Vatan sog‘inchi

Mazmun-mohiyati bir-biri bilan uzviy bog‘lanib ketgan bu so‘zlar zamirida tengsiz ma’no mujassam. Inson tirikligi, barhayotligi, imonu e’tiqodi, yashashdan maqsadi — bari-bari mana shu iboralarda zohir. Zero, Vatanini,  xalqini sevgan, kindik qoni tomgan diyorini qutlug‘ orzular, ezgu niyatlar ummoniga cho‘miltirib yashagan odam baxtli.

 

Subhidamda ko‘zini ochganidan Vatanga muhabbatini tonggi shabnamga chayib, kipriklariga qo‘ndirgan va ona zaminini qadrlab, ertangi kuniga ulkan umid bilan qarashga qurbi yetgan kishi ulug‘. Sof niyatlari, pok e’tiqodi vujudini titratgancha, yuragi faqat tinchlik ishqida hapqirgan, tomirlarida oqqan qoni xalqim deganida gupurgan odam chin vatanparvar, haqiqiy fidoyi inson. Bunday fikri balandlar qachon va qaerda bo‘lmasin, so‘z o‘zanini ona yurtni ardoqlashga, Vatanni qadrlab, istiqlolni avaylab-asrashga buradi.

Qishloq xonadonlaridan birida bo‘lgan to‘yda uy to‘la mehmonlar bilan gurunglashishga to‘g‘ri keldi. Tanish-notanish odamlar o‘rtasidagi suhbat mavzusi aylanib Mustaqillik bayramiga taqaldi-yu, beixtiyor yurt mehri, Vatan sog‘inchi haqida so‘z qo‘zg‘alib qoldi.

— Bir paytlar men olisdagi o‘qishni martaba bilib, Sankt-Peterburg shahriga borganman,—deya muloqotga qo‘shildi dumaloq yuzli, oq-sariqdan kelgan istarasi issiqqina bir yigit. — Hashamatli shahar... Butunlay boshqa dunyo, o‘zga odamlar... Dastlabki paytlarda atrofga zavq bilan boqib, shaharni zerikmay tomosha qildim. Ammo oradan ko‘p o‘tmayoq ko‘nglim g‘ash tortib, hammasi jonimga tega boshladi. Ota-onam, uydagi jigarbandlarim siymolari ko‘z o‘ngimda gavdalanib, ularni ko‘rgilarim, so‘zlarini eshitgim kelardi. Hatto, oldimda bo‘lsa, jajjigina kenjatoy singlimning poyma-poy gaplarini ham erinmay tinglashga tashnalik seza boshladim.

Yuragim siqilib ketgan chog‘larda darsga ham kirmay, goh vokzal, goh aeroportga borib qolardim. Agar savdo-sotiq yoki xizmat safariga ko‘ra u tomonlarga borib qolgan o‘zbekistonliklarga ko‘zim tushib qolsa, quvonib ketardim. Bolalarga xos uyatchanligim bois ular bilan jonli muloqotda bo‘lolmasam-da, o‘zbek tilida so‘zlashadiganlarining ortida gaplariga quloq tutgancha ergashib ketaverardim. Shunda ko‘ngilning chigili biroz yozilgandek bo‘lardi-yu, lekin yana qandaydir bir his yurakni timdalardi...

Avvaliga bunga ko‘p ham e’tibor bermadim. Bora-bora buning yurt mehriga talpinish sezdirgan Vatan sog‘inchi ekanligini angladim. Ko‘rdilaringizmi, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlaridek men musofirchilikda yurganimda Vatan nimaligini, inson farzandi hech qachon kindik qoni to‘kilgan joyda topgan mehrni o‘zga yerlardan ololmasligini tushunganman. Ilk bor ona yurtga qaytib, biz uchgan samolyot Toshkent aeroportiga qo‘nayotganida yuragim qafasdagi qushdek tipirchilab, vujudimni allaqanday bir entikish tutib ketganini hali- hanuz unutolmayman...

Yoshi qirq beshlarni qoralab qolgan bu yigitning ma’naviyat bulog‘iga cho‘miltirib olgandek samimiy suhbatini tinglar ekanman, o‘yga botdim. Qarang, kimlardir Vatanni muqaddas sajdagoh bilib, tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo qilishga oshiqsa-yu, kimlardir xuddi o‘z ota-onasiga qo‘l ko‘targan oqpadar farzand, yaqinlariga yovuzlik istagan birodarkush sotqin yanglig‘ kindik qoni tomgan yurtga tosh otib, begona joylarda sang‘isa...

Bundaylar manfur maqsadlarini ro‘yobga chiqarish niyatida Vatan quchog‘ini xun qilishdan hayiqmaydigan manqurtlardir. Ularning peshonasiga tubanlikda yashashdek dahshatli jazo muhrlangan. Ammo arzimagan pul, mol-dunyo orttirish yoki yashash uchun qulay go‘sha topish ilinjida xorijga talpinib, o‘zini ham, o‘zgalarni ham qiynayotganlarga nima deyish mumkin?! Keling, o‘zimizcha mulohaza yuritishga shu yerda nuqta qo‘yib, bu savolning javobini ham hayotiy voqealar zamiridan axtaraylik.

Qo‘shni qishloqda turadigan bir og‘aynimning qo‘lida guldek hunari bo‘lib, ro‘zg‘orini haloldan topganiga tebratib yurardi. Kunlarning birida u xorijga ko‘chadigan bo‘lib qolibdi. Buni eshitib, uning oldiga bordim. Shashtidan tushirib, bu yo‘ldan qaytarish maqsadida so‘z boshladim:

— Do‘stim, gap-so‘zlarga qaraganda, olis o‘lkalarga ko‘chmoqchi ekansan, tinchlikmi?

— Ha, u yoqlarda pul topish oson deydi, yoshlikda harakat qilib qolaylik-da!

— Qari ota-onang bor, ularning taqdiri ne kechadi?

— Ne kechardi, ularni ham olib ketmoqchiman, — dedi u pinagini ham buzmay.

— Vatanni-chi, kindik  qoning tomgan tuproqni-chi? — dedim uning beparvo javobidan jindek asabiylashib.

— E-e, og‘ayni, qiziq ekansan-ku. Qaerda qorning to‘q, usting but bo‘lib, yashash uchun boshpanang bormi, usha yer Vatan-da!..

Uning bu javobidan ortiqcha gapga o‘rin qolmaganini anglab o‘rnimdan turdim. Oradan ko‘p o‘tmay og‘aynimning ko‘chishiga otasi ko‘nmaganligi bois uning o‘zi xorijga ishga ketganini eshitib, ko‘nglim biroz taskin topgandek bo‘ldi. Qaytib kelganidan keyin albatta u bilan yana bir gaplashishni dilga tugib qo‘ydim. Ammo oradan olti-etti oy o‘tib-o‘tmasdan uni tasodifan yo‘lda uchratib, suhbatlashganimdan so‘ng  hayratdan lol qoldim.

O‘shanda xizmat taqozosiga ko‘ra poytaxtga borib, kechroq qaytgandim. “Baxt” ko‘li yonidagi bekatda o‘tgan-ketgan mashinalarga qo‘l ko‘tarayotgan “xorijlik” og‘aynimni ko‘rib, beixtiyor tormozni bosdim. Mashinadan shoshib tushgancha u bilan quchoqlashib ko‘rishdim. Salom-alikdan so‘ng: “O‘tir, og‘ayni, qolganini yo‘lda gaplashamiz” deya uni salonga taklif etdim. Mashina yengil silkinib o‘rnidan qo‘zg‘algach, qisqa fursatli sukunatni yana o‘zim buzdim.

— Qanday, og‘ayni, ishlaring durustmi?

— Rahmat, yaxshi, o‘zing qalaysan?

— Qachon kelding, qaerlarda bo‘lding?

— Ikki haftadan oshdi.

— Endi bormaysanmi, ishqilib?

— Yo‘q, og‘ayni, bormayman.

— Juda yaxshi qilasan, kampir-choling yaxshi yurishibdimi?

— Rahmat, og‘ayni, rahmat! Meni o‘shanda g‘aflat bosib, seni xafa qilgan ekanman. Uzr, do‘stim! — dedi-da, u negadir, chuqur so‘lish olib, so‘zida davom etdi. — Kishi musofir bo‘lmay, musulmon bo‘lmaydi, deganlari rost ekan. To‘g‘risi, xorijga borib ko‘zim ochildi. Kishi yurt qadrini yurtidan yiroqlashganda sezar ekan. Ancha qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘lib, ovulga arang keldim. Bizni: “Katta maosh to‘laydi”, deb xorijga boshlab borgan azamat qullikka sotib yuborgan ekan, nomard! Katta oylik olib, mo‘may daromad topish u yoqda tursin, zo‘ravonlardan fuqarolik pasportimni ham ololmay, qochib qutuldim. Yaxshiyamki, uyni sotib, ko‘chib ketishimga otam ko‘nmagan ekan.

— Iltimos, og‘ayni, bolalikdan birga o‘sgan qadrdonmiz, yashirmay ayt-chi, xorijda qiynalgan damlaringda xayolingdan nimalar kechdi?

— Yashirmayman, og‘ayni, yashirmayman. Kimsasiz cho‘llarda qiynalib, qochib-pusib, och-yupun yurganimda: “Eson-omon uyga yetsam, ota-onamni, oilamni sog‘-omon ko‘rsam, hovlimiz burchagidagi qora tandirda yopilgan nondan bir juftini olaman-u, uning birini eshik oldidan oqadigan ariq suviga botirib yeyman. So‘ng ikkinchisini qo‘ynimga tiqqancha, miriqib uxlayman”, deya ont ichganman...

Bu gapni eshitib, og‘aynimning bunchalik keskin o‘zgarganiga bir zum lol qoldim-u, beixtiyor: «Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!» degan gapning naqadar haqligiga yana bir bor imon keltirdim.

                

Jamoliddin ABDIYeV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.