Dabusiya shahar bo‘lgan

Zarafshon daryosi sohilida, Samarqand viloyati, Paxtachi tumani hududida joylashgan Dabusiya qal’asi haqida keyingi paytda ko‘p gapirilmoqda. Bundan uch yil burun yaponiyalik arxeologlar bu yerda qazishma ishlarini olib bordi. Shu bois mushtariylarga bu qadim qal’a haqida yangi ma’lumotlarni berib o‘tmoqchimiz.

 

Dastavval, tarixga yana bir nazar.

Buyuk tarixchi Abu Bakr Muhammad Ibn Ja’far an-Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobi (943—944 yillarda yozilgan)da aytilishicha, hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin o‘sha davrda Nur, Xarkonrud, Vardona, Tarovga, Safna va Isfona qishloqlari bor edi. Podsho turadigan katta qishloq Baykand edi-yu, ammo qal’asi Dabusiy bo‘lib, shahar deb shuni atashgan. Shu sababli Dabus qal’asi bundan uch ming yil oldin paydo bo‘lgan, degan xulosa chiqadi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, shahar-qal’a aholisi doimo loyqalanib oqadigan Zarafshon daryosi suvini iste’mol qilmagan.  Ikkinchidan, qal’a daryodan 25-30 metr balandlikda va 200-300 metr chetda joylashgan. Bu esa shahar aholisini muntazam ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini bermagan. Shahar-qal’aga ichimlik suvi Zirabuloq tizma tog‘lari bag‘rida joylashgan Daraytut qishlog‘i buloqlaridan yer osti sopol quvurlari orqali olib kelingan. Suv osti quvurlari salkam 20 chaqirim uzoqlikdan tortib kelingan. Qazishma jarayonida bu sopol quvurlar topildi va ayni paytda ularning namunalari tuman xalq muzeyida saqlanmoqda.

XI asrga kelib O‘rta Osiyo, Hindiston va Afg‘oniston qoraxoniylar va g‘aznaviylar hukmronligida bo‘ldi. o‘aznaviylar hukmdori sulton Mahmuddan so‘ng o‘g‘li Mas’ud Xorazmshoh Oltintoshga Buxoroni zabt etishni buyuradi. Buxoro Oltintosh tomonidan 1032 yilda qo‘lga kiritilgach, ular Buxoro xoni Ali Tegin ketidan quvishga harakat qiladilar. Chunki Buxoro hukmdori Ali Tegin ko‘pgina boylik va mol-mulkni olib Dabusiya shahriga ketganini Oltintosh yaxshi bilardi. Ammo u Dabusiyani ham Buxoro singari oson zabt etiladi, deb xato qilgan edi. Katta talafot ko‘rgan, o‘zi ham og‘ir yaralangan Xorazmshoh Oltintoshning yarashuv bitimi tuzishdan boshqa iloji qolmaydi. Dabusiyaning mustahkam devorlari va mard jangchilari Ali Teginning xazinasini, umuman, shaharni bus-butun saqlab qolgandi.

XIII asrning boshlarida mo‘g‘ullar tomonidan qilingan bosqinchilik Dabusiya shahriga katta zarar keltirdi. Mo‘g‘ullar 1220 yilda Samarqandni bosib oldi va Dabusiyani katta qiyinchilik bilan ishg‘ol etdi. Jaloliddin Manguberdi tomonidan Dabusiyada qurilgan mustahkam mudofaa devorlari ayovsiz buzib tashlandi. Erkaklar asir olinib, qariyalar, yosh bolalar va ayollar qirib tashlandi. Shahar ayovsiz talandi, endi u vayrona bir qal’aga aylanib qolgan edi.

1500 yilda Muhammad Shayboniyxon Samarqandni qamal qiladi. Buni eshitgan Buxoro hukmdori Boqi Tarxon lashkari bilan Samarqandni qamaldan qutqarish uchun otlanadi. Bundan xabardor bo‘lgan Shayboniyxon qamalni bo‘shatib, Boqi Tarxonga qarshi jangga otlanadi. Ikki raqib lashkarlari Dabusiya shahri yaqinida to‘qnashadi. Shayboniyxonning qo‘li ustun keladi. Boqi Tarxon ozgina lashkari bilan qochib, Dabusiya qal’asiga berkinadi. Qulay fursatdan foydalanib, Shayboniyxon Dabusiyani egallab, Buxoroga yurish qiladi va uni bosib oladi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. “Qambar Ali yo‘lda keladurg‘onda yayov qochib, yuz tashvishlar ila O‘ratepaga kelur. O‘ratepada ekanida xabar keldikim, Shayboniyxon qal’ai Dabusning ilohi Boqi Tarxonni bosib, so‘ng Buxoro ustiga boribtur”.

Buxoro amiri Abulfayzxonni mahv etib, taxtni egallagan Muhammad Rahimxon 1753 yilda Dabusiyani butunlay vayron etdi. Amir qoldirgan lashkar zulmidan aziyat chekkan aholi shaharni asta-sekin tark eta boshlaydi. Shu tariqa shahar xarobaga aylanib boradi. XIX asrga kelib esa Dabusiya shahri o‘rnida Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin bekligi tashkil etiladi. Bek o‘zi uchun yangi qo‘rg‘on qurib olgach, Dabusiyaga bo‘lgan e’tibor susaydi.

ZARGARLAR, 

HUNARMANDLAR

SHAHRI

Buyuk ipak yo‘lida qurilgan shahar savdo uchun juda qulay hisoblangan. So‘g‘diyonaning anvoyi mato-mollari Sharqu o‘arbdagi jahon bozorlarini bezab turgan. Ipak yo‘lining Samarqand bilan Buxoroni bog‘lovchi shoxobchasi ustida Dabusiya shahridagi hunarmandlar yaratgan gazlamalar, zargarlik buyumlari dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan. Shaharda shu yaqin atrofdagi dehqonlar yetishtirgan paxtadan nafis gazlamalar to‘qilgan. Xurosonda yumshoq va pishiq bu gazlamadan to‘qilgan liboslarni asosan amaldorlar kiygan. Hatto Bag‘dodda ham bu gazlamalarni nihoyatda qadrlashgan. Boshqa yurtlarda ishlab chiqarilgan gazlamalar 1 dinordan sotilgan bo‘lsa, Dabusiyada to‘qilgan gazlamalar 2 dinordan 10 dinorgacha baholangan. Dabusiyada zargarlik va kulolchilik rivojlangan. Bu yerda tayyorlangan turli taqinchoqlar, sopol idishlar xaridorgirligi bilan ajralib turgan. Tarixiy shahodatlardan shu narsa ma’lumki, Dabusiya O‘rta Osiyoning mashhur shaharlaridan bo‘lgan. U yerdan ko‘plab shoirlar, olimlar, donishmandlar yetishib chiqqan. Abu Zayd ad-Dabusiy (X—XI asr) shulardan biridir. Yoki imom Bahri otani olaylik. U kishi So‘fi Olloyor, Pahlavon Mahmud singari zamonasining o‘qimishli, ilg‘or fikrli kishilaridan bo‘lgan.

YAPONLARNI 

QIZIQTIRGAN QAL’A

Ochig‘i, YUNESKO tarixiy yodgorliklari ro‘yxatiga kirgan ersa-da, Dabusiya qal’asini o‘rganish sovet davrida nomigagina olib borildi. Keng jamoatchilik murojaatidan keyin 1985 yilda qal’ani o‘rganish uchun Toshkent tarixiy madaniy yodgorliklarni ta’mirlash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan qiymati 66,7 ming so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. 1989 yilda esa shu asosda O‘zbekiston madaniyat vazirligining madaniy yodgorliklarni ta’mirlash ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi 25 ming so‘m mablag‘ ajratdi. Nazorat sustligi uchun ham bu mablag‘ning 15 ming so‘mi o‘zlashtirildi, xolos. Achinarlisi shundaki, mablag‘ ko‘zlangan maqsadlar yo‘lida foydalanilmagani yetmaganidek, qal’a tarixini o‘rganish va qazish ishlarini olib borish aro yo‘lda qolib ketdi.

1998-1999 yillarga kelib Dabusiya tarixini o‘rganishni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov o‘z zimmasiga oldi. Olim qiyin sharoitda katta qazishma ishlarini olib bordi. Jamoatchilik, qishloq aholisi, o‘quvchilar olimga qazish ishlarini olib borishda baholi qudrat ko‘mak berishdi. Shahar xarobalari o‘rnidan ko‘pgina tarixiy buyumlar topildi A.Berdimurodovning o‘zi uchun ish og‘irlik qildi va bir muddat amaliy yordam so‘rab turli tashkilotlarga murojaat qildi. Oxiri olim maqsadiga yetdi: yaponiyalik olimlarni Dabusiya qal’asi tarixi bilan qiziqtirib qo‘ydi.

Nihoyat, 2007 yilning 1 iyunida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Yaponiyaning Kioto shahridagi Ipak yo‘lini o‘rganish xalqaro ilmiy markazi olimlari ishtirokidagi ilmiy ekspeditsiya Dabusiya qal’asida qazish ishlarini boshlab yubordilar. Ekspeditsiyaga Yaponiya tomonidan professor Uno Takao va O‘zbekiston tomonidan moziyshunos olim A.Berdimurodov rahbarlik qilishdi. Qazishmalar Shahristonning sharqiy burchagi va Rabotning o‘rtasidan boshlandi. Qazishmalar chog‘ida sifatli sopol quvurlar, eramizning VII-XI asrlariga taalluqli uy-joylar qoldiqlari, tandirlar, o‘choqlar, mis va bronza tangalar chiqdi. Sopoldan sifatli qilib yasalgan quvurlarning topilishi, ayniqsa, ahamiyatli bo‘ldi. Bu esa shaharga ichimlik suvi maxsus quvurlar orqali kiritilganidan dalolatdir. Olimlar bu yerdan 2300 yillik arxeologik topilmalarni, shuningdek, Qoraxoniylar davridan so‘ng IX asrga taalluqli buyumlar bo‘lgan qatlamni ham aniqlashdi. Bu safar mis tangalar, quvur, qozon-o‘choqlar, ko‘zalardan tashqari, turli bezaklar berilgan maxsus tamg‘alar bosilgan g‘ishtlar chiqdi. o‘ishtlardagi 9-10 xil tamg‘alar esa har bir sulolaning o‘z tamg‘asi bo‘lganini ko‘rsatadi. Topilgan sopol idishlar esa jarangdor, gullari nafis chizilgan.

2009 yil sentyabr  boshida yapon professori Uno Takao boshliq arxeologlar yana Dabusiya qal’asidagi ishlarni davom ettirdilar. Ular orasida Nara universitetidan arxeolog Yamaguchi Xiroshi, Kioto universitetidan Fukuxara Kaysuki, Murokomi Tomomi, bor edi. Bu safar ko‘hna qal’aning zodagonlar istiqomat qilgan Ark qismi tanlab olindi. 10x10 metr joy qazilganda hammom, o‘choq, 3 xil hajmdagi pishiq g‘ishtlar, moychiroq, qadah, mis tangalar va lagan, shisha idishlar siniqlari, pilla qoldig‘i chiqdi.

...2008 yilning mart oyi edi. Shahar-qal’a nomi bilan ataluvchi mahallada yashovchi tajribali dehqon Yaxshiboy Eshmurodov qishloqdoshlarini Dabusiyadagi qabriston atrofini tozalash, yo‘llarini tekislash ishlariga chorladi. 1500 metr masofadagi yo‘lga shag‘altosh to‘kildi. Muhiddin Norberdiev, Ravshan Po‘latov, To‘xtamurod Yorqulov, Zoyir Yoqubov, fermer Eshniyoz Haydarov, Olim Bahromov singari turli kasb egalarining saxovatpeshaligi natijasida yo‘llar tartibga keltirilib, suv o‘tkazish uchun quvurlar yotqizildi. Imom Bahri ota maqbarasi yonida muzey tashkil etilib, ziyoratga keluvchilar uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Shu o‘rinda Dabusiyani chuqur o‘rganishga harakat qilgan, olimlarni qazish ishlariga jalb eta olgan “Oltin meros” Xalqaro xayriya jamg‘armasi Paxtachi tumani rahbari Yaxshiboy Husanov, yapon va o‘zbek olimlariga xonadonidan joy bergan Boboniyoz bobo Qilichev, aka-uka Toshtemir va Kamol Karimovlarning nomlarini alohida tilga olib o‘tmoq joizdir.

Bugungi kunda Dabus qal’a-shahrining qoldiqlari qisman yo‘qolgani rost. Bu esa tabiiy jarayon. Yillar silsilasi qal’aning tashqi ko‘rinishini yemirmoqda. Ostida esa hali topilmagan buyumlar, jismlar, ajoyibotlar mo‘l. Asrlar osha Zarafshon daryosiga tutashib, hozirgacha yetib kelgan qal’a devorlari hali mustahkam. Uni na urushlar, na daryo suvi, na sho‘rxok yengib o‘tolmagan. Pishiq qurilgani uchun nurashi juda sekin kechgan. Biz esa ajdodlarimiz xoki saqlanib kelinayotgan tarixiy obidalarni, muqaddas joylarni kelgusi avlodlar uchun ko‘z qorachig‘idek avaylashimiz lozim. 

 

Izzatulla NORQUVVATOV,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy 

uyushmasi a’zosi