BURUNGI VA BUGUNGI MUHABBAT

Muhabbatning tarixi bormi? Bu savol qalbimda kechgan minglab savollarning sarlavhasidir. Va yana qator savollar: Muhabbat qachon va qaerda, qanday paydo bo‘lgan? Muhabbatning makon va zamoni bormi? Muhabbatni yaratgan ijodkor, qahramon kim? Nega inson muhabbatsiz yashay olmaydi...

 

Samarqandning Miyonqolidagi “Tohir va Zuhra” qabristoni yonida yashasangiz, uning tarixi va kelajagiga mas’ullik hissini qalbingizga joylab, milliy g‘urur va iftixor bilan atrofida har kuni ming bor aylansangiz, mozor o‘rtasidagi uch oshiq – Tohir, Qorabotir va Zuhralarning qabrlariga boqib, o‘z muhabbatingizni eslasangiz, albatta, bundan-da ko‘proq, kutilmagan savollar paydo bo‘lishi mumkin. Sevgi bobida milliy qahramon darajasida ardoqlanib kelinayotgan Tohir va Zuhralar afsona emas, tarixiy shaxslar ekanligiga imon keltira boshlaysiz.

Keling, muhabbatning tarixi bormi degan savolimizga yanada yaqinroq borib, muhabbat ham murakkab bir fan ekanligini, “Tohir va Zuhra” dostoni va qahramonlari haqidagi tarixiy ma’lumotlarni e’tirof etgan holda bugungi muhabbat va uning ayrim achinarli ahvoliga bir qatra to‘xtalaylik. Zero, teleekranlarimizda izohli lug‘at to‘plami kabi har bir so‘z mazmuniga bag‘ishlangan bir qator ko‘rsatuv va eshittirishlar berilayotgan bir paytda nega muhabbat haqida, bugungi kunning buyuk muhabbat sohiblari haqida durustroq bahslar yo‘q. Muhabbat “fan”i murakkab, uni tushunmaslik, bilmaslik bugungi kunda yoshlarimizning aqlini ozdirayotgan dard-ku. Muhabbat – ibodat! Muhabbat – tarbiya! Muhabbat – oila, Vatan demakdir. Ushbu yagona va buyuk fan – muhabbatni bilmagan, unutayozgan ayrim zamondosh yoshlarimiz, hatto ulug‘ yoshdagi insonlarimiz ham bugungi kunda muhabbat bilan hirsni, oila bilan fahshni farqlay olmay qolayotganligining guvohi bo‘lmayapmizmi?

“Miyonqol hududida 200 dan ortiq turli davrlarga oid arxeologik yodgorliklar hisobga olingan. 1980 yilda Chelak shahri yaqinidagi Ko‘ktepa yodgorligida O‘zbekiston — Frantsiya xalqaro ekspeditsiyasi hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazib, miloddan avvalgi IX–X asrlarda bunyod etilgan Sug‘d hududidagi eng qadimgi shahar o‘rnini, miloddan avvalgi III – II asrlarda yashagan ko‘p sonli tilla taqinchoqlar bilan dafn etilgan «Sak malikasi» sag‘anasini topishga muvaffaq bo‘lganlar”. Arxeologik ma’lumotlar, topilmalarni o‘ylasam, men yashab, dehqonchilik, bog‘dorchilik qilayotgan Oqdaryo sohilida, chayla tomchamning o‘rnida bir vaqtlar Tohir va Zuhralar sayr qilishgan, yoki narigi sohilda sak malikalari yashagan. Ko‘ktepadan narida Massaget malikasi To‘maris Doroni mag‘lub etgan. Va nihoyat, hayajonimni jilovlay olmay, Ko‘ktepani ko‘rgim keladi. Payariqlik otaxon shoir Ziyodulla Nurmatovga qo‘ng‘iroq qilaman. – “Ko‘ktepada hech vaqo qolmagan, malikaning qabri o‘rnida chuqur bor xolos, keling, ko‘rsataman” – deydi shoir og‘a xo‘rsinib. Yuragim tovonimga tushib ketadi. Nega?! Chet elliklar kelib, ko‘zlariga surtib, tirnoqlab topib bergan tarixiy topilmalarimiz qani?! Hech bo‘lmasa ularning nomini eslab, joylarini obod qilib, ardoqlash o‘rniga unutib yubordik. Miyonqolda “Tohir va Zuhra” ziyoratgohidan boshqa yana ikki yuzga yaqin tarixiy yodgorlik va tepalik(osmon ostidagi ochiq muzey)lar bor, ularni o‘rganish lozim. Jumladan, “Tohir va Zuhra” voqealariga doir Qoraxontepa, Zuhratepa, Rayimtepa, Zindotepa, Qulqishloq hamda To‘xtaxotin nomli etnik nomlar, jug‘rofiy hududlar bor, bu haqda hali olimlarimiz bilmaydi. Tarixni, zaminni, Vatanni sevish, o‘rganish uchun kuchli muhabbat, buyuk muhabbat kerak! Bugungi yoshlarning kitob o‘qishga toqati, ma’ruza eshitishga sabrlari yo‘q ekan, keling, ularga ana shunday ochiq muzeylarni ko‘rsataylik, ming eshitgandan ko‘ra bir ko‘rgan afzal. Qanday qilib farzandlarimizning milliy immunitetini asrab qolamiz. Yoshlarimizga chet ellar emas, avvalo o‘z ona vatanimiz hududidagi dunyoviy ilmning ochiq muzeylariga turistik sayohat qilishni o‘rgataylik. Menimcha, bu muammoning birdan-bir yechimi ko‘rgazmali o‘quv, ya’ni arxeologlarimiz tomonidan kashf etilgan har bir qadamjo, osoriatiqalar, moddiy-nomoddiy boyliklarimizni asrab-avaylab muzeylar, uy muzeylari, tepalik-muzeylar tashkil etmog‘imiz, allomalarimiz qadami tekkan ko‘chalarimiz, qo‘llari tekkan buyumlarni ardoqlab, avlodlarimizga ko‘rsatish va tushuntirish, qadrlash davr talabidir. 

Yoshlarimiz tarbiyasidan tashvishlanib ma’ruza o‘qiyotganimizda, tadbirlar chog‘ida, achinarli ahvoldagi oilaviy janjallarni tinchitaylik deb muhokama qilayotgan paytimizda telefonimizga ”quq” etib sms keladi: “Juftingizni axtaryapsizmi?” “Sevgi izhor qilmoqchimisiz, ...raqamini tering” “Juftingiz o‘zingizga mosmi, tekshirib ko‘ring?” Yoki, “chat”da chatillayotgan yigit-qizlarimizning bir-biriga otayotgan gaplarini eshitib, ensangiz qotadi: 

— Hoy, falon viloyat, falon tumanliklar, orangizda hamshira qiz bormi, yoshi o‘n sakkizda, juda chiroyli bo‘lsin? – Ha, bor, mana man-da! Sizning yoshingiz nechada, kasbingiz nima? – Men taksichiman... – Yo‘q, siz manga to‘g‘ri kelmaysiz, boshqasini ko‘rovring... 

Bundan kimga, nima foyda? Aloqa kompaniyalariga pul kerakmi? Xalqimizning ming yillik qadriyatlarini, urf-odatlarini yerga urib, yoshlarimiz tarbiyasini buzish evaziga boylik orttirmoqchimi bular? Ha, tekin SMSlar ularga millionlab daromad keltiryapti, ammo ma’naviyatimiz soat sayin qashshoqlashyapti. Hukumatimiz qarorlari asosida, ayniqsa, biz – mahallalarimizdagi tuzilgan jamoatchilik nazorati kengashlari, faol fuqarolar bunday illatlar, yoki fahsh videolarini, tarbiyamizga zid bo‘lgan manbalarni yo‘qotishning keskin chorasini ko‘rishimiz, jazolar belgilashimiz lozim. Muhabbatni hirsdan, oilani fahshdan asrang, azizlar!

Har bir tadbirimiz, tarbiyamiz zamirida tariximiz, milliy urf-odatlarimiz, milliy tarbiya usullarimiz bo‘lmog‘i, mintalitetimizga xos milliy immunitetni mustahkamlashimiz zarur emasmi? Keling, hamma “institut”larni chetga surib, “Namuna” institutini tashkil etsakchi, zero, o‘zlari oilasiga, vazifasiga xiyonat qilib, bolasi tarbiyasini unutgan, tarbiya uchun emas, maosh uchun ma’ruza qilib yurgan ayrim “donishmand” rahbarlardan, va’zchilardan qutilarmidik. “Ustoz – shogird” an’anasi xalqimizga xos uslub, ustozdan ibrat olish, ixlos, havas qilish demakdir. Shunday ekan, namunali oilalardan, ota-onalar va ustoz, rahbarlardan ibrat olib, ixlos va havas bilan yashash lozim. Xullas, hamma dardimizni, muammolarimizni, avvalo “muhabbat”, so‘ngra “oila” instituti hal qiladi. Darhaqiqat, “Muhabbat” degan murakkab “fan” bor, uning tarixi va buguni bor. Bu fan insonni – inson, oilani – oila, millatni – millat, xalqni – xalq, Vatanni – Vatan etadi! 

 

Oygul MUHAMMAD JIYAN qizi

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.