SADOQATNING SUVRATI

Yangasi unga ohistagina so‘zladi: «Ergash tog‘amizning o‘g‘lidan sovchi keldi... Shunga siz nima deysiz?».

 

«Sovchi?!». U quloqlariga ishonmadi. «Axir, men hali yoshman-ku... Ergash tog‘aning o‘g‘li... Oti nima edi-ya? Ha, topdim, Murodilla». U eslashga urindi.

«Baland bo‘yli, polvon yigit, ot chopadi, egnidan chopon tushmaydi. Necha marta uloq chopib sovrin olgan. Yana... yana». U harchand eslashga urinmasin, qiyofasini ko‘z o‘ngiga tiniq keltira olmadi.

U ko‘zlarini yerdan oldi. Yangasi unga zimdan nazar solib turardi. Uning dilida xavotir bosh ko‘tardi. «Voy, yangam ichimdagi gaplarni bilib olgan bo‘lsalar-a». Ikki yuzi uyatdan qizardi. So‘ngra hayo muhrlangan nigohlarini yana yerga qadadi. «O‘zlaringiz bilasizlar». Hamma qizlar aytadigan bu so‘zlarni tilidami, ko‘nglidami aytdi, bilolmay qoldi. Yangasi quvonganicha dahlizga chiqdi.

To‘ylari bo‘ldi. Murodilla qaylig‘iga termilib to‘ymasdi. 

Ko‘nglida ne gapi bor — aytmasdi. U uyiga yuzlari qoraygan holda, horib-tolib kelardi. Qaylig‘iga ko‘zi tushishi bilan, beixtiyor jilmayardi. Shunda oppoq tishlari yuzini yanada qoraytirib ko‘rsatardi. Dilida so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas tuyg‘u g‘imirlay boshlardi.

U xotinining qo‘liga suv quyishi-yu, oldiga ovqatini olib kelib qo‘yishidan choy uzatishigacha, hovlida bir-bir qadam tashlab yurishi-yu, uyalinqirab ko‘z tashlashigacha beparvo bo‘lolmasdi. Xotinining ibo bilan qarashi tog‘ dilini yanada ko‘tarardi. Shunday oqila, mehribon ayolni taqdir unga ro‘para qilgani uchun Allohga shukronalar aytardi ichida.

Kelinchak ham erini har kuni darchadan ishga kuzatar ekan,  boqqani sari dilida sevgi kurtaklari g‘unchalar, sadoqat epkini esar, oqibat gullari barq urib yashnardi. Yostiqdoshining qo‘llarini silkib-silkib, katta-katta qadamlar bilan yurishi zavqini keltirardi. Yuragida hali o‘zini butkul ko‘rsatib ulgurmagan sohir hislar maysalar misoli bo‘y cho‘zardi.

Urush boshlandi. Shu kuni Murodilla uyga chuqur o‘yga cho‘mgan holda qaytdi. Ayolining ko‘zlariga qaray olmadi. Urush boshlangani uchun, bir kuni ayolini yolg‘iz qoldirib ketishini o‘ylar, o‘ylagani sari o‘zini aybdor sanar, yuragi, joni, jahoni alam yog‘ida jizg‘anak bo‘lardi. Urush so‘zi dillarga o‘zining tim qora soyasini solib ulgurgandi. Ular har qancha urinishmasin, ayriliqdan qutula olmasliklarini bilishardi. 

Nihoyat, tahlika bilan kutilgan kun ham yetib keldi. Murodillasini ko‘p qatori harbiy komissariatga chaqirishdi. Oxirgi tunni birga qarshilashgan ikki dil bir-biriga rozlarini aytdi. Dillar dillashdi, muhabbat ahdlari izhor qilindi. Eri ketdi. U ilk marotaba o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Yig‘isiga yolg‘iz tun guvoh bo‘ldi. Bolishi ko‘zyoshlarini yutoqib-yutoqib ichdi.

U tong sahar ketmonini yelkasiga qo‘yib dalaga otlandi. Uning hijron yara solgan qalbiga dalasi malham bo‘ldi. Uning g‘amlariga dalasi sherik bo‘ldi. Murodillasidan xat kelganida quvonchiga, shodlik ko‘z yoshlariga dalasi guvoh bo‘ldi. Uning vaqtidan ilgari oqargan sochlarini, bemavrid tushgan ajinlarini ilk bora dalasi ko‘rdi.

Nogahon kelgan «qora xat»dagi so‘zlarga ishonmadi. Ilk bora ko‘ngli, tili hayqirdi uning: «Yo‘q, mening Murodilla akam o‘lmaydilar! Bunday bo‘lishi mumkin emas!».

U kutib yashadi. Erining qaytishiga ishonib yashadi.

U bugun keksaygan, kuchdan qolgan. Lekin hijron quyuni dilining tub-tubiga ildiz otgan Umid daraxtini yiqita olmadi. Ayriliq qurita olmadi.

U devordagi askar surati — Murodilla akasiga, yonidagi nasibasi — nonga uzoq tikilib o‘tiradi. U bilan xayolan gaplashadi. Uni shu surat, shu nasiba hayotga mahkam chirmab bog‘lab tashlagan. So‘ng qo‘lidagi uchburchakli xatni qo‘liga olib minginchi marta hijjalab o‘qiydi. Ko‘nglida mudragan, ilk bora bosh ko‘targan hayqiriq qayta uyg‘onadi: «Yo‘q, mening Murodilla akam o‘lmaydilar!».

 

Oygul UBAYDULLA qizi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.