MULOQOT – HAQIQAT IBTIDOSI

Dunyoning eng keng, eng fayzli koshonasi hayotdir. Shu bilan birga, eng sirli, ba’zan esa eng mubham, ya’ni yopiq maydoni ham hayot. Umr chorrahalarida hayot kimni qanday qarshilab, kimga nima in’om aylashini bashoratchi odam ham ko‘pincha bilolmaydi.

 

Nima bo‘lmasin, qanaqa o‘zgarish yo evrilishlar yuz bermasin, odam qavmini hayot hamisha o‘z “xususiy” haqiqatlariga inontirib, hukmlariga iqror etadi.  O‘zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning hayot va zamonning birinchi darajali vazifalarini bajarishda tashabbus va faollik ko‘rsatishi ham bejiz emas.

Jahon sahnasida nima ko‘p – murakkab va qaltis ijtimoiy-axloqiy, mafkuraviy muammo ko‘p. Aql, jur’at, tadbir bilan ularning hammasi hal bo‘ladi. Shu ma’noda ham Prezidentning g‘ayratkorlik tajribasi katta-kichikka ibratdir. Yurtim, elim deya oladigan kishi ich-ichdan faol bo‘lmog‘i, qat’iyat bilan yaxshini – yaxshi, yomonni – yomon, oqni – oq, qorani – qora deyish darajasida xolis so‘zlashga yetishmog‘i joiz. Buning uchun, shak-shubhasiz, har bir fuqaro fikr va saviya qoloqligi, qullik va mutelik tahlikasi, amalparastlik va soxta vatanparvarlik hiyla-nayranglaridan qutulishi kerak.

Donishtabiat odam dunyoni nafs va tama buzishiga hech shubha qilmaydi. Mansab, martaba, shon-shuhrat, boylik ilinjida millatsevarlik, fidoyilik rolini “ijro etuvchilar” yo‘lini qat’iyan to‘smoq zarur. Va bu o‘arb faylasuflaridan birining “Milliyatchilik – olchoqlarning so‘nggi bekati” degan gapi asosli ekanini tasdiqlaydi. Demoqchimanki, milliy ong, milliy shuur va milliy mafkura taqdiriga butun borlig‘i ila o‘zini javobgar his qiladigan xalq yo millat o‘ziga tanqidiy qaray olish malakasiga sira shikast yetkazmasligi lozim. Bu – hayot-mamot masalasi.

Ming afsuski, o‘tmish tariximizda ayni shu jihatdan noqislik, oqsoqlik ko‘p bo‘lgan. Foydali va ibratli xulosalar chiqarish uchun ularni albatta xotiradan chetlashtirmaslik zarur.

O‘tgan asrning boshlarida otashnafas shoir Avaz O‘tar “Xalq” radifli she’r yozib, “Yo‘q jahon mulkida bizdek ojizu bechora xalq”, deb faryod chekkan. Va bu faryod havoyilikdan ham, badbinlikdan ham forig‘ edi. Oradan yarim asrdan ziyodroq vaqt kechgach, ulkan shoirimiz Abdulla Oripovning “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen – olomon?!” deya ko‘ndalang tashlangan savolida yolg‘iz Avaz, Furqat yo Muqimiylarning emas, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lponlarning ham ko‘ksini tilgan milliy kulfatlarga ishorat bor edi. 

Olomonchilik, to‘dachilik, mahalliychilik, manmanlik bosh ko‘targan joyda millatning millat o‘laroq ildamlashiga g‘ov bo‘ladigan ijtimoiy-ma’naviy hiyla-nayrang va riyokorliklarga o‘z-o‘zidan yo‘l ochilaveradi. Tashqi g‘animdan ham bu – xavfli. Umuman olganda esa, xalq atalmish mavjudlikning tabiatida sifat o‘zgarishi ancha sekinlik bilan yuzaga chiqadigan hodisadir. “Barcha kulfat shundaki, – degan edi o‘zbekning yana bir unutilmas shoiri Erkin Vohidov, – bizda balandroq kursi, mo‘may mukofot yoxud deputatlik nishoni va’da qilinsa, millat, xalq, vatan taqdirini unutib qo‘yadigan eldoshlarimiz ko‘p.” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1990 yil 13 iyul).

Bunaqa korchalonlar soni ilmu ijod kishilari orasida ham goh ko‘payib, goho kamayib turishi ko‘pchilikka sir emas. Yomon tomoni esa, nafsu havo, maddohlik va xushomad bilan erishilgan “muvaffaqiyat”ning endi-endi to‘g‘rilik hissi kurtaklayotgan yoshlar, o‘smirlar tarbiyasi hamda ishonch-e’tiqodiga bag‘oyat salbiy ta’sir o‘tkazishidir. To‘g‘ri, vatan va millat qismati uchun kuyib-yonish, hech bir g‘araz yo iddaosiz jonbozlik ko‘rsata bilish aslida qondan qonga, avloddan avlodga meros o‘tadigan pokiza tuyg‘u, noyob xislat bo‘lsa-da, ularni ijtimoiy muhit, har turli munosabat, fikr-qarash ta’siridan yiroq holda tasavvur qilish ham mumkin emas. Shunday paytlarda adabiyotning kuchi va xaloskorligi tamoman boshqacha bo‘ladi.

Elimiz Navoiy asarlarini, harqalay, o‘qib-o‘rganadi. Navoiy dahosiga mehr-muhabbat izhor etuvchilarning-ku soni yetib ortadi. Biroq orif, mutafakkir Navoiy fikrlarining mag‘zini chaqib, hamma vaqt ham mushohada yuritishga qunt qiladiganlar baribir siyrak uchraydi. Vaholanki, Navoiyga tayanilsa, har qanaqa jumboq yo ziddiyatning ham ildizi ochiladi. Ildiz, ya’ni tub mohiyatga tomon borish esa kishining eshitish madaniyati, muhokama qobiliyati va tasavvur imkoniyatlarining yuksalishiga yaqindan yordam beradi.

Darvoqe, davlat va millatning butunligi, parchalanmasligini ko‘zlab, urug‘-aymoqchilik, to‘dakashlik, qabilaviy jaholat hamda madaniyatsizlikning davomi bo‘lmish mahalliychilikka qarshi Navoiy ayovsiz kurashgan. Ayni shu sababdan ham u “ahli suvrat” – faqat ko‘rinishi odamga o‘xshash bandalarga podshoh bo‘lishdan, “ahli ma’ni” – ilmli, ma’rifatga oshno, fikri ochiq, eng asosiysi, hayvoniy va shaytoniy hirslar xurujidan forig‘ toifaning gadosi bo‘lishni afzal hisoblagan. Va insoniylik sharafi, barkamollik talablariga javob berishga qodir Shaxslar tiynatini nazarda tutib:

Odami ersang demagil odami,

Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, degan. Navoiydek donishmand, ijodkor o‘zligini tanimagan, demakki, el-yurt g‘amu tashvishini bir chaqaga ham arzitolmaydiganlarga shunday so‘zlar bilan murojaat etishi mumkinmidi? Gap shundaki, baytdagi “xalq g‘ami” iborasi keng qamrovli bo‘lib, xalqni – xalq, millatni  – millat maqomiga yuksalishiga har bir ziyoli, ilg‘or va fidoyi kishi o‘z hissasini qo‘shishi kerak, degan haqiqatni ham o‘z ichiga olgan. 

O‘tgan yili saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlardan birida prezidentlikka nomzod Shavkat 

Mirziyoev Navoiyning yuqoridagi baytini xotirlab, “xalq” tushunchasini oddiy, mehnatkash, halol insonning emin-erkin va baxtli hayot kechirishidan ajratmaslik kerakligiga urg‘u bergan edi. Ayni paytda, xususan, amaldorlik tizimidagi loqaydlik, ko‘zbo‘yamachilik, qog‘ozbozlik, amalparastliklar xalq yukini aslo yengillatmasligini ham dalil tilida ta’kidlab o‘tdi. Demak, Navoiy shohbaytidagi  “xalq g‘ami” iborasini voqelik bilan aloqadorlikda fikr qilsak, oddiy, zahmatkash, mehnatsevar odamlarning moddiy va ma’naviy hayot manzaralari bizga yanada yorqinroq ko‘rinadi. Rahbar toifaning eldan ajralib qolishiga barham berish, so‘zda emas, amalda elga yaqinlashish, fuqaro manfaatining daxlsizligini kafolatlash dolzarb masala ekaniga shubhalanuvchilar soni, xayriyatki, kamayib borayotir. Adolat, insof, hamjihatlik nuqtai nazaridan bu – katta yutuq. 

Modomiki, gap xalq dardi va xalqqa chin g‘amxo‘rlik haqida ekan, kitob nashri sifati va kitobxonlik madaniyati, ilm-fan ravnaqi va olimlik qadri hamda rutbasi, adabiyot va chin ijodkor mavqeini ko‘tarishga astoydil kirishilganini so‘zlamay bo‘ladimi?!  Qolaversa, jonajon, zahmatkash eling, beg‘araz va tanti qavmdoshlaring hayoti va toleida quvonsa arzirli o‘zgarishlar, umidbaxsh natijalarni ko‘rib, bilib, mum tishlab, o‘z qadrdon sohang bo‘lgan ilm-fan va ahli ilmga ko‘rsatilgan g‘am-xo‘rlik, javonmardlikka samimiy minnatdorlik bildirmaslik  mumkin emas, albatta. Million-million xaloyiqni avvalo nima ilhomlantirayotir? Mustaqillikka xos ochiqlik, oshkoralik, fikrlashdagi erkinlik. Suv bilan havoday zaruri ham shu-ku!

Men qirq yildan ziyod O‘zbekiston Fanlar akademiyasining eng obro‘li ilmiy-tadqiqot muassasasi – Til va adabiyot institutida ishladim. Bu tabarruk ilmiy dargohda xalqimizning Oybek, Hodi Zarif, Vohid Zohidov, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Abduqodir Hayitmetov, Shonazar Shoabdurahmonov, Azim Hojiev kabi o‘nlab fidoyi farzandlari faoliyat ko‘rsatib, nafaqat sobiq ittifoq, balki dunyoda e’tirof etilgan tadqiqot va kitoblarni yaratishgan. Shu institut va nomlari tilga olingan allomalarga maslakdosh olimlar bo‘lmaganida, qanchadan-qancha xayrli ishlar amalga oshirilmay qolaverardi. Birgina misol keltirmoqchiman.

Har bir davlatning siyosiy, madaniy va mafkuraviy qiyofasini uning haqiqiy adabiyot va chinakam ijodkorga munosabatiga qarab bilish yo aniqlash qiyin emas. Mustabid sho‘ro saltanati xalqimizning o‘nlab mutafakkir, mutasavvif, hurriyatchi ijodkorlarini har turli tuhmat va g‘oyaviy uydirmalar bilan badnom qilib, o‘zining butun hukm-ronlik davri  mobaynida ularning kitoblarini nashr etib, xalqqa yetkazishni taqiqladi.  Shunday qattol zamonda ham ilm-ni “vositai joh” etmagan olimlarning qo‘llab-quvvatlashi va xolis ko‘magi bilan “piri Turkiston” (Navoiy) Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”, Sulaymon Boqirg‘oniyning “Boqirg‘on kitobi” va buyuk san’atkor Abdulhamid Cho‘lponning “Bahorni sog‘indim” she’riy majmuasi o‘quvchilarga yetkazilib,  mualliflarning hayoti, ijodiyotiga bag‘ishlab institutda ko‘plab tadqiqotlar yaratildi. Bunday fakt va hodisalar ko‘p, ularni sharhlashning o‘ziyoq Til va adabiyot instituti millat ilm-fani, madaniy hayoti va tafakkuri taraqqiyotiga nechog‘li samarali ta’sir qilganini tasavvur  etmoq uchun yetarli bo‘ladi.

Ma’lum bir sababga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti akademiya tarkibidan ajratilgan edi. O‘tgan yil noyabr oyida bir guruh ilmiy xodimlar institutni yana akademiyaga qaytarish zarurligini asoslab, Shavkat Mirziyoevga iltimosnoma jo‘natishdi. Unda, jumladan, bunday so‘zlar bitilgan: “Biz Sizdan institutimizning O‘zR Fanlar akademiyasining institutlaridan biri sifatida qayta faoliyat boshlashiga yordam berishingizni iltimos qilamiz. Bu ish haqiqatda tarixiy xizmat bo‘lishi, institut til va adabiyot mavzularining, xususan, ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiyning ko‘pqirrali ijodini g‘ayrat bilan o‘rganadigan ilmiy markaz bo‘lib qolishiga Sizni ishontiramiz...”

Shu iltimos qondirilib, ilmiy jamoamiz istagi ro‘yobga chiqarildi. Yaqinda O‘zbekiston Prezidentining “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy qarorida institutimizga “O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti” nomi bilan qayta faoliyat boshlashga imkoniyat yaratildi. Bunday himmat va olijanoblik yurakda shodlik va minnatdorlik hissiyotlarini uyg‘otdi.

Til – millat ruhining boqiy manbai, so‘z va tafakkur xazinasi. Folklor  – el-elatning tug‘ma talanti, tabiiy zavq-shavqi, donolik va jasoratining xilma-xil shakllardagi ifodasidir. Yozma adabiyot esa millatning ne-ne zamonlar doirasidagi qalb mushohadasi, ko‘ngil olamidagi shodlik va dardlarining tasvirlaridir. Bular bir butun holda xalqning jahon ahli orasidagi mavqeini to‘la namoyon etadi. 

Akademik fan – maxsus izlanish va tadqiqotchilikni talab qiladigan, mustaqil va keng ko‘lamli tafakkurga asoslangan, har qanday sayoz, umri qisqa fikr-mulohazalardan insonni himoya etadigan fandir. Uning natijalari hamisha istiqbol va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. 

Men o‘ylaymanki, institutimiz til, adabiyot, xalq og‘zaki ijodiyoti mavzularini tadqiq etadigan ilm o‘chog‘i sifatida davr talablariga muvofiq natija va yutuqlarga erishadi. 

 

Ibrohim HAQQUL,

O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti 

va folklori 

institutining bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari doktori

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.