MA’NAVIYATIMIZ POYDEVORI

She’r — xazina, qonida ash’or olovlanayotgan har bir odam uni yod oladi, takrorlaydi, o‘zini qalbidagi g‘alayon to‘fonlarini qarshi olishga chog‘laydi. Bugungi kunga kelib, qonimizdagi bu xususiyat ommaviy madaniyat ta’sirida biroz so‘nganday bo‘lishi mumkin, lekin biz hushyorlikni qo‘ldan bermaslik payida bo‘lishimiz kerak. Kim bolasini alla o‘rniga hikoya o‘qib ovuntiradi?.. Albatta, alla aytib beradi. Bola ohangiga ergashadi, ifodali o‘qishni, sekin-sekin fikrlashni o‘rganadi. Kelajagimiz egalari tarbiyasi oilalarda ana shunday boshlanadi. Xazinaning kaliti ularning qo‘lida bo‘ladi.

 

 Quvvai hofizasi yuksak, zakovat nurlarini taratgan zakiy bobolarimiz she’riyati  butun bir ma’naviyatimizni boyitib kelmoqda. She’riyat – go‘zallik va nafosat olami. Bu olamda “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”day dostonlar, mumtoz adabiyotimizda: Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat; zamonamiz qahramonlari bo‘lmish Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ibrohim Yusupov kabi namoyandalar manaman deb turibdi. She’riyat – butun bir ma’naviyatimiz, adabiyotimiz poydevori. Adabiyotni haqiqiy yaxshi ko‘radigan har bir kitobxon bu so‘zlarni tasdiqlashi mumkin. 

Shoirlarimiz mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar  va mustaqillik davrimizda millatimiz sha’nini she’rlarida shior qilib kuyladi, Vatanni madh etdi, kitoblar tayyorladi. 

Bizning o‘zbek she’riyatimiz badiiyati jihatidan dunyoda eng yuksak she’riyatligi bilan faxrlansa arziydi. 

“O‘zbekiston” nashriyoti ham bu borada o‘zining qizg‘in hissasini qo‘shmoqda. Har bir ijodiy xodim yuksak ma’naviy mas’uliyatni his qiladi.

Nashriyot shu yaqin yillarda bir qator  she’riy kitoblarni bosmadan chiqardi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Everest va ummon” kitobi shular jumlasidan. Bu kitobga shoir hayotining so‘nggi kunlarida  yozgan she’rlari ham kiritilgan. Abdulla Oripov she’rlari bugun tarixga aylandi. Uning har bir she’rini bee’tibor qoldirib bo‘lmaydi. Quyida shu kitobdan o‘rin olgan “Erkin Vohidov xotirasiga” she’rini sizlarga havola qilmoqchimiz:

Rosa tortishdilar yer bilan osmon,

Shafaqqa aylandi yanoqlar chunon.

Shoirni meniki, der edi samo,

Meniki, der edi ona yer ammo.

Shoir-chi, kuylaydi ikkalasin ham,

Zamindan kuch oldi, samoga hamdam.

Sakson yil chorlashdi o‘rtaga olib,

Oxir tortishuvda Yer chiqdi g‘olib.

Abdulla Oripovning  “Everest va ummon” kitobi ikkinchi marta nashr etildi. O‘quvchilar nashriyot do‘konlari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashriyotga murojaat qilib, xaridni amalga oshirishlari mumkin.

 

Yana bir Qahramon shoirimiz, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson” kitobini nashriyot chop etdi. Betakror so‘z ustasi umrini adabiyotimiz, she’riyatimiz ravnaqi uchun sarfladi. Uni tanimagan kitobxon topilmaydi. Shu kitobga kiritilgan she’rlarni ko‘zdan kechirganimda shoirning “Yosh shoirga” she’ri e’tiborimni tortdi. Shu she’rning sakkiz qatorini keltirmoqchiman:

Tilay g‘ayrat senga, yosh shoir ukam,

Fazlu hikmat senga, yosh shoir ukam.

Biz ham kuylab o‘tdik imkonlar qadar,

Endi navbat senga, yosh shoir ukam.

Mustaqil hur ma’vo seningdir, sening,

Ozod, emin sado seningdir, sening.

Biz shivirlab aytgan tuyg‘uni endi

Kuylash oshkoro seningdir, sening.

Erkin Vohidov aytganiday, she’riyatni to‘xtatib bo‘lmaydi, uni oshkoro kuylashda davom etish kerak.

 

“O‘zbekiston” nashriyotida shu yil chop etilgan to‘plamlardan biri O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdievaning “Osoyishta sham” kitobi. Kitobga shoiraning yangi she’rlari kiritilgan. Ularni mutolaa qilar ekansiz, ijodkor qalb tug‘yonlarini kuylaganining, ma’lum bir davr ruhiy kechinmalar girdobida bo‘lganligining guvohi bo‘lasiz. O‘quvchi bu she’rlarni o‘qib shoirani kuchli inson qiyofasida ko‘radi. U bir to‘rtligida shunday deydi:

Hozirlan, bir shiddat, shaxd kelayotir,

Yo‘lda senmas. Ko‘k daraxt kelayotir.

Vatan deb atalmish qadrgohlarda,

Bayroqday hilpirar vaqt kelayotir!

 

Yo‘ldosh Eshbek she’rlari minbarlarni bezaydi, mudragan, tinglagan sukunatni uyg‘otadi. Shoirning “Yig‘layotgan qiz”, “Baxtiyorning qo‘shig‘i”, “Qo‘sh hayda-yu, qo‘sh hayda”, “Boychibor” kabi she’rlari kitobxon orasida “xit” bo‘lib ketgan. Shoir tinmay mehnat qildi. Bugun u: “Keragicha yozib qo‘yganman” deb kulib qo‘yadi. Ming afsuski, uning kitoblari uzoq yillar dunyo yuzini ko‘rmadi va nihoyat, “O‘zbekiston” nashriyotida “Qizg‘aldoqlar ochildi” nomli to‘plami nashrdan chiqdi. Yo‘ldosh Eshbek o‘z yo‘lidan chekinmadi, yangi yo‘nalishlarda ham ijod qilaverdi. Quyida bir kitob she’rlardan bir she’r keltiramiz:

 

O‘zgarishlar etadi xursand,

Kimgadir taqlidlar soladi o‘yga.

Agar o‘zligingni saqlasang – hursan,

Yo‘qsa tushgaydirsan o‘zgacha ko‘yga,

O‘zga arobaga tushib qolasan,

Qilasan o‘zgacha ohang, xirgoyi,

Tushgin, o‘zingni top, tog‘ni olasan,

Olasan, oq ro‘mol o‘ragan oyni.

 

Xalqimizning sevimli shoirlari: Omon Matjonning “Umr o‘tar, vaqt o‘tar”, Oshiq Erkinning “Yuragimdan joy beraman”, Abdumajid Azimning “Oshiq dilim”, Halima Ahmedovaning “Yashil” kitoblari; Nazar Shukurning “Osmon tashbehlari” va Jamol Sirojiddinning “Siyob oqshomlari” to‘plamlari esa “Sheriyatimiz yulduzlari” ruknida nashr etildi. Bu kitoblar haqida alohida-alohida maqolalar yozsa arziydi.

Hurmatli kitobxon, 

“O‘zbekiston” NMIU 

kitoblarini kuzatib boring, 

bu kitoblar sizning ma’naviy ehtiyojingizga aylanishi tabiiy. Doimiy hamkor, hamfikr bo‘ling!

 

Rauf SUBHON

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.