KITOB — ziyo

Insoniyat rivojida aql-idrok va ruhiy barkamollik vositasi bo‘lgan kitob buyuk mo‘’jiza. Darhaqiqat, kitob odamzodning  yaqin sirdoshi, yo‘ldoshi va uni asrlardan asrlarga olib o‘tgan ziyo mash’alidir. Kitoblar faqat bilim manbai bo‘libgina qolmay, madaniy hayotimizning betakror san’ati sifatida yashab kelayotir. Xalqimiz azal-azaldan ilmga, kitobga chanqoq. Shu bois yurtimizda kitobatchilik qadimdan rivojlanib kelgan. Fikrimizga dalil sifatida “Avesto” qo‘lyozmalari, sopol idishlar, charm o‘ramlari, metall buyumlardagi yozuvlarni aytsak bo‘ladi.

 

Kitobat san’ati bir qancha qo‘li gul hunarmandlar tomonidan bajariladigan murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, bular — qog‘ozrez, xattot (kitob va risolalarni ko‘chiruvchi kotib), lavvoh (lavh yasovchi usta), muzahhib (zarhal beruvchi mo‘yqalam sohibi), musavvir (rassom), sahhof (muqovasoz)lardan iborat jamoadir.

Qo‘lyozma kitoblarni tayyorlashda kitob uchun yaxshi, sifatli qog‘oz tanlash muhim bo‘lgan. Bu o‘rinda Samarqand qog‘ozi, ayniqsa, o‘zining bejirimligi va sifati bilan dong taratgan. Samarqand qog‘ozlari miloddan avvalgi  davrda Buyuk Ipak yo‘li orqali Eron, Hindiston, Shom va Rumgacha yetib borgan. 

“Maroqand qog‘ozlari, — deb yozgan edi qadimgi yunon olimi Gerodot “Tarix” asarida, — o‘zining sifati, yozuvning  tiniq ko‘rinishi, ixchamligi bilan Xitoy qog‘ozlaridan yuqori  turadi”. Tarixchi  Narshaxiyning VI—VII asrlardan hikoya qiluvchi mashhur “Buxoro tarixi” hamda Firdavsiyning “Shohnoma” asari ham Samarqand qog‘oziga bitilgani tufayli bugungi kungacha yetib kela olgan. Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Samarqand qog‘ozi haqida quyidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan: “Dunyoda eng yaxshi qog‘oz Samarqanddin keltiriladur”. Aytish kerakki, Samarqand XIX asrning birinchi yarmigacha ko‘pgina mamlakatlarning qog‘ozga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelgan. Hatto Shosh, Tabriz shaharlarida Samarqand qog‘ozlari sotiladigan do‘konlar bo‘lgan.  

Xattotlar matnni qog‘ozga yozishda mistar (maxsus qog‘oz-karton) ustiga ip tortib uning izini matn yoziladigan qog‘ozga tushirib olganlaridan so‘ng matn yozishga kirishganlar. Matnni qanday joylashtirish xattotning mahoratiga bog‘liq bo‘lgan. Yozilgan matnni lavvoh hoshiyali qog‘ozga yelimlagan, uning ustidan jadvalkash  turli-tuman ranglarda chiziqlar tortib, matnni jadvalga olgan. Keyin esa muzahhib oltin suvi va turli ranglar bilan qo‘lyozmani ziynatlagan. Bunda muzahhiblar “shams”, “lavha”, “sarlavha”, “zarvaraq”, “xotima” kabi naqshlardan foydalanganlar. Bo‘sh qoldirilgan joylarga musavvirlar miniatyura ishlaganlar. Ular  rasmlarni turli ranglarda, oltin, kumush ishlatgan holda bo‘yaganlar. Nihoyat, muqovachilar qo‘lyozmaga naqsh va turli xil bo‘yoqlar bilan jilo berganlar, oltin suvlari yurgizilgan charm muqovaga biriktirganlar. Muqovaning qopqog‘i ko‘pincha bosma, o‘yma, qadama naqshlar, yorqin rasmlar bilan bezatilgan kumush yoki yog‘ochdan bo‘lgan. 

Temuriylar hukmronligi davrida kitobat san’ati yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. O‘sha davrlarda mashaqqatli mehnat bilan bunyodga kelgan nafis kitoblar oz nusxada, nihoyatda qimmat bo‘lar edi. Bunday kitoblar ko‘pincha podshohlar, amirlar va davlatmand kishilar buyurtmasi bilan ishlanar va maxsus kutubxonalarda saqlanardi. Kitobat va xattotlik san’ati XIV—XV asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Mashhur xattot Mirali Tabriziy nasta’liq xatini kashf etadi. Mohir xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy, Nizomiy Ganjaviy, Farididdin Attor, Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa ijodkorlarning asarlarini mahorat bilan ko‘chirgan. Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan 50 dan ziyod kitob hozirgi kunga qadar yetib kelgan. U o‘ymakorlik san’atida ham mohir bo‘lib, Husayn Boyqaroning “Bog‘i Jahonoro” bog‘idagi saroy va boshqa binolarning devorlariga o‘yib bitiklar yozgan. 

Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand va Hirotda  saroy kutubxonalari tashkil etilib, ularning boshliqlari “kitobxona dorug‘asi” yoki “kitobdor” deb atalgan. Ularning qo‘l ostida ko‘plab xushnavis xattotlar, qo‘li gul naqqoshlar, musavvirlar, mohir lavvohlaru sahhoflar buyurtmalar bajarganlar. Masalan, XIV asrning birinchi yarmida Hirotda Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur Mirzo kutubxonasida   qirq nafar xattot va bir qancha naqqoshlar ko‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va ularni bezash bilan band bo‘lgan. 1429 yilda A.Firdavsiyning “Shohnoma” asari ko‘chirtirilib, asar 20 ta  manzarali rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda kitobat san’ati yanada rivoj topadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga g‘amxo‘rlik qilganlar. 

Keyinchalik Buxoro xonligida ham xattotlik, miniatyura, rassomlik san’ati, kitob ko‘chirish, ularni naqsh va tasvirlar bilan bezatish san’ati davom ettirildi. 1624 yilda Samarqandda ko‘chirilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobi o‘sha davr kitobat san’atining yorqin namunasidir. XVII—XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda xattotlik va miniatyura san’ati yaxshi rivojlangan edi. Rassomlar asosan qo‘lyozmalarni naqshli bezash bilan shug‘ullangan. Masalan, Buxoro xoni Amir Haydar davrida ijod qilgan Mir Ma’sum Olamiyon “Axloqi Muhsiniy” va Sa’diy asarlarini rasmlar bilan bezaydi. Mirzo Sodiq Jondoriy amir Nasrulloxon davrida qo‘lyozma kitoblarga lavhalar, qo‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va bezash bilan band bo‘lgan. 

Qo‘qon xonligida kitobat san’atining mohir ustalari bo‘lishgan. Nodirabegim buyurtmasiga asosan xattot Muhammad Yusuf Dabir tomonidan XIX asrda Qo‘qonda ko‘chirilgan Alisher Navoiyning she’rlari to‘plami “Devoni Alisher Navoiy” kitobi ishlangan bezaklariga ko‘ra dunyoda yagona nusxadir. Hozir Toshkent davlat sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan ushbu asarda musavvir va xattot Navoiy asarlari insoniyatga quyoshdek nur sochib turishini ramziy tasvirlagan naqshlarni ko‘ramiz.

XX asrning 70–80-yillariga kelib A.Madraimov, Sh.Salimov, Sh.Muhammadjonov va boshqa olimlarning sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq kitobat san’ati qayta tiklandi. Ushbu an’analarni davom ettirib, samarali ijod qilayotgan ustalardan biri Sh.Muhammadjonovning “Navoiy lirikasi”, “Kalila va Dimna”, “Devonu lug‘otit-turk”, “Ipak yo‘li hikoyalari” asarlari o‘zining nafis bezaklari, tasvirlari bilan kitobat san’atining noyob namunalari qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Ilmiy-texnik taraqqiyot yuksak darajada rivojlangan bugungi kunda kitob nashr etish sohasida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Avvalgi qo‘l mehnatini kompyuterlar va bosma uskunalarning egallashi tufayli kitoblarning sifati tubdan yaxshilandi. Ayniqsa, keyingi yillarga kelib, nashriyotlarimiz har tomonlama sifatli, chiroyli bezatilgan kitoblarni chop etib, o‘tmish an’analarini davom ettirishmoqda.

Olmosga teng fikrlaru oltin so‘zlarni zarhal sahifalarga jo qilgan  o‘zbek kitobat san’atining nafis did bilan tayyorlangan nodir namunalari jahonni lol qoldirib kelmoqda. Qimmatbaho duru gavharlar, oltinu javohirlar moddiy boylik ramzi deb baholansa, kitob esa shu moddiy boylik va dunyo go‘zalliklarini yaratuvchi insonning aql mash’ali, tafakkur faoliyati, qadriyati bo‘lib, o‘tmishning ma’naviy-falsafiy, madaniy-ma’rifiy tajribalarini kelajak avlodlarga yetkazaveradi.

 

Shabnam AZIMOVA,

san’atshunos

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.