KO‘NGIL VA RUH TAJASSUMI

She’r falsafiy va badiiy tafakkur uyg‘unligi mahsulidir. Zero, falsafiylik zamirida hayotning mohiyati, umr atalmish ne’matning ahamiyati, inson hayotidan ko‘zlangan maqsad, uning zimmasiga yuklangan mas’uliyat singari azaliy muammolar turadi. Ana shu azaliy va abadiy muammolarning obrazlar orqali ifodalanishi she’rning badiiyati darajasini belgilaydi.

 

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid she’rlari bu jihatdan tadqiqotlar uchun boy material bera oladi.

Sen mas’ud dunyoning borini

O‘ylading. Yashading. O‘tkarding.

Berding qorachiqlar umrini,

Tunlarni kiprikda ko‘tarding.

Farzandlar ketdilar har taraf,

Sokin qoldi uying — anglading.

Sog‘inding, sog‘inch-la yo‘l qarab

Bir vujud sog‘inchga aylanding.

Hayot ostonasin bosmagay xazon.

 

Ushbu she’r falsafiy tafakkur markazida Ona obrazi turadi. U mas’ud dunyoning borini o‘tkargan. Bu misrada ma’no yuki “mas’ud” so‘zi zimmasiga yuklangan. Ya’ni ona mas’ud — saodatli, shodon kunlarini o‘tkazib bo‘lgan. Onaning qorachiqlar umrini berib, tunlarni kiprikda ko‘targani – she’rning asosiy mohiyati ushbu badiiy tasvirda o‘z ifodasini topgan. Tunlarni bedor o‘tkazar ekan – bu ulug‘ siymo o‘yida farzandlar iqboli. Biroq yana bir haqiqat bor: kunlardan bir kuni farzandlar palaponlar kabi uchirma bo‘ladilar. Ona uy sokinlikda qoladi. Nuridiydalarini sog‘ingan, sog‘inch-la yo‘l qaragan Onaning o‘zi ham bir vujud sog‘inchga aylanadi.

Hayot va ijod falsafasi orasidagi uyg‘unlik, ijodkor qismati, uning umr yo‘li singari masalalar shoir she’rlarining asosiy mavzularidan:

 

Bunchalar ulug‘san, 

Oddiy she’riyat. 

Sen ilohiysan, 

biz Moddiy, she’riyat.

Sen – muhabbat ko‘shki,

Ishqning ayvoni.

Ko‘ngil bilan ruhning

Moviy osmoni. (“She’riyat”) 

 

Ushbu she’rda ijodkor she’riyatni “bezavol gulshan”, “mangu yashil bog‘”, — deya ta’riflar ekan, “qancha shoir o‘tdi yuraklari dog‘” deya so‘zni ijodkor qismatiga buradi. Uning fikricha, shoirlar “olam yuzin hayron etdilar, ko‘ngil qoni bilan alvon etdilar”. Bu tasvir orqali ijodkor bo‘lish oson emasligi, ko‘nglidan dard silqib turmagan shoir ijodiy yuksaklikka erisha olmasligi singari falsafiy mushohadalar ifodalangan. She’riyat ko‘ngil va ruh hodisasi ekani haqidagi xulosaga kelingan.

She’rning davomida shoir Navoiy, Bobur, Usmon Nosir, Asqad Muxtor, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf singari ijodkorlar nomini tilga oladi. Ularni “bargi xazon”ga, “kuygan yulduzlar”ga tashbeh etadi. She’r xotimasida shoir “bu dunyoning so‘zfurushlari”ga xitoban shunday yozadi:

Kim so‘z deb nafsiga

Non berar faqat.

Haqiqiy shoirlar

Jon berar faqat. 

 Haqiqiy she’r darddan tug‘iladi. Shundagina o‘quvchi qalbidagi dardga malham bo‘ladi. She’rning qimmati ana shu xususiyatiga ko‘ra belgilanadi. Kunlardan tonglar ketishi, buning natijasida yillarning onlarga aylanishi, boshqacha aytganda, o‘tayotgan vaqtning besamar kechishi, ko‘ngil otlig‘ davlatdan shonlar ketishi — bular bari ana shunday dardning badiiy talqinidir.

 

Uch ming yillik chinor yana kurtakladi,

Erta-indin yashil kuyga burkaladi,

Ohularim — tog‘larimning hurkaklari

Kechalari tanim hidlab surkaladi.

Ularning ham dunyolari xatarmukin,

Ko‘ksumdagi zangorlarim ketarmukin?

 

Har qanday zulmatdan ham yorug‘lik izlash, har qanday dardu alamdan ham sevinch kurtaklarini topish, bu tuyg‘ularni she’rda betakror ifodalash shoir uchun muhim fazilat. Sirojiddin Sayyid  she’rlari xuddi shu fazilati bilan ham qimmatlidir.

Ishq-muhabbat mavzusi she’riyatimizda azaldan kuylanib keladi. Bu mavzuda she’r yozmagan shoir uchramasa kerak. Lekin qo‘liga qalam tutganning hammasi ham betakror obrazlar ijod qila olmaydi. Buning uchun chinakam iste’dod kerak, alohida iqtidor talab etiladi. Sirojiddin Sayyid ana shunday iste’dod sohiblaridan. She’rlaridan birini shoir “Muhabbat koshonasi” deb nomlaydi. Unda, muallif, jumladan, shunday yozadi:

 

Azal go‘zal nishonasi bir guldir,

Muhabbatning koshonasi ko‘ngildir...

Havolardan tanlab Momo Havolar,

Yuborgandir tongda bodi sabolar.

Momo Havo obrazi orqali shoir muhabbatning azaliy tuyg‘u ekanligiga, muqaddas ne’mat ekanligiga urg‘u beradi. Uningcha, bu momomeros  tuyg‘uni  qadrlash, asrab-avaylash, avlodlarni ana shu ruhda tarbiyalash zarur.

Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub “Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur” lirik dostoni o‘ziga xos badiiy-uslubiy izlanish samarasi ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Asar janrini muallifning o‘zi “Firoq va sog‘inch dostoni” deya belgilaydi. 

Dostondagi ilk “Boburnoma” nomli she’rini yaratishda muallif shoh va shoir Boburning:

 

Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,

Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum.

Har kim bu “Vaqoe”ni o‘qur, bilg‘aykim,

Ne ranju, ne mehnatu, ne g‘amlar ko‘rdum,

— ruboiysini keltiradiki, bu diqqatga molik. Bu ruboiyda  Boburning o‘quvchisiga murojaatidan tashqari, hayoti va ijodining gultoji bo‘lgan “Boburnoma”ning mavqei va  o‘rniga ham havola bor. Ruboiydan keyin Sirojiddin Sayyid “Boburnoma” uslubini aniq ifodalagan quyidagi parchani “Boburnoma”dan topib keltiradiki, bu yana bir bor muallifning Bobur ijodini sinchiklab o‘rganganligidan dalolatdir: “Bu bitilganlardin g‘araz shikoyat emas, rost hikoyatturkim, bitibturmen. Bu mastur bo‘lg‘onlardin maqsud o‘zning ta’rifi emas, bayoni voqii bu edikim, tahrir etubturmen...”.

Doston avvalidagi “Boburnoma” she’ri ham aynan Bobur hayoti va ijodining sarhisobini o‘zida aks ettirgan. Bunda adib yuksak mahorat bilan shoh va shoir Boburning umr daftarini varaqlaydi, uning shoh va hayotga teran nigoh bilan qaray oladigan mutafakkir sifatida chekkan iztiroblarining “Boburnoma”dek asarini ijod qilish jarayonidagi zahmati bilan hamohangligini ta’kidlaydi.

 

Bu mening ham dil dostonim, 

Shuncha ekanmi armonim?

Qanday chidabsiz sultonim?

Sabrnoma “Boburnoma”,

Sabrnoma “Boburnoma”.

 

Dostonning “Boburnoma” haqidagi bobida shoir bu buyuk asarni “shoh shoirdan avlodlarga mangu o‘lmas qadrnoma” deb ataydi. Shoir asarni yana, uning mohiyatidan kelib chiqib, “taqdirnoma”, “jabrnoma”, “harbiynoma”, “Kabir noma”, “Botirnoma”, “Sabrnoma” singari sifatlar bilan ta’riflaydi. Quyidagi misralarda esa “Boburnoma”  haqida yozar ekan, Boburning murakkab hayot yo‘liga ishora qiladi.

 

“Temurxon naslidin Sulton Ulug‘bek”,

Navoiydan o‘lmas so‘z — sas yaralgay.

Bormi sha’nu shavkat, dovruq buningdek?

Qiyomatga qadar shul bahs yaralgay.

... Dunyoga kelmishdir hazrati Bobur,

Daholar ham qarzu ham farz yaralgay.

Sherlarning zuryodi faqat sher bo‘lur,

Yo‘lbars avlodidan yo‘lbars yaralgay. 

 

Bu satrlarda shoir Sohibqiron Amir Temur, Sulton Ulug‘bek, hazrat Alisher Navoiy nomlarini keltirar ekan, qisqa satrlarda, jumlalarda bo‘lsa ham, ular obraziga chizgi berib ketadi. Boburni ta’riflab, uning tavalludiga oid voqeani eslar ekan, shoir uning Temurxon va Sulton Ulug‘bek shajarasidan, hazrat Alisher Navoiyning munosib shogirdi ekaniga urg‘u beradi.

Sirojiddin Sayyid “Boburnoma”ning o‘ziga kuchli ta’sir qilgan o‘rinlarini keltiradi, ulardan olgan taassurotlarini bugungi XXI asr o‘quvchisi ruhiyatiga mos tarzda talqin etadi. Dostonni mutolaa qilar ekan, o‘quvchi ko‘z o‘ngida hayotning ne-ne mehnatu zahmatini chekkan, faqatgina yuksak matonati, tolmas irodasi bois ularni yenga bilgan buyuk shaxs obrazi namoyon bo‘ladi. Shu jihati bilan doston katta axloqiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Umuman, zamonaviy she’riyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Sirojiddin Sayyid asarlari mutolaasi bugungi zamon o‘quvchisini so‘z san’atining betakror jozibasiga oshno etadi, adabiyotning qudratini namoyon qiladi.

 

Abdug‘ani SULAYMON

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.