Sharof Rashidov hayotidan lavhalar

Sharof Rashidovning asl tanlagan kasbi jurnalist bo‘lgan. U kishi 1939 yili Samarqand universitetini bitirib, viloyat gazetasiga ishga kelganlar.

 

Ko‘p o‘tmay, urush boshlangach, frontga chaqirilgan. Zarur harbiy tayyorgarlikdan so‘ng, Moskva yaqinida, Kalinin frontida jang qilgan. 

Janglarning birida og‘ir jarohatlanib, uzoq vaqt gospitalda davolangan. Harbiy komissiya u kishini bundan buyon janglarda qatnashishga ruxsat etmay, uyga qaytarib yuborgan. 

Demak, jarohat jiddiy bo‘lgan ekan. 

Urushdan o‘z yurtiga, Jizzax shahri yaqinidagi kolxozga qaytgach, uyida davolanishni davom ettirgan. Nihoyat, hassaga tayanib, hamma qatori dalaga chiqib, ishlay boshlaganlar. Nogiron jangchi brigada hisobchisi etib tayinlangan. 

Urush vaqtidagi ahvol front ortida ham nihoyatda og‘ir kechgan. 

Ketmon chopgan yigitlarning aksariyati frontda, paxta tashvishi ayollar va keksalar zimmasiga tushgan. Hamma ish ketmon bilan bajarilar, traktor degan narsa yo‘q, bori ham front ehtiyoji uchun olingan. Uning ustiga oziq-ovqat taqchil, kolxoz mehnatchilarga ish haqiga hech nima berolmas, odamlar kichkina tomorqasidan kun ko‘rar edi. 

Paxta — urush uchun eng zarur xomashyo ekanini hamma tushunardi. 

Paxtadan porox tayyorlanishini hamma bilardi. 

Sharof aka el qatori erta tongda dalaga chiqar, hassasini bir chetga qo‘yib, hisob-kitobini qilardi. Jarohati boshqa biror jismoniy ish qilishga imkon bermasdi. Uning ustiga dori-darmon yo‘q, jarohatni o‘raydigan bint ham anqoning urug‘i edi. Hamma nogironlar qatori Sharof aka gospitalda ishlatgan eski bintni har gal yuvdirib, qayta-qayta ishlatardi. 

U kishi dalaga harbiy libos – gimnasterka va galife shimda chiqar ekanlar. Bir kuni Sharof aka ishlab turgan dalaga mashina kelib to‘xtaydi. Undan bir amaldor tushib, u bilan ko‘rishadi, jarohatini ko‘zdan kechiradi.

— Uka, urushga ketguncha, qaerda ishlagansiz? – deb so‘raydi. 

— Viloyat gazetasida, — deb javob qiladi Sharof aka.

— Iya, shundaymi? Gazetachimisiz? Ertaga ertalab Samarqandga borib, to‘g‘ri mening oldimga keling. Gazetani chiqarasiz. 

Bu odam viloyat rahbari Nosir Mahmudov edi.

Ertasiga Sharof aka aytilgan joyga yetib borganlar. Qo‘llarida kichkina tuguncha — bor kiyimlari, dori-darmonlar, u kishi uchun uyda ataylab yopilgan bir nechta non bor edi.

Sharof aka viloyat rahbariga uchrashgan. Rahbar darhol bir odamni chaqirib, kerakli topshiriqlarni bergan. Bu odam eng muhim narsa — Sharof akaga yotadigan joy topib berishi va kundalik taomini hal qilishi kerak edi.

O‘sha paytda Samarqandda birorta mehmonxona haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Nafaqat shifoxonalar va mehmonxonalar, hatto, maktablar, idoralar — gospitallarga aylantirilgan bo‘lib, ularda urushda majruh bo‘lgan, og‘ir yaradorlar yotardi. Hamma uy-joylar zichlashtirilib, yurtimizga g‘arbdan, dushman bosib olgan joylardan evakuatsiya qilingan odamlar joylashtirilgan edi. Ba’zan, bir xonada ikki oila, uy sohibi bola-chaqasi bilan va ko‘chib kelgan oila bola-chaqasi bilan yashardi. Ko‘chib kelganlarni joylashtirish bir muammo bo‘lsa, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, ishga joylashtirish yana ham og‘irroq muammo bo‘lgan edi. 

Sobiq va ayni paytda yangi muharrirning masalasi harqalay hal qilindi. 

Ilgari Sharof aka ishlagan tahririyat ham og‘ir sharoitda bo‘lgan. Butun jamoa atigi bitta kichkina xonaga joylashgan.

Gazeta esa chiqmay, to‘xtab qolgan ekan.

Xonani yana siqishtirib, bitta krovat joylashtirilgan. Bu joy — ham tahririyat, ham Sharof akaning ish joyi va yotoqxonasiga aylangan.

Ishxonada erkaklar qolmapti. Hammasi urushga safarbar etilgan. 

Gazeta faoliyati uchun mavjud boshqa kamchiliklarni aytmasa ham bo‘ladi. Urush davrini boshidan kechirganlar buni yaxshi tushunadilar.

Viloyat rahbari Sharof akaning oziq-ovqat ta’minoti masalasini ham hal qilibdi. Har haftada ungi 2 kilogramm un va 200 gramm yog‘ ajratiladigan bo‘libdi.

Nihoyat, tashkiliy ishlar shu bilan yakunlangan. 

Endi navbat gazeta chiqarishni yo‘lga qo‘yish edi.

Gazeta chiqarish nima ekanini matbuotchilar yaxshi biladi. Urush vaqtida esa, frontdan nogiron bo‘lib qaytgan Sharof aka uchun nihoyat darajada qiyin bo‘lganini ta’kidlash kerak.

Nihoyat, gazeta chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

Odamlar bilan til topib ishlash, tashkilotchilik, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, fidoyilik, kasb mahorati, sabr-toqat kabi sifatlari Sharof akaga bu vazifani a’lo darajada bajarishiga yordam bergan.

U kishi urush tugaguncha, mamlakat o‘zini biroz tiklab olgunga qadar shu ahvolda yashab, ishlagan. 

Urush tugashi bilan Sharof aka (1947 yil) respublikaning otaxon gazetasi — “Qizil O‘zbekiston”ga bosh muharrir etib tayinlangan. 

1949 yili respublika Yozuvchilar uyushmasiga rahbar etib saylandi. 

1951 yili esa O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumiga rais bo‘ldi! 

1959 yildan umrining oxirigacha respublikamizga rahbarlik qildi. 

Sharof Rashidov boshchilik qilgan vaqtda O‘zbekiston iqtisodiyoti beqiyos darajada o‘sdi, madaniy-ma’rifiy sohalarda katta tadbirlar amalga oshirildi. Respublika xalqaro miqyosda katta mavqega erishdi. Yirik xalqaro yig‘inlarning O‘zbekistonda, Toshkentda o‘tkazilishi oddiy holga aylandi. 

1965 yilgi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv dunyoni jiddiy tashvishga solgan edi. To‘qnashuv ikkala mamlakat rahbarlarining Toshkent shahrida uchrashuvini tashkil etish va ular o‘rtasida sulh haqidagi bitim imzolanishi bilan yakunlandi. 

“Toshkent ruhi” nomi bilan tarixga kirgan bu uchrashuvni tashkil etishda Sharof Rashidov katta jonbozlik ko‘rsatgan edi. 

U kishining xalqaro sohadagi faoliyati alohida mavzu.

Sharof aka o‘z hamkasblari — jurnalistlarni juda e’zozlar, ularning ishi nihoyatda mas’uliyatli ekanini doim ta’kidlar edi. Men (chorak asr davomida O‘zbekiston televideniesi “Axborot” dasturining rahbari sifatida) respublikamizda bo‘lgan deyarli barcha muhim tadbirlarda ishtirok etganman va ularni yoritish yuzasidan Sharof Rashidov bilan muntazam muloqotda bo‘lganman. 

Har gal tadbir boshlanishi arafasida Sharof aka jurnalistlar bilan uchrashar, samimiy kayfiyatda “Har qachongidek, “Axborotchilar bizdan oldin kelishipti, ofarin!” derdilar. Telejurnalistlar bilan ko‘rishib, “Qalay, tayyormisizlar? Bizga qanday xizmat bor?” deb so‘rar edilar. Mazkur voqeani matbuot yoki televidenie orqali yoritilishi u kishiga ma’qul kelgan bo‘lsa, darhol jurnalistni yonlariga chaqirib, minnatdorchilik bildirar edilar. 

Bu yil Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanishi Sharof akaning ruhini shod etish bilan birga, uning safdoshlari va shogirdlarining ko‘nglini ko‘taradi, xalqimizning adolatga, kelajakka bo‘lgan ishonchini yana ham mustahkamlaydi.

 

Anvar TOJIYEV,

faxriy jurnalist

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.