Eh, Lesli xonim

Mustaqillik yo‘li – sharaf va mashaqqatlarga to‘la zafar yo‘lidir. Bu yo‘lning shonli ibtidosi va buyuk ijodkori bor. U ham bo‘lsa Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov.  

Yaratganga shukronalar bo‘lsinki, u kishining qat’iyatliligi tufayli istiqlolga erishdik, shu bois Amir Temurday, Navoiyday buyuk bobolarimiz borligini baralla aytyapmiz, ularning yubileylarini xalqaro miqyosda o‘tkazyapmiz. Ona tilimiz davlat tili maqomini oldi.  

Men o‘tgan 26 yil ichida mustaqil yurtimizda bunyod etilgan gigant korxonalar haqida emas, O‘zbekistonni jahon tan olib, rivojlanib borayotganligi haqida ham emas, balki rahmatli otam guvoh bo‘lganlari — mehribon bobojonim  Islom Karimov tufayli faqatgina elsevar, “Elim deb, xalqim deb yonib yashaydigan” bobojonim tufayli qadriyatlarimizning elimizga qaytgani haqida so‘zlamoqchiman.                      

Istiqlolimiz quyoshi charaqlagach, qadimiy va navqiron Buxoroi Sharif yanada chiroy ochdi. 2500 yillik yubileyi arafasida esa respublika hukumati qarori bilan tarixiy obidalar obdon ta’mirlandi. Birgina Masjidi Kalon Markaziy Osiyodagi eng go‘zal, eng katta masjid bo‘ldi, asliga qaytdi. 

Shu o‘rinda rahmatli dadam Ilhom Safarov (O‘zbekiston milliy axborot agentligi Buxoro viloyat muxbiri bo‘lib ishlaganlar) aytib bergan bir voqeani sizlarga ilindim.

Bu haqda eshitgach, mustaqillik qanday ne’mat ekanligini yanada ravshanroq anglaymiz.     

“...1990 yilning iyul oyi boshlari. Teletayp bilan xizmat shoshilinchnomasi keldi. O‘zTAG bosh direktorining birinchi o‘rinbosari S.Fenyutin imzosi bilan yuborilgan shunday so‘zlar bor edi: “Ikki kundan so‘ng Avstraliya va Okeaniyadan hamda TASSdan muxbirlar borishadi. Ularga Buxoro va Samarqandni tomosha qildirasiz”.  

Buxoro aeroportida mehmonlarni kutib olganimda avstraliyalik muxbirning birinchi iltimosi shunday bo‘ldi: 

— Sizdan iltimos, dastlab bizni Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga olib borsangiz.

Tilim kalimaga kelmay qoldi. Axir yopiq ob’ektni so‘rayotgan edi-da, xorijlik mehmon. Ziyoratgoh alohida nazoratda, tashlandiq holatda. Olis-yaqindan kelayotgan mehmonlarni ham militsiya oldiga solib quvayotgan zamonlar. Shunday qilib vaziyatdan chiqish uchun: “Bilasizmi, Lesli xonim, ayni paytda ziyoratgoh yo‘li ta’mirlanyapti. O‘tib bo‘lmaydi u yoqqa”, dedim. Kechgacha tarixiy obidalarni ziyorat qildirib ularni mehmonxonaga joylashtirdim. Ertasi kuni Samarqandga uchib ketdik. Xorijlik muxbir mendan yana bir narsani so‘rab qoldi. 

— Ilhom aka, sizdan iltimos, birinchi bo‘lib Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilmoqchiman! 

Samarqand obkom vakili meni chetga tortdi, qulog‘imga asta shivirlab, u yerga bormaslikni maslahat berdi.   

Samarqanddagi tarixiy obidalarni ziyorat qilayotgan mehmonlar Imom Buxoriy ziyoratgohiga nega bormayotganliklari uchun hayron edilar. Moskvaga uchib keta turib, Lesli xonim shunday dedi: 

— Buxoroyu Samarqandga kelishdan maqsad – Bahouddin va al-Buxoriy qabrlarini ziyorat qilish, ular haqida maqola yozish edi. Afsus, maqsadimizga erisha olmadik. 

Chorasizligim uchun men ham aziyat chekib qolaverdim...”  

Dadamning bu gaplaridan ta’sirlanib ketdim. 

Eh, Lesli xonim, muxbir Jenni, mana endi kelinglar, jonajon O‘zbekistonimizga. Istiqlol sharofati bilan Bahouddin Naqshband hazratlari maqbarasi qayta ta’mirlandi. 1993 yilning 16-17 sentyabrida esa Bahouddin bobomizning 675 yillik yubileylari xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Birinchi Prezidentimiz Turkiya, Pokiston, Eron davlatlari va hukumatlari rahbarlarini shaxsan o‘zlari ushbu ziyoratgohga olib kelishgan. Ular ana shunday mo‘’tabar ziyoratgohda keng ko‘lamda qurilish ishlari bajarilganini ko‘rib qoyil qolishgan. Hazrat Imom Buxoriy, al-Farg‘oniy, Amir Temur yubileylari ham xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Faqat bugina emas, aziz o‘quvchim, Mamlakatimizdagi tub islohotlar samarasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

Islom Karimov hamma soha vakillarini qo‘llab-quvvatlardilar. Jumladan, dadam Ilhom Safarov 20 yildan ortiq jurnalistika sohasida mehnat qilganlar. Yangiliklarni yoritib berganliklarini, mehnatlarini qadrlab, Buxoroi Sharifga har bir safarlarida dadamga o‘zlarining avtoruchkalarini sovg‘a qilardilar. Bu oddiy jurnalist uchun katta rag‘bat edi. Bu rag‘batdan ilhomlangan Ilhom Safar qaynoq yangiliklar, qiziqarli maqolalari bilan xalq ko‘nglini olardi....  

“Kim edigu kim bo‘ldik?”, “Istiqlol bizga nima berdi?” degan savollarga eng to‘g‘ri javobni shu maqoladan oz bo‘lsa-da topgan bo‘lsangiz, kitobxon qalbiga yo‘l topa olgan bo‘lsam, ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. 

 

Biz, dunyo tan olgan, tanigan, istiqlol yo‘lidan shaxdam odimlayotgan o‘zbekistonlikmiz! Tinch, osoyishta, go‘zal yurtimiz, mehmondo‘st, qalbi daryo, mehnatkash xalqimiz bor. Ulug‘ yo‘lboshchimiz boshlagan ishlarni mardona davom ettirayotgan sobit Yurtboshimiz bor!

 

Nilufar SAFAROVA

Buxoro viloyati

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.