Sizni sog‘indim, dadajon! (Yo‘lakdan topilgan xat)

Tashqarida yomg‘ir yog‘yapti.Turli-tuman mashinalar, avtobuslarning keti uzilmaydi. Ko‘cha to‘la soyabonlar xuddi rang-barang qo‘ziqorinlarga o‘xshaydi. Avtobuslar bekatda to‘xtab o‘tadi. Ana, yana bitta avtobus kelib, to‘xtadi. Eshik ochilib, yo‘lovchilar tusha boshladi. Hamma bir zumda atrofga tarqalib ketdi. Faqat bir shlyapali kishi shoshilmasdan ko‘p qavatli uy tomon yurdi. Tezroq yursa bo‘lmasmikin? Ivib ketadi-ku!

 

U to‘xtab sigareta yondirdi. Yomg‘ir tutunga qorishib ketdi. Cumkasi xuddi siznikiga o‘xshagan sariq ekan, dadajon. Shlyapasining rangini yaxshi ajrata olmadim. Ammo ko‘rinishi siznikiga o‘xshar ekan.

Oynaga peshonamni tirab, ko‘chaga tikilib o‘tiraverib, peshonam muzlab qoldi. Ana, Aqidaning dadasi taksidan tushib, chopib yo‘lakka kirib ketdi. Adhamning dadasi katta xalta ko‘tarib keldi. Chunki bugun Adhamning tug‘ilgan kuni. Bugun men ham... yettiga to‘laman. Oyimlar aytganlar, ikkalamiz bir kunda tug‘ilgan ekanmiz. Siz meni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, to‘g‘rimi? Hech kim aytmasa ham buni o‘zim bilaman.

Kecha ham maktabdan kelib, derazaga boshimni qo‘ygancha sizni kutib o‘tirdim. Kelmadingiz. Lekin shlyapangizni ko‘rib qoldim. Avtobusdan hammadan keyin tushib, atrofga qaradingiz. Sigareta chekdingiz. Uyimizga yaqinroq kelib, men o‘tirgan derazaga qaradingiz. Lekin meni ko‘rmadingiz. Uyimizning chirog‘i o‘chiq bo‘lgani uchun ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. Derazani ochib, “Dada!” deb chaqirgim keldi-yu, eshikdan o‘zingiz kirib kelasiz deb o‘yladim. Kira solib ust-boshingizni yechmayoq, meni bag‘ringizga bosib, “Ona qizim” deya yuz-ko‘zlarimdan o‘pib, sochlarimni silashingizni kutdim, dadajon. Avvaliga chiroqni yoqmay jim o‘tiraveraman, o‘zingiz meni topib olasiz deb o‘yladim. Ammo birdan sizni qo‘rqitmoqchi bo‘lib eshikning orqasiga yashirinib oldim. Nafas olmay turdim. Eshikni ochib ichkariga kirishingiz bilan to‘satdan bo‘yningizga osilib olmoqchi bo‘ldim. Bo‘yningizdan mahkam quchoqlab olaman-da, sira qo‘yib yubormayman, deb o‘yladim.

Ana, oyoq tovushlari eshitilyapti... Siz kelyapsiz... Eshik ochildi... Qo‘llarimni yelkangizga qo‘yib, ko‘tarib oldingiz... Sochlarimni silab, o‘rnimga yotqizdingiz... Qo‘llarimni ushlab o‘tiribsiz... Ertak aytyapsiz... Men uchib yuribman... Bulutlardan ham balandroq uchyapman...

Dadajon, kecha ro‘molchangizni topib oldim. Hidlasam, sizning hidingiz kelib turipti. Oldiniga yuvib-dazmollab qo‘ymoqchi bo‘ldim. Ammo yuvmadim. Yuvsam, hidingiz ketib qoladi-da. Kelganingizda yuvib, dazmollab beraman.

...Dadajon, bugun ham kelmadingiz-ku... Men yana deraza oldida o‘tiribman. Aytmoqchi, kecha biznikiga bitta amaki keldi. Oyimning  o‘rtog‘i ekan. Menga qo‘g‘irchoq olib kelipti. Juda ham chiroyli, ko‘zlarini pirpiratadi. Yotqizib turg‘azsangiz “inga-inga” deb rostakamiga yig‘laydi. Uning ham adasi ketib qolgan bo‘lsa kerak...

O‘sha amaki shirinlik ham olib keldi. Ammo bir tishlamgina yedim. Ishonmasangiz oyimdan so‘rang. Siz olib kelganingizda mazza qilib ko‘p yeb olaman. O‘sha amaki hozir ham biznikida televizor ko‘rib o‘tiripti. Nega endi siz olib kelgan televizorni ko‘radi? Nima haqqi bor? 

Kecha rasm darsidan besh baho oldim. Ona tilidan esa endi “to‘rt” olyapman. O‘qituvchimiz ham sizga o‘xshab, har bir kishi o‘z ona tilini bilishi kerak, deydilar. O‘qishdan ham baholarim “4”. Sizga so‘z beraman, yil oxiriga qadar hammasi a’lo bo‘ladi. Chunki siz men bilan dars qilasiz. Dadajon, bo‘yoq qalamimni yo‘qotib qo‘ydim. Oyimlarga shuncha aytsam ham yangisini olib bermayaptilar. Iltimos kelayotganingizda bo‘yoq qalam olib keling.

Kecha-chi, dada, Akrom Surayyoning daftariga qizil qalam bilan chizib tashladi. Surayyo adamga aytib beraman deb rosa yig‘ladi. Uning dadasi militsiyada ishlar ekan. Mashinalari bor ekan. Lekin u ham menga o‘xshab maktabga yayov kelib-ketadi. Derazamizning tagidagi o‘rik gulladi. Siz bilan birga ekkan o‘rigimiz. Men kichkina chelakchamda suv tashib, sizga qarashgan edim.

Ana, avtobuslar ham uxlagani ketishdi. Ko‘chada hech kim qolmadi. Siz bugun ham kelmadingiz...

Dam olish kuni kelgan amaki bugun yana biznikiga keldi. Tag‘in qo‘g‘irchoq olib kelipti. Men unga qaramadim ham. Oyim uchchalamiz ovqatlangani o‘tirganimizda men o‘rnimdan turib, o‘z xonamga kirib ketdim. Oyim urishdilar. Men bo‘lsam, dadam kelganlarida birga ovqatlanamiz, dedim. Oyim yana qulog‘imdan cho‘zdilar. “Begona odamlar orasida o‘zimni tutishni bilmas” emishman. Rosa yig‘ladim. 

O‘sha amaki men bilan gaplashmoqchi bo‘lgan edi, siz kimsiz, bizning uyimizda nima qilib o‘tiribsiz, dedim. Oyim bo‘lsalar oyog‘imni qattiq bosdilar. Lekin men yig‘lamadim. Begona odamlar oldida sira ham yig‘lamagin, degan edingiz-ku, axir.

Oyim meni o‘rnimga yotqizib, eshikni yopib chiqib ketdilar. Men bo‘lsam darrov o‘rnimdan turib, yana deraza yoniga bordim. Sizni kutgani. Ha, aytganday, o‘tgan yili tug‘ilgan kunimda siz sovg‘a qilgan akvariumdagi baliqcha o‘lib qoldi. Oyim, ajap bo‘pti, xo‘b bo‘pti, bitta tashvishdan qutulibman, deb baliqni derazadan ko‘chaga uloqtirib yubordilar. Surayyoning aytishiga qaraganda, baliqcha kimnidir sog‘insa, o‘lib qolar emish. Shu to‘g‘rimi, dada?

Bugun yana havo bulut. Lekin negadir yomg‘ir yog‘mayapti. Balki bulut yig‘layverib charchagandir. Siz nima deb o‘ylaysiz, dadajon?

Men deraza tokchasidan pastga tushib, stulga o‘tirib oldim. Qo‘llarim yana sovqotdi. Lekin bu yerdan ham avtobuslar bemalol ko‘rinib turipti. Siz kelib qolsangiz, ko‘rinadi. Iltimos, tezroq kelib anavi amakini haydab yuboring...

O‘tirgan joyimda uxlab qolibman. Ertalab oyim yana urishdilar. Nega bo‘lmasam o‘zlari kechqurun men bilan yotmay, televizor ko‘rgani begona amakining oldiga chiqib ketadilar? Bir ozdan keyin ular nimadir deb gaplashishdi. Keyin eshigimiz ochildi. Men siz keldingizmi deb yugurib chiqdim. Yo‘q, haligi amaki eshigimizni qattiq yopib chiqib ketdi. Oyim eshikni qulfladilar. Eshik qattiq yopilganidan ilgakdagi do‘ppingiz yerga tushib ketdi. Oyim uni darrov oldilar-da, qoqib-qoqib, yana joyiga ilib qo‘ydilar.

Dada, bugun rasm darsida Surayyoning dadasi kelib, Akromning qulog‘ini cho‘zib yuziga urdi. Akrom yig‘ladi. Unga rahmim keldi. Akrom bo‘lsa, mening ham dadam kelib, sizning qulog‘ingizdan cho‘zadilar, dedi. Surayyo, sening dadang yo‘q-ku, sizlarni tashlab ketgan, deb uni masxara qildi. Sinfimizdagi bolalarning hammasi Akromning dadasi yo‘qligini bilishsa ham sira masxara qilishmas edi. Akromning qulog‘i qizarib ketdi. Lekin yig‘lamadi. Mushtlarini tugib Surayyoning dadasiga “Bir kunmas-bir kun sizni qamashadi. O‘shanda qorningiz yorilib ketadi”, dedi. U kishi bo‘lsa qizarib ketib, Akromni yana urmoqchi edi, u qochib ketdi. 

Biz darsdan keyin Akromning papkasi va paltosini uyiga olib borib berdik. U uyiga bormapti. Keyin oyisi bilan uni zo‘rg‘a qidirib topdik. U maktabimiz orqasidagi buzilgan uylarning hujrasida bekinib o‘tirgan ekan. Sovuqdan qo‘llari va lablari ko‘karib ketipti. Yig‘layverganidan ko‘zlari shishib qizarib ketipti. Ertasiga sinfimizdagi hamma qizlar Surayyo bilan “pom” chiqishdi. Men endi u bilan bir partada o‘tirmayapman. Surayyo, yakkamoxov bo‘lib, bir o‘zi o‘tiripti. Endi unga matematikadan yordam bermayman. Agar Surayyo Akromdan kechirim so‘rasa, o‘ylab ko‘ramiz. Dada, siz nima deb o‘ylaysiz? U kechirim so‘rarmikin?

Kecha maktabdan kelsam, oyim menga o‘xshab derazadan tashqariga qarab o‘tirgan ekanlar. Meni ko‘rishlari bilan ko‘z yoshlarini artib, “Kelaqol, qizim” deb bag‘rilariga bosdilar. Deraza oldida sovqotgan bo‘lsalar kerak, titrab ketdilar. Negadir boshimni silab, o‘zlaridan o‘zlari “Kechir, qizim” dedilar. Hayron qoldim. Meni urib-urishsalar ham kechirim so‘ramas edilar. Dada, siz bilmaysizmi, oyim nega mendan kechirim so‘radilar?

Ha, aytganday, endi-chi, dada, paypog‘imni, ro‘molchamni o‘zim yuvishni o‘rgandim. Lekin hali dazmol bosishni bilmayman. Siz kelganingizda paypoq va ro‘molchangizni o‘zim yuvib beraman.

Kecha Zulayho bilan urishib qoldim. Tanaffusda rasmli kitobini menga ko‘rsatmadi. Dadam olib berganlar, kir qilib qo‘yasan, dedi. Men unga “qizg‘anchiq” dedim. U bo‘lsa, o‘zingni dadang olib bersin, dedi. Seni dadamga aytib beraman, dedim. U esa, sening dadang yo‘q. Sizlarni tashlab ketgan. Oyingni yomonligidan butunlay ketib qolgan, endi sira kelmaydi, dedi.

Dada, rostdan ham bizni tashlab ketganmisiz? Oyim yomon bo‘lsalar, men yaxshiman-ku. Doim aytganingizni qilaman. Nega meni tashlab ketasiz? Mushuk ham bolasini tashlab ketmaydi-ku.

Men hammaning oldida, dadam ota-onalar majlisiga keladilar, seni qulog‘ingni cho‘zadilar, dedim. To‘g‘ri aytibmanmi? Siz kelasiz-a? Agar kelmasangiz, hamma meni masxara qiladi. Uyimizga kelmasangiz ham, ota-onalar majlisiga keling. 

Voy, dada! To‘xtang... Ketib qolmang... Hozir oldingizga tushaman... Birpas to‘xtab turing... Shoshmang dada-a! Hozir oldingizga boraman... Oyim ham sizni kutib o‘tiribdilar... Rost aytyapman... To‘xtang, dadajon!...

 

Jo‘ra MAHMUD