O‘qigan o‘qdan o‘zar

Kitob boylik, u zehnimizni o‘stiradi, har tomonlama kamolga yetkazadi. Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi buyuk shoirlar ijodini, ular yaratgan dostonlarni «ma’nolar xazinasi» deb tushuntiradi va odamlarni eng yaxshi fazilatlar ruhida tarbiyalash xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun ularni yuksak baholaydi. Abdurahmon Jomiy: «Jahonda kitobdan yaxshi yor bo‘lmas», deganda kitobni o‘qigan kishi donishmand inson bo‘lishini anglagandir. Kosmonavtikaga asos solgan olim Konstantin Siolkovskiy: «Menda kosmik parvozlarga intilishni mashhur fantastik yozuvchi Jyul Vern paydo qilgan  degan edi. U miyam faoliyatini shu sohaga yo‘naltirdi. Havas paydo qildi. Havas ortidan esa aql faoliyati vujudga keldi» deb yozgan.

 

Hudoyberdi To‘xtaboevni bolalarning sevimli yozuvchisi sifatida taniymiz.  «Sariq devni minib» kabi asarlari nafaqat  mamlakatimizda balki, chet ellarda ham shuhrat qozongan. Italiyaning jahonga mashhur bolalar yozuvchisi Janni Rodari  yozuvchimizning ijodiga yuksak baho bergani ham tasodif emas. Bu asarlar meni kitobning sehrli olamiga olib kirgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uyimizda kitob ko‘p o‘qilardi. Ota-onam, akam va mening maktabga ilk qadam qo‘yganimizdan boshlab  uy vazifalarni tayyorlashimizga ko‘maklashishar, darslarni tayyorlab bo‘lgach, albatta yoshimizga mos badiiy kitoblarni tanlab o‘qishimizni nazorat qilishardi. Buning uchun  alohida daftar tutardik. Unga asar muallifining ism-sharifi, kitob nomi, qahramonlarining ismi,  eng qiziq joylarini qayd etib borishimizni tayinlashardi.  Eng muhimi, o‘qigan kitobimizdan chiqargan xulosalarimizni ifodalab berishimiz ham talab qilinardi. Avval «O‘zbek xalq ertaklari»ni, keyinchalik rus, xitoy, koreys, nemis, ingliz, xullas, turli millat ertaklarini maroq bilan o‘qiganman. Uyda kutubxonalardan olib kelingan kitoblar talashib o‘qilardi. Keyinchalik o‘zimizning katta kitob javonimiz ham paydo bo‘ldi. Unda mingdan ziyod turli nomdagi kitoblar, badiiy adabiyotlar,  hatto yuqori sinf maktab darsliklarigacha  joy ajratilgandi. «Qobusnoma», «Qutadg‘u bilig», «Go‘ro‘g‘li», «Alpomish», «Oyparcha» kabi kitoblarni  uyimizdagi kutubxonadan olib o‘qiganman.  

10-12 yoshlarda bo‘lsam kerak, «Sariq devni minib» romani qo‘limga tushib qoldi. Bu asarni o‘qiyotganimda, onajonim men sevgan taomlarni tayyorlab chaqirganlarida ham chiqmasdim. Shunda akam bilan opam «Sariq dev»ni o‘qiyapti, chiqmaydi, deyishgani esimda. Chunki ular ham bu kitobni juda miriqib o‘qib chiqishgan ekan.  Yozuvchi asar qahramoni Hoshimjonda o‘yinqaroqlik, beboshlik, beg‘am va beparvolik kabi bolalik xislatlarini ko‘rsatarkan, asarni boshdan-oyoq beg‘ubor va quvnoq, nozik va yoqimtoy kulgi bilan sug‘organligiga guvohi bo‘lganman, miriqib kulganman. Adibning bolalar ko‘ngliga yo‘l topib, ular tilida gapirganiga tan berganman. Qahramon qiliqlaridan xandon urganman. Bu asar dunyoning 24 tiliga tarjima qilindi. 

Universitetda o‘qiyotganimda, «O‘zbek va chet el adabiyoti» fani o‘qituvchimiz 100 ga yaqin kitoblarning ro‘yxatini yozdirib: «Imtihongacha o‘qib chiqasizlar, asarlardagi kichik detallargacha so‘raymiz va sinovdan o‘tkazamiz deganida, navbati bilan bir-birimiznikiga borib, tonggacha kitobning sehrli olamiga sho‘ng‘iganmiz. 

Ma’lumki, bugungi kunda texnika juda tezlik bilan rivojlanyapti. Hayotimizni internet, ayfon, aypat, planshet, uyali telefonlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’lumotlar nihoyatda ko‘p. Globallashuv ta’sirida turli xalqlarning milliy qadriyatlariga putur yetmoqda. Lekin kitobning qadri hamisha yuksak bo‘lib qolaveradi. Zero, kitob ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, kishilarni ezgulikka, go‘zalikka qahramonlikka, yaratuvchanlikka undaydi. Yomon xislatlar va xatti-harakatlarga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Shular haqida o‘ylaganda tabiiy savollar tug‘iladi: aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda qanday muammolar bor?

Avvalo, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish darajasi o‘quvchilarni qoniqtiradimi?! Ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilganmi? Kitob sotishga ixtisoslashtirilgan korxonalar tomonidan ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, OAV orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yetarlimi? Shu o‘rinda Prezidentimizning «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishining e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim.

 Zero, kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatgo‘yi, aql qayrog‘i, tafakkur manbai. Kitob do‘stlikka, mehnatsevarlikka, matonatli bo‘lishga, qobiliyatni o‘stirishga, insoniyat tarixi va hozirgi hayotini tushunib olishga yordam beruvchi haqiqiy vositachi. Shunday ekan, undan  tegishli xulosalar chiqarib, o‘quvchini kitobga oshno qilishdek ezgu ishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shish har birimizning burchimizdir.

 

Nodira NAZAROVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.