Muhabbatga qo‘yilgan haykal

Jizzax shahrida o‘zbek she’riyatining so‘nmas yulduzlari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimlarga qo‘yilgan haykalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston temir yo‘llari aktsionerlik jamiyati tomonidan ajratilgan maxsus poezd Toshkentdan Jizzaxga qarab yo‘l oldi. Ko‘tarinki kayfiyat, baxtli kunlar shukronasi chulg‘ab olgan poezdda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali rahbarligidagi yozuvchilar, shoirlar, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev boshchiligidagi san’atkorlar, O‘zbekkino jonkuyarlari, Badiiy akademiya a’zolari, rassomlar, haykaltaroshlar, poytaxtdagi muzeylar xodimlari, yetuk olimlar, jurnalistlar, Zulfiyaxonim shogirdlari, ulug‘ ustozlarning oila a’zolari, do‘stlari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bor edi.

Hammaning qo‘lida oltin kuzning rang-barang gullari. Barchaning tilida Hamid Olimjon va Zulfiyaning she’rlari, qo‘shiqqa aylangan ash’ori. Butun poezdimiz goh Hamid Olimjonning “O‘rik gullaganda”, goh “O‘zbekiston” she’riga bastalangan qo‘shiqlarini avj oldiradi. Zulfiyaxonimning esa “Bahor keldi seni so‘roqlab”ini, “Seni kuylayman, hayot”iga ulab yuboramiz. Shu ketishda maxsus poezdimizga bahor ham, baxt ham, muhabbat ham, armonu harorat, saodat-da hamrohlik qildi. Poezdimiz mehriquyoshlar yurti Jizzax temiryo‘l vokzaliga borib to‘xtaganda, karnay-surnaylar sadosidan yuraklar hapriqib ketdi. Atlas va adrasga burkangan go‘zal parilar egilib salom berib kutib turishi, gul ko‘targan yigit-qizlarning peshvoz chiqishi, Jizzaxga kirib borayotganimizda baxtiyor chehrali, quvnoq yoshlarning qo‘l siltab olqishlashi go‘yo “Mehmonlar kelishayapti”, deya, hammaga xushxabar tarqatayotgandek. Yuraklardan bu samimiyatga ehtirom taraladi:

— Assalom Jizzax! Qalbi bog‘laridek masrur, tog‘laridek mag‘rur yurt.

Arg‘uvonlaridek a’zam, archalaridek muazzam, havosidek dardlarga malham o‘lka.

Adlu adolat eshigi, muhabbat va she’riyat beshigi.

Oyqoridek musallam, Zominidek mukarram, Baxmalidek muazzam yurt.

Bir-biriga aslo o‘xshamas zamonaviy uslubda qurilgan va qurilayotgan binolar, gulzorlar yonidan o‘tib, o‘ziga xos dizayn bilan bezangan bog‘ ichiga kirib bordik. Bog‘ to‘rida sadoqat malikasi Zulfiyaxonim, ularning yonida baxt va bahor kuychisi Hamid Olimjon turibdilar. Ha, sevimli yori endi abadiy uning yonida. Ha, endi ularni hech bir qayg‘u ayirolmas, ruhlaridagi afsonaviy qushlarning qanotini hijron qayirolmas. 

Aziz ustoz Zulfiyaxonimning “To‘rga tashrif!..” deb boshlanuvchi she’rini xayolan takrorlayman:

Do‘st nigohda ko‘rsam o‘zimni

Malikaday to‘rda sezaman.

Bir oftob silab ko‘zimni,

Baxtlar vodiysida kezaman.

 

Iltifotli dillar taftidan

Ilhom qaynar misoli buloq.

She’riyatning yorqin taxtida

Ko‘rinishdan baxt bormi zo‘rroq?

Bugun Jizzax to‘yxonaga aylangan. Bugun Jizzax katta to‘ylar egasi. To‘yning esa  ta’riflay bo‘lmaydigan o‘z ufori, yoqimli hidi bo‘ladi. Bizni mana shu zavqu shavq o‘rab oldi.

Haykal ochilishi munosabati bilan bog‘ maydonida to‘plangan jizzaxliklarning ko‘zlarida shukrona, yuzlarida shukrona. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali tashrif buyurganlarni katta ehtirom bilan qutlab, tadbirni ochish va tabrik uchun so‘zni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovga berdi. Tabrikni tinglab, muhtaram yurtboshimiz rahbarligida millat ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti va san’ati rivoji uchun amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamidan yana bir bor mamnuniyat hissini tuydik. Mustaqil yurtimizning istiqlolini orzu qilib, asriy armonlarida o‘tganlar ruhi oldida  abadiy qarzdorligimizni takror-takror his etdik. Hamid Olimjon va Zulfiya she’riyatining boqiyligiga ishonch komil qildik. 

Maydondagi tabarruk maskan Xo‘ja Nuriddin madrasasida Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti va ijodiy faoliyatini o‘zida aks ettirgan muzey tashkil etilib, ishga tushgani mamlakatimiz madaniy va adabiy meroslari safini yana boyitdi. Muzeyning o‘ng tomonidagi maktabga Hamid Olimjon va Zulfiya nomi berilishi respublikamiz yoshlari uchun ibrat bo‘lishi shak-shubhasizdir.

Haykalning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar, Hamid Olimjon va Zulfiyaning kelini Rioyaxonim va boshqalarning aziz xotiralari, ehtiromga qorishiq so‘zlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. So‘zlar she’rlarga, she’rlar qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Hamid Olimjon she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarga barcha jo‘r bo‘ldi. Garchi atrofda oltin kuz, garchi qo‘llarda kuzning rang-barang gullari, ammo dillarda bahor, ko‘klam saltanati. Men ham she’rlarga, qo‘shiqlarga jo‘r bo‘laman. Xayolan deyman: “Tashakkur senga, ona xalqim, she’riyatni ulug‘laganing, muhabbatga haykal qo‘yganing uchun.  

Bu to‘y she’riyatning, so‘zning bayrami,

Toshlardan yo‘l ochgan izning bayrami,

Bahorning, ham oltin kuzning bayrami,

To‘ylar muborak bo‘lsin, Zulfiyaxonim.

Shoir-la turibsiz, bu chog‘ na go‘zal,

Borliq olam go‘zal, gul bog‘ na go‘zal,

Sizga hurmat go‘zal, ardog‘ na go‘zal,

To‘ylar muborak bo‘lsin, Zulfiyaxonim.

Siz oliy tarbiya, umri-da oliy,

Sog‘inchi-da oliy, sabri-da oliy,

Vasli-da oliysiz, hajri-da oliy.

To‘ylar muborak bo‘lsin, Zulfiyaxonim.

Elning shodiyonasi butun el kelar,

Oriflar, fozillar ahli dil kelar,

Dunyo shoirlari qo‘lda gul kelar,

To‘ylar muborak bo‘lsin, Zulfiyaxonim.

Olis-olislardan chorladik mehmon,

Jizzaxda tutashar yo‘llar qadrdon,

Bu to‘yning egasi — jon O‘zbekiston, 

To‘ylar muborak bo‘lsin, Zulfiyaxonim.  

 

Zulfiya MO‘MINOVA