Sud madaniyati uni kim qanday tushunadi?

Madaniyat keng qamrovli tushuncha, tarixi ham uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu so‘z arabcha “madina” va “iyat” qo‘shimchasining birikishidan hosil bo‘lib, “shaharga oid” degan ma’noni anglatadi. Madaniyat so‘zi kirib borgan xalqlar tillarida shaharlar ilm-fan, ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib kelgani ta’sirida bo‘lsa kerak, ushbu tushuncha ma’rifatlilik, bilimlilik, tarbiya ko‘rganlik ma’nolarida ishlatila boshlangan. Mutaxassislar madaniyatga “inson yaratgan qadriyatlar tizimi” deb ham ta’rif berishadi. Frantsuz olimi Abraam Mol XX asrning 60-yillarida madaniyatning ikki yuz ellikdan ortiq ta’rifi borligini ta’kidlagan. Hozirgi kunga kelib esa bundan ham ko‘proq degan xulosaga kelindi. Bugun mazkur tushunchaning bir qirrasi – sud madaniyati haqida so‘z yuritmoqchimiz. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Toshkent shahar sudyalari o‘z fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon etishdi.

 

Qobiljon KOMILOV:

– Avvalo, sud nima, qanday vazifa bajaradi, degan savolga oydinlik kiritib olsak. Sud hokimiyati qonunlar ijro etilishida yuzaga keladigan nizolar, huquqbuzarlik yoki jinoiy xatti-harakatlarga tegishli tartibda chora ko‘radi. Maqsad jamiyatdagi qonunlar so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash, aholi o‘rtasida qonunlarga munosabatni shakllantirishdan iborat. Qaysi kodeksni olib qaramaylik, mana shu ikki jihat maqsad qilib belgilangan. Sud sohasida ishlaydimi, huquqni muhofaza qilish sohasidami, ushbu jarayon mansabdor shaxsdan katta mas’uliyat talab qiladi. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, sudya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, kodekslar va qonunlar asosida ish olib boradi. Buning uchun u avvalambor chuqur nazariy bilimga ega bo‘lishi kerak. Qonun mohiyati, qonunda qayd etilgan qoidalarning maqsadi nimaligini bilmay turib, nizoni hal qilish imkoni yo‘q. Barobariga ana shu bilimni amalda joriy qilish ko‘nikmasi ham bo‘lishi darkor. Uchinchi jihat esa bugungi mavzumiz, ya’ni sud madaniyatiga erishish zarur. Sudya davlat nomidan ish ko‘rar ekan, jarayon ishtirokchilari – da’vogar, javobgar (yoki jabrlanuvchi va ayblanuvchi) sudyaning kiyinishidan tortib, o‘zini tutishi, so‘z ohangi va boshqa ko‘pgina jihatlarga qarab davlat hokimiyatiga munosabat bildiradi. Sud jarayoni boshlanishidan avval sudya hujjatlar va ishni batafsil o‘rganib chiqadi va kim haq, kim nohaq ekani to‘g‘risida taxminiy xulosa mavjud bo‘ladi. Ammo u buni qaror chiqmay turib, sud jarayonida bildirib qo‘ymasligi kerak. Sud kuni sub’ektiv fikrlar bo‘ladi, da’vogar ham, javobgar ham o‘z pozitsiyasini yoqlaydi. Shu bois tomonlarga bir xil munosabatda bo‘lish juda muhim. Biriga ko‘proq savol bersangiz, ikkinchi tomon unga yon bosdi, degan vajni keltirib, vaziyatni o‘zgartirishga harakat qiladi. Shunday paytda taraflar bir-birining sha’niga tegadigan gap aytib yuborishi ham mumkin, ammo bunga yo‘l qo‘ymaslik, sudning o‘z tartib-qoidalari borligini eslatish kerak. Bundan tashqari, sud ishida advokat yo boshqa bir huquqshunos qatnashganda, sudya ulardan bilim jihatdan yuqori bo‘lmasa, jarayonni nazorat qilolmay qolishi mumkin. Shu bois yaxshi sudya bo‘lish uchun nafaqat chuqur bilimli, balki yaxshi psixolog ham bo‘lish zarur. 

Mana, bir necha yildan buyon Oliy xo‘jalik sudida videokonferentsaloqa shaklida o‘tayotgan sud ishi vaqt va mablag‘ni tejash bilan birga, taraflardan ham, sudyadan ham yanada qat’iy tartib va mas’uliyat talab etmoqda. Negaki, har bir xatti-harakat va aytilayotgan so‘z yozib boriladi va bularning bari norozilik yoki shikoyat tug‘ilganda, tayyor hujjat sifatida qo‘llanadi.

 

Malika QALANDAROVA:

– Odil sudlov jamiyatda vujudga keladigan nizolar, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishning ishonchli usuli bo‘lib hisoblanadi. Shunday ekan, sud hokimiyati ham o‘z navbatida jamiyatni ularga nisbatan ishonchining oshishiga, qo‘llab-quvvatlanishiga, mustahkamlanishiga ko‘maklashishi zarur. Bunga esa sud madaniyatini shakllantirmasdan erishib bo‘lmaydi.

Men sudyalik bu kasb emas, hayot tarzi, degan bo‘lardim. Chunki sudya xizmatdan tanqari vaqtda ham sudning obro‘siga, sudyaning xolisligiga, mustaqilligi va beg‘arazligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlardan o‘zini saqlashi, muomala madaniyatiga rioya qilishi kerak. Anna shu sifatlarga ega bo‘lgan huquqshunos sudda ishni ko‘rayotganda, xotirjamlik, beg‘arazlik va xolislikni namoyon etib, jarayon ishtirokchilari tomonidan odob-axlok me’yorlari buzilishini e’tibordan chetda koldirmasligi, boshqacha aytganda, sud madaniyatini shakllantirishda o‘z hissani qo‘shishi lozim.

“Sud madaniyati” atamasi ilk bor A.F.Koni tomonidan qo‘llangan, uning fikricha, sud madaniyati bu jarayon ishtirokchilari bilan o‘rnatilgan amaliy muloqotdir. Sud faoliyatidagi madaniyat bu sudyalar va sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarini kasbiy va xizmatdan tashqari xulq-atvorlari, sud majlisi zalida taqdim etilgan axborotlarni qabul qilishga nisbatan bo‘lgan munosabat, o‘zaro hurmat, sabr-toqat va xushmuomalalikdir.

Sud madaniyatining protsessual asoslari Xo‘jalik protsessual kodeksining 127-moddasida nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, sudyalar majlis zaliga kirganlarida zalda hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rinlaridan turadi. Xo‘jalik sudining hal qiluv qarorini zalda hozir barchasi tik turgan holda tinglaydi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari sudga tik turgan holda murojaat qiladi hamda tushuntirishlar va ko‘rsatuvlar beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Majlis vaqtida tartib buzilgan takdirda raislik qiluvchi xo‘jalik sudi nomidan tartibni buzgan shaxsni ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan takdirda mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan chiqarib yuborilishi mumkin.

Yuqorida qayd etilganlarning barchasi protsessual tartib, biroq, aslida sud madaniyatini shakllantirishning debochasidir.

Sudyalar sud madaniyatini shakllantirishda bevosita yuksak fazilatlarini namoyon etishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining 2013 yil 28 fevraldagi 5-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sudyalarning odob-axloq qoidalari”ga rioya qilishi lozim. 

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudya tomonidan sudlov ishi adolatli yuritilishini ta’minlashning kafolati bo‘lgan va jamoatchilikning sudlarga nisbatan ishonchini mustahkamlaydigan sudyaning mustaqilligi konstitutsiyaviy tamoylini, odob-axloq qoidalarini qo‘llab-quvvatlashga, umuman olganda sud madaniyatini hayotga tatbiq etishga majbur.

 

Mahmudjon ESHIMBYETOV:

– Sudyaga odil sudlovni amalga oshirishda davlat nomidan qaror qabul qilishdek mas’uliyatli vakolat berilgan ekan, Respublikamiz Konstitutsiyasi va qonunlarini muqaddas bilish va ularga qat’iy rioya qilish unga qo‘yiladigan asosiy talabdir. Ichki madaniyat, bilim, tajribasi uyg‘un bo‘lgan huquqshunos sud ishini bekamu ko‘st boshqara oladi. Sudya egallagan lavozimiga imtiyoz deb emas, balki mas’uliyat deb qarashi kerak. Shu o‘rinda Birinchi Prezidentimizning “Xalq ochlikka, qiyinchilikka, hamma narsaga chidashi mumkin, ammo, adolatsizlikka chiday olmaydi”, degan so‘zlari yodga tushadi. Fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini, davlat va jamiyat manfaatlarini to‘liq ta’minlashni sudya o‘zining asosiy burchi, deb bilgandagina adolat qaror topadi, nizo to‘g‘ri hal etiladi. Bularning bari sud madaniyati degan tushunchani shakllantiradi. Aslida, madaniyat, ma’naviyat tushunchasi uzoq o‘tmishga borib taqalishini ko‘plab manbalar qatori “Avesto”da ham ko‘rish mumkin. Mazkur asar inson huquqlarini o‘rganish borasidagi ilk manbalardan biridir. O‘sha davrda “Avesto” diniy-falsafiy va huquqiy ta’limot sifatida xalq va davlat uchun siyosiy va huquqiy manba vazifasini bajargan. Unda qayd etilgan ko‘plab qoida va fikrlar hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Masalan, asarda insonni hayotdan mahrum etishga hech kimning haqqi yo‘qligi yozilgan. Zardo‘shtiylik axloqining uchta asosiy qoidasi bo‘lgan – ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal. Ushbu qoidalarga amal qilgan insonning qalbi pok bo‘lib, sog‘lom fikr yuritgan. Inson yaxshi fikrga ega bo‘lsa, jaholat va razolatga berilmaydi, boshqalarga nisbatan g‘arazgo‘ylik qilmaydi. Bularning asosida kishilarning madaniyatli, ma’naviyatli bo‘lishiga erishishdek ezgu g‘oya yotibdi. Bugun ham ushbu yuksak sifatlar qadrlanadi. Mazkur sifatlarga ega insonlarning sudga ishi tushgan taqdirda ham o‘zini munosib tutishni biladi. Bunday paytda sud jarayonini boshqarish sudya uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.  

O‘tgan yillar mobaynida o‘tkazilgan islohotlar tufayli mamlakatimiz sud-huquq tizimi yuksak darajaga erishdi. Demakki, sud madaniyati ham shunga yarasha bir qadar yuqori bosqichga ko‘tarildi. Elektron hukumat to‘g‘risidagi qonun, videokonferentsaloqa shaklida olib borilayotgan sud ishlari bunga yaqqol misoldir... 

Xolida FAYZIYEVA yozib oldi.

PS: Mazkur mavzu boshqa sudlar mutaxassislari bilan ham davom ettiriladi.

TAHRIRIYAT

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.