USTOZ MEHRI

Bu charxi dunda yashagan, yashayotgan va yashaydigan har bir inson betakrordir. Lekin sizga uchraganlarning har biriga ham ko‘nglingizdan joy beravermaysiz yoki ular ham siz kabi yo‘l tutadi. Siz o‘zingiz uchun ularni kashf etasiz, ular esa sizni  o‘rganadi.

 

Ustoz, olim, publitsist, sportsevar, Yozuvchilar, Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Saydi Umirovni ilk bora jurnalistika fakultetining ko‘pchilik talabalari qatori paxta mavsumida, keng dalalarda taniganman.

Mehnat kuni tugagach, kechki ovqatdan so‘ng uyushtirilajak ijodiy kechalarda mushoira bo‘lardi. Domlaning “eng yaxshi she’rlarni gazeta-jurnallarga yetkazamiz”, degan gapi ilk taassurot sifatida yodimda qolgan. Ma’lum vaqt o‘tgach, Saydi aka saboqdoshlarimizning radio to‘lqinlarida mayin musiqa fonida uzatilgan turkum she’rlarini kassetaga yozdirib, yotog‘imiz(barak)da uyqu oldidan “Romantika” magnitofonida qo‘yib eshittirgani va’daga vafo ramzi sifatida hamon yodimda. 

Taniqli jurnalist, shoir va yozuvchilar bilan gulxan atrofidagi uchrashuvlarda aytiladigan har bir ibratli so‘z biz – bo‘lg‘usi jurnalistlar fikrining rivojlanishiga turtki berardi. Shunday davralarda Saydi akaning o‘rni alohida bo‘lardi. Goh biror jurnalist ijodining betakror qirralari haqida gapirib talaba-jurnalistlarga saboq berar, gohida o‘sha davrning mashhur futbol sharhlovchilari Nikolay Ozerov yoki Kote Maxaradze obraziga kirib, davrani qizitardi.

Fakultetda o‘qish boshlanganda yuqori kurs talabalaridan qaysi domlaning ma’ruzasi foydali ekanligi albatta surishtirilar va har bir domlaga o‘ziga xos baho berilardi. Ular Saydi akaning ma’ruzasini tinglash va u bergan adabiyotlarni albatta o‘qish kerakligini ta’kidlashardi. Bu ustozning har bir davr jurnalistikasini muntazam kuzatishi, o‘rganishi, yaxshilarini saralab talabalarga ilinishi, domlalar tilida aytganda, ma’ruzasining misollarini, adabiyotlar ro‘yxatini doimiy yangilanib borishi bilan ko‘zga tashlanardi. Vaqti kelganda biz ham an’anaga ko‘ra keyingi kurslarga ustoz haqida ana shu ma’lumotlarni yetkazganmiz.

Saydi aka talabalarning haqiqiy do‘sti. Imkoni boricha yordamini ayamaydi. Buni uning juda ko‘p shogirdlaridan eshitganman. Kamina ham USTOZning MYeHRI, DO‘STligidan bahramand bo‘lgan. 1992 yilning apreli. ToshDU jurnalistika fakultetini tugatish arafasidamiz. Yakuniy davlat imtihonini topshirib, fakultet foesida baholarimiz e’lon qilinishini kutayotgan edik. Imtihon bo‘lib o‘tgan auditoriyadan Saydi aka shitob bilan chiqdi-da, “Halimjon, bir daqiqaga kelasizmi”, deya meni o‘zi tomon chorladi. Yuzida jahli chiqqanda paydo bo‘ladigan qizillik.

— Uka, biz domlalaringiz ancha tortishdik, diplom ishingiz a’lo edi, afsuski, davlat imtihonida bahoingiz to‘rt bo‘lib qoldi, uka. Siz, xafa bo‘lmang, xo‘pmi, — dedi yupatib. 

Yerga ursa, osmonga sapchiydigan davrimiz, qolaversa, istiqlol arafasida yaralgan erkin muhit emasmi, o‘qish jarayonida kursimizga saboq bergan, to‘g‘rirog‘i bera olmagan bir necha domlani «darsdan quvgan» biz talabalar uchun bu tabiiy hol edi.

— Domla, rahmat sizga, lekin to‘rt ham yomon baho emasku, asosiysi, yozishni o‘rganib oldikku, qo‘yavering, — deya go‘yo to‘rt olgan Saydi akani  yupatgan bo‘lib, «dono»ligimni ko‘rsatganim bor gap. 

— Siz, baribir, Behbudiy haqidagi diplom ishingizni nomzodlik ishiga aylantirishingiz kerak, — deya yana shitob bilan auditoriyaga kirib ketgandi. O‘shanda o‘qishni “besh” bahoga bitirish kelajakda aspiranturaga o‘qishga kirish uchun yengillik berishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan ekanmiz. Ammo Saydi aka komissiya a’zolari bilan talabaning beshi uchun kurashgani zamirida faqat talabani himoya qilish emas, boshqa ezgu maqsad ham bo‘lganini keyin anglab yetdim... 

Talabalik davridayoq tahririyatda ishlab yurganimiz bois o‘qish tugagani bilinmadi, amaliyotga sho‘ng‘ib ketdik. Oradan uch oy o‘tar-o‘tmas domla kaminani izlab «Oila va jamiyat» gazetasi tahririyatiga kirib keldi.

Uka, fakultetimiz uchun aspiranturaga o‘rin berishdi. Sizni taklif qilgani keldim. Diplom ishingizni davom ettiring. Qatag‘onga uchragan bobolarimiz xizmatini sizlarga o‘xshagan yoshlar ilmiy jihatdan asoslab berishlari kerak, — deya tadqiqot ahamiyatini bafurja tushuntirdi. 

«Ilmdan ko‘ra amaliy jurnalistika ko‘nglimga ko‘proq yoqadi» singari gaplarim unchalik ishonchli chiqmadi shekilli, domla «ikkalasi bilan ham shug‘ullanaverasiz», dedi-da suhbatga nuqta qo‘ydi. “Hujjatlarni tayyorlang”, dedi. Rasmiyatchilikka no‘noqlik qildim chog‘i o‘zi ham yordam berdi. Imtihonlarni qanday topshirayotganimni surishtirib turdi... Qisqasi «Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyati» mavzusidagi dissertatsiyaning dunyoga kelishida ustozlar Mahmud Sa’diy, Boybo‘ta Do‘stqoraev qatorida Saydi Umirovning ham xizmati beqiyos deb bilaman. Vaholanki, u sobiq talabasi ishlayotgan tahririyatga kelib, aspiranturaga hujjat topshirishga ko‘ndirishi shart emasdi. Qolaversa, Behbudiy haqidagi diplom ishi sovet mafkurasi sabab ma’rifatparvar bobolarning hayoti va ijodini tan olmagan, darslarida bot-bot o‘zining manqurtlarcha munosabatini ko‘rsatgan boshqa bir domlamizga qarshi o‘laroq, ta’bir joiz bo‘lsa “qasdma-qasd” yozilgan bo‘lib, kelajakda uni nomzodlik dissertatsiyasiga aylantirish maqsadi yo‘q edi.

Shu o‘rinda ustoz faqat talabani emas, u amalga oshirishi kerak bo‘lgan tadqiqotni, o‘z-o‘zidan bobolar qoldirgan merosni tiklashni, shu yo‘nalishdagi ilmni rivojlantirishni birinchi navbatda o‘ylagan, degan xulosaga kelasan. Negaki, olim tadqiqot, uning jamiyat uchun zaruratini o‘zi bosib o‘tgan yo‘l orqali chuqur anglaydi.

S.Umirov o‘z vaqtida “Xarakter va sharoit tasvirida badiiy detalning roli (Abdulla Qahhor prozasi asosida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Abdulla Qahhorning kutilmaganda dissertatsiya himoyasida ishtirok etishi, keyinchalik tadqiqotchi haqida betakror shoirimiz Abdulla Oripovga aytgan fikri ko‘pchilikka ma’lum: “Bu bola yaxshi narsa yozibdi, kichik qismning katta ahamiyatini ko‘rsata bilibdi”. O‘ta talabchan Abdulla Qahhorga bir narsani ma’qul keltirish naqadar mushkul bo‘lganligini uni bilganlar ko‘p bora aytishgan.

Saydi aka yosh tadqiqotchilar – bugun filologiya fanlari doktori hisoblangan Yoqutxon Mamatovaning, faoliyatini telejurnalistikaga bag‘ishlagan Gulandom Tog‘aevaning nomzodlik ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan.

Talaba-jurnalist kimga ergashadi? Chiroyli ma’ruza qiladigan o‘qituvchigami? Nazariy jihatdan puxta dars o‘tadigan olimgami? Nazariyani amaliyotda qo‘llab saboq beradigan ustozgami? Jurnalistikaning mashaqqatli yo‘liga ishonch bilan qadam qo‘ygan talaba, albatta, yozishni o‘rgatadigan ustozni tanlaydi.

Saydi Umirov talaba ergashadigan, yaxshi ko‘radigan publitsist domla. Saydi akaning jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari borasidagi quyidagi fikri ham shogirdlari tilida doim yangrab turadi.

“Jurnalistika fakulteti domlalari uch toifaga bo‘linadi: 1) yozish-chizishni biladigan; 2) bu ishni nari-beri, haminqadar, chala-chulpa qiladigan; 3) yozish-chizishdan umuman yiroq, faqat “nazariy” tayyorgarlikka ega odamlar”. 

Bor gap. Buni birinchi bo‘lib talabalar anglab yetadilar, har bir domlaga munosabat ham shundan shakllanadi. Saydi aka yozish-chizish borasida hanuzgacha jurnalistika fakultetlari o‘qituvchilariyu talabalariga ibrat, namuna bo‘lib kelmoqda.

Saydi akaning qanday yozishini uning ustozi, so‘z zargari, o‘aybulloh as-Salom yozib qoldirgan fikr bilan ko‘rsatib bermoqchimiz.

“Muallif soyadan qochadi, nurga talpinadi... Doim yaxshilar safida yurgan, olijanoblikni madh etgan. Biroq, na iloj, jamiyat faqat yaxshilardan tarkib topmagan-da. Ajabkim, u yomonlarda,  ashaddiy badbinu badtarin kimsalarda ham ezgulik izlarini ko‘rishni istaydi. Yana hayratkim, yaxshilarning ham yaxshilarini topib yozadi. Ko‘ngli, o‘zi yurak-yuragidan hurmat bajo keltirgan insonlar, eng sara asarlar haqida yayrab yozadi. Ularni o‘z mavqeidan turib qayta kashf etadi. Samimiyat-la chunonam to‘lib-toshib yozadi... Yozmasa turolmaydiganlar xilidan”(Yaxshilikshunos//“Yozuvchi” gazetasi, 1998 yil 4 fevral). 

Saydi aka jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni muntazam kuzatib, tezkor yozib, munosabat bildiradigan publitsistdir. Buni gazetalar rahbarlari doim ta’kidlashadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurati haqida gapirgandi. Mazkur fikrga munosabat bildirayotgan mutaxassislar asosan axborot asrida yangilik yetkazish muammolari bilan chegaralanib qolayotganliklari, vaholanki, yalang‘och ma’lumot tarqatish  kelajakda publitsistik tahlilga ehtiyojni vujudga keltirishi, shu bois yangi tashkil etiladigan dorilfununda, albatta, publitsistika rivojiga xizmat qiladigan kafedra ochish, tadqiqotlar qilish zarurati xususida Saydi Umirov o‘z fikrlarini yozayotganini aytib qoldi. Holbuki, aksar jurnalistlar yangi ochilajak universitet haqida yo‘l-yo‘lakay gapirishdan nariga o‘ta olmayaptilar. O‘z fikriga ega bo‘lish, asosiysi, uni qog‘ozga tushirish barchaning qo‘lidan keladigan ish emas. 

Saydi Umirov yozganlarini to‘plab “Dorilfununlar taqdirimda”, “Ma’naviyat mulkiga sayohat” va “Sehrli va mehrli so‘z” nomli salmoqli kitoblar nashr ettirganini ham alohida ta’kidlash joiz. Akademik Baxtiyor Nazarov “publitsistik triada” deb atagan bu kitoblardan nafaqat ziyolilar, keng jamoatchilikka, balki jurnalistika fakultetlari talabalari publitsistikadan xrestomatiya sifatida foydalansalar bo‘ladi. 

Saydi aka yozish bilan birga shogirdlarini faollikka undab yashaydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida publitsistika yo‘nalishi bo‘yicha yillik hisobotda ekspert sifatida ishtirok etgan ustoz yig‘ilishdan so‘ng «O‘zbekiston» radiokanaliga intervyusidan bir parcha eshitsangiz kifoya.

– Publitsistika – jurnalistikaning  cho‘qqisi. Unga yetishish uchun ijodkor ham hayotiy, ham mahorat nuqtai nazaridan tajriba to‘playdi. O‘tgan yili anchagina sermahsul yil bo‘lgani, gazeta va jurnallarda yozuvchi va shoirlarning ko‘plab publitsistik materiallari berilgani, kitoblari chop etilgani yaxshi albatta. Biroq yutuqlar o‘zimizniki, lekin muammolarimizni kim ko‘tarib chiqadi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot, ichki ishlar xodimlari faoliyati haqida tanqidiy mulohazalar bildirdi. Bu mavzularda publitsistik chiqishlar, jurnalist surishtiruvlari yo‘q hisob. Bugungi publitsistlarimizda mahorat ham, jasorat ham yetishmayapti. Publitsistika mavjud muammolarni ochib berish va ularni bartaraf etishda barchani safarbar qiluvchi qudratli kuch ekanini ijodkorlarimiz unutmasliklari darkor.

Ustoz Saydi akani ilk bora paxta mavsumida kashf etganim haqida aytib o‘tgandim. Futbol Saydi akaning eng yaxshi ko‘rgan sport turi ekanligini ham o‘shanda anglaganman. O‘zi ham binoyidek o‘yinchi — hujumchi. Paxta maydonlarining chet joylaridan to‘p surish uchun joy tanlar, ertalab futbolchi-talabalarga «Yaxshilab teringlar, tushdan keyin futbol o‘ynaymiz», deya birma-bir ogohlantirib chiqardi. Sobiq sovet davri paxta siyosatining tazyiqlaridan qo‘rqmasdan bizni futbolga olib chiqar, o‘sha tekis maydonning ikki chetida, egatlar tutashgan o‘qariqlardan chiqqan katta kesaklardan darvoza yasalar, o‘zi o‘ynovchi-murabbiy maqomida to‘p surardi. Kamina ham talaba ustozning jamoasida darvozabonlik qilgan. Bir ikki o‘yin-mashg‘ulotlardan keyin jurnalistika fakulteti termasini tuzib, qo‘shni kolxozlarda paxta terayotgan boshqa oliy ta’lim muassasalari futbol jamoalarini musobaqaga chorlardi. U bugun ham, sakson yoshiga qaramasdan, talabayu hamkasblar bilan futbol o‘ynashni kanda qilmaydi.

Ishxonam (“Boshlang‘ich ta’lim” jurnali tahririyati) Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uyda joylashgan. Qavatimizda “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari tahririyati joylashgan. Uning bosh muharriri O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov uzoq vaqt “Sport” va “O‘zbekiston futboli” gazetalariga ham rahbarlik qilgan. Sportni yaxshi tushunadi.

Bir kuni ertalab ishxonaga kirayotsam, Saydi aka qavat yo‘lagida o‘zining mashhur “poxodka”sida u yoqdan buyoqqa yuribdi. Jahd bilan yuribdi. “Tinchlikmikan, yo Safar aka maqolasini bermadimikan”, degan gap lip etib xayoldan o‘tdi. Kecha gazeta chop etilgan shekilli, “O‘zbekiston ovozi”ning eshigi yopiq. 

Ustozga yaqinlashib, ko‘rishganda bildimki, qo‘lida qog‘oz taxlami – maqolasini olib kelgan ko‘rinadi. Yuzida bir qadar horg‘inlik, ko‘zlarida jahl aralash bezovtalik. Ko‘p vaqtdan buyon uni bu alfozda ko‘rmaganim uchun «tinchlikmi domla?», dedim. 

Ma’lum bo‘ldiki, tuni bilan uxlamay maqola yozib, endigina tahririyatga kirib kelgan joyida duch kelgan ekanman. Qalbdagi g‘alayon qog‘ozga tushsa-da, fikrining yarmi  qolib ketgan shekilli, chala so‘rashguncha gapira ketdi.

— Bir o‘ylab ko‘ring, nima yetishmayapti bularga? Hukumat shuncha sharoit yaratib berayotgan bo‘lsa, yangi stadionlar, katta-katta maoshlar... bu yoqda ishqibozlar tinimsiz qo‘llayotgan bo‘lsa. Insof ham kerakda... Shularni yozdim, e-e, xafa bo‘lishsa bo‘lar, lekin o‘ylab ko‘rishsinda endi...

Stadionu ishqibozlarni eshitib, domlaning kecha futbol bo‘yicha yurtimiz terma jamoasining o‘z maydonimizda jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘ldan boy berib qo‘ygani uchun jig‘ibiyron bo‘layotganini angladim. Tunda asabim buzilgan bo‘lsa-da, ertalab ishga kelguncha unutibman. Ustoz, haqiqiy fidoyi ishqiboz sifatida nafaqat unutmagan, uxlamasdan dardini to‘kib, o‘yinchilaru murabbiylarni insofga chaqirib, ularning g‘ururini qo‘zg‘ab maqola yozibdi! Bu singari bezovtalik zamirida, albatta, ezgulikka intilish bo‘ladi.

Saydi akaning shaxmatga ham ishqibozligi bor. Ijodkor shaxmatchilar davrasida tezkor o‘yini, musobaqalar tashkil etishini ko‘p bora eshitganman, ko‘rganman. Keyin bilsam, mahallasida ham faol ekan.

Saydi Umirov bugun muborak yoshda bo‘lsa-da, yozishda, izlanishda, sog‘lom turmush tarzida barchaga namuna bo‘lib kelmoqda. Ijodingizga, umringizga baraka, Ustoz! 

 

Halim SAYID

Surat muallifi Abdug‘ani JUMA