FERMER KUYLAGAN QO‘SHIQ

Qayerlardadir ayollar tirnoqlariga gullarning suratini chizdiradilar. Sochlariga ming xil jilo beradilar. Yuzlaridagi ajinlarni yo‘qotib, atrofdagilarga chiroyli ko‘rinish uchun qaltis jarrohlik operatsiyalariga millionlab pul sarflaydilar. Ayrimlari terilarini tekislash uchun qirq kunlab asalli sutga cho‘milar emish. Qaysisidir Qora dengiz sohilidan halovat topsa, boshqasining orzusi Aypetri qirg‘oqlari-yu, Sharm ash-Shayx oqshomlari, Marmara mavjlariyu Gavaya orollari bo‘ladi.

 

Farg‘onaning Oltiariq tumanidagi “Nurliobod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova uchun bu xayollar mutlaqo begona. Uning zavqi, huzur-halovati paxtazoru bug‘doyzorlarida. Uning yurak torlari ko‘rinmas tolalar bilan paxtaning, bug‘doyning ildizlariga bog‘langandek. U qishin-yozin dalasining boshida bo‘ladi. Inson sog‘lom bo‘lishi uchun tonggi havodan to‘yib nafas olmog‘i, mayin shabboda esib turgan dalalarda ertadan kechgacha piyoda yurishi kerak. To‘g‘ri, ayol chiroyli bo‘lishi shart. Ammo tashqi go‘zallik, qalb go‘zalligini yeb qo‘ymasligi lozim. Faqat tashqi taassurot bilan inson qalbini zabt etib bo‘lmaydi. Odamlarning yuragidan joy olish uchun ularga mana shu bug‘doyzordek, paxtazordek, suv bilan havodek kerak bo‘lish darkor. Elning quvonchlari, iztiroblariga daxldor bo‘lmog‘i lozim. Ha, Lolaxonning quvonchlari iztiroblari kabi ko‘p. To paxta yig‘im-terimi boshlangunicha chekilgan mashaqqatlari, to‘kkan terlari... 

Lolaning katta dushmani g‘o‘zaga tushadigan shiracha, kapalak qurti, qandala degan zararkunandalar. Keyingi yillarda ayni paxta gulga kirganda shira bosadi. Shiraga qarshi takror-takror dori sochiladi. Bu yil samolyotdan, traktordan sepgan dorilar kor qilmadi. “Presstij”, ”Trixogramma“, ”Oltin kuz”, “Xonqizi”, “Benzasuper”, “Bagira” kabi biomahsulotlar befoyda ketdi. U dori uchun ishlatiladigan xarajatni sarflab bo‘ldi. Bu pullarga bitta traktor sotib olish mumkin edi. Endi erkin nafas olay deb tursa, bir haftadan keyin yana hasharot g‘uvillay boshlaydi. Bu turishda barcha dalalardagi g‘o‘zalar nobud bo‘ladi. Bunday paytlar Lola uyqu bilmaydi. 

Zararkunandalarga qarshi biomahsulot yetishtirib beradigan xususiy biofabrikalar bu gal ham ojizlik qildi. Mo‘r-malaxdek yopishgan hasharotni yo‘q qilish uchun, nahotki, olimlar biror ixtiro qilolmaydi. Qancha desa shuncha pul berishga rozi bo‘lsak, axir zaharli dori uchun ham pul to‘layapmiz-ku...

Lola Murotova so‘nggi chorani qo‘lladi. Endi odamlarga naqd pul berib, qurtlarni terdirishga kirishdi. O‘z ishchilariga ham, ko‘ngillilarga ham bir dona kapalak qurti uchun 500 so‘m beradigan bo‘ldi. “Bu turishda hisobimizda bir tiyin ham qolmaydi”  deb dodlaydi hisobchi Komiljon Rustamov. Bir kunda 5 milliongacha, natijada 260 million so‘m pul kapalak qurti teruvchilarga berildi. Xazinadagi mablag‘ sarflab bo‘lindi. Dalalar tozalandi. Lekin Lolaxon deyarli har kun g‘o‘za qator oralarini birma-bir ko‘zdan o‘tkazadi. Nihoyat, barcha dalalari toza chiqdi. Yam-yashil g‘o‘za yaproqlarini ko‘zga surtar ekan, keng dalaning o‘rtasida Ollohga iltijo qila boshladi: “Ey Yaratgan egam, o‘zing ahvolimizni ko‘rib turibsan. Ko‘pning rizqini asragin!”. Lolaxon shu so‘zlarni aytib yig‘lar ekan, oq durrachasini boshidan olib ko‘zlariga bosdi. Ro‘mol yechilgach, yelkalariga shov etib qum to‘kildi, gavhar sochlari sirpanib yelkasi uzra tushdi. Sochlardan taralgan muattar bo‘y keng dalalarni xush iforlarga g‘arq etdi.

U dalalarsiz umrini tasavvur etolmaydi. Chunki uning hayoti hali tug‘ilmasidanoq, mana shu muqaddas dalalar bilan bog‘lab qo‘yilgan edi...

prp

Dalada kun bo‘yi ishlaydigan Ne’matjonning xayoli uyida. Ayoli Naimaxon og‘iroyoq. Bugun-erta ko‘zi yoriydi. Shunday paytda uning yonida bo‘lolmagani uchun yigitning vijdoni qiynaladi. Ayoli — uning bu dunyoga kelib topgan baxti. Ne’matjon ayolini erkalatib — azamatim deydi. Garchi bu so‘z mard erkaklarga nisbatan ishlatilsa-da, Ne’matjon xotiniga shu so‘zni loyiq ko‘radi. Chunki Naimaxon ba’zi erkaklar eplay olmaydigan ishlarni imi-jimida bajarib qo‘yadi. Masalan, uylarning tomini suvab, qishga tayyorgarlik ko‘rish, devorning qulagan joyini g‘isht terib, butlab qo‘yish degandek. Ne’matjonning vaqti yo‘q. Dalada ishlar ko‘pligidan, bir haftada bir borib farzandlarini ko‘rib kelolmaydi. Shunday paytlarda Naimaxon, qachon erim kelib bu ishlarni bajaradi, deb qarab o‘tirmaydi. Bir mahallada yashaydigan ukalarining yordami bilan suvoq ishlarini bajarib, devorlarni oqlab qo‘yadi. Hovlini guldek qilib, Ne’matjonning kelishini bayramdek kutib oladi. Naimaxonga ko‘ngil qo‘ygan paytlarida, visoliga yeta olarmikinman deb, savdoyi bo‘lib qolishiga oz qolgan edi. Chunki Naimaxonlarning uyi yonida har kuni sovchilar minib kelgan otlar bog‘liq turar edi. Ollohga shukur, Naimaxonning otasi ne-ne otliqlarga emas, Ne’matjonning sovchisiga rozilik berdi. Ha, yigitga omad uch marta beriladi, deydilar. Birinchi omadini Ne’matjon shunday quvonch bilan kutib oldi.

Tun yarmida dala ishlaridan tinka-madori qurib, shiyponda suvchilar qatorida uxlab qolgan Ne’matjon tush ko‘ribdi. Tushida Naimaxon ot minib, quchog‘ida bir dasta lolalar bilan turgan emish. Mana, otasi, tog‘dan lola olib keldim, deb jilmayar emish. Ne’matjon avaylab qo‘lini uzatgan ekan, Naimaxon unga “Qo‘rqmay mahkam ushlayvering, bu lolalar oltindan, sinib qolmaydi”, — der emish jilmayib.

Uyqudan qushdek yengil bo‘lib turgan Ne’matjonga haqiqatdan ham o‘sha kuni qishloqdan xushxabar keldi. Ayoli qiz ko‘ribdi. Naimaxon ham, chaqaloq ham sog‘-salomat ekan. Daladagi do‘stlari Ne’matjonni tabriklashdi. Quvonchdan terisiga sig‘mayotgan yigit cho‘l bilan qishloq o‘rtasida qatnab turadigan aravakashga: “Naimaxonga ayt, katta qo‘chqorni so‘ydirsin. Chaqaloqning ismini Lola qo‘ysin, tushundingmi? Lola deb qo‘ysin!” — dedi. Atrofdagi mehnatkash, oqko‘ngil do‘stlari ham xursand edi. 

“Qapchig‘ay” qishlog‘i Oltiariq tumanidagi tug‘ruqxonadan ancha uzoq. Agar transport kutib o‘tirmay, dala yo‘lini kesib o‘tilsa, bir soatlik yo‘l. Do‘xtirlardan ruxsat tekkach, Naimaxon chaqaloqni ko‘tardi-da, yam-yashil dala yo‘lidan uyga qarab odimladi.

Chaqalog‘i dunyoga kelgan kun uylaridagi qo‘yi birato‘la beshta tug‘ibdi. Tug‘ruqxonaga ketayotganida, uylaridan olti uy narida yashaydigan opasiga sovliqdan xabardor bo‘lib turishni tayinlagan edi. Qizalog‘i Lola tug‘ilgan kun uni ko‘rishga kelgan opasi “Naimaxon, shu kechasi men ham sening qo‘yxonangda doyalik qilib chiqdim. Sovlig‘ing egizak tug‘di” — dedi. “Voy, sizdan aylanay, opajon, qo‘yim ikkita tug‘dimi? — dedi Naimaxon quvonib. “Ko‘p so‘ra, so‘rayver, — dedi opasi. “Uchtami?”— so‘radi Naimaxon. “Ko‘p, so‘rayver”, — dedi opasi. “To‘rttami?”. “Qo‘rqma, so‘rayver”. “Beshtami? Bo‘lishi mumkin emas”, — dedi Naimaxon.  “Ha, Naimaposhsha, qizingning qadami qutlug‘ ekan”, — dedi opasi. “Qo‘yim beshta tuqqan bo‘lsa, ulardan bittasini avliyolarga atadik”, dedi Naimaxon quvonib.

Turfarang chechaklar bilan o‘rangan dala yo‘lidan yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini ko‘tarib, baxtiyor ketayotgan ayolning oyog‘ida eskigina kalish bo‘lsa-da, ustidagi ko‘ylagidan jannat anbarlari ufurib turar edi. Qo‘lidagi chaqalog‘i bilan esa, nafaqat Farg‘ona bahoriga, balki Yer yuziga ko‘rk bag‘ishlab borar edi u.

Tashlandiq yerlarni o‘zlashtirib, ekishga tayyorlagandan keyin Ne’matjon uyga qaytdi. Darvozasi yonida uni bir etak bolasi va qo‘lida chaqalog‘i bilan Naimaxon kutib oldi. Chaqaloqni bag‘riga bosib, Ne’matjon nuqul “Lolam mening, oltin Lolam” der edi.

Oddiy dehqon oilasi. Bostirmada ikkita sog‘in sigir, qo‘ylar va beshta qo‘zichoq. Ayolining ko‘zida tuganmas baxt balqiydi. Ne’matjon bolalarini birin-birin quchib, yuz, ko‘zlaridan o‘pib chiqdi. Naimaxonning esa ko‘zlariga termulib qoldi. Ular bir-birini so‘zsiz tushunar, nigohlari bilan ardoqlashishar va qutlashar edi. Shuning uchunmi, taqdir ularni tuganmas saodatlar bilan siyladi. Uzoq va baxtli umr kechirishdi. Qo‘llaridagi chaqaloq esa o‘sib-o‘nib kamolga yetdi. Oltindek bebaho, oltindek qadri baland bo‘ldi. Mustaqillik davriga kelib, u — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, Oltiariq tumanidagi “Nurliobod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova bo‘lib tanildi.

 

U bolaligidan ota-onasining duosini olishni, kattalarning og‘irini yengil qilishni, kichkinalarni sevintirishni yaxshi ko‘rardi. Yetti yoshligidayoq, shaxsan o‘zi parvarishlaydigan ikkita qo‘yi bor edi. Sakkiz yoshida qo‘ylari to‘rtta bo‘ldi. Maktabda a’lo baholarga o‘qir, raqs va sport jonu dili edi. To‘qqiz yoshida qo‘ylari sakkiztaga ko‘paydi. O‘n yoshida egizak tuqqan qo‘ylari sabab, ularning soni o‘n beshtaga yetdi. “Qizi o‘nga kirdi, onasi songa kirdi” degan gap bor halqimizda. Lolaxonning har qadami qut-barakali bo‘lib borardi. O‘n besh yoshidan kajavali mototsiklni bemalol minib, erta-sahardan to maktab vaqti bo‘lguncha daladan o‘t-o‘lan terib, mol, qo‘ylarga tashlab qo‘yishga ulgurardi. O‘ninchi sinfda o‘qib yurgan paytida mexanizatorlar tayyorlash kursiga qatnab, imtihonlarni a’lo baholarga topshirdi. O‘ninchini bitirgach, Toshkent shahridagi Pedagogika va industriya bilim yurtida o‘qib, Oltiariqqa qaytdi. Endi uning qo‘lida yoshlarga texnikadan saboq berishi mumkinligini tasdiqlovchi hujjat bor. Ammo Lolaxon yana dalaga chiqib ketdi. Avval yordamchi mexanizator, sinovlardan a’lo darajada o‘tgach, mexanizator bo‘lib ishlay boshladi. Uylarida sog‘in sigirning soni yigirma yettitaga ko‘paydi. Endi u, erta tongda onasiga sigir sog‘ishga yordamlashardi. Saraton oftobida otasi va akasi bilan cho‘lga borib, mollarga qishlik yemish-xashak yig‘ib kelardi. O‘n sakkiz yoshida brigadir bo‘ldi. U uzoq yillar otasidan dehqonchilik sirlarini o‘rgandi. 

Ne’matjon aka va Naima opalar qizining quvonch va tashvishlariga sherik edilar. Ular bahordan to kech qishgacha, dalaga ko‘chib chiqadigan bo‘ldi. Lekin na iloj, turg‘unlik yillaridagi paxta yakkahokimligi bu mehnatkash oilaning ham kosasini oqartirmadi. Sigir, qo‘ylarini dalaga boqishga yo‘l qo‘yilmadi. Paxtazorga sepilgan dorilar tufayli egatlardan terilgan o‘tlarni mollarga berib bo‘lmas edi. Qo‘shimcha daromadni, noqonuniy daromad deb, bechora, jo‘jabirday jon oilalarga, kech kuzda soliqchilar kelib, katta-katta jarima sola boshladi. Ular hovlilarda daraxtlarni sanar, qo‘ralardagi jonliqlarning hisobini olar, hatto parrandalar qancha tuxum berayotganini ham xomcho‘t qilardilar. Bu harakatlardan maqsad: xalq boyib ketishining oldini olish edi.

Elga kelgan to‘y deya, chidadilar. Lolani endi yildan-yilga xastalanib, qarib borayotgan ota-onasining sog‘lig‘i tashvishga sola boshladi. Mehribonlarining qarigan chog‘ida dardiga malham bo‘lishni istar edi u. Buning uchun yanada berilib ishlar, do‘xtirlar nima desa, o‘shani topib berishi uchun mablag‘ yig‘ishga jon-jahdi bilan tirishar edi.

Ota-onasining umri ham shu dalalarda kechdi. Kolxozlar tugatilib, shirkat xo‘jaligiga aylantirilganda, ularning xo‘jaligiga “Nurliobod” deb nom berdilar. Lolaxon olti yil shirkat xo‘jaligiga rais bo‘ldi. Har yili 35 tsentnerdan hosil olishga erishdilar. Fermerlik harakati boshlangach, avval iqtisodi zaif shirkat xo‘jaliklari, asta-sekin ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lgan shirkat xo‘jaliklari fermer xo‘jaligiga aylantirildi. 2006 yildan Lolaxon “Nurliobod” fermer xo‘jaligini mustaqil boshqara boshladi.

Cho‘l, baribir cho‘l-da. Kutilmaganda to‘zon turadi. Kutilmaganda quyun ko‘tariladi. Soatlab sap-sariq chang tarqamaydi. Yovvoyi cho‘l deb shuni aytishar ekan-da. To‘zon to‘xtagach, yana ishlarni davom ettiraverishadi. Cho‘l ham endi Lolaxonning qadrdoniga aylangan. Uning ustozlari — ota-onasi va uzoq yillar rahbar bo‘lib ishlagan Habibullaxon Yusupovlar cho‘lning fe’l-atvorini o‘rgatishgan. 

Istiqlol Lolaga shunday kuch berdiki, go‘yo u tog‘ni ursa talqon qiladigandek sezar edi o‘zini. Mamlakatda fermerlik harakati keng quloch yozdi. Ha, endi o‘zingni ko‘rsatadigan vaqt keldi, dedi u o‘ziga-o‘zi.

Lola mehr bilan ishlay boshladi. Yonida, qiyinchilik kunlarida uning halolligi, mehnatkashligini hurmat qilgan odamlari, uzoq yillardan buyon birga ishlab kelayotgan sodiq ishchilari qoldi. Xayriyat, uni sotmaydigan, og‘ir paytda xiyonat qilmaydigan, tashlab ketmaydigan odamlar bor. Faollar yig‘ilishida unga yana yangi yerlarni o‘zlashtirish vazifasi yuklandi. Eng og‘ir hududlarni aytib, o‘sha yerga borasiz, obod qilasiz, deb topshiriq berildi. Oh, yana qum, yana tosh... Pichoq kelib suyakka qadalgan holda Lola o‘rnidan turdi va nihoyatda keskin ovozda: “Mayli, o‘zlashtirilmagan yerlarni olishga roziman, serhosil qilaman, ammo barakaga kirgandan keyin o‘sha yerlarga xo‘jayin bo‘lib birorta tayyorxo‘r boradigan bo‘lsa, oyog‘ini urib sindiraman”, — dedi. Atrofda uning zahmatli va og‘ir mehnatini tushunganlar o‘rinlaridan turib qarsak chalib yuborishdi. Lola hokimiyat eshigidan chiqib ketayotganida ham qarsaklar tingan yo‘q edi. U traktoriga o‘tirdi-yu, oq durrachasini yuziga bosib o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Boshidan ro‘moli yechilgach, Lolaning haydar kokillari shovullab yelkasi uzra tushdi. Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, u ko‘z yoshidan ho‘l bo‘lgan ro‘molini shahd bilan bog‘ladi-da, dalaga, jamoa a’zolari oldiga ketdi. Negadir, go‘dakdek avaylab parvarishlagan tutzorlari yonidan o‘tayotib, yana o‘ksib yig‘ladi. Endi uning tovushini hech kim eshitmaydi. Tutzor oralab oqayotgan ariqcha oldida traktordan tushib, ancha kamayib qolgan, ammo muzdek suvda yuz-qo‘lini chayib oldi. Bu dekabr oyining oxirlari edi. Yangi yil eshik qoqmoqda. Kelayotgan yilning qutlug‘ bo‘lajagini Lolaning yuragi sezar edi. Albatta, hammasi yaxshi bo‘ladi. Axir, shu paytgacha nimani orzu qilgan bo‘lsa hammasiga erishdi.

Sovuq shamollar esa boshlab, g‘o‘zapoya yig‘ish ishlari ketayotgan edi. Ishchilar Lolaning traktorini uzoqdan tanib shiypon tomon kela boshladi. Ular Lolaning shahlo ko‘zlari qizarganini ko‘rib, nimadir noxush xabar bormikin, deb o‘ylashdi. Hamma to‘plangach, u o‘ziga xos bosiqlik bilan “Azizlarim, mana birgalikda ishlaganimizdan buyon hamisha birinchi bo‘lib paxta rejasini bajarayapmiz. Bu yil o‘n ish kunida rejadan chiqib, qo‘shimcha rejalarni bekamu ko‘st topshirdik. Shudgor ishlarimiz oxirlab qoluvdi. Yana bizga o‘zlashtirilmagan yerlardan berishar ekan. Endi qip-qizil cho‘lning o‘rtasiga borar ekanmiz. Eng katta yangilik fermer xo‘jaligimizga imtiyozlar bo‘lar ekan. Yana yaxshi tomoni yangi texnikalar beriladi. Davlatga topshirgan rejamizdan qolgan bug‘doy, necha tonna bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zimizda qolar ekan. Qo‘shimcha daromadimizga o‘zimizga urug‘lik, texnikaning xohlagan turini, ehtiyot qismlar, traktor, kombayin, o‘g‘itlar, ish qurollari, hatto, avtomashinalar sotib olishimiz mumkin.

— U yog‘ini qo‘ying, rahbar kim bo‘lar ekan? — deb so‘radi Gulchehera Rohatova. Hamma birdan shundan gapiring, shundan gapiring — deb, shovqin sola boshlashdi. — Men, o‘zim rahbar bo‘lar ekanman, hokimiyat shunday xulosaga kelibdi” — dedi. Barcha o‘rnidan turib qarsak chalib yubordi. — Rahmat, og‘a-inilarim, opa-singillarim, qarindoshlarim ko‘nglimni ko‘tardinglar. Men bilan ishlashdan charchaganlar bo‘lsa, marhamat, yillik hisob-kitobni qilib, xohlagan fermeriga o‘tib ketishi mumkin. Yaxshilab tavsiyanoma yozib beraman. O‘zimga qolsa, birortangizni ham ketkizmasdim. Sababini bilasizlar, hammalaringni o‘z oilamdek yaxshi ko‘raman. Shuni bilib qo‘yishimiz kerakki, ilgarigidan ham og‘irroq qumloq, toshloqlarni obod qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu gal hech kim shovqin-suron ko‘tarmadi. Aksincha, quvonib ketishdi. O‘z fikrlarini birin-ketin bayon qilishdi.

— Biz mehnatdan qo‘rqmaymiz, siz ko‘nglingizni cho‘ktirmang, Lolaxon. Avval borib cho‘ldagi o‘zlashtirishimiz kerak bo‘lgan yerni ko‘rib kelish kerak. O‘shanga qarab ishlarni rejalashtirib olamiz. Kemaga tushganning joni bir, — dedi mexanizator Rahmon Asqarov.

— Suvchilar nima deydi? — deb so‘radi Lolaxon. 

— Suvchilar siz nima desangiz, qo‘llab-quvvatlaydi, — dadil javob berdi bosh suvchi Nuriddin Mahmudov. — Sizning mustaqil fermer bo‘lganingizni eshitib, boshqa qishloqlardan ham odamlar kelib qo‘shilmoqchi. Busiz ham Lolaxon meni ishga olsin deb Qobiljon Sayfiddinov, Rashida O‘roqovalar kelib yurishibdi, — dedi hisobchi Komiljon Rustamov. 

— Ish so‘rab kelganlarning barchasi ishga olinsin. Hali bizga ishchi kuchi ko‘p kerak bo‘ladi, — dedi Lolaxon.

U daladan ko‘ngli to‘q bo‘lib qaytdi-yu, ammo ota-onasi nima der ekan?

Uydagilar ham bu xabarni eshitib xursand bo‘lishdi. Odatlariga ko‘ra Ne’matjon ota va Naimaxon ona duoga qo‘l ochib qizlariga oq yo‘l tilashdi.

— Sen cho‘ldan qaytma, bolam, yer o‘zlashtirish bo‘lsa, yer o‘zlashtirish-da, axir, biz katta Farg‘ona kanalini qirq kunda qazigan mehnatkashlar avlodimiz. Yerni borib otang bilan ko‘rib kelinglar. Bahor kelishini kutib o‘tirmasdan, yo‘llar, ariqlarning tashvishini qilish kerak. Agar havo iliq keladigan bo‘lsa, pufaykajonu, issiq to‘nlarni kiyib olib ishni boshlayverasizlar, — dedi onasi.

“Shu keksa, kasalmand mehribonlariki, duo qilishdi, ishlarim albatta o‘ngidan keladi”, — deb o‘yladi Lola va kechasi bilan uxlamasdan ming-ming orzular qurshovida qoldi.

Erta tongda otasini va to‘rtta ishchisini olib aytilgan dalalarni ko‘rgani jo‘nadi... 

(Davomi bor.)

Zulfiya MO‘MINOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.