GUL VA HAYO


“QOSHINGNI NEGA TERDING?” 

Chelakdagi suvni uyga qo‘yib, ko‘chaga chiqib o‘ynab yurgan edim. Bir payt mahallaning tepa qismidagi uylarning birida yashaydigan Gulshana ismli qiz ko‘chamizdan o‘tib qoldi. Unga qarama-qarshi tomondan mahallamiz otaxonlaridan bir guruhi kelayotgan edi. Gulshana odob bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib qariyalarga salom berdi-da, yo‘lida davom etdi. Kutilmaganda ulardan biri Gulshanaga qarab: – To‘xta, – dedi. Mahalladoshim to‘xtadi. 

— Kimning qizisan? 

— Ashurmat amakining, otaxon, — dedi u. 

— Yoshing nechada? 

— O‘n yettida. 

— O‘n yettida, degin, — dedi amaki horg‘in ovozda, so‘ng jiddiy: 

— Qoshingni nega terding? Kim o‘rgatdi senga buni? Onangning ko‘zi qaerda edi? — deya tanbeh bera ketdi.

Qiz uyalib boshini yerga egib miq etmay turaverdi. Sochlari oppoq, yuzlari yoqimli ikkinchi oqsoqol qiz tomon bir-ikki qadam tashladi. Sezdim, u kishi Gulshanaga nimadir demoqchi bo‘ldi. Biroq birinchi amaki qo‘lidagi hassasini baland ko‘tarib:

— Shu ahvolda ko‘chaga chiqib, mahalla-ko‘yni sharmandai sharmisor qilmoqchimisan? Qayt orqangga. Otang bilan o‘zim gaplashib qo‘yaman. Shoshmay tursin, — dedi koyib. 

Gulshananing rangi o‘zgardi, qaltiray boshladi. Otaxonlar hech tinchishmasdi. 

— Uyat, uyat, qizbola bo‘la turib-a! Andishasi qolmabdi buning!..

Ularning yana nimalardir deb koyib borishlari uzoq vaqtgacha eshitilib turdi. 

 

JAZO VA IBRAT

O‘sha kezlari uyimizga bir qari amaki keldi. Juda g‘alati. Kiyimlari boshqacha. Akalarimning uyga “kiring-kiring” deyishiga ham ko‘nmaydi. Nuqul:

— Otang qachon keladi? — deb qayta-qayta so‘raydi. Darvozamiz oldiga stul olib chiqdim. Ikkinchi akam choynakda choy ko‘tarib chiqdi. Biroq bu kishi na stulga o‘tirdi, na piyolaga quyilgan choydan bir qultum ho‘pladi...

...Kechki mahal otam buning sababini aytib berdi. Padarim u paytlarda o‘n-o‘n ikki yoshlarda ekan. Bu amaki oilasi bo‘la turib, mahalladagi boshqa bir ayol bilan “gap-so‘z” bo‘lgani uchun mahalla oqsoqollari yig‘ilib, u oila sharafini, er-xotinlik hurmatini oyoq osti qildi, deya bu qilmishini mahalla, mahalladoshlariga qilingan xiyonat deb hisoblaydilar. Guzarga hamma erkaklar yig‘ilgan edi. O‘shanda mahalla ahli bu oilani quvg‘in qiladi... 

Bilaman, hozir kimdir yaqin o‘tmishda bo‘lib o‘tgan bu voqeani eshitib “rostdanmi”, “yo‘g‘-ey” deya kulib qo‘yayotgandir. Lekin o‘shanda qoshini tergan Gulshana voqeasidan so‘ng otasi Ashurmat amaki bir necha oy mahallaga aralasholmay yurdi. U uchun mahalladoshlar e’tiboridan chetda qolishdan ko‘ra kuchliroq azob yo‘q edi. 

Xayolimni telefonning uzun “jiring-jiring”i buzib yubordi. Go‘shakni ko‘tardim. 

— Allo, assalomu alaykum. Men Nig‘matman, kichik o‘g‘lingizni kompyuterxonada ko‘rdim. Unga ruxsat berganmidingiz?

Nima deyishni ham bilmay, kalovlanib qoldim. 

— Hozir uyda bir soatdan ko‘p kompyuterda o‘yin o‘ynagandi. O‘rtoqlarim bilan ochiq havoda o‘ynab kelaman, deb chiqqan edi-ku. 

— Qo‘lidagi pulni ham siz berganmidingiz? — dedi Nig‘mat.

— Yo‘q... 

Xavotirga tushdim. Kichik opasi uning yoniga yo‘l oldi.

Men o‘sha kungi Gulshana voqeasida ilk bor “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona” degan hikmatni amalda ko‘rgandim. Hozir esa buni yana bir bor his etdim... 

 

O‘LMAS TUYG‘ULAR

...Har bir xonadon eshigi ochilib biridan Sanobar opoqi, ikkinchi, uchinchisidan Adolat, Qutbi va boshqa qo‘shni ayollar chiqib kelishardi (onam ham). Avvaliga eshigi eshigiga to‘g‘ri bo‘lgan qo‘shni ayollar bir-birlarini yelkalarini qoqishib, salomlashib oldilar. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, Saida opoqi yoniga odimladilar. Ular qatoriga keyingi ko‘chada yashovchi Rashida opoqi qo‘shildi. Saida xola mahallamizdagi yoshi eng ulug‘ inson edi. Xotinlar yuzini ajin bosgan, munkillab, hassaga tayanib qolgan bu kampirni quchoqlab so‘ng uni kaftlarini, kurak va yelkalarini silab-siypab, uqalaydilar. Ayollarning bu odati keksa insonga xush yoqadi. Kayfiyati chog‘ bo‘lib, chiroyi ochiladi, tetiklashadi.

...Qo‘shni ayollarni oldiga borganimda doimo bir gap eshitardim:

— Eson-omonmisizlar? Yaxshi yotib turdinglarmi? Mahallada nima gap? 

Ularning bari men bilan yelka silab ko‘rishganda dimog‘imga hamisha yoqimli o‘sma hidi uriladi. O‘sma tortilgan qalin qoshlari chiroyli, qop-qora. Barining boshida ro‘mol. Opoqilarimning birining qo‘lida to‘nkarilgan piyola bo‘ladi. Unga o‘sma suvi botirilgan. 

– Mana, Saida opa, kechagi o‘smadan, qorasi shundan qolgan-da. Qosh ham miriqib suv ichadi. 

Matluba opoqi xalatining cho‘ntagidan kichkina dumaloq ko‘zgusini oladi. O‘zi unga bir qiyo boqib, Saida xolaga uzatadi-da:

— O‘zim qo‘yaman sizga o‘smani, — deydi. 

— Unday demang, o‘zim eplayman, — uyalib qo‘yadi keksa onaxon. Saida buvining andishasi yoshi ulug‘ dugonalariga ma’qul keladi. 

O‘sma hamma-hammaga, hattoki ularning qoshiga chopqillab kelgan nevaralarigacha ham yetadi. Jujuqlarini ko‘rgan momolarning g‘ayrati oshadi. 

Shundan keyin xotin-xalajning suhbati boshlanadi. Bog‘chaga, maktabga ketayotgan mahalla bolalari ularga salom berib o‘tadi. Biroq ko‘chamizdan o‘tayotgan qo‘shni qizlar, kelinlar opoqilarim oldidan birgina salom bilan qutulib keta olmasdilar. Ayollar bu yosh qizlarni, kelinlarni:

— Qoqindiq, umringdan baraka top, — deya olqishlab, salomiga alik olardilar. Biroq ayrimlarini yoniga chaqirib: 

— Hey, sen nega kalta ko‘ylak kiyib chiqding? Uyingda o‘zingga mosi qolmadimi? Darrov orqaga — marsh! Sen nima... — dashnom faqat bu so‘zlar bilan tugamasdi. 

— Qani, beri kel-chi, nega soching farqini teskari ochding? Yugur to‘g‘rilab chiq. 

— Hoy qiz, nima, sen azaga ketyapsanmi? 

— Yo‘q, xola. 

— Unda nega sochingni yoyib chiqding? Beri kel, o‘tir, o‘zim o‘rib qo‘yaman. 

Qo‘shni ayol qizning sochlarini mayda o‘rib, boshiga chamandagul do‘ppi kiydirib ham qo‘yadi. Keskin, qattiqroq aytilgan gaplarga hech kim bir og‘iz e’tiroz bildira olmasdi. Negaki, ular “Mahallang — ham otang, ham onang” degan so‘zni ne ekanini yaxshi bilardilar. Lekin shu dam qaysidir qizning ikki yuzi qizarib, titrab ketar, boshqa biri qimtinar, yerga qarab javob berolmay ortga qaytardi. Yana bir qizning shundoq ham nozikkina jussasi tobora kichrayib, boshini egib olar, xijolatdan yig‘lab yuborardi... 

 

BIR SUMKA DEB

...Opamning hikoya qilishicha bir kun ularning sinfiga yosh o‘qituvchi kirib dars o‘ta boshlaydi. Qo‘ng‘iroq paytida opam muallim oldiga borib:

— Ustoz, sumkangizga rosa havasim keldi. Yana u koftangizga mos ekan, — deydi. Yosh o‘qituvchi bu gapni sinf rahbariga borib aytadi... Maktabdan asabi tarang bo‘lib qaytgan oyim qizini yoniga chaqirib:

— Sen hali maktabga bilim olish uchun emas, o‘qituvchilarning kiyimini tomosha qilishga boryapsanmi? Uyalmadingmi? — deya koyib ketadi... Opam o‘ng‘aysizlanib qoldi, tilini tishlab aytmoqchi bo‘lgan gapini ichiga yutdi. Uning ko‘zi yer chizardi. 

Sho‘rlik opam, bor-yo‘g‘i ustozining sumkasini maqtagani uchun onamdan qancha ta’nayu dashnom eshitgandi. Anchagacha onamning bu qilgan ishini tushuna olmay yurdim. 

Anglab yetgunimgacha boshimdan bir qancha voqealarni o‘tqazishimga to‘g‘ri keldi.

Ana shunaqa, mahalla — bu tarbiya o‘chog‘i, mahalladoshlar esa, suyukli ustozlarimizdir.

 

Shavkat AZIZOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.