Ot o‘rnini toy bosar...

Suratda: Zarina, Dilorom va Botir O'zbekovlar. 2011-yil

Vatan tuyg‘usini har bir inson o‘zicha anglaydi. Uning taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi har bir yurtdoshimizning yuragidan mustahkam joy olgan. Yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni yodga olish, ular xotirasiga hurmat bajo keltirish insoniy burchimizga aylangan. Bunday jasur o‘g‘lonlar bugun oramizda bo‘lmasa-da, ular sadoqat timsoli sifatida xalqimiz qalbida ibrat bo‘lib qoladi.

 

 

Yaqinda poytaxtimizdagi mard va jasur o‘g‘lonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan ahil va inoq oilalardan birida bo‘ldim. Ushbu xonadonda qarilik gashtini surayotgan Jamiga ona qo‘limga bir maktubni tutqazdi. Unda bitilgan mana bu so‘zlar yuragimni titratib yubordi:

“Assalomu alaykum, qadrli onajonim! Sog‘ligingiz yaxshimi? Mendan xavotir olmang. Vatan sarhadlarini munosib himoya qilmoqdaman. Kecha tush ko‘ribman. Sizlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirgan ekanmiz. Shu yerga kelganda, uyg‘onib ketibman. Shunda meni kuzatayotib «Vatan uchun joningni fido qilsang arziydi, bolam” deya kulib turgan chehrangiz ko‘z oldimga keldi. Xizmatga otlanar ekanman, o‘z ishimni sidqidildan bajarishga bel bog‘ladim. Onajon, duoda bo‘ling. Dushman oyog‘i yurtimizga oralamasin! O‘g‘lingiz Yermek”.

Bunday o‘tli maktublarni marhum ofitser Yermek O‘zbekov onasiga tez-tez yo‘llardi. U 1964 yil 1 dekabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilardi. Shu bois 1982–1986 yillarda Almati shahridagi oliy chegarachilar harbiy bilim yurtida tahsil oldi.

1986–1988 yillarda Boltiqbo‘yi chegara okrugi 15-chegara posti boshlig‘i o‘rinbosari, 2-chegara posti boshlig‘i lavozimlarida xizmat qildi. 1988 yildan O‘zbekiston Respublikasi chegara qo‘shinlari 1, 81-chegara otryadi 2, 9, 11-chegara posti boshlig‘i o‘rinbosari, keyinroq esa chegara posti boshlig‘i vazifasini bajargan.

U Vataniga sadoqatli, yurt uchun jonini fido kiladigan sodiq farzand bo‘lib yetishdi. Yermek xizmat davrida g‘oyat mas’uliyatli, o‘ta talabchan edi. Harbiy intizomga qat’iy rioya qilardi.

1994 yilning 24 fevral kuni chegara qo‘riqlash guruhiga boshchilik qilar ekan, davlatimiz chegarasini buzgan kontrabandachilar to‘dasiga duch keldi. Ularga qarshi so‘nggi daqiqalargacha kurashib, Vatan uchun o‘z jonini fido qildi. O‘ttiz yoshida janubiy sarhadlarimizni qo‘riqlayotib yuz bergan qonli to‘qnashuv sabab hayotdan juda erta ko‘z yumdi. Yermek O‘zbekovning irodasi metin edi. U boshlagan ishini oxirigacha yetkazmay qo‘ymasdi.

– O‘g‘lim bolaligidan juda tirishqoq, shijoatli, g‘ayratli edi, – deydi Yermekning onasi Jamiga O‘zbekova. – U muntazam sport bilan shug‘ullanar, ko‘p kitob o‘qirdi. Harbiy bo‘laman deganida, dadasi ikkimiz uning fikrini qo‘llab-quvvatladik. Bugun farzandim yonimda emas. Ammo oradan shuncha yil o‘tsa-da, men uni shu kasbni tanlaganidan zarracha afsuslanmadim. U barchaga namuna bo‘ladigan inson, farzandlarining qalbida yorqin iz qoldirgan ota ekanidan faxrlanaman. Uning orzulari armonga aylangan  bo‘lsa-da, farzandlarining ulg‘ayganini ko‘rib quvonaman. O‘g‘li Botirjonni ko‘rsam, Yermek o‘lmagan, yashayapti, deb o‘zimga taskin beraman. Safdoshlari, do‘stlari uning yo‘qligini bildirishmaydi. Ularning o‘g‘lim haqidagi iliq so‘zlarini tinglab, ko‘nglim ko‘tariladi. Vatan koriga yaraydigan farzand o‘stirganimdan g‘ururlanaman. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1994 yil 13 iyundagi Farmoniga muvofiq, kapitan Ye.O‘zbekov “Jasorat” medali bilan mukofotlandi va unga muddatidan oldin mayor harbiy unvoni berildi. Termiz shahrining ko‘chalaridan biriga o‘g‘limning nomi berilgani ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Bizni unutmay, farzandim nomini abadiylashtirgan insonlardan bir umr minnatdorman.

Jamiga onaning xotiralarini tinglar ekanman, qahramonimizning esdalik bo‘lib qolgan suratlariga birma-bir nazar soldim. Bir suratda qizchasini ko‘tarib olgan Yermek O‘zbekovning yuzidan baxtiyorlik, mamnunlik ufurib turardi. Suratga tikilib qolganimni ko‘rgan onaxon: – “Bu nabiram Zarina”, – deb jilmaydi.

Otasidan erta ajralgan bo‘lsa-da, qalbi xotiralarga to‘la Zarinani suhbatga chorladim.

– Dadam vafot etganida men endigina uch yoshda edim, – deydi Zarina O‘zbekova. – Ammo uning ukam ikkimiz bilan birga o‘ynashlari, erkalashlari hamon yodimda. U ishdan barvaqtroq qaytganida, albatta, bizga kitob o‘qib berardi. Men qiz bola bo‘lsam-da, uning formalarini kiyishga qiziqar edim. Men ham siz kabi harbiy bo‘laman, desam jilmayib qo‘yardi. Afsus, biz undan erta ajraldik. Lekin uning yodi qalbimizda hamon barhayot.

Bugun uning izdoshi ekanimdan cheksiz faxrlanaman. Oliy harbiy bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tamomladim. Yelkamda ofitser unvoni bilan xizmat qilmoqdaman. Kelajakda men ham dadamdek Vatanimizning sodiq farzandi bo‘lib, bor bilim va kuch g‘ayratimni yurtimiz xavfsizligini saqlashga safarbar etaman.

Zarina Toshkent aeroportining bojxona-chegara nazorat o‘tkazish maskanida kapitan harbiy unvonida xizmat qilmoqda. Shuningdek, oilaning kenja farzandi Botir O‘zbekov ham bugungi kunda Milliy xavfsizlik xizmati institutini yakunlab, leytenant harbiy unvonida tinchligimiz posboni bo‘lib xizmat o‘tayotir. Harbiylar sulolasining davomchilari ota kasbini ulug‘lamoqda.

– Turmush o‘rtog‘im bilan bolalikdan birga o‘sganmiz, – deydi rafiqasi Dilorom O‘zbekova. – Maktabda ham yetakchi edi u. Mehribon, haqiqatgo‘y, vatanparvar, halol, ochiqko‘ngil, samimiy va mard inson edi. U Vataniga, Harbiy qasamyodiga sodiq qoldi. Farzandlarimizni otasiga munosib qilib voyaga yetkazdim. Otasining ruhini shod etayapman. Agar u hayot bo‘lganida farzandlar kamolini ko‘rib, quvongan bo‘lardi. Axir ikkala farzandim ham ota kasbini davom ettirishmoqda-da.

Jamiga onaning xonadonidan bir olam taassurotlar bilan qaytar ekanman, o‘z xalqiga sadoqatli, mard va jasur o‘g‘lonlar xotirasi qalblarimizdan bir umrga joy olganidan, Vatan himoyasi, tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek murakkab, shu bilan birga, sharafli vazifaga butun hayotini bag‘ishlagan oilalar borligidan yuragim cheksiz faxr-iftixorga to‘ldi.

 

Nargiza  BOBOMURODOVA