Mo‘jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha. Uchinchi maqola

“Petro” paromi uch yuzga yaqin yo‘lovchini olib Misrdan Iordaniyaga qarab suza boshladi. Bugun yolg‘iz safar qilyapman. Na yo‘lboshchi, na tarjimon bor yonimda. Palubaga chiqaman. Garchi nomi Qizil bo‘lsa-da, musaffo, tiniq suvli dengiz meni tamomila maftun etdi. Shu payt parom radio karnayidan berilayotgan arab musiqasi to‘xtab, kema kapitani ingliz tilida e’lon qiladi: “Biz geometrik nol nuqtada suzib boryapmiz. Chapda Misr, o‘ngda Saudiya Arabistoni, yuqorida esa Isroil va Iordaniya. Shu nuqtadan barcha to‘rt davlat hududiy qirg‘oqlarigacha masofa bir xil”. Ha, bu ham Qizil dengiz ajoyibotlaridan biri edi.

 

Iordaniyaning Al-Aqaba shahri porti g‘oyat go‘zal. U menga Marsel, Monako, Sidney portlarini eslatdi. Binolar bir-biridan jozibador. Yo‘l, yo‘laklar turfa gullarga burkangan. Bandargohdagi xususiy suv laynerlari chiroyi ko‘zni qamashtiradi. Mana, ulardan biri tizginlangan joyga qora jip kelib to‘xtadi. Undan ikki ayol, uch-to‘rt quvnoq bolakay va po‘rim kiyingan ikki yigit tushdi. Men shundoq yonlarida ularni kuzatib tursam-da, go‘yo sezishmayotgandek bepisand o‘tib ketdilar. Oq mundirli kapitan mehmonlarni iltifot bilan kutib oldi. Ikki-uch daqiqa o‘tmay uch qavatli suv kemasi dengiz sari yengilgina suzib ketdi. 

— Janob Obidov sizmisiz?

Ovoz kelgan tomonga o‘girildim. Qarshimdagi kulib turgan yigitcha uzr so‘rab yo‘l boshladi.

— Sizni italiyalik sayyohlar guruhiga kiritganmiz. Petroga ular bilan borasiz. Sizni kutishyapti.

Avtobusga chiqishim bilan gid menga birinchi qatordan joy ko‘rsatdi.

— Vы iz Kazaxstana? – so‘radi u.

Omadni qarang. Sayyohlar guruhboshisi arab bo‘lsa-da, rus tilini yaxshi bilar ekan.

— Net, ya iz Uzbekistana, — dedim quvonchimni yashirmay.

Biz Al-Aqaba bo‘ylab qisqa sayrdan so‘ng katta yo‘lga chiqdik. Bu qadim Petroga boradigan tog‘ va dovonlardan o‘tadigan g‘oyat murakkab, ayni chog‘da takrorlanmas manzarali yo‘l edi.

Mening ismim Muhammad ekaniga shubha qilgan yangi do‘stimga pasportimni ko‘rsatgan edim, u meni quchoqlab oldi.

— Mening ham ismim Muhammad!

Italiyalik sayyohlar Muhammadning hikoyalarini eshitar, lekin savol berishmas edi. Men esa uni holi-joniga qo‘ymay savolga ko‘mib tashlardim.

— Men Iordaniyadagi haqiqiy arab badaviylari avlodi bilan uchrashmoqchiman. Petroga shuning uchun kelyapman.

Adashim taajjub bilan bir qarab qo‘ydi-yu, indamadi. 

Buning sababini safarimiz yakunida bildim.

Petro grekcha so‘z bo‘lib “tosh” degan ma’noni bildirar ekan. Aslida, olimlarning ta’kidlashicha bu shaharga eramizdan avvalgi to‘qqizinchi-ettinchi ming yilliklarda asos solingan. Lekin shahar haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalar eramizdan avvalgi ikkinchi, birinchi asrlarga tegishli. Bu yerda nabateylar yashagan davrlar haqidagi tosh bitiklar saqlanib qolgan va uni zamonamiz olimlari o‘qiganlar. Ularda yozilishicha nabateylar davrida Yamandan chiqqan karvonlar gullab-yashnagan Petroda to‘xtab, dam olib, so‘ng O‘rta dengiz tomon yo‘l olgan. Evaziga ular nabateylarga xaq to‘laganlar. Bu yerda savdo-sotiq rivojlangan, hunarmandlik ustaxonalari paydo bo‘lgan. Eramizdan avvalgi birinchi asrdan eramizning dastlabki yuz yilligi davrida Petro nihoyatda rivojlangan. Yaxlit tog‘ qoyalarida shu qadar go‘zal me’moriy inshootlar barpo etganlarki, uni bugungi texnik imkoniyat bilan ham qurish mushkul. Savdo karvonlari tosh shaharda jazirama issiqdan ham, cho‘l bo‘ronidan ham muhofazada bo‘lgan. Hashamatli saroyoldi maydonlarida oltin, kumush, mis, qimmatbaho toshlar bilan savdo qiladigan, ayirboshlaydigan bozorlar ishlab turgan. Hozir ham Petroning bosh maydonida qadimiy chizgilar, nusxalar asosida tayyorlagan kumush taqinchoqlar sotiladi.

Petro arxitekturasiga qadim yunon uslubi kirib kelishida shaharni eramizning 106 yilida bosib olgan Rim imperatori Troyaning xizmati bor, deb yozadi olimlar. Ularning ta’kidlashicha, Petro arxitekturasi shakllanishida dinning ta’siri katta bo‘lgan. Nabateylar otashparast edi. Ular marhum jasadini yoqib, kulini hashamatli binolar ichiga ko‘mib qo‘yganlar. Keyinroq, xristianlik kirib kelgach, bu qasr va saroylarga yanada tantanavor bezak va jilo berilib, ibodatxonalarga aylantirilgan. Petroni eramizning yettinchi-sakkizinchi asrlarida arablar egallagan. Islom dini hukmronlik qilgan o‘sha davrlarda bu binolar yana ahamiyatini yo‘qotgan. Dengiz savdo-sotiqning qulay, bexatar va arzon yo‘liga aylangach, Petroga keladigan karvonlar asta kamayib-kamayib, oxiri shahar savdo va ma’rifat markazi maqomini boy bergan. XII asrdagi zilziladan so‘ng esa, umuman, huvillab, o‘lik shaharga aylangan. 

Ajablanarlisi, XIX asrga qadar Iordaniyaning Sinay yarim oroliga tutash tog‘lar oralig‘ida, o‘n minglab yillar ilgari qurib qolgan dengizning, uch yuz metr chuqurlikdagi ostida Petro shahri bo‘lganini ulardan boshqa hech kim bilmagan. Aniqrog‘i, arablar avloddan-avlodga qoldirilgan bu sirni yashirib kelgan. 1812 yilda shveytsariyalik olim Yogan Burkghard Islom dinini qabul qilib, ismini Ibrohim deb o‘zgartirib ko‘chmanchi badaviylarni uni Petroga olib borishga ko‘ndiradi. Lekin bu yerdagi arxeologik qazishmalar 1924 yildagina, oradan yuz yil o‘tib boshlangan. Nihoyat, shahar ko‘chalari, bino inshootlari ularni ko‘mib qolgan qumdan tozalangach, 1985 yildagina YuNYeSKO tomonidan xalqaro madaniy meros sifatida e’tirof etiladi. 

Petrodagi katta va kichik, hashamatli va kamtarona inshootlarning har biri o‘qilmagan kitob, sharhlanmagan tarix. Ular haqida birgina maqolada ma’lumot berib bo‘lmaydi. Shuning uchun siz bilan  taassurotlarimni baham ko‘rmoqchiman. Ularning biri shaharga tushaverishdagi (kiraverish emas, chunki u chuqurlikda) Sek yo‘lagi. Bu balandligi 80-90 metr bo‘lgan ikki qoya oralig‘idir. U esa 3-5 metrni tashkil etadi. Yo‘lak torligi shaharga dushmanni kiritmaslikda qo‘l kelgan. Men kamida ikki ming yil avval Rim imperatori terdirgan tosh yo‘lakdan hayrat bilan o‘tib boraman. Qoyalar bir biriga intilgan bo‘lib, kamalakning yetti xil rangida. Quyoshning salgina nuri tushsa, ranglar jilosidan ko‘zingiz qamashadi. Petro “darvozasi”dan son-sanoqsiz savdo karvonlari, dushman lashkarlari, badaviylarning “yovvoyi” otlari, so‘nggi 20 yil ichida esa millionlab sayyohlar o‘tgan. Ammo silliqlanmagan marmar tosh yo‘lak, tabiatdagi barcha ranglarni o‘zida mujassam etgan qoyalar hamon o‘zligini yo‘qotmay insonlar ongini jumboqlarga “bog‘lab” turibdi. Sek darvozasidan xazina saroyigacha yana o‘nlab mo‘’jizalarni yoqalab o‘tasiz. 

Petroning bugungacha nisbatan yaxshi saqlangan saroylaridan biri — Xazina. Bu nomni unga badaviylar qo‘ygan. Ular shaharga birinchi bor kelganlarida bu saroy quyosh nurida oltinrang nur taratib tovlangan. Badaviylar uning devorlariga oltin qoplangan deb o‘ylagan va darhol xazina deb qichqirganlar. Lekin quyoshni baland qoyalar to‘sib qolgach bilganlarki, bino yaxlit tosh qoyaga o‘yib ishlangan. Sayyohlar qatori men ham uning qarshisida suratga tushdim.

Xazina saroyi kiraverishida oltita marmar ustun peshtoqdagi kungurador bezaklarni, undan yuqorida yana uch juft ustunlarga o‘rnatilgan uchta shiftni ko‘tarib turadi. Eng yuqori – o‘rtada sharsimon tosh. Nabateylar uni yil deb ataganlar. Uning ostida, ikki shiftning ikki yonida to‘rtta hayvon tasvirlangan. Bu – fasllar. Ikkinchi qavat o‘rtadagi ikki ustun shiftidan 12 ta barmoq chiqarilgan. Bu – oylar. Xazinaning har ikki qavati peshtoqlarida 365 ta to‘rtburchak bezaklar bor. Uni nabateylar kunlar deb izohlaganlar. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, 8-10 ming, balki undan ham ilgariroq yashagan nabateylar ilmli xalq bo‘lgan. Aks holda, tog‘ bag‘riga geometriyadagi parallel, simmetrik kabi qoidalar asosida biron-bir nuqsonsiz tosh saroylar bunyod etolmasdilar.

Petroda inson aqlini “o‘g‘irlaydigan” tog‘ni kesib yasalgan (qurilgan emas) bir butun uch ming o‘rinli amfiteatr, odamlar va otlarning shakli tushirilgan tosh haykallar, mozaika bilan zeb berilgan xilxonalar, aylanma zinalar, uy o‘rnida foydalanilgan g‘orlar... eh-he, qancha yodgorliklar bor, sanab sanog‘iga yetmaysan. Kamina tog‘u toshda yuraverib oyog‘i qavarishi, issiqdan (men bu yerda bo‘lgan sentyabr oyi oxirgi kunlarida harorat 45 darajadan yuqori edi) tomoq qurishi, charchoqdan holsizlanishiga qaramay, ko‘proq narsa ko‘rgisi, bilgisi kelardi.

Petro badaviylarining taqdiri nima kechgan, dersiz. 1980—1990 yillarda bu yerga asta-sekin sayyohlar kela boshlagach, hukumat ularni shahardan 10-15 chaqirim nariga chiqargan. Lekin Petroda badaviy chavandozlari mag‘rur arab otlarini yetaklab kelib sizga taklif etadi. Axir shahardan yuqoriga chiqish uchun yana 4-4,5 kilometr piyoda ko‘tarilish kerak. Shunda 40 dollar to‘lab yo‘lning birinchi yarmini ot-aravada, yana 20 dollar to‘lab ot choptirib yuqoriga yetib olish mumkin. Siz-chi, deb so‘rayapsizmi? Shu yerga kelganda, xasisligim tutdimi yoki avval iqtisod, keyin halovat dedimmi, bir soatu qirq besh daqiqada avtobusimiz turgan maydonga piyoda yetib bordim va... kechki ovqatsiz qoldim.

Ochig‘i, bir necha kunlik sayohatda ko‘chmanchi arab beduinlar hayoti bilan yaqindan tanishib bo‘lmasligiga ishonch hosil qildim. Agar Yaratgan umr va salomatlik bersa, kelgusi safar bir muddat ular bilan birga yashab ko‘raman, degan maqsad paydo bo‘ldi ko‘ngilda.

 

 

 

Misr va Iordaniya cho‘llaridagi  taassurot va ichki kechinmalarim bitilgan satrlar bilan toqat qilib tanishgan aziz o‘quvchilarga minnatdorlik bildirib,

 

Muhammadjon OBIDOV,

Daxob, Taba (Misr), Petro (Iordaniya)

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.