qasrda bor-yo‘g‘i uch yuz o‘ttiz bola o‘qiydimi?

— O‘quvchilar bemalol saboq olsin, deb sinf xonalari keng va charog‘on etib qurilgan-da!  

Otaboy ota yana biroz vaqt maktab ichkarisiga kirishga shoshilmay turdi. Direktor ham, men ham uni qistamadik. Axir, tadbir boshlanishigacha hali ancha vaqt bor edi. Aftidan, Otaboy ota nimadir deyishiga chog‘lanardi. Nihoyat, u dilini yordi.

— Men sizga bir voqeani aytib beray, qizim.

Ota har so‘zini dona-dona va salmoqdor qilib hikoyasini boshladi.

— Rubob chalishni o‘rganishga ko‘p intilganman. Avval, rubob topolmaganimdan oddiy tayoqqa ip bog‘lab ting‘irlatib yurganman. Keyin otam rubob olib berdi. Rubob topilganda, ustoz topilmadi. Bir amallab, ustoz topganda, urush boshlanib qoldi. Otam bilan ustozim urushga ketib, qaytib kelishmadi. Shu sababli, rubob chalishni yaxshi o‘rgana olmay qoldim. Ammo-lekin nevara, chevaralarimni o‘zim bosh bo‘lib musiqa maktabiga berdirganman.

To‘g‘risini aytsam, chevaramning quvvai hofizasi yurakchasida yashirinib yotgan ekan. Maktab ko‘rdi-yu, u buloqdek otilib chiqdi go‘yo. Ko‘p o‘tmay binoyidek rubob chala oladigan bo‘ldi. Bir kuni menga “Lazgi”ni chalib berdi. O‘yinga tushib ketganimni bilmay qolibman.

Otaboy ota bahri dili ochilib kuldi. Uning ko‘tarinki kayfiyati bizga ham ko‘chdi. 

— Qoyil, murodingizga yetibsiz. O‘rningizga rubobchi tayyorlab, hisob-kitobni teng qilibsiz.

— Hisob mening foydamga allaqachon hal bo‘lgan. Qizlarimdan ko‘rgan bir talay nevaralarim ham musiqa maktabiga borishadi. 

Maktab direktori tadbir boshlanadigan vaqt yaqinlashib qolganini aytib, bizni ichkariga taklif etdi.

2

Maktab ro‘parasidagi hayratlar uning ichkarisidagi hayratlar oldida hali holva ekan. 

Foye deganimiz aslida katta va keng, charog‘on saroy, bizni bag‘rikeng mezbondek kutib oldi. Uning har bir burchagida ko‘rk va joziba qarshilardi. To‘g‘ri, u xayol kapalagimizni uchirib yubordi, lekin uning o‘rniga sayroqi qushlarni qo‘ndirdi go‘yo.

Naqshinkor devorlardagi turli ko‘rgazmali vositalar, ustozlarning suratlaridan sirli ohanglar taralganday tuyulardi.

Foyening o‘rtasida, ulkan jimjimador qandil ostida Otaboy otaning yana “tili qichib” qoldi.

— Shu gapirmay deyman-u, juda quvonib ketsam, tilim o‘z-o‘zidan ochilib ketadi. Shunda aytadiganimni aytaman, qo‘yaman. Bunday binolarni quramiz, deb necha yillar sarson-sargardon bo‘lar edik. Butun viloyat yangi qurilishning vahimasi bilan yashardi. Bugun bunday binolardan bir yilda bir emas, yuztasi quriladi, desam ham mubolag‘a emas. Shunday emasmi?

Otaboy ota bu savolni menga berdi. Uning gapida jon borligini rad etib bo‘lmasdi. Buni otaga maqbul bo‘ladigan tarzda aytishga intildim.

— Shu yilning o‘zida birgina Urganch shahrida o‘n besh-yigirmatacha to‘yxonalar  qurildi. Ularning eng kichigiga kamida besh yuz odam sig‘adi.

— Men hali choyxona va to‘yxonalarni nazarda tutayotganim yo‘q. Ular, ochig‘ini aytganda, xususiy mulk. Men davlatimiz mablag‘i hisobiga qurilayotgan ta’lim-tarbiya maskanlarini ko‘zda tutgan edim.

Uning ko‘p yillar qurilishda prorab bo‘lib ishlaganini bilardim. Aslida u o‘qituvchilik qilsa, biror oliygohda dars bersa bo‘larkan, deb o‘yladim. U fikrimni ko‘zlarimdan uqib oldi.

— Niyatim olim bo‘lish edi, lekin shu paytda buning imkonini topa olmadim. Quruvchilik ham yomon kasb emas.

U yana ko‘p gaplarni aytishi mumkin edi. Lekin, nimagadir, so‘zni muxtasar qildi va direktorga yana savol berdi.

— Qizim, shu bino qancha vaqtda qurilib bitkazildi?

— Bir yil ichida.

— Hamma joyi sozmi, ishqilib?  

— Soz bo‘lmaganiga qo‘yamizmi? Quruvchilar bilan bahslashgan paytimiz ham bo‘ldi, albatta, ishning foydasi uchun.

— Barakalla, qizim. Bugun shu ishning foydasini o‘ylash juda yaxshi-da. Ishning foydasi o‘zingning foydangdan ham ustun turadi.

— Hali vaqt bormi?

— Ha, biroz vaqt bor, — dedi otaning shashtini pasaytirmaslik uchun maktab direktori.

— Bo‘lmasa, men sizlarga bir voqeani aytib beray... O‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshlari. Men qurilishda prorab edim. Bir bino qurayotgandik. o‘isht yetmay qoldi. Kattalar bilan urishib-tortishib g‘isht topdim. So‘ng tsement kamlik qildi... O‘n tonna oldim, deb qo‘l qo‘yib bersang, besh tonna beramiz, deyishdi. Noiloj majbur bo‘ldim. Qurilishni vaqtida tugallamasak bo‘lmasdi. Tugalladik ham. Ammo xuddi shuni kutib turganday tekshirish boshlandi... Keyin ko‘p mojarolar bo‘ldi...

— Bu gaplar menga ortiqchaday tuyuldi. Hech kim undan buni so‘ramagandi. Ammo “berdi”sini eshitmay xulosa qilgan ekanman. Aslida hayotiy misolga ham shu joyda o‘rin bor ekan. Otaboy ota buni chuqur anglatib qo‘ydi.

— Men bu gapni aytayotganim bejiz emas. Birovning qo‘liga qaramlikdan yomoni yo‘q. Yuqorida men aytgan holat aynan shu qaramlikdan kelib chiqqan edi. Yurt mustaqilligi sabab ana shu qaramlikdan xalos bo‘ldik. Nima kerak bo‘lsa, o‘zimiz uchun o‘zimiz topishga, yaratishga o‘rgandik. Buning uchun shukrona aytsak arziydi.

Maktab direktori bizni matni zarhal harflar bilan bitilib, naqshinkor  hoshiya bilan o‘rab olingan va foyening har bir burchagidan ko‘zga tashlanib turgan ko‘rgazma sari boshladi. O‘zi istagan qaror ta’kidlarini o‘qib, Otaboy  ota qo‘lining bir uchi bilan hoshiyani silab qo‘ydi. Undan Prezidentimizning bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan qarori joy olgan edi.

 

3

Shinam va ko‘rkam kontsert zalida, birinchi qatorning o‘rtasida o‘tirdik. Maktab o‘quvchilari o‘zlari tayyorlangan qo‘shiqlar va kuylar, raqslar guldastasini taqdim etishdi.

Otaboy ota bejirim sahnaga diqqat bilan razm soldi. U katta kontsert zallariday bezatilgan. Bir chekkada ulkan  royal darrov e’tiborni o‘ziga tortadi. Shuningdek, badastir texnika vositalarining turli xillari mujassam.

Baland bo‘yli, yuzu ko‘zlaridan ishonch va umid porlab turgan ikki yosh konferanse butun zalga, undan keyin mehmonlarga, Otaboy otaga alohida ta’zim bajo qilishdi. So‘ng kontsert boshlandi.

O‘g‘il-qizlar rang-barang qo‘shiqlar va raqslarni, kuylarni birin-ketin turli tillarda ijro etishdi. Musiqa va san’at maktabida fonogrammadan foydalanilmasligini, jonli ijro kontsertning joni bo‘lishini darrov fahmladik. Otaboy ota menga qarab, “Bu sizga bozor ko‘rgan havaskorlarning, men ularni san’atkor demayman, kontserti emas” deb qo‘ydi. Uning fikrini ma’qulladim. Qo‘shiqlar va kuylar oralig‘idagi biroz to‘xtalishlar vaqtida shundan ortiq gaplashib bo‘lmasdi. Bunga ancha vaqt chalinib turguvchi qarsaklar ham imkon bermasdi. Qolaversa, qarsakning ko‘pini Otaboy otaning o‘zi chalardi.

Otaboy ota katta royalda kuy chalgan  qizchaning san’atiga ham, yuragiga ham qoyil qoldi. Yosh san’atkorning barmoqlari ulkan musiqa asbobi pardalarida beqiyos bir tezlik va mehr bilan harakatlanardi. Chamamda u shu topda jahon san’ati xazinasida o‘rin egallagan kuydan ham huzur topdi. Lekin qizchani maqtash uchun ham so‘z topa olmay qoldi. Buni uning hayrat holatidan angladim. Kuy tugaganidan so‘ng u o‘rnidan turib qarsak chala boshladi. Shunda uning qulog‘iga asta shivirladim:

— Yevropa musiqasini yoqtirasizmi?

— Men o‘zimizning bolalar chalgan musiqani yoqtiraman.

Ko‘p o‘tmay yosh konferanse e’lon qildi.

— Endi navbat xalqaro tanlov g‘olibi Diyorbek Madrahimovga. Akademik ijro  bo‘limi o‘quvchisi.

O‘quvchilar  qarsak chalib, o‘z maktabdoshlarini olqishladilar.

To‘g‘risini aytganda, Diyorbek hali san’at gulshanining chinakam g‘unchasi ekan. Qo‘lidagi rubob ham unga kattalik qilayotganday tuyuldi. Lekin jajji barmoqlar pardalar ustida yugurib, kuy daryo mavjlariga o‘xshab shiddatlana boshlaganida, barcha  tasavvurlar xira tortib qoldi. U axir “Suvora”ni ijro eta boshladi. Bu qo‘shiqni kimlar ijro etmagan? Barcha mashhur san’atkorlar uchun yuksalish zinapoyasi bo‘lgan u. Diyorbek ana shu zinapoyadan yurishga qaysi yurak bilan jazm etdi ekan? Menga uning yuragi royal chalgan o‘quvchining yuragidan ham kattaroq tuyuldi. Har holda, katta san’atkorlarning kontsertlariga tushamiz, deb payt poylab yurgandan ko‘ra san’at g‘unchalarining beminnat va huzuri ko‘p kontsertiga tushib turish afzal ekan degan xulosaga keldim.

Albatta, uning ijrosida hali sayqallashtirish, jilo berish lozim bo‘lgan o‘rinlar oz emas. Ammo bir narsa aniq: Diyorbek kabi yoshlar o‘z jur’ati va shijoati bilan ulug‘ alloma ustozlarning ibratidan kuch olishadi. Ularda yulduzlarday chaqnash orzu istaklari ustuvor. Bu orzu-istaklar esa ko‘p o‘tmay ushalishi muqarrar.

Otaboy otaning nabirasi ham qo‘shiq aytib, hammani xushnud etdi. 

O‘ylaganimdan farqli o‘laroq, ota bu safar qarsakka zo‘r bermadi. Boshqalarga qo‘shilishib turdi, xolos. Uning bu harakatini, to‘g‘risi, tushunmadim. Shunda u yaxshilab tushuntirib qo‘ydi.

— Hali ko‘p ishlashimiz kerak ekan, uyda ham,  maktabda ham. Ammo ustoziga rahmat.

Kontsert tugadi. Undan bir olam taassurot oldik. Bugun maktab sahnasida qo‘shiq va kuylari yangragan san’at g‘unchalarining kelajagi biz va o‘zlari kutgandan ham porloq bo‘lishiga ishondik. Muhtaram mehmon sifatida sahnaga taklif qilishganda, Otaboy ota ham shu gaplarni aytdi. 

 

Sotim AVAZ, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.