DUNYO SARI YO‘L

Bundan yigirma olti yil muqaddam 1991 yil 17—19 avgust kunlari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ilk rasmiy tashrif bilan Hindiston Respublikasida bo‘lgan edi.

 

Bu haqiqatdan ham, tarixiy safar edi. O‘zbek davlatchiligi tarixida, xalqimiz hayotida misli ko‘rilmagan, asrlar bo‘yi orzu qilib kelingan olamshumul voqea edi. Prezidentimizning xorijiy davlatga birinchi rasmiy tashrifi samarali bo‘lishi mamlakatimiz kelajagi uchun ham juda muhim edi. Tashrifning yana bir muhim tomoni shunda ediki, shu vaqtgacha sho‘ro davlatidagi hali biror-bir respublika rahbari yurak yutib, o‘z xalqining nomidan xorijga rasmiy tashrif bilan chiqish u yoqda tursin, mustaqillik haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmagan edi.

Hali hamma Sovet davlatining cheksiz kuch-qudratiga ishonar, uning tez kunlar ichida ich-ichidan chirib ketgan keksa chinordek qulashini xayollariga ham keltirishmasdi. Barcha yangi Ittifoq Shartnomasini imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bilan band edi.

O‘sha juda qaltis kunlarda uzoqni ko‘ra bilib, bashorat qila olgan, dilidagi xolis niyatini ro‘yobga chiqarish uchun dadil harakat boshlagan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov edi. Hatto, biz jurnalistlar ham bu so‘zlarni endi, o‘sha kunlardan 26 yil o‘tgandan so‘nggina baralla ayta olayapmiz. Haqiqatdan ham Sovet Ittifoqida yuz berayotgan shunday mushkul siyosiy vaziyatda, voqelikni donishmandlarcha ko‘ra bila turib xorijga safarga chiqishning o‘zi chinakam jasorat, mardlik edi.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshliq hukumat delegatsiyasining Hindistonga rasmiy tashrifi kutilganidan ham samarali bo‘ldi. Bu tarixiy tashrifning eng ahamiyatli tomoni shunda ediki, O‘zbekistonning birinchi Prezidentini Hindiston tomoni eng nufuzli xorijiy davlatning tan olingan rahbari sifatida oliy darajada qabul qildi. Hindistonning sobiq SSSRdagi respublikalar ichida birinchi bo‘lib O‘zbekistonni xorijiy do‘st davlat sifatida ko‘rib, u bilan ham iqtisodiy, ham madaniy sohalarda o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimlarni ham hech ikkilanmay imzolashi safardagi tarixiy voqea bo‘ldi.

Endi o‘sha tarixiy tashrif tafsilotlarini birma-bir ko‘z oldimizdan o‘tkazaylik. Chunki, mamlakatimiz rahbarining bu ilk safari haqida hali ko‘p yoziladi. Bu safarda shaxsan Yurtboshimizning taklifi bilan ishtirok etish, o‘sha paytda yoshlar gazetasining Bosh muharriri uchun katta sharaf va shu bilan birga ulkan mas’uliyat edi. Shuning uchun tashrifning har bir voqeasini yon daftarchamga tushirishga, hatto suratga olishga harakat qilganman. Endilikda ana shu tarixiy jarayon, bugun katta shodiyona arafasida qayta jonlanmoqda.

...Xalqimizning donishmandligiga qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q. Safar oyida safarga chiqqanlar murodiga yetadi, degan naqlning naqadar hayotiyligiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik.

Delegatsiya tushgan samolyot Toshkentdan Dehliga birpasda, ya’ni ikki yarim soatda yetib keldi. «Tu-154» samolyotini eng mohir uchuvchilar boshqarishdi. Oldindan mo‘ljallanganidek Dehli vaqti bilan roppa-rosa 9.00 da samolyot yerga ohista qo‘ndi.

Palam aeroporti shanba kuni bo‘lishiga qaramasdan, gavjum edi. Biz o‘zbekistonlik jurnalistlar va «oynai jahon» xodimlari qadimiy hind diyoriga qadam qo‘yganimizdanoq ajib bir do‘stona iliqlikni his qildik. Prezidentimiz Islom Karimov samolyot pillapoyasidan tushishi bilanoq o‘nlab jurnalistlarning qurshovida qoldi. Har bir qalam sohibi hali dunyoga tanilmagan O‘zbekiston Prezidenti bilan yaqindan tanishishga intilar, uning xorijga qilgan ilk tashrifining boisi nimadaligini bilishni istar, shuning uchun ham Yurtboshimizga savol ustiga savol berishardi.

Ammo, hali bu borada tajriba kam bo‘lsa ham, Prezidentimizning javoblari asosli va lo‘nda edi.

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Hindiston matbuoti uchun bergan intervyusi o‘zbek-hind xalqlarini uzoq yillardan buyon do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik rishtalari bog‘lab turganligini alohida ta’kidlab, shunday dedi: «Bizning Hindistonga kelishimiz, avvalo o‘zbek xalqining qadimgi ma’rifatga, ko‘p asrlik tarixga va juda boy madaniyatga ega bo‘lgan hind xalqiga ulkan ehtiromining namoyon bo‘lishini bildiradi. O‘zbek xalqi o‘zining buyuk qo‘shnisi bilan yanada mustahkam aloqalar o‘rnatishga intilmoqda. Tariximiz mushtarakligi, madaniyatimizning yaqinligi, xalqlarimizning ko‘p asrlik aloqalari shunday mustahkam poydevorki, unda biz Hindiston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida sifat jihatidan yangi munosabatlarni qurishimiz mumkin. Ayni vaqtda men shu narsani ta’kidlamoqchimanki, ikki respublika o‘rtasidagi bevosita aloqalar ko‘p qirrali Sovet — Hindiston munosabatlari doirasida olib borilmoqda».

Haqiqatdan ham, o‘sha paytlarda bu so‘zlarni aytish u yoqda tursin, xorijda, yana jurnalistlar huzurida bu haqda bayonot berishning o‘zini tasavvur qilish qiyin edi. Ana shunday dadil va uzoqni ko‘zlab qilingan harakatlar yo‘lboshchimizning olib borayotgan qat’iy va izchil siyosati O‘zbekistonning xorijiy davlatlar o‘rtasidagi obro‘sini oshirdi. Shu yili bir oyning ichida O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining dunyoning ikki yirik davlati — Hindistonga, keyin Xitoyga rasmiy tashrif buyurishining o‘zi so‘zimizning isbotidir.

U O‘zbekistonning manfaatdor tomonlar bilan teng huquqli do‘stlik va hamkorlik munosabatlariga intilayotganini ta’kidlab, uning Hindistonga hozirgi tashrifi, shu davlat rahbarlari, shuningdek, jamoatchilik va savdo-sanoat doiralari vakillari bilan bo‘lajak uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasida sifat jihatdan yangi munosabatlarni o‘rnatishda yangi omil bo‘lib xizmat qiladi, deb umid bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindistonga qilgan tashrifi davrida muqim qarorgohi bo‘lgan «Haydarobod» saroyi chinakam tarixiy joyga aylandi.

Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning rafiqasini, delegatsiyaning barcha a’zolarini beqiyos mehmonnavozlik bilan kutib olishdi. Bo‘yinlariga anvoyi gullardan gulchambarlar taqishdi. Odatga ko‘ra peshonalariga qizil rangdan belgi qo‘yib, hurmatlarini bajo keltirishdi.

Shu kunning o‘zidayoq oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ilk bora shunday oliy darajadagi uchrashuvlarda, suhbatlarda qatnashishdek sharafga muyassar bo‘ldik. O‘zimizni xorijda ishlayotgan jurnalistlardek erkin his qildik. Prezidentimiz Islom Karimovning Hindiston Bosh vaziri P.V. Narasimxa Rao va vitse-prezident Shankar Dayal Sharma bilan uchrashib suhbatlashgani muhim voqea bo‘ldi. Samimiy do‘stona vaziyatda o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida tomonlar, jumladan, Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash hamda rivojlantirish kerakligini alohida ta’kidladilar. Ikki xalqning do‘stlik rishtalari, azaliy tarixiy va madaniy mushtarakligi, o‘zaro munosabatlari ildizlari qadim-qadimlarga borib taqalishi, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida sifat jihatdan yangi munosabatlar o‘rnatilishi katta ahamiyatga ega ekanligi bu yerda bir necha bor tilga olindi.

Ilk tashrif chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston rahbarlari ikki muhim hujjat: iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnika hamkorligiga doir bitimga, shuningdek, madaniyat, san’at, ta’lim, ilm-fan, sayyohlik, sport va ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik yuzasidan bitimga imzo chekdilar.

Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi eng muhim sohalar bo‘yicha imzolangan ana shu ikkita tarixiy bitimning yana bir o‘ziga xos tomoni shunda ediki, ular hind, ingliz, rus tili bilan birgalikda birinchi marta o‘zbek tilida ham bitildi.

— Xalqaro hujjatlarning o‘zbek tilida ifodalanishi asrlarga teng tarixiy voqeadir, — degan edi o‘sha uchrashuvlar ishtirokchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov. — Bunday unutilmas, qutlug‘ kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shunday muborak kunlarga musharraf bo‘lish, uni ro‘yobga chiqarish uchun xalqimizning o‘nlab, yuzlab eng asl farzandlari jon fido qildilar. Ollohga shukurlar bo‘lsinki, oliy maqsadni amalga oshirish faqat Islom Karimovdek ulug‘ insonga nasib etdi. Uning sobitqadam, izchil harakati tufayli ana shunday ezgu-niyat, yana bir karra ta’kidlayman, xalqimizning asriy orzusi amalga oshdi. Bu tashrifda ishtirok etish biz uchun ham katta baxtdir.

— Bu bitimlarning tarixiy ahamiyati va mohiyati ularning aniq mazmunidan ancha chetga chiqadi, xalqaro maydondagi mustahkam hamjihatlikning turli sohalarida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitadi, — degan edi Islom Karimov hujjatlarni imzolash tantanali marosimida. — Bugun Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi bevosita ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirishning yangi bosqichiga asos solindi, xalqlarimiz iqtisodiy va aql-ziyo salohiyatini birlashtirish uchun dastlabki poydevor qo‘yildi.

Erishilgan bitimlar faqat savdo-iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qilibgina qolmay, shu bilan birga bu ishda yangicha yo‘l tutish, hamkorlikning sifat jihatidan yangi holatiga erishish imkoniyatini ta’minlaydi, deb umid qilamiz.

Tashrifning birinchi kuni uchun belgilangan tadbirlar shunchalik ko‘p ediki, hozir o‘sha kunni eslasam, davlat boshliqlariga qanchalik qiyin ekanligi xayolimga keladi. Harorat 40 darajadan ham oshib turgan kunda bir soniya ham tinim bilmasdan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish kishidan katta matonat talab qiladi. Kun issiq, havo dim. Daqiqalar hisob-kitobli. Bir uchrashuvdan belgilangan vaqtda ikkinchi uchrashuvga yetib borish, marosimlarda qatnashish, har bir tadbirning o‘ziga xosligini e’tiborga olish va suhbat mavzuini ko‘zlangan maqsadga yo‘naltirish kishidan qanchalik kuch-g‘ayrat, sabot va matonat, aql-idrok, mushohada talab etishini his qilishning o‘zi kifoya.

Hind xalqining asl farzandlari xotirasini eslash ham qarz, ham farz edi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshliq delegatsiya a’zolari Dehlining eng muqaddas joylariga tashrif buyurishdi. Dastlab Hindiston xalqi milliy-ozodlik harakati rahbari Maxatma Gandi tani olovga topshirilgan joy «Gajvhat»da bo‘lishdi va yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. O‘zbekiston Prezidenti Xotira kitobiga quyidagi so‘zlarni yozib qoldirdi:

«Hind xalqining buyuk farzandi, Hindiston ozodligi uchun kurash rahbari Maxatma Gandi xotirasiga samimiy hurmat bilan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

ISLOM KARIMOV»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hindiston mustaqilligi uchun tolmas kurashchi va shu mamlakatning birinchi Bosh vaziri bo‘lgan Javoharla’l Neru xotirasini ham esga olib gulchambar qo‘ydi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgandi:

«Hind xalqining buyuk farzandi J. Neruga.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

ISLOM KARIMOV».

 

Jabbor RAZZOQOV

(Davomi bor.)

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.