Yurgan yo‘llaringda kitoblar bo‘lsa...

Yaqinda tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasiga bordim. Tushgacha tekshiruvdan o‘tib olib, ishga ham vaqtida ulguraman, deb o‘ylagandim. Ammo xayolim puchga chiqdi. Shifoxona to‘la odam — navbatning keti ko‘rinmaydi. Buning ustiga bunday talato‘pda navbat talashib bezor qilgan bemorlarning shovqinidan sog‘ odam ham kasal orttirishi hech gap emas.

 

Buyog‘ini so‘rasangiz, kasalxonada eshikma-eshik yurib navbat kutish bilan kunim kech bo‘ldi. Lekin afsuslanmasam ham bo‘lar: kun davomida bu yerga najot izlab kelgan bemorlarning oltinga teng vaqtlari nimalarga sarf bo‘layotganini angladim. Ana shunda miyamga bir fikr keldi. Birinchi fikr shu bo‘ldiki, agarda shifoxonalarimizning odamlar bilan to‘la zallarida gazeta, jurnal va kitoblar terib qo‘yilgan javonlar bo‘lsa, navbat kutish yoki janjal ko‘tarishdan ming bor foydaliroq bo‘lar ekan. Qolaversa, asablar dam olardi. Eng asosiysi, yuqorida ta’kidlaganimiz vaqt va moddiyat muammosi haminqadar yechimini topardi. 

Bunda bemorlarga turlicha adabiyotlarni tavsiya etish mumkin. Masalan, tushkunlikka tushib qolgan bemorlar uchun  mashhur adib O.Genrining “So‘nggi yaproq” nomli hikoyasiga o‘xshash asarlar umid va ishonch bag‘ishlaydi, uning sog‘ayishiga ruhan yordam beradi. Aslida-ku, bu amallar katta mablag‘ yoki kuch talab qilmaydi. Ammo bu tadbir bemor uchun eng foydali darmon bo‘lishi mumkin.  

Shuningdek, vokzallarimizni olaylik. U yerda yo‘lovchilar soatlab poezd kutishadi. Tabiiyki, bunday noqulayliklar ularning vaqtlarini o‘g‘irlaydi. U yerda ham kitobxonlik va gazetxonlik borasida beminnat xizmat ko‘rsatilsa, albatta maqsadga muvofiq bo‘lur edi. 

Metroda, hatto avtobekatlarda ham mo‘’jazgina gazeta, kitoblar terilgan javonlar o‘rnatsa bo‘ladi. Yo‘lovchilar bir bekatdan olgan nashrlarini keyingisida qoldirishadi. Natijada birgina ijod mahsulidan yuzlab kishi bahra olishi mumkin. Kuzatgan bo‘lsangiz, poytaxtimizning ko‘rki bo‘lib turgan O‘zbekiston Anjumanlar saroyi yonida “Book cafe” joylashgan. Bu yerda taom tanovvul qilish bilan birga, kitob va gazetalar o‘qishingiz, bepul internet tarmog‘idan foydalanishingiz mumkin. Alohida e’tiborga ega bunday manzillarning shaharlarimizda ko‘payishi barchani birdek quvontiradi, albatta. Binobarin, bunday yangicha tadbirlardan so‘ng xalqimizning kitobga mehri va muhabbati yanada ortishi tabiiy. 

Bir so‘z bilan aytganda, kitobxonlik madaniyatini oshirish butun dunyo xalqlarining e’tibor markazida turgan eng muhim masalalardan biri. Shu sababli, rivojlangan mamlakatlar hozirgi kunda bu borada yangi innovatsion g‘oyalarni amalga oshirmoqda. Birgina misol. Germaniyada shahar ko‘chalarining chetlarida qizil telefon butkalari bor. Biroq mobil aloqalarining rivoji tufayli hozir ulardan foydalanilmaydi. Lekin uzoqni ko‘zlovchi nemislar ularni kitob javonlariga aylantirishdi. Endilikda yo‘lovchilar telefon butkalaridagi kitoblarni olib mutolaa qilishadi va keyingi uchragan butkada qoldirib yo‘lida davom etadi. 

Yoki Buenos-Ayressda  yaratilgan ajabtovur tankni olaylik. Zamonaviy san’atkor Raul Lemesoff tomonidan ishlab chiqilgan tank jang qilish uchun emas, ommaviy savodxonlikni oshirish maqsadida o‘ylab topilgan. Bu shunchaki tank shaklidagi kitob javoni bo‘lib, unga 900 dan ortiq nashrni joylashtirish mumkin. Raul Lemesoff o‘z tankiga kitoblarni joylab olgancha Buenos-Ayress ko‘chalari bo‘ylab yo‘lovchilarga ulashadi.  – “Mening ishim juda xavfli, – deydi tank ijodkori Raul Lemesoff – Men aholiga kutilmagan paytda, kutilmagan tarzda hujum qilaman”.  

 

Bir so‘z bilan aytganda, aholini kitob mutolaasiga da’vat etishda bunday o‘ziga xos usullar samarali natija beradi. Shu bois biz ham xalqimizning ma’naviyatini oshirish yo‘lida yangi innovatsion g‘oyalardan RR (jamoatchilik bilan aloqalar) usullaridan unumli foydalanishimiz kerak. Bu borada aholi gavjum maskanlarda turli PR aktsiyalari, intellektual o‘yinlar tashkil qilish joiz. Zero, ma’naviy ongimiz yuksalsagina moddiy jihatdan barqaror jamiyatni qura olamiz. 

Sanjar ESHMURODOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.