Mo‘jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha

 

birinchi maqola

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi muassisligidagi "Olam aro" jurnalining navbatdagi sonlari mavzusi muhokama qilinayotgan edi. Bosh muharrir Sevara Alijonova gap orasida ko‘chmanchi arab — bediunlar va Iordaniya Podshohligidagi qadim Petra shahri haqida gapirib qoldi. Sayohat va sarguzashtlarning ashaddiy ishqibozi bo‘lgan kamina uchun shu gapning o‘zi yetarli bo‘ldi. Men xarita titib Petraga eng qulay va yaqin yo‘l izladim. U Misr orqali edi. Elchixonadan viza olishga ketgan 3-4 kunni ham qo‘shganda bir hafta o‘tmay Qohiraga yetib keldim.

 

Misr sirli, sehrli diyor. Uning shaharu qishloqlarini hayrat bilan kezaman. Odamlari bilan arab qahvasi ichib otamlashishning gashti o‘zgacha. Bu yerning tub jafokash xalqi tarixda ne-ne azobli kunlarni boshdan kechirmagan, deysiz. 

Eramizdan avvalgi uch minginchi yillarda fir’avnlar kuch-qudratga to‘lib 80-100 ming odamni ishlatib, dunyoning eng uzun va sersuv daryosi bo‘yidagi Giza vodiysida birin-ketin piramidalar qura boshladilar. Ular o‘sha davrda ham, hozir ham mahobati ila inson aql-zakovati, qudratiga qo‘yilgan mangu haykal bo‘lib turardi. Piramida aslida fir’avn uchun xilxonadir. Fir’avnlar olamdan ko‘z yumgach, juda katta boylik — oltin qoplangan xonalar, mo‘miyolangan tanasi solinadigan sarkofag va yaxlit oltin yombidan yasalgan niqob, behisob zebu ziynatlar qo‘shib dafn etilgan. Ularning aqidasiga ko‘ra, vaqti kelib fir’avn tiriladi va yana hukmronlikni davom ettiradi. Odatda fir’avn xilxonasini piramidani qurgan sanoqli usta va uning eng sodiq mulozimlari bilgan hamda ularning barchasi dafndan so‘ng ixtiyoriy o‘limga mahkum edi. Hukmdor uchun jon fido qilmoqlik u bilan yana dunyoga qayta kelish kafolati deb inonar edilar, ular. 

Misr piramidalari fir’avnlarning to‘rtinchi avlodi davrida, eramizdan avvalgi 2639-2506 yillarda bunyod etilgan, deb hisoblanadi. Hozirgacha Xeops, Xefren, Mikeran bunyod etgan piramidalar o‘z davrining salobatini saqlagan holda sayyohlarni hayratga solib kelmoqda.

Tarix salkam besh ming yilning so‘nggi uch-uch yarim ming yilida misrliklarni ne ko‘yga solmadi. Osiyo, Ovrupada kuch-quvvatga kirgan sarkarda borki, hammasi bu yurtga qilich ko‘tarib keldi. Maqsad — fir’avn boyliklariga egalik qilish bo‘lgan. Lekin ularning hech biriga tarix kulib boqmadi. Iskandar Zulqarnayngina (Makedonskiy) omadsiz safardan qaytayotib O‘rta yer dengizi sohilida hozirgi Aleksandriya deb ataluvchi shaharga asos solib ketdi. Rim imperatorlaridan frantsuz Napoleon Banopartgacha, Misrda 150 yil davomida hukmronlik qilgan usmoniy turklardan ingliz bosqinchilarigacha hech biri fir’avnlar sirini, tabiiyki, behisob oltin, duru gavharlarni topa olmay armonda ketdi.

Ilm — xazina kaliti deb olimlar, arxeologlar taxmin va kashfiyotlari olamshumul yangilikka darcha ochgach, aytilgan bo‘lsa, ajab emas. XIX—XX asrlar davomida Misr xazinalarining siri oshkor bo‘la boshladi. Xeops, Tutanxamon, Ramzes II va yana o‘nlab fir’avnlar xilxonalari topildi. Darhaqiqat, ularning mo‘miyolangan jasadlariga behisob boylik qo‘shib dafn etilgani isbotlandi. Bugun bu noyob xazinalar va mo‘miyolangan jasadlar Qohira muzeyida turibdi. Har gal ular qarshisida insoniy imkoniyatning cheki yo‘qligiga takror imon keltiraman. Mana bu eramizdan avvalgi XXV asrda hukmronlik qilgan Ramzes IIning mo‘miyolangan jasadi. Bir paytlar bir necha yuz ming askarga qo‘mondonlik qilgan. O‘zi esa yengilmas, sheryurak lashkarboshi deb nom chiqargan. Bepoyon qumliklarda jilvagar zarrachalarni elatib yiqqan va oltin yombilardan taxtiravon, ot-arava, kamon, shaxsiy qurol-aslaha, hatto yotoq jihozlari yasatgan, dunyoda mendan qudratli inson yo‘q deb hisoblagan fir’avnning bir parcha matoga o‘ralgan mo‘miyolangan jasadi, yumuq ko‘z kosalari, qirrador burni, taram-taram sochlari, uzun-uzun barmoqlari, sadafdek tishlari hamon qalblarga qo‘rquv soladi.

Qohira muzeyi zallarida saqlanayotgan har bir eksponat oldida bir daqiqadan tursangiz, rosa yetti yil vaqt kerak bo‘lar ekan. Shuning uchun men avval ko‘ra olmagan zallar tomon yo‘l olaman. Yaxlit qora, oq, qizg‘ish va zarrin jiloli toshlardan ishlangan Amenxotep II ning bir necha haykali bir yerga jamlangan. Mana bu — fir’avnning 18 metrli haykali, xotini Meretseger bilan birgalikda taxtda o‘tirgan holatida yasalgan. Meretseger o‘ng qo‘lini fir’avn ortiga yashirgan. Bu uning Amenxotepga cheksiz muhabbati ramzi, deb izohlanadi. Qiziq, zamonlar, ming yilliklar kitob sahifasidek o‘tib ketaveradi. Ammo insoniy tuyg‘u, mehr-muhabbat abadiy qolaverar ekan. Shu yodgorlik qarshisida har bir inson o‘z yori, sevgilisini sog‘inch bilan yodga olsa kerak.

Men bu gal hozirgi iborada rangtasvir deb atalayotgan, fir’avnlar davrida esa qush, hayvonlar, gul va o‘simliklar tasviri bilan olamni tarixga muhrlagan tosh lavhalar zalida qolib ketdim. (Bu haqda alohida maqolada o‘qiysiz)

Qohirada o‘zbekistonliklar uchun ham qadrli bo‘lgan yana bir ziyoratgoh bor. Bu — buyuk vatandoshimiz 861 yili ixtiro qilgan Miqyosi Nil majmuasi va uning ijodkori Ahmad al-Farg‘oniyga 2007 yilda qo‘yilgan haykaldir.

Nil dunyoning eng uzun daryosi. U Efiopiya, Sudan hududidan o‘tib janubiy Misrning Assuvon vodiysiga kirib keladi va mamlakat shimolida, deltalarga bo‘linib O‘rta yer dengiziga quyiladi. Qadimdan uni boshqarish qiyin bo‘lgan, ya’ni bir yil yog‘ingarchilik miqdori tufayli to‘lib toshsa, kelgusi yili suv sathi keskin pasaygan. Misr hududining daryo qirg‘oqlaridagi atigi olti foizidagina dehqonchilik qilish mumkin. Sababi Nil daryosidan ekin maydoniga suv olib borish qiyinligida. Daryoda suv sathi ko‘tarilsa, unga yaqin maydonlar suv ostida qolgan, suv sathi pasayib ketsa, qirg‘oqdan uzoqroqdagi dalalarda qurg‘oqchilik bo‘lgan. Har ikki holat ham hosildorlikka keskin ta’sir ko‘rsatgan. Lekin soliq miqdori baribir yer maydonining qanchaligiga qarab belgilangan. Ahmad al-Farg‘oniy soliq tizimidagi bu nohaqlikni ko‘rib, Miqyosi Nil uskunasini yaratadi. Unga ko‘ra, daryo suvi sathi balandligi va dehqonchilik qilinayotgan maydon daryoga nisbatan qancha uzoq-yaqinligida ekaniga qarab yer solig‘i miqdorini belgilash tizimini ishlab chiqqan.

— Ahmad al-Farg‘oniy Misrda ming yildan ziyod vaqt ichida soliq tizimida adolat tarozusini ushlab turdi, — dedi misrlik mashhur olim, Qohira universiteti professori Fotih Ahmad uchrashuvlarimizning birida.

Miqyosi Nil daryoni ikkiga bo‘ladigan Roud oroli "burni"da joylashgan. Ichkariga kiramiz. Yog‘ochdan ishlangan qubbasimon shiftga jilolanib turuvchi nozik chizgilarda naqshlar ishlangan. O‘rtada yaxlit marmar toshdan yasalgan, pastdan yuqoriga sath chiziqlari o‘yib tushirilgan o‘lchagich. Uch balandlikda suv kirib chiqadigan tosh darchalar ochilgan. Uning yon tomonida yana yaxlit toshdan yasalgan spiralsimon zinalar. Oradan o‘n ikki asr o‘tibdiki, Miqyosi Nil ishchi holatda. Darvoqe, undan 1960 yillargacha, Misrda Assuvon suv ombori va to‘g‘oni qurilguncha, ya’ni Nil sathini boshqarish imkoniyati yaratilguncha foydalanilgan.

Hovlida buyuk olimga 2007 yilda qo‘yilgan haykal turibdi. Uning qarshisida ehtirom bildirib, poyiga gul qo‘ydim. Buyuk insonlar umumbashariy qadriyatlar yaratadi, deyiladi. Koinot ilmining asoschisi Ahmad al-Farg‘oniy ana shunday insonlardan biri bo‘lgan.

— Qohirada vatandoshingizga qo‘yilgan haykal shubhasiz, Misr xalqining unga bo‘lgan cheksiz muhabbati izhoridir, — deydi hamrohim, tarixchi olim va tarjimon Azad.

Bugungi Qohira xotirjamligini yo‘qotgan shaharga aylangan. Hamma qaergadir shoshadi. Odamlarida tashvishli nigoh.

— 20 millionli shahrimizga bir yilda o‘n milliondan ziyod sayyoh kelar edi. Aholining asosiy qismi turizm tizimida ishlar va tirikchilik qilardi. Mamlakatdagi notinchlik, ketma-ket inqiloblar tufayli sayyohlar oqimi keskin kamaydi. Bu millionlab misrlik moliyaviy sharoitini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Odamlar buguni, bir kuni qanday o‘tishi tashvishi bilan yashaydigan bo‘lib qoldi, — deydi u. — Hamisha gavjum Piramida, Sfinks atrofida ahyon-ahyonda sayyohlar guruhini ko‘rasiz. Ilgari sayr qildiradigan ot-arava, oq tuyalar uchun navbatda turardik. Endi bitta sayyoh ketidan 4-5 ta ot-arava va oq tuyalar lo‘ka-lo‘k. Men xizmat qilay deb yalinadi.

Nil daryosi bo‘yidagi sayyohlik kemalar turargohi yopilgan. 2-3 qavatli palubalari sayyohlar bilan to‘ladigan kemalar daryo bo‘yida zanjirband, zanglab yotibdi. Qohiraning palma va ko‘plab manzarali daraxtlar, gulzorlar bilan bezatilgan ko‘chalarini bugun tanimaysiz. Hamma yerda chiqindi uyumlari. Havo buruqsagan, nafas olish qiyin. Chang osmonga chiqadi. Har qadamda tilanchi. Papirus qog‘ozga fir’avn va piramida ko‘rinishlari chizilgan esdalik sovg‘alarini ko‘targan sotuvchilar ortingizdan qolmaydi.

— Qornim och, o‘ntasini sotib ol!

Ularning iltijoli va dardmand ko‘zlariga dosh berolmay pul uzataman. Buni ko‘rgan suvenir sotuvchilaridan ikki nafari mashina yo‘lini to‘sib oladi.

— Mana bu Tutanxamon. Bunisi Sfinks. Yog‘ochdan ishlangan. Ikkisiga 50 funt (2,8 dollar) ber!

Noiloj, uni ham sotib oldim.

Ha, Qohira so‘nggi yillarda, aniqrog‘i, Husni Muborakdan so‘ng fayzsiz, istarasiz shaharga aylanib qolibdi. To‘rt ming yildan buyon savlat to‘kib turgan piramidalar, ularni dushmandan "himoya" qilib kelgan Sfinks ham mung‘ayib qolganga o‘xshardi...

 

Muhammadjon OBIDOV

Toshkent — Qohira  

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.