Mo‘jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha. ikkinchi maqola

Inson aql-zakovati bilan yaratilayotgan texnologiyalar tufayli zamon soat sayin o‘zgarib bormoqda. Hamma narsa o‘zgaryapti. Avvalo, turmush tarzi. Ammo asrlar davomida “o‘zligi”ni saqlab kelayotgan xalqlar ham bor. Ko‘chmanchi arab – badaviylar shular jumlasidandir.

 

  Men ko‘rgan badaviylar haligacha elektr quvvatidan foydalanish o‘rniga moychiroq yoki gulxan yoqadi. Mashinadan ko‘ra tuya va otlarni afzal biladi. Farmatsevtika mahsulotlaridan umuman foydalanmay, cho‘l o‘simliklari, uning tomir yoki gulidan tayyorlangan dori-darmonlarni qo‘llaydi. Asosan, choy ichadi va u qanday choyligini bilsangiz edi...

Badaviylar Misr, Iordaniya, Suriya, Livan kabi arab mamlakatlari va qisman Isroilda yashaydi. Ular qaysi davlat hududida bo‘lmasin, qabila-qabila bo‘lib umrguzaronlik qiladi. Misr badaviylarning ko‘plab qabilalarini bag‘riga olgan. Ularning qanchaligi aniq emas. Lekin rasmiy ma’lumotlarda Misr badaviylari 100-150 ming nafar, deb taxmin qilinadi.

Badaviylar o‘ziga xos hayot tarzi va qoidalari asosida yashaydi. Ular bilan yuzma-yuz bo‘lish uchun Qohiradan Sinay yarim orolidagi Sharm ash-Shayx shahriga bordim. 

Sharm ash-Shayxni Yer yuzidagi go‘zal shaharlarga qiyoslagim keldi. Shaharda atigi 24 ming aholi bor. Lekin ularning hech biri bu yerda muqim yashash huquqiga ega emas. Ular Qizil dengiz bo‘yidagi o‘nlab kurort-mehmonxonalar hamda shahardagi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ishlaydi va bu yerda vaqtincha yashaydi. 

Qizil dengiz suvining shaffofligi, bu yerdagi suv osti olami va ming turfa baliqlarni ko‘rmay ketish “gunoh” edi. Savdolashib yurib 550 funt (31,2 dollar)ga oynakli, suv ostida nafas olish moslamasi bo‘lgan “niqob” sotib oldim. “Concord” mehmonxonasining xususiy cho‘milish hududida dengiz ostiga sho‘ng‘ib, bir umr unutilmas hayratomuz manzaraga duch keldim...

Darvoqe, Misr badaviylari ikki katta urug‘ga bo‘lingan. Biri Sinay yarim oroli cho‘llaridagi ko‘chmanchi qabilalar. Ikkinchisi, Qizil dengiz yoqalab ko‘chib yuruvchi, ba’zida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi arab qabilalari. Sharm ash-Shayxdan mashinada ikkinchi urug‘ qabilalarini izlab Dahab shahri tomon yo‘lga tushdim.

Sinay yarim oroli o‘tgan asr ikkinchi yarmida ma’lum muddat Isroil tasarrufida bo‘lgan. Aniqrog‘i, Isroil o‘ziga qulay qo‘shnisi Misrning bu olis hududini bosib olgan. Faqat 1974 yildagina Anvar Saodatning tinchlik sulhi uni yana Misrga qaytargan. Sharm ash-Shayx — Dahab avtomobil yo‘li o‘sha yillari qurilgan. Ikki tomonlama, ikki qatorli ravon yo‘ldan rohat qilib yuradi mashina.

Sharm ash-Shayx — Taba yo‘li bo‘yida bir necha kichik-kichik aholi punktlarini uchratdim. Uylarning oyna va eshiklari ochiq turar, hech kim yo‘q edi. Yo‘lboshlovchining aytishicha, 2007 yilda Husni Muborak farmoni bilan bu yerlarda badaviylar uchun 2-3 xonali ixcham uylar qurilgan va bepul berilgan. Agar ko‘chmanchilar shu uylarda muqim besh yil yashasa, ularga pasport va fuqarolik berish va’da qilingan. Lekin sahroyi hayotga ko‘nikkan badaviylar bu uylarda bir oy ham turmagan va yana tog‘ etaklari, qum barxanlari uzra chodirlarini tikib ketavergan. Shundan buyon 20-25 uydan iborat mavzelar huvillab yotardi.

Nihoyat, yana 80-90 kilometr yo‘l yurgach, chap tomondagi tog‘lar bag‘rida bir necha chodir tikilgan tekislik ko‘zga tashlandi.

— Bu yerda yoz bo‘yi badaviy qabilalaridan biri istiqomat qiladi, — dedi hamrohim Abdulla. U Sharm ash-Shayxga kelgan rossiyalik sayyohlarga xizmat qilaverib, rus tilini bir muncha o‘rganib olgandi. — Yolg‘iz kirmaylik. Biror sayyohlar avtobusini kutaylik.

Abdullaning xavotir olishi bejiz emasdi. Dahab va undan shimolda, Isroil chegarasidagi Tabe shaharchalari atrofida badaviylar xorijlik sayyohlarni o‘g‘irlash, so‘ng ularni narkotik moddalar savdosi bilan qamalgan qabiladoshlariga almashtirish hollari ro‘y berib turarkan.

Nihoyat, sayyohlar tushgan avtobus katta yo‘ldan badaviylar qarorgohi tomon qayrildi. Biz ularga ergashdik. Uch tomoni baland-baland tog‘lar, o‘rtada chamasi 1-1,5 gektar keladigan yassi sath. Bu yerda bir necha chodir, cho‘lning tikanak novdalaridan o‘rab olingan qo‘rg‘on turardi. Uzoq-uzoqda qo‘ra-qo‘ra qo‘y boqayotgan erkaklar ko‘zga tashlanadi. Bizni boshida oq salla, ustida uzun oq ko‘ylak kiygan, yuzi qotma, ko‘zlari chaqnagan, lekin ochiq ko‘ngil bir badaviy kutib oldi.

Qo‘rg‘on ichiga aylana qilib qo‘y yungidan to‘qilgan sholcha tashlab qo‘yilgan. Bizdagi kabi lo‘la bolishlar ham bor. Endi o‘tirgan ham edik, bir o‘spirin kelib oldimizga choy qo‘yib ketdi. 

— Ular bizni siylayapti, — dedi Abdulla. — Siz tortinmay ichavering. Bu choy ming dardga davo.

Men ehtiyotkorlik bilan choyni ho‘pladim. Uning ta’mi taxirroq bo‘lsa-da, qaysidir, men ilgari uchratmagan giyoh hidi kelardi. Shu payt haligi sayyohlar badaviylar oilasini “qurshov”ga oldi. Hali u yoqdan, hali bu yoqdan suratga olishar, tosh va giyoh novdasidan qo‘lda yasalgan bilak, quloq va bo‘yin taqinchoqlarini talashib-tortishib sotib olar edilar.

Nihoyat, bizga ham navbat keldi. Avvaliga u-bu sotib olgan bo‘ldik. (Bu muloqot qilish uchun kerak edi). Keyin oila boshlig‘ini savolga tutdim.

— Biz Al-Abbad urug‘ining Jabal qabilasidanmiz, — deydi u. — Garchi asosiy mashg‘ulotimiz, ya’ni tirikchiligimiz qo‘y boqish bo‘lsa-da, qisman dengiz bo‘yida baliq ovlaymiz, sayyohlar suv ostiga tushishida yordamlashamiz. Siz suv ostiga tushishni istamaysizmi? O‘g‘lim Ibrohim hozir “moviy o‘ra”da. Borib unga ayting. Otang buyurdi, bizni “moviy o‘ra”ga olib tush, deng. Mana ko‘rasiz, hech afsuslanmaysiz.

Men Abdullaga qaradim. U Dahabdan 20-25 chaqirim narida million yillar muqaddam Qizil dengiz qirg‘og‘idan vulqon otilib chiqqani, uning o‘rnida 1800 metr chuqurlikdagi o‘ra bo‘lgani, hozir bu o‘ra suv ostida qolgani va u yerda takrorlanmas va noyob manzarini ko‘rish mumkinligini aytdi. 

Badaviylar oilasida ayollar tuyalarga qarar va bola tarbiyasiga mas’ul. Qariyalar esa bolalarga Qur’oni Karimdan saboq beradilar. Badaviylar qaysi qabila yoki urug‘dan bo‘lmasin, sunniy mazhabiga mansub.

— O‘g‘lim uylanadigan. Qo‘shni qabiladan qiz ham topganmiz. Endi qalin to‘plashimiz kerak.

Badaviylarda to‘y kuni kelinga bir tovoqda oltin taqinchoqlar va uning ota-onasiga qalin (tuya, ot, qo‘y) berish lozim ekan. Oila boshlig‘i bu udumga biz ham ozgina bo‘lsa-da, “ulush” qo‘shishimizdan umidvor edi.

— Biz Ibrohimning oldiga albatta boramiz, — dedim men uni biroz xotirjam qilib. Bu gap unga ma’qul keldi shekilli, o‘rnidan turib gulxan yoqdi. Eski, qoraygan mis idishda suv qaynatib turli giyohlardan solib astoydil choy damladi. Keyin Abdulla bilan nimalar haqidadir tortishgan bo‘ldi.

— Choyga bir oz... qoradori (cho‘l giyohlari ichida shunday xususiyatli o‘simliklar ham bo‘lar ekan) qo‘shaymi, deb so‘radi. Men sizni ko‘nmaydi, u hoji, dedim. To‘g‘ri qilibmanmi?

Men Abdullaning so‘zlarini ma’qullab, beduinga “no-no” dedim. Biz kulishdik. Shundog‘am choy ichganim sari badanim qizib borayotgandek edi.

Biz Dahab shaharchasidan o‘tib yana dengiz bo‘ylab “moviy o‘ra” tomon ketardik. Taxminan 30 kilometrlar yurgach, asfalt yo‘l tugab, yolg‘izoyoq so‘qmoq boshlandi. Shu yerda 10-12 chog‘li oqtuyalar pishqirib yotardi. Bizni ko‘rgan yo‘lboshchilar biri-biriga so‘z bermay baravar gapira ketdi. Abdulla bir baqirgan edi, hammasi tinchidi. So‘ng ularning biri bilan savdolashdi. Yo‘lboshchi bizni “moviy o‘ra”ga tuyalarda olib boradigan bo‘ldi.

Rosti, tuya minib o‘rganmaganman. Qohirada, Piramida yonida tuyada bir necha bor sayr qilgandim. Ammo u qisqa muddatli edi. Endi esa oyoqda uzangisi yo‘q tuyada uning lo‘ka-lo‘k tebranib yurishiga manzilga yetguncha chidash lozim.

Mana, uzoqda, bir tomoni qoyali tog‘ yonida, dengizning qoq qirg‘og‘ida suv rangidan o‘zgacha, tiniq va moviy doira ko‘rindi. Vo ajab! Qizil dengiz-ku, boshqalaridan sayoz emas, ichkarisi 1500-1600 metrgacha chuqur ekan. Lekin dengiz qirg‘og‘ida 1800 metr chuqurlikdagi diametri chamasi 50 metr bo‘lgan moviy o‘ra — haqiqiy mo‘’jiza edi.

Ibrohimni topish qiyin bo‘lmadi. U endigina bir guruh sayyohlarni dengizdan olib chiqib turgan ekan. Abdulla unga otasidan salom aytdi.

— Yana biroz ishlasam, qabilaga qaytaman. Dengiz jonga tegdi. Quyosh botayotganda qum va tog‘lar qanday rangga kirishini bilasizmi? Haqiqiy kamalak rangiga kiradi. Shu daqiqada uni kuzatish qanchalar yoqimli?!

Ibrohim yosh, lekin qomati raso, bilagida muskullari bo‘rtib chiqqan, qo‘ng‘ir sochlarini ortga boylagan, doim kulib turadigan yigit edi. Uning ko‘chmanchi arablar uchun muqaddas manzaralardan biri — quyosh botishi haqidagi hayrat va zavq bilan aytgan gaplari ham qalbining to‘ridan chiqardi. Ibrohim haqiqiy badaviy edi.

— Mana bularni kiyib oling, — dedi u menga suzish oson bo‘lishi uchun po‘kak kamzul berib. Men niqobimni ham taqib oldim. — Endi asta-sekin huv ana bu yerdan suvga tushamiz. Men yoningizda suzaman.

Shu payt dovyurakligimni isbotlamoqchi bo‘lib Ibrohimning taklifini rad etdim.

— Sharm ash-Shayxda ham suzib ko‘rganman. Dengizga o‘zim tushaman.

Men suvga tushgan joy moviy o‘radan 150 metrlar narida edi. Qirg‘oqdan 15-20 metrlar ichkariga suzib borgach, yuzimni suv ostiga burdim. Yo alhazar?! Dengiz osti ming bir rangda va shaklda toblanadigan karaldan iborat edi. Oq, qora, qizil, sariq, ko‘k, chipor rang baliqlar to‘da-to‘da suzib yurardi. Men ular ortidan quvaman, lekin yetolmayman. Yana takrorlanmas me’moriy mo‘’jizalarni kuzataman. Ie, anavilar, hov uzoqda, dengiz tubiga qarab suzib ketayotganlar akvalanglar-ku! U yerlarda qanday manzaralar bor ekan-a? Suv yuzasida bo‘lsam-da, ular ketidan qolmaslikka harakat qilaman. Shu payt yonimdan kattagina qop-qora baliq o‘tib ketayotib tizzamga urildi shekilli, jaz etgandek bo‘ldi. Suv yuzasiga chiqib, boshimni ko‘tardim. 

Birdan tok urgandek seskanib ketdim. Men “moviy o‘ra”ning qoq o‘rtasida edim. Ostimda 1800 metrli chuqurlik! Qirg‘oq olisda. Kamida 100 metr suzib borish kerak. Atrofimda hech kim yo‘q. Qo‘rquvdan yuragim yorilayozdi. Boshimni suvga tiqdim. Endi baliqlarni ham, karallarni ham ko‘rmasdim. Tublik. Cheksiz tublik edi xolos ostimda. Suza boshladim. Lekin oyoq-qo‘lim go‘yo ishlamayotgandek, qancha harakat qilmay joyimda turgandek edim.

Shu tariqa qancha vaqt o‘tdi, qanday qilib suzdim, bilmayman. Faqat qirg‘oqni mo‘ljalga olganimga amin edim, xolos. Bir payt baquvvat qo‘l bilagimdan tutdi. Boshimni suvdan ko‘tardim. Qarasam, Ibrohim. Xayriyat, qirg‘oqqa yaqin kelib qolibman. Meni kuzatib turgan Ibrohim suzishimdagi pala-partishlikni ko‘rib o‘zini dengizga otibdi. Qirg‘oqqa 15-20 metr chamasi qolganda u meni shatakka olgan.

Qirg‘oqdagi turfa rangli toshlarga, demakki, yerga, ona tuproqqa oyog‘im tekkanida qanchalar quvonib ketganimni bilsangiz edi...

Mendan niqob va kamzulini yechgan Ibrohim chodirga qarab yugurib ketdi. Abdulla nimalardir der edi. Lekin go‘yo quloqlarim tom bitgandi. Lablarimni qaynoq choy kuydirganida hushimga keldim. Abdulla va Ibrohim tashvish bilan menga tikilib turar edi.

Ayb o‘zimda. Maqtanchoqlik qildim. Lekin na Abdulla, na Ibrohim buni yuzimga soldi. Aksincha, meni bo‘lib o‘tgan voqeadan chalg‘itishga harakat qilardi. Chodirga kelganimizda Ibrohim do‘mbirani qo‘liga olib bir ohangda chala boshladi. Qirg‘oqdagi 5-6 nafar badaviy do‘mbira ovozini eshitib kela solib o‘yinga tusha ketdi. Harakatlar kuy shashtiga mos edi. Biz qarsak chalardik. Ulardan biri kelib meni davraga tortdi. Men endi hammasini unutib badaviy yoshlari bilan do‘mbira sadolariga mos tebranib raqs tushardim.

Kun kech bo‘ldi. Gulxan olovida toblab pishirilgan baliq yeb hordiq chiqardik.

— Dam olish kerak, erta tongda Qizil dengizni paromda kesib o‘tasiz. Sizni Iordaniyaning Al-Aqaba shahrida kutishyapti, — dedi Abdulla.

Biz yana tuyalarga mindik. Ibrohim mashinamiz qolgan joygacha men mingan tuyani yetaklab bordi. 

Tuni bilan yo‘l yurib, dastlab Nuveyba shaharchasidan o‘tdik, so‘ngra Isroil bilan chegarada joylashgan Taba shaharchasidagi dengiz portiga yetib keldik. Qirg‘oqda turgan “Petro” nomidagi parom bir pishqirib qo‘ydi. Tog‘lar ortidan quyoshning kuchsiz nurlari mo‘ralay boshladi.

 

Muhammadjon OBIDOV,

Misr, Sharm ash-Shayx — Dahab — Taba