Munosib voris

Har bir ijodkorning ijod mahsulidan uning qanday inson ekanligini — madaniyati va odamiylik shevasini anglash mumkin. Rassom bir inson qiyofasini tasvirlar ekan, nafaqat uning suvratini, balki, siyratini ham ochishga harakat qiladi. Shoir esa she’rlarini qalb qo‘ri, mehr nuri bilan bitadi. Beixtiyor uning yuragidagi hislar qog‘ozga to‘kilarkan, ziyrak o‘quvchi uning fazilatini ilg‘ab olgandek bo‘ladi.

 

Men talabalik yillarimda sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning ko‘p asarlari qatori “Yoshlik devoni”ni ko‘p marotaba mutolaa etardim. Bu davr mening umrim bahori — ayni talabalik yillarimga to‘g‘ri kelgan. Hali shoir bilan tanishishga muyassar bo‘lmagan edimu uning she’r va g‘azallari orqali bu insonni kamtarin, vazmin, hilm xususiyatli va madaniyatli alloma sifatida tasavvur etganman.

Mavlono shoirimiz o‘zining yuqorida tilga olgan devonining debochasini:

Istadim sayr aylamoqni

Men g‘azal bo‘stonida.

Kulmangiz ne bor senga deb

Mir Alisher yonida.

degan nafis satrlar bilan boshlaydi. Bu baytdan kamtarinlik, sharqona andisha yaqqol sezilib turardi. Nazarimda, shoirning andishasi menga o‘rinsizdek tuyuldi. Zero, o‘n to‘rtinchi asrda bobokalonimiz Alisher Navoiy “o‘azal mulkining sultoni” degan ulug‘ unvonga muyassar bo‘ldilar. Yigirmanchi asrda esa zamondosh ustoz shoirimiz ko‘hna meros bo‘lgan g‘azalga qaytadan jon bag‘ishlab, shoir bobosining ruhini shod etdilar. Vaholanki, o‘sha davrlarda zamon nihoyatda qaltis, siyosat nozik, milliy san’atimizning barcha ko‘hna turlariga munosabat salbiy holatda   edi. 

Hazrat Navoiy o‘z davrida faqat fors tilida emas, balki turkiy tilda ham nozik g‘azallar bitish mumkinligini amalda isbotlagan bo‘lsalar, Erkin aka boshqa xorijiy so‘zlardan xoli sof o‘zbek tilida nozik va go‘zal g‘azallar yaratib, o‘zbek she’riyati xazinasini yangi javohirlar bilan boyitdilar, desam aslo mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

Shoirning “Sevgi”, “Senga baxtdan taxt tilarman”, Xayol”, “Uzum”, “Do‘st bilan obod uying”, “Quyosh”, “Fursating” kabi va boshqa qator nafis g‘azallari asrimizning mumtoz asarlariga aylandi, desam xato qilmayman. 

Qani edi bir mo‘’jiza ro‘y bersa-yu, yosh Alisher ustozi, piri Lutfiyga o‘qib bergan g‘azali kabi Erkin Vohid ham mavlono Navoiyga o‘zining “O‘zbegim” qasidasini o‘qib bersa. Shunda ustozi kalon olti asrdan so‘ng tavallud topib, kamolga yetgan shoir nabirasining g‘azalidan quvonib, unga munosib bir baho bergan bo‘larmidi.

2013 yil, mart.

 

MENGA ATALGAN KITOBNI OLIB QO‘YING...

Nozik nafas shoir, rahmatli Xayriddin Salohning 80 yillik tavallud kunini nishonlash maqsadida shoirning kursdoshi, o‘z kasbining fidoyisi filologiya fanlari doktori, professor Hamidjon Homidiy Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida xotira kechasini o‘tkazish uchun sa’y-harakatlarni boshlab yubordilar. 

Yig‘ilish kuniga yigirma kun qolgandi. Xayriddin akaning shogirdlari — Temur Ubaydullo, Abdulhay Nosir, Shavkat Turob va kamina bo‘lajak tadbirga o‘z hissamizni qanday qo‘shish mumkinligi haqida fikrlashdik va ustozning xotirasi uchun bir kitobcha tayyorlashga qaror qildik. 

Temur aka nashriyot ishi bilan, qolganlarimiz maqolalar to‘plashga kirishib ketdik. Kitobning so‘zboshisini shoirning safdoshlaridan biri boshlab berishini niyat qilib, Xayriddin akaning yagona to‘garakdoshi, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovga murojaat qilishni rejalashtirdik. Men Erkin aka bilan telefon orqali bog‘lanib, maqsadimizni izhor etdim. Ustoz bu xayrli ishdan xursand bo‘lib taklifimizga jon-dildan rozi bo‘ldilar. Oradan ikki kun o‘tgach, Erkin aka uchrashuv joyini belgiladilar. Xursand bo‘lib, Temur aka bilan ko‘rsatilgan manzilga yarim soat oldin yetib bordik. Ustozni bezovta qilmaslik uchun o‘zlari belgilagan daqiqagacha kutib so‘ngra ijozat so‘rab shinamgina ijodxonalaridan joy oldik.

Samimiy salom-alik, hol-ahvoldan so‘ng Erkin aka gap boshladilar:

— Temurbek, Shukurjon. Har bir ijodkorning ish tartibi bo‘lgani kabi mening ham o‘zimga xos ish uslubim bor. U ham bo‘lsa boshlab qo‘ygan bir ishga nuqta qo‘ymagunimcha boshqasiga aslo qo‘l urolmayman. Ammo sizlar iltimos qilgan yumush mening bolaligimni, yoshligimni, ilk ijodimni beixtiyor yodga soluvchi, asosiysi, rahmatli do‘stimning xotirasi hurmati bo‘lganligi uchun beixtiyor vaqtincha ish rejamdan kechishni ixtiyor etdim.

Biz qo‘lga qalam olgan davr, ya’ni o‘tgan asrning elliginchi yillardagi she’riyat nihoyatda siyosiylashgan va soxtalashgan edi. Insonga, tabiatga bo‘lgan muhabbatni she’riy izhor etish rasmiy mafkura tomonidan taqiq ostiga olingandi. Ammo Xayriddin Salohning soddagina mayin she’rlari muxlislarga huzur bag‘ishlardi. Xayriddin aka yosh bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilarga nafis she’r sohibi sifatida allaqachon tanilib bo‘lgan edi. 

Shundan so‘ng ustoz o‘ayratiy domlaning to‘garagi tarixi, uning a’zolari haqida so‘zlab, o‘zlariga xos mayin ovoz bilan bir she’r o‘qidilar:

Ne baxtkim, bizni ustoz

Bir zamon ash’orga o‘rgatmish,

Nafosat deb atalgan

Ul ajib asrorga o‘rgatmish.

Kim o‘rgatmish demangkim,

o‘ayratiy ul, Xayriddin, Anvar,

Tamilla, Matluba, men,

To‘lqinu Sayyorga o‘rgatmish.

Suhbat o‘zining mazmundorligi, adabiyotimiz, she’riyatimiz, o‘tmishdagi shoir va yozuvchilar haqidagi xotiralari bilan bizni sehrlab qo‘ygandek edi. Na iloj, shundoq ham sevimli shoirimizning qimmatli vaqtlarini olganimizdan biroz xijolat edik. Sababi, mavlono o‘sha kunlarda o‘zlarining sakkiz jildlik asarlar to‘plamini tayyorlash bilan mashg‘ul edilar. Sakkiz sonining ham o‘ziga xos ramzi va ma’nosi bor edi. Ya’ni bu asarlar sakson yillik tavallud kuniga atalgan mehnat hosili edi.  

Maqola qo‘limizga tegdi. U “Nafis she’r sohibi” deb atalgan edi. Biz ushbu sarlavhani kitob nomiga qo‘ydik va to‘plam mo‘ljallangan kunda chop etilib, anjuman qatnashchilariga tarqatildi. Xotira kuni Erkin aka betobliklari tufayli kechada qatnasha olmadilar. O‘sha kuniyoq telefon orqali bog‘lanib, kitob haqida aytganimda: “E, yashanglar, ustozning ruhini shod etibsizlar, barakalla. Menga atalgan kitobni olib qo‘ying, Xudo xohlasa, o‘zim siz bilan xabarlashib, nasib etsa uchrashamiz”, — deya javob berdilar.

Ming afsus, ustozning “o‘zim xabar beraman” degan va’dalarini boshqa kimsa bajo etdi. Bu xabar shoir bilan abadiy vidolashuv xabari edi. Butun umrini, noyob iste’dodini o‘zbek adabiyoti xazinasini o‘zining nodir va noyob durdonalari bilan boyitishga baxshida etgan alloma shoir  bu yorug‘ dunyoni tark etdi.

Tabiatan g‘oyat tavozeli, kibrdan uzoq bo‘lgan bu muhtaram inson nihoyatda xushmuomala, odamlarga mehribon, xulq-atvorda oddiy inson edilar. Mumtoz adabiyotda mumtoz ijodkorlar degan atama bor. Bu borada bizlar ko‘proq o‘n to‘qqizinchi asrgacha bo‘lgan adib hamda shoirlar nomini qayd qilishga o‘rganib qolganmiz. Ayniqsa, Lutfiydan tortib Furqatgacha bo‘lgan shoirlar mumtoz adabiyotimizning yorqin vakillari hisoblanadilar.

Bizning asrimizda ham zamondoshlarimiz orasidan yetishib chiqib, xalq qalbida xalq shoiri va O‘zbekiston Qahramoni degan ulug‘ unvonlarga sazovor bo‘lgan Erkin Vohidov ham borligidan haqli ravishda faxrlanamiz.    

Ustoz Erkin har ash’orin

Mehr qoni ila bitmish,

Shul sabab ul “Xalq shoiri”

Atalgan maqomga yetmish.

“Istadi sayr aylamoqni 

Bu g‘azal bo‘stonida”,

Ne tong g‘azal gulshanidan 

Jinon bog‘iga ketmish. 

 

Shukur DADASH,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.