To‘qson to‘qqizinchi kitob

2017 yil — xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” shiori ostida o‘tayotgan targ‘ibot tadbirlarida qatnashish bir guruh shoir, yozuvchi, san’atkorlar tarkibida Jizzax viloyatida bo‘ldik.

 

Biz tushgan “Toshkent—Termiz” poezdi shaharga kech soat o‘nlarda yetib keldi.

Poezd vokzalga kirib kelar ekan, karnay-surnaylar chalinayotgani, did bilan kiyingan o‘g‘il-qizlarning qo‘llarida guldastalarni ko‘rdim. 

Keyingi bir yarim-ikki yil orasida Jizzax vokzali, uning atrofi juda o‘zgarib, ko‘rkamlashib ketibdi. Yangi qurilgan stadion, uning oldida, chamasi o‘n gektarga yaqin maydonni egallagan istirohat bog‘i. Avtobuslar ikki tomonlama yoritilgan charog‘on ko‘cha bo‘ylab borar ekan, yo‘l chetida saf tortgan ko‘p qavatli imoratlarga tikildim. Nazarimda Toshkent shahrida ham bunday ko‘rkam va bejirim uylar bo‘lmasa kerak. Avtobusimiz to biz joylashadigan mehmonxonaga yetib borgunga qadar yo‘lning ikki chetida qurilgan yangi uylarning soni ellikdan oshdi.

Yo‘l-yo‘lakay “Xotira maydoni”, “Yoshlar bog‘i”, “Forumlar saroyi” “San’at va musiqa maktabi”, “Olimpiada zaxiralari maktabi” kabi yal-yal yonib turgan yozuvlar ko‘zni qamashtiradi.  

Shaharda “Toj mahal”, “Diplomat”, “Grand hotel” kabi mehmonxonalar bino bo‘lipti. Biz yozuvchilar Muhammad Ismoil, Yahyo Tog‘a, Amir Xudoyberdi, Bobir Boboevlar “Grand hotel” mehmonxonasiga joylashdik. Xonalari ko‘rkam va ozoda, jo‘mrakda issiq-sovuq suvlar.  

Bunday qulayliklarni ko‘rib 1994 yilda bir guruh Qozog‘istonlik san’atkorlarni Jizzaxga boshlab borganim, shahar markazidagi birgina to‘qqiz qavatli mehmonxonada 40 nafar mehmonga bir kecha tunashga yaroqli xonalar topolmay sarson bo‘lganim, yotoq topilsa, laoqal bet yuvishga suv topolmay, mehmonlar qarshisida mulzam bo‘lganlarimni esladim. 

Ertasi kuni biz Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, Zomin, Paxtakor tumani mehnatkashlari o‘rtasida madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun guruhlarga bo‘lindik.

Yozuvchi Muhammad Ismoil, men va Milliy teatr aktyorlari, estrada xonandasi Nargiz Yondosheva bir gurux bo‘lib Arnasoy tumaniga yo‘l oldik.

Avvallari o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar tekis, ravon. Yo‘lning ikki chetida bo‘sh maydon ko‘rinmaydi. Bug‘doyi o‘rib olingan maydonlarda ikkinchi ekinlar barq urib yashnab turibdi. Meni taajjubga solgan narsa, aksariyat dukkakli o‘simliklar, xususan, mosh ko‘p ekilgan. Bizni paxtakorlar huzuriga boshlab borayotgan Jo‘ldoshboydan, namuncha mosh ko‘p ekilgan, deb so‘radim.

— Bu jo‘n eking‘o‘y. U shu suv minen oltpis kunda pisadi. Danin jiynep berseng har kilogramiga o‘n mingdan aqcha berip, o‘zi olip ketedi ovuldan. Poyasi molg‘a jem. Murung‘i qo‘jayinder ektirpes edi. Milise ortingdin quvib jurib  qamardi. Mina, dixqanga sharoit jaratuvg‘a  bo‘lar eken-ku.

Jo‘ldoshvoyni hangomasiga quloq tutib, manzilga yetib kelganimizni ham sezmay qoldik. Tushlikka vaqt bor ekan, hammani paxta dalasida ko‘rdik. Mehmonlar avtobusdan tushib, kimdir kontsertga tayyorgarlik ko‘rsa, kimdir qo‘liga daftar, qalam olib holiroq joy qidirdi. Men paxta terayotganlar tomon odimladim. Hamma egilib chanoqlardagi marjon-marjon “oq oltin”larni yig‘ishtirib olayotgan bir paytda dala o‘rtasida qaqqayib turishni o‘zimga ep ko‘rmay, paxta terayotgan yoshi kattaroq odamning yoniga borib “Ha — degan tuyaga darmon” deganlaridek unga ozgina bo‘lsa ham qarashib yuborgim keldi. Bu kishining ismlari O‘rozqul ekan. Paxta terish bahonasida  O‘rozqul otani gapga tortdim.

— Hormang otaxon!

— Bor bo‘ling mehmon. Qiynalmay  keldinglarmi?

— Sizlarni sog‘inib keldik.

— Odam odamni sog‘inmasa moldan farqi qolmaydi.

— Paxtani juda yaxshi terarkansiz.

— Har kilogramiga besh yuzdan sharaqlatib mulla jiring to‘lab tursa ikki qo‘l o‘rniga to‘rt qo‘llab terib ketarkansan, kishi.

Dalaga chiqqaningizga ko‘p bo‘ldimi?

— Endi gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, yetti yoshimdan beri daladaman. Mol boqdik, g‘o‘za chopdik, suv quydik, traktor bilan yer haydab mola bosdik. Paxtaning ishi boshqa ekinlarga nisbatan  og‘irroq.

— Bir kunda taxminan qancha paxta terasiz, — so‘rayman uvishib qolgan belimni uqalab.

— O‘ng tomonda paxta terayotgan kampirim, uning yonida kelinim bilan nevaram. Kichik o‘g‘il terilgan paxtalarni xirmonga eltib turipti. O‘tgan hafta oilamiz bilan tergan paxtamiz puliga bir sog‘in sigir olib, qo‘raga bog‘ladik. O‘tgan yili kenjamizni chiqaramiz deb kam xarjroq bo‘lib qolgandik. Joynamoz ustida xudodan so‘raganlarim Xizr buvaning qulog‘iga yetdi shekilli, biz oddiy mehnatkashning dardini tushunadigan, dodiga quloq soladigan yurtboshi berdi bizga. Ilgarilari, salomimizga burnini jiyirib “alik” olmaydigan bo‘yinbog‘ taqqanlar, endi o‘zlari yaqinimizga kelib salom beradigan bo‘lib qoldi. Burunlari biz qabuliga yetib borolmaydigan do‘xtirlarning o‘zi eshigimizni kunora taqillatib hovliga kirib keladi. Bunaqasi hech zamonda bo‘lmagan. 

O‘rozqulni bugun oilasi bilan tergan paxtasi to‘rt yuz yigirma besh kiloga yetipti. Demak, ular bir kunda oilasi bilan ikki yuz o‘n ming so‘m pul topishipti.

Peshin vaqtida ularning kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qo‘shadigan madaniy tadbirlarimiz ko‘ngildagiday bo‘ldi shekilli, O‘rozqulning brigadasi belni mahkam bog‘lab yana paxtazor tomon oshiqishdi.

Safarimizning ikkinchi kuni viloyatning Zarbdor tumaniga yo‘l oldik. Biz tushgan “Isuzu” avtobusi kamardek tekis yo‘ldan bir tekisda g‘izillab borardi. Yo‘lning o‘ng tarafida poliz va qishloq xo‘jalik ekinlari barq urib kishi ko‘ngliga xushnudlik baxsh etib yastanib yotardi. 

Yo‘lning chap tomonida bug‘doyni o‘rib olingan dalalarida qoramol va qo‘ylar podasining keti ko‘rinmasdi. Bu podalar biron-bir xo‘jalikka qarashli bo‘lsa kerak, xayol qildim men. Yana yo‘lboshchimiz meni to‘g‘riladi. 

— Siz ko‘rib turgan mollar hamqishloqlarimizniki. Har bir xo‘jalikning o‘ttiz-qirq sigir-buzog‘i, qo‘y-echkisi bor. 

Yana biroz yurganimizdan so‘ng yam-yashil daraxtlar bilan o‘ralgan qishloq ko‘rindi. Qishloqdan o‘tishimiz bilan yo‘l chetida to‘rt qator qilib qurilgan zamonaviy usuldagi yangi barpo etilgan g‘ishtin va tunuka tomli uylar ko‘rindi. Men yana uylarni sanadim. Roppa-rosa ellik to‘rtta. Demak, bu yil ellik to‘rt yosh oila bu xonadonlarga ko‘chib kirgan. Albatta, ular orasida kamxarj, nogironlar ham bo‘lishi kerak. Uylar safi tugashi bilan ulkan qurilish bo‘layotgan maydon ko‘rindi. Katta-katta harflar bilan “Texstil” degan yozuv ko‘rindi. Qurilish maydoni chamasi o‘n gektar bo‘lib odamlar bino tomini yopishayotgan ekan. Bir guruh odamlar bino atrofini ko‘kalamlashtirish maqsadida yerni kavlab  plastik quvur va suv sachratkichlar o‘rnatishmoqda. Avtobus qishloq tomon burilib ikki qavatli bino oldida to‘xtadi. Bu Zarbdor tumanidagi agrosanoat kolleji binosi ekan. Kollej direktorining o‘rinbosari Nazirjon bizni darvoza oldida qarshi oldi. Kamida besh yuz odam sig‘adigan majlislar zali, odatda bo‘ladigan bunday inshootlardan ancha keng edi.

Nazirjonning so‘zidan ma’lum bo‘ldiki, yo‘lda biz ko‘rgan tekstil kombinatida ishlash uchun bu yerda uch yuz ellik nafar mutaxassis tayyorlanayotgan ekan. Demak, kelgusi yili bu kollejni bitirib chiqqan yoshlar uchun avvaldan ish joyi hozirlanayotgan ekan.

Kollejda bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvdan so‘ng tuman markazidagi bir xonadonga kirdik. Yoshi yetmishlarga yaqinlashib qolgan xonadon sohibini suhbatga tortdim. Ma’lum bo‘lishicha, u kishi Toshkent politexnika institutini tamomlab, Toshkentda, Jizzaxda institut talabalariga dars bergan. Endilikda nafaqaga chiqib, oilaviy quyonchilik fermasini tashkil etib, chet eldan keltirilgan quyonlar parvarishi bilan band ekan.

— Bahorda Gollandiyadan keltirilgan zotdor quyonlardan elliktasini olib parvarish qilmoqdamiz. Bu quyonlarning vazni tez ortib o‘n kilogramgacha ko‘payishi mumkin. 

— Nahotki, bitta quyon o‘n kilogramgacha semirishi mumkinmi? — ishonqiramay so‘rayman undan.

— Mumkin, — deydi u qat’iylik bilan. Unga beriladigan ozuqa tarkibida o‘n turdagi o‘simlik, meva-sabzavot hamda kontsentratlar mavjud.

— Ko‘payishi-chi, ko‘payishi qanday ekan?

— Har uch oyda yetti-sakkiztagacha bolalab, juda tez ko‘payib ketar ekan.

— Xazinaning tagida qolibsiz-ku, — hazillashdim men.

— Juda unchalik emas, oqsoqol. Bu yumushning o‘ziga yarasha mashaqqatlari ham bor. Ular saqlanadigan xonalarning harorati 20-25 gradusdan oshmasligi kerak. Yetilib semirgan quyonlarni maxsus dastgohlar yordamida terisiga shikast yetkazmay shilib olish, go‘shtini qismlarga ajratish va muzlatkichlarga joylashtirish, haroratni uzoq muddat saqlab turadigan maxsus idishlarda chet elga eksport qilish ishlari ko‘p mehnat va mablag‘ni talab qilar ekan. Ishqilib eplashtiryapmiz. Muzlatkichni chet eldan keltirish uchun bankdan kredit so‘raganmiz. Keyingi oyda mablag‘ ajratishni va’da qilishgan. Muzlatkichni keltirib beradigan tashkilot bilan ham kelishib shartnoma tuzib qo‘yganmiz. Xudo xohlasa keyingi kelishingizda mana bu tomondagi bostirma tagida ishlab turgan muzlatkichni ko‘rasiz. Narigi, yashil tunuka tomli  xonadonni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bolamizning uyi. U tovuq boqishning piri bo‘lib ketgan. Har kuni uch yuz-to‘rt yuz tuxumni bozorga eltib sotadi. O‘zining kichik do‘koni ham bor. Daromadi chakki emas.

Ko‘chalardagi qator magazin, oshxona, choyxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘rib, tadbirkorlik uchun bundan ortiq yana qanday sharoit bo‘lishi mumkin, deya o‘z-o‘zimni savolga tutdim. Avvalo, xohish, kuch-g‘ayrat, shijoat, ish ko‘zini bilishlik farovon turmush garovi ekanligi hammaga ayon haqiqat ekanligiga imonim komil bo‘ldi.

Kech kirib borliq uzra tun pardasini yoyib, ko‘k chiroqlari porlagach, kunduzgi mehnatdan toligan dala mehnatkashlari hordig‘ini chiqarib, ko‘ngil g‘uborlarini yozish uchun markazdagi uchinchi sonli maktab hovlisiga to‘plandik. Taniqli shoir va yozuvchilar, elning ardoqli san’atkorlari Sobir Mo‘minov, Toshpo‘lat Karim, Nargiz o‘z mahoratlarini namoyish etishga kirishdilar. Quvnoq kuy-qo‘shiqlar sadosi keng dalalar, bog‘-rog‘lar uzra taraldi.

Men ham bir tomoshabin sifatida chetroqdagi daraxt ostiga o‘rnatilgan kursiga borib o‘tirdim. Shu payt kichik bir qizaloq salom berib yonimga o‘tirdi. Ko‘rinishidan jikkakina, ko‘zlari porlab turgan murg‘ak qalbning ko‘ksida zavq va hayrat barq urib turardi.

— Toshkentdan keldilarmi? — so‘radi qizcha.

— Ha Toshkentdan, isming nima? — so‘radim qizdan.

— Durdona, — dedi kulib turib.

— Maktabda o‘qiysanmi, — yana savolga tutdim uni.

— To‘rtinchi sinfda o‘qiyman, — dedi qizcha dona-dona qilib.

— Nega kontsert tomosha qilmayapsan? 

— Men kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman, — dedi savolimga javob berganday.

Atrofimizdan yoshroq bolalar chopib o‘tishdi. Ular chamamda quvlashmachoq o‘ynashardi. Durdona biroz ularning ortida tikilib turdida, yana boyagi so‘zini takrorladi.

— Men kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Kecha tug‘ilgan kunim bo‘ldi. Oyim chiroyli ko‘ylak, dadam velosiped sovg‘a qildi. Lekin men uni haydashni bilmayman. 

Shu qizchaga biron narsa sovg‘a qilish kerak ekan deb, sumkamni kavlay boshladim.

 Durdona esa hamon gapirishda davom etardi.

— O‘qituvchimiz Oyimqiz opamlar menga “O‘zbek halq ertaklari” degan kitob sovg‘a qildilar, endi kitoblarim soni to‘qson sakkiztaga yetdi, — deb qoldi.

Shu payt yarq etgan bir fikr keldi. Sumkamda bolalarga atab yozilgan “Tabiat kitobi”dan bir dona qolgan ekan. Darhol kitobning ikkinchi betiga “Kitobsevar Durdonaga baxt-iqbol yor bo‘lsin”, deb yozib, qo‘llariga tutqazdim.

Qiz birdan qiyqirib o‘rnidan turib ketdi va “Ureee, kitobim to‘qson to‘qqizta bo‘ldi”, — deb turgan joyida raqs tushib sakray boshladi. Uning quvnoq chehrasidan taralayotgan shodlik nuri elektr chiroqlaridan ham yorqinroq va fayzliroqdek tuyuldi menga shu onda.

 Jo‘ra MAHMUD,

O‘zbekiston san’at arbobi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.