Elchilar xonasi joyiga qaytdi

Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob shahri qoldiqlaridan topilgan olamga mashhur «Elchilar xonasi» devoriy suratlari dunyo tarixchilari va sayyohlarining doimiy diqqat markazida. Afrosiyobning bebaho durdonasi bo‘lgan bu suratning ahamiyati beqiyos. Bunday qadimiy va ulkan hajmdagi devoriy surat yer yuzida kam uchraydi. Unda aks etgan manzaralar nafaqat yurtimiz o‘tmishi, balki bir qator davlatlarning qadimgi hayoti, xususan diplomatiyasi haqida qimmatli ma’lumot beradi. Qadimiy Afrosiyob shahri qoldiqlari va ushbu suratni saqlab qolish borasidagi ishlarning o‘zi ham alohida bir tarix.

1868 YIL. Samarqandni egallab olgan chor Rossiyasi harbiylari orasida o‘ralashib yurgan g‘arbiy yevropalik bir zobit sandiq to‘la dinamit bilan shaharning shimoli sharqiy hududiga borib qoladi. Bu yerda u VI-VII asrlarga oid afsonaviy shahar — Afrosiyob ko‘milib yotganini yaxshi bilardi. Zobit qadimiy kent o‘rtasiga keldi-da, dinamitlarni birin-ketin portlata boshladi. Har bir portlashdan oyoq ostida yotgan qadimiy qasr yanada vayronaga aylanib, turli tarixiy buyumlar yuzaga otilib chiqaverdi. Zobit esa nodir buyumlar orasidan o‘ziga yoqqanlarini tanlab, terib oladi…

Yo‘q. Bu shunchaki cho‘pchak yoki o‘ydirma ertak emas, balki tariximizdagi, qadimiy Afrosiyob boshiga tushgan ayanchli voqealarning biri. Afsuski, bu shaharni o‘rganish o‘tgan XX-asr davomida ham amalga oshmadi. Unga zarar yetkazish esa davom etdi.

1965 YIL. Samarqand shahrida qurilishi rejalashtirilgan yangi ko‘cha aynan Afrosiyob xarobalari ustidan o‘tishi belgilandi. O‘sha vaqtda shahar ahli, jumladan, ziyolilari qanchalik e’tiroz bildirmasin, sho‘ro hukumatidagi madaniyatimizni oyoq osti qilish, unga hurmatsizlik kayfiyati so‘zsiz ustun keldi – yo‘l qurilishi boshlanadi.

Yo‘l o‘tadigan hudud tekislanayotgan vaqtda esa butun insoniyat uchun nodir topilma, bir qator davlatlar, umuman, dunyo tarixi haqida ma’lumot beruvchi devoriy suratlar topiladi. Eng yomoni, buldozer devoriy suratni qoq o‘rtasidan ikki bo‘lib o‘tgan edi! Surat esa jahondagi eng yirik davriy rasmlardan biri edi. 

1991 YIL. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach devoriy surat  arxeolog, tarixchi va me’morlarni, ilmiy muassasalarni o‘ziga torta boshladi. Negaki, ushbu devoriy suratlar ilk o‘rta asr davrining nodir san’at asari, qadimgi So‘g‘diyona hayoti va madaniyatidan so‘zlash bilan birga boshqa davlatlar madaniyatidan ham hikoya qilardi. Xususan, Afrosiyob shohi Varxumanning saroyida chizilgan deb hisoblanayotgan ushbu devoriy suratlarning «Elchilar xonasi» qismi qadimgi davlatlar tarixiga yangilik kiritishi oydinlashdi.

Mazkur yodgorlikning vaqt ta’sirida yemirilib borayotganligi sababli So‘g‘diyona frantsuz-o‘zbek arxeologik missiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida «Afrosiyob devoriy suratlarini asrab-avaylash uyushmasi»ga asos solindi. Loyiha YuNYeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida ish boshladi. 

2014 YIL. «Elchilar xonasi» devoriy suratlarining restavratsiya ishlari boshlandi. Bu xayrli yumush hukumatimiz hamda AQSh, Shveytsariya, Frantsiya va Janubiy Koreya davlatlari ko‘magida amalga oshirildi.

– «Elchilar xonasi» devoriy suratlaridagi o‘sha zamonda bir qator davlatlardan Afrosiyob  hukmdori saroyiga elchilar tashrifi tasviri mazkur suratlarning umuminsoniy ahamiyatini yanada oshiradi, – deydi Afrosiyob muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Xususan, unda VI-VII asrlardagi Koguryo davlati vakillari tasvirlangani Janubiy Koreya tarixida ham yangilik deb baholandi va koreyalik olimlar bilan hamkorlikda keng miqyosdagi ilmiy izlanishlar boshlab yuborildi.

2015 YIL. Janubiy Koreyaning «Shimoliy-Sharqiy Osiyo tarixi» fondi ko‘magida mazkur davlat tarixchi olim va mutaxassislari hamkorligida devoriy suratlarning vaqt ta’sirida yemirilgan qismlari ham qayta tiklashga kirishildi. Shuningdek, yana bir muhim ishga qo‘l urildiki, bu O‘rta Osiyo tarixida ilk marta va hatto dunyo tajribasida ham kamdan-kam uchraydigan tajribadir. Ya’ni, ikki davlat olimlari hamkorligida to‘liq ilmiy asoslangan holda qadimiy Afrosiyob shahri o‘zining qadimiy shaklu shamoyilida «qayta tiklandi». Aniqrog‘i, qadimiy shahar maketi va shahar ko‘rinishining 3D formatdagi video lavhasi tayyorlandi.

Buning uchun dastlab bugungi kunning eng zamonaviy texnologiyalari orqali shahar qoldiqlari skaner qilindi. Shaharning o‘rni osmondan va yon tomonlardan yuqori sifatli, 3D fotoapparatlarida suratga tushirildi. Maxsus uskunalarda test tahlillari olindi va hatto har bir surat mikroskop orqali o‘rganib chiqildi. Barcha devorlar qoldiqlari tadqiq qilinib, taqqoslanib, kompyuter grafikasi asosida ilmiy asoslangan holda tiklandi. Bunda ultrabinafsha va infraqizil nurlar keng foydalanildi. Biz endi Samarqandning oltinchi asrda qay ko‘rinishda bo‘lganini bilamiz!

2017 YIL. Devoriy suratlarning to‘rt davlat hamkorligidagi restavratsiya ishlari tugatilib, suratlar nusxasi maxsus metallarga ko‘chirildi. Endi ming yildan keyin ham odamlar bu tarixiy surat orqali, qadimiy diplomatiya munosabatlari aks etgan manzarani ko‘rib, tomosha qilishlari mumkin. 

2018 YIL 21 MART. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Afrosiyob muzeyiga tashrif buyurib, «Elchilar xonasi» devoriy suratlarini ko‘zdan kechirdi. 

Bugun Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlarning aksariyati «Afrosiyob» muzeyida bo‘lib, qayd etilgan vediotasvirlarni hamda devoriy suratlarni katta hayratu havas bilan tomosha qilmoqda. Ular haqda dunyoning bir qator mamlakatlarida teleko‘rsatuvlar tashkil etildi. Fikrimizcha, bunday olamshumul yangiliklardan yurtdoshlarimiz ham kengroq boxabar bo‘lishlari shart. 

 

Anvar MUSTAFOQULOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.