TAFAKKUR KO‘ZGUSIDAGI QAYDLAR

Abu Tohirxoja Samarqandiy “Samariya” kitobida, Abu Bakr Muhammad Ja’far an-Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida “qaro­ko‘l”ni suv to‘plangan joy ma’nosida, “qorako‘l”ni esa batamom suvi qochgan quruq hudud ma’nosida ishlatishgan. Poykand - Eftalitlar davlatiga tegishli qadimiy shaharlardan biri. U Turk xoqonligi davrida gullab-yashnadi. Arablar bosqinidan aziyat chekdi, ular bo‘yin bermadi, qayta qad rostladi. Lekin keyinchalik u suvsizlikdan xaroba shaharga aylandi.

 

Xushboq Rahim tarixiy hayratnomalarni tafakkur ko‘zgusida qayd qilib, aniq xulosa chiqara oladigan ijodkor. Uning «Qorako‘lnoma yoxud qalb qo‘ri» she’riy satrlarini chuqur anglash uchun ularni qayta-qayta tahlil qilish lozim. Shoirning “To‘qqizim uchimga yetmasdan qoldi” satrini ko‘raylik. Bu bilan muallif bir zamonlar dehqonning to‘qqiz oy ish vaqtida jamg‘argan zaxirasi ularning qish mavsumidagi uch oylik bekor vaqtini to‘kin-sochin o‘tkazish uchun yetmas edi, deydi. Buning sababini qurg‘oqchilik, o‘sha davrdagi ijtimoiy tuzumning nobopligidan qidiradi.

Xushboq Rahimning bu asarida tuproq hidi anqib turadi. Asarda yoshlarni Vatanga muhabbat, mehnatga sadoqat, ekologik qadriyatlarga e’tiqod, ota-onaga hurmat ruhida tarbiyalashda asqotadigan hukm, da’vat, tashabbuslar ko‘p topiladi. Sohibqiron Amir Temur bobomizning Qorako‘ldagi qutlug‘ qadami va ezgu ishlariga bag‘ishlangan she’riy qismini yakunlar ekan, shoir yozadi.

Samarqand, bog‘, Temur... de Klavixo

Har odam, har yurtga ravnaq tilasa.

Bani bashar uchun faqat yaxshilik,

Tinchlik ham do‘stlikdan ezgu xulosa.

Ushbu asarda zimmasiga ijtimoiy vazifa yuklanmagan so‘z, satr, jumlalar deyarli topilmaydi. Asarni o‘qish, mazmunini uqish uchun she’rxondan maxsus bilim va tayyorgarlik talab qilinadi. Shu ma’noda asarning Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan bo‘limi shunday satr­lar bilan boshlanadi:

Tabiat eng mujmal, qaysar, qattol kuch,

Qonunni ko‘z bilan topib bo‘lmaydi.

Ichma-ich mohiyat, o‘tkir tafakkur,

Buloqni kaft bilan yopib bo‘lmaydi.

Xushboq Rahim sinchkov va ziyrak. Qorako‘llik yetmish yoshli cho‘pon ham, bir yuz yigirma yetti yoshli Yaxshigul momo ham, besh asrlik balx tut ham nazaridan chetda qolmagan. Matematika, geometriya fanlariga oid nuqta, to‘rtburchak, oltiyoq yoki aylanadan ham muayyan mazmun topishga, ulardan ta’lim-tarbiyada qo‘l keladigan mantiqiy xulosalar chiqarishga qistaydi:

Nuqta ham, to‘lqin ham oltiyoq, qirra

Ildizlari teran, chuqur ketadi.

Kvadrat, romb, aylana, to‘rtburchagi ko‘p

Olamlarga bitta poklik yetadi.

Ey ko‘ngil, do‘stga do‘st, yoningda yurgan

To‘xtamuroddan sen, poklikni o‘rgan!

Hozirgi Qorako‘lda yuzga yaqin qishloq bor. Ularning har birida yashovchi katta-kichik, ayolu erkak muayyan kasb-hunar bilan shug‘ullanadi. Bir qishloq ikkinchi bir qishloqda yashovchilar hunarini takrorlamaydi. Hunarlarni esa shoir chuqur bilim, ya’ni o‘tkir did, tabiiy ehtiyoj, tinimsiz kurash va mashaqqatli mehnatlar mevasi hisoblaydi:

Ehtiyoj, o‘tkir did, kurashdan hunar,

Bashorat, buloqqa moyil yuragim.

Jannatdan quvlangan, jannatni ko‘rgan

Hazrati Odamga qoyil yuragim.

Bo‘lsang ham yo‘lovchi, bo‘lsang ham xafir,

Zarafshon, Qorako‘l, hunardan gapir.

Asalari misoli mehnatkash buxoroliklar, jumladan, qorako‘lliklarda omonatga xiyonat degan gaplar yo‘q. Ularning o‘zi ham, ko‘zi ham to‘q, nazarlari baland. Qo‘shni yoki biror tanish-notanish kishidan biron yaxshilik o‘tdimi, bo‘ldi. Uni qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham qaytarmasalar, ko‘ngillari joyiga tushmaydi. Qorako‘l ahlining niyati bilan ishi, dili bilan tili, va’dasi bilan vafosi bir. Shoir yozadi:

Suvsizlik, noiloj, jo‘jabirday jon,

Jonlarga jon ato jonning halagi.

Kunjut poyasidan hosili ko‘proq,

Yantoq ildizdagi tarvuz palagi.

Metin, asrorini, aytmas, Qorako‘l,

Aytgach, so‘zdan ortga qaytmas, Qorako‘l!

Shoir “Qorako‘lnoma yoxud qalb qo‘ri” asarida ikki yuz qirq­dan ortiq izohni keltiradi. Bu izohlar asarning ilmiy qiymatga egaligini tasdiqlaydi.

Insonlar qalbini, ularning orzu-armonlarini teran his qilgan Xushboq Rahim qorako‘llik olim yo xonanda, el-yurt koriga yarayotgan tadbirkor yo odamlar dardiga darmon bo‘layotgan bag‘rikeng, nekbin kishilarni alohida mehr bilan nazm­da insho etadi. Ularga bo‘lgan e’tibori qog‘ozga durdek to‘kiladi. Aziz odamlarning nomini boqiy qoldirish ishtiyoqi bilan u g‘ururlanadi.

 

Toshtemir TURDIYEV,

Denov tuman ma’naviyat-targ‘ibot  bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat

ko‘rsatgan madaniyat xodimi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.