Qish kunlarining birida

O‘zbek adabiyoti bog‘ida o‘ziga xos gulshan yaratgan buyuk shoir, bag‘ri keng ijodkor, mehribon ustoz Erkin Vohidov chin ma’noda oddiy bir inson ham edi. Zabardast shoir bo‘lsa ham, u o‘zini boshqalardan ustun tutmasdi.

 

Erkin aka haqiqiy do‘stlarni, chin insonlarni yuksak qadrlardi. Do‘stlik haqida bu ijodkordan boshqa hech kim o‘xshatib she’r yozmagan, desam mubolag‘a bo‘lmas:

Do‘st bilan obod uying,

Gar bo‘lsa u vayrona ham.

Do‘st qadam qo‘ymas esa,

Vayronadir koshona ham

 

Intizor har uy dilovar, 

Dixl kusholar bazmiga.

Gar oyoq qo‘ysa qabohat,

Yig‘lagay ostona ham.

Bunday dilga yaqin, beg‘ubor satrlar faqat Erkin Vohidovga xos, Erkin Vohidovga mos edi.

Erkin aka bilan biz bir vaqtda — yoshlar nashrlarida faoliyat ko‘rsatganmiz. Xususan, yoshlar gazetasiga men, “Yoshlik” jurnaliga u kishi bosh muharrir bo‘lganlar. Hayot alg‘ov-dalg‘ov, yetishmovchiliklar to‘lib toshgan, tashvishlar boshdan oshgan bo‘lsa ham oshkoralik tufayli matbuotda jo‘shqin davrlar edi. Mustabid tuzum yemirila boshlagan, demokratiyaning epkin shamollari baralla esayotgan kunlar. Biz o‘zimizni taniy boshlagan, shonli tariximizni yozishga kirishgan, buyuk allomalarimizni bekamu ko‘st ayta olayotgan damlar edi. Shu tufayli ijodkorlar ham, matbuot ham baralla haqiqatni yoza boshlagandi.

Shunday kunlarning birida, qishning ayni izg‘irin pallasida yoshlar matbuoti rahbarlarini 20 kunga Moskvaga malaka oshirishga chaqirib qolishdi. Xabar kelgandan so‘ng bir-ikki kun o‘tgach, Erkin aka Vohidov qo‘ng‘iroq qilib qoldilar.

Iliq so‘rashgach, “Bir maslahat bor edi”, deb qoldilar: “Moskva sovuq bo‘lsa, bunday havoga hech ko‘nikmaganman, yana 20 kun-a. Bormasam nima bo‘larkan?!”

Men Erkin akaga Moskvaga, malaka oshirishga, albatta borish kerakligini, u yerdagi shart-sharoitni (bu Yoshlar institutida ikki yil o‘qiganim uchun) o‘z zimmamga olishimni yotig‘i bilan tushuntirdim. O‘qish, malaka oshirish bahona qardosh xalqlarning yosh iste’dodli ijodkorlari bilan tanishasiz, ham havo almashtirib dam olasiz, yaxshi she’rlar yozasiz ham, dedim.

Aytgan so‘zlarim, bergan va’dalarim Erkin akaga ma’qul bo‘ldi, shekilli, malaka oshirishga boradigan bo‘ldilar.

Moskvaga yetib borgach, va’daga vafo qilib, tanish-bilishlarni ishga solib Erkin akaga alohida xonaning ajratilishiga erishdik. Ustoz shoirning ko‘ngli ko‘tarilib, ancha xursand bo‘ldilar. Atrofi ko‘m-ko‘k archazor bilan o‘ralgan Yoshlar institutining mehmonxonasi chindan ham bahavo manzilda edi.

O‘qishlar qizg‘in boshlanib ketdi. O‘zaro muloqotlar, tanishuvlar, she’rxonlik kechalari. Ruslarning taniqli shoirlari, o‘sha davrning yalovbardor ijodkorlari Andrey Voznesenskiy, Robert Rojdestvenskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Vladimir Dementevlar bilan muloqotlar. Hamma-hammasi qalbimizdan joy oldi, fikr doiramiz kengaydi, ko‘plab do‘stlar orttirdik.

Biz tushgacha o‘qiymiz, so‘ngra esa Moskva bo‘ylab sayohatga chiqamiz. Bir-ikki kun aylanib, ancha-muncha tarixiy joylarni ko‘rdik, yon atrofdagi go‘zal joylarni tomosha ham qildik. Bizdan atigi bir daha naridagi “Toshkent” kinoteatrida kino ko‘rib ham qaytdik. Bolalar matbuotining rahbarlari Lutfulla Kabirov, rahmatli Abdurahim Abdullaevlar hazil-huzul voqealarni aytib, bizni zeriktirishmasdi. Xullas, har bir kunimiz mazmunli, unutilmas voqealarga boy o‘tardi.

Bir hafta o‘tar-o‘tmas bu yerning ovqatlari jonga tegib qoldi. Ko‘nglimiz o‘zimizning milliy taomlarni istadi. Erkin aka: “Yigitlar, bir nima o‘ylanglar, six ham kuymasin, kabob ham” dedilar.

Biz ancha o‘yladik, qozon bo‘lganida palov pishirardik. Hozircha qaynatma sho‘rva qilishga qaror qildik. Mas’uliyat mening zimmamga tushdi. Masalliqni tezda olib kelishdi. Biroq pishirish uchun kastryulka ham topolmadik. Oxiri 5 litrlik alyumin choy qaynatgichni topib keldim. Hammalari ustimdan kulishdi, “Qachon ko‘rgansiz, choygumda sho‘rva pishirganni”, deb.

Men oldinlari ham bu ishni bemalol qilib yurganday, ishga yeng shimarib kirishdim. Choygumga bir kilo qo‘y go‘shtini va boshqa masalliqlarni solib, elektr plitaga qo‘ydim. Plitani choygum qaynaguncha balandlatdim, keyin miltillatib, pasaytirdim. Ikki soatlarda sho‘rva pishdi. Hammayoqni sho‘rvaning ishtahani ochadigan yoqimli hidi bosib ketdi.

Xonaga kirsam dasturxonni qoyilmaqom qilib tayyorlashibdi. O‘zimizning patir nonlar, uzumu novvotlar, mag‘izu yong‘oqlar barchasi muhayyo. Faqat sho‘rvani soladigan kosa yo‘q.

— Asosiysi sho‘rva bor, qolgani topiladi, dedi Erkin aka.

Sho‘rvaning suvini piyolalarga quyib chiqdik. Go‘shtini va pishgan sabzavotlarni tarelkalarga joyladik. Hammaning ishtahasi karnay bo‘lib turgan ekan, sho‘rvasini bir-ikki ho‘plab, go‘shtlardan, sabzi, kartoshka, sholg‘omlardan tanovvul qila boshlashdi.

Erkin aka sho‘rvadan bir piyola ichgach “Yigitlar, shu yoshga kirib, bunaqa mazali “choynak sho‘rva”ni hech ichgan emasman”, deb qoldi. Hamma uning so‘zini ma’qullashdi. Bu yerning ovqatlari me’dasiga tekkanidan bo‘lsa kerak, ustoz shunday dedi, deb o‘yladim.

...Yillar o‘tdi. Vaqt ham, davr ham o‘zgardi. Yoshlik ham shamolday o‘tib ketdi. Voqealar tarix sahifalariga bitildi. Lekin, Erkin aka Vohidov umrining oxirigacha, qaerda meni ko‘rib qolsa: “Moskvadagi “choynak sho‘rva” juda mazali bo‘lgan edi-ya” deb eslab qo‘yardilar.

Erkin aka kattayu kichikligiga qaramasdan do‘stlarni juda  qadrlardilar. Bu yuksak xislat uni umrining oxirigacha tark etmadi. Davlat xizmatidan Faxriylikka chiqqanidan so‘ng ham har bir kunini do‘stlar davrasi gurungida, shaxmat bellashuvlarida o‘tkazdilar.

Umr o‘tadi. Hayot qonuni shunday. Ulug‘ insonlar ham bir kunmas, bir kun bu yorug‘ dunyoni tark etishadi. Ammo ularning yorqin siymosi, ulkan ijodiy ishlari, ibratli hayot yo‘li qalbimizda mangu qoladi.

 

Jabbor RAZZOQOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.