Qalbi munavvar inson

O‘shanda erta bahor edi, davolanish uchun shifoxonaga yotdim. Xonada bir o‘zim edim. Ertasi kuni yuzlari dumaloqdan kelgan istarali, farishtali ayolni olib kelishdi. Yoshi ham o‘zim qatori ekani ko‘rinib turardi. O‘zini Muzaffara deb tanishtirdi, shukrki, tez til topishdik. Quvnoq, adabiyotni sevadiganlardan ekan. Bir zumda xuddi do‘stlardek qadrdon bo‘lib ketdik. Suhbatimiz ko‘proq adiblar, san’atkorlar, olimlar haqida bo‘ldi. Biz oila, farzandlar kamoli, uydagi muammolar haqida ham yurakdan o‘rtoqlashardik.

 

 

Uchinchi kun kechga tomon uni yo‘qlab xonaga bir kishi kirib keldi. Hamma ham bir odam, lekin o‘sha kishi bilan, nazarimda, quyoshning bir hovuch nuri kirib keldi. Salomlashdik. Sherigim “farzandlarimning otasi” deb tanishtirdi.

O‘sha payt ular o‘rtasidagi samimiyat, hurmat, iltifot, qolaversa, muhabbat va sadoqat bir og‘iz so‘zdan namoyon bo‘ldi. Hurmat yuzasidan oshxonadan choy damlab keldim. Keyin tashqariga chiqdim. Xayolimdan ularning bir-biriga qarashiyu kishini lol qoldirgulik o‘ta madaniyat va iltifotlari o‘tdi.

Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmadim, hovlida yurgandim, ikkalalari chiqishdi, yonimga kelishgach, Muzaffara:

— Domla she’r va maqolalaringizni o‘qigan ekanlar, — dedi.

— “Turkiston” gazetasi juda dadil, ko‘p o‘qib turaman, katta mavzularni yoritasizlar. O‘qishli, — qo‘shib qo‘ydi domla.

Shu ikki og‘iz so‘zdan Najmiddin Komilovning hatto yoshlar matbuotiga mehrini, davr bilan hamnafas ekanini sezdim. Men ishlayotgan gazetani shunday zabardast olimlar o‘qishini eshitib, ich-ichimdan quvondim.

Ha, inson ko‘ngli juda nozik, bir og‘iz so‘z bilan sindirishi yoki aksincha, yuksakka ko‘tarib, bir umrga o‘sha ko‘ngil to‘rida joylashib qolishi ham mumkin. Muzaffaraning ma’lumoti oliy bo‘lmasa-da, o‘sha savolimga javob topildi. Najmiddin aka bilan Muzaffara maslakdosh, hamfikr, hamnafas, hamsuhbat yashar ekan, dilimda shirin havas uyg‘ondi. Ular bilan do‘stlashdik.

 

EHTIROM

Dugonam bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashib, bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Bu orada to‘y qiladigan bo‘ldim. Muzaffara chin ma’noda maslahatini, yordamini ayamadi, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘g‘li Feruzni uylantirdi. Men ham yonida turdim. 

Bir kun suhbatlasha turib, Samarqandda qiyomatli dugonam Muayyana Xojaeva borligini aytganimda, Najmiddin aka: 

— Biz akademiyada birga ishlaganmiz, yaxshi jurnalist, — dedilar. Domlaga nisbatan ixlosim yanada ortdi, shu bahona bo‘ldi, chog‘i, Samarqandga birga borishni taklif qilishdi. Rozi bo‘ldim.

Kuz edi chamamda, havo yoqimli, atrof go‘zal, yengil mashinada haydovchi va biz uch kishi ketyapmiz, dugonam bilan orqa o‘rindiqda o‘tiribmiz. O‘sha kezlari domlaning “Najmiddin Kubro” asari yilning eng yaxshi kitobi deb topilgandi. Yo‘l-yo‘lakay goh adiblar haqida, goh moziydan o‘tgan allomalar, goh yoshlar to‘g‘risida suhbatlashdik.  

Keyin olim biroz jiddiylashib, jim bo‘lib qoldilar. Dugonam ikkalamiz hayratomuz qarab turdik.

— Yaxshiyam chaqirishdi. Vaqt ajratishga majbur bo‘ldik, — dedilar bir xo‘rsinib. — Otam, to‘g‘rirog‘i, ustozim qabriga sag‘ana qo‘yishmoqchi ekan. Maslahatga borayapmiz.

Keyin bolalik, yoshlik yillarini esladilar. Uylanib ham ilmning ketiga tushgan paytlari Qutbiddin Muhiddinov otalik qilib boshlarini silab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani, uning tufayli shu darajaga yetganini vazmin holatda so‘zlab berdilar.

Shu zayil manzilga yetganimizni sezmay qoldik. Dastlab ukalari Musliddin akanikiga bordik. Kelishlarini bilib xonadonga shogirdlar, do‘stu yoronlar to‘planishgan ekan. Bu qadar iltifot, ehtirom kamdan-kam odamga nasib qiladi. Xuddi shu jarayonda ham hurmat va obro‘lari oldida lol qoldim.

Kechga tomon dugonam bilan Muayyannikiga bordik. Uch dugona suhbati ham qizigandan-qizidi. Ertasiga Urgut tomon yo‘l oldik, yo‘lda yana ustozlari naqadar bilimdon, alloma bo‘lgani, ham moddiy, ham ma’naviy yordam qilgani, g‘amxo‘r va mehribonligi — hamma-hammasi haqida so‘zlab berdilar. Ora-sira Muzaffara ham hayotiy voqealarni eslar, qaynotasining ibrat bo‘lgulik xislatlaridan so‘zladi. 

Manzilga yetib borganimizda bahaybat chinorlar moziydan so‘zlayotgandek allanarsalarni shivirlardi. Tosh ostidan qaynayotgan buloq yoqimli jildirab turardi. Hovuz to‘la baliq. Domla ularga qo‘l tekkizib bo‘lmasligi haqida ogohlantirdilar. Ushbu manzil juda muqaddas joy bo‘lib, qachonlardir bu yerda Amir Temur o‘z jangchilari bilan to‘xtagani, chinorlar tarix dalolati ekanini aytdilar, keyin bu yerga to‘planganlar bilan so‘rashib, qabr yonida tilovat qildilar. Keyin biroz jim qoldilar.

Muzaffara ikkimiz nariroqda edik:

— Yig‘layaptilar, — dedi u. – Shu darajadagi olim qilgan ham shu qaynotam-da. Otalik qilgan, boqqan, tarbiyalagan.

Domla o‘rnidan turib, atrofdagilarga tushuntirgan bo‘ldi.

Qo‘lidagi qog‘ozga qarab o‘zicha uqtirardi.

— Sag‘ana suratini o‘zlari chizib keldilar. Tushuntiryaptilar, shekilli. — Oradagi jimlikni dugonamning ovozi buzdi.

Erkaklar narida to‘rga o‘rindiqqa o‘tirishgach, dugonam ikkalamiz qabr tepasiga bordik. U ham qaynotasi ruhi pokiga tilovat qildi. Shu zayil oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Domla qurilishga tayyorlab qo‘yilgan g‘isht uyumidan ikkitasini olib sag‘anaga tayyorlangan joyga — qabr ustiga qo‘ydilar. Keyin biroz o‘yga tolib, yigitlardan birini yonlariga chaqirdi. Allanimalarni uqtirdi. Vaqt tushlikka yaqinlashgan edi. Bizni yaqin xonadonlarning biriga ovqatga taklif qilishdi, ko‘nmadik, yo‘lga tushdik. Ko‘z oldimda yuksak madaniyatli, ma’rifatli, tasavvuf ilmining darg‘asi, munosib shogird o‘tirganidan, alloma inson qabrini ziyorat qilganimdan hayajonim ichimga sig‘masdi. Kechga tomon Muzaffaraning ota hovlisiga borganimizda onasi kuyovidan minnatdorligidan so‘zlab, uzundan-uzoq duo qildilar. O‘z navbatida shunday ajoyib insonlar bilan tanishganimdan sevinib, shukrona qilardim. 

 

MANGULIK

Kunlar oylarni, oylar yillarni quvib o‘tdi. Bu orada Najmiddin aka yuksak lavozimlarda ishlayotgan bo‘lsalar-da, bir necha salmoqli kitoblarni tayyorlab chop ettirishga vaqt topdilar. “Ma’nolar olamiga safar”ni nashriyotga topshirganlarini dugonamdan eshitdim. Bu qadar mehnatsevarlik, fidoyilik hammaga ham nasib qilavermaydi.

— Har bir daqiqani o‘zlaridan qizg‘anadilar, — dedi dugonam. — Bekor o‘tmasin deb ishlayveradilar-ishlayveradilar. Men bo‘lsam, u kishini ayayman, charchab qolmasinlar, deyman. Domlaning kamtarliklari, shohu gadoga bir xil muomala qilishlari va yana o‘nlab fazilatlari haqida, yetmish yillik yubileylarida ham qayta-qayta gapirishgan edi.

Tantana chog‘ida dugonamning qo‘liga “Shukrona” she’rlar to‘plamimni bergandim. Undan avval “Fazilatim fozilaligim”ni ham. U, albatta, domlaga ham ko‘rsataman, o‘qib chiqadilar, dedi. Kenja farzand Zeboning to‘yiga taraddud ko‘rishayotganda ham guvoh bo‘ldim, qatnashdim. Ikki dono inson bu to‘yni ham ibratomuz tarzda o‘tkazishdi. Ular orzulari ushalganidan mamnun edilar. Shu kezlarda olimning salomatliklari ancha yomonlashgani sezilardi. 

Oradan uch oy chamasi o‘tdi, olimning butunlay betob bo‘lib uyda yotganlarini telefonda dugonamdan eshitib, yo‘qlab bordim. Yana o‘sha mo‘’jazgina, ammo juda fayzli hovlidan ichkari kirdim, hol-ahvol so‘rashib turgandik, domla qo‘shni xonadan chiqdilar, yuzlari so‘lg‘in, majolsiz ekanligi sezilardi. “Dard yomon narsa-da, shunday buyuk insonga yopishmasa nima edi,” — xayolimdan shu o‘y o‘tdi.

Dard bilan kurashayotgan bo‘lsalar-da “Shukrona” she’rlar to‘plamim haqida iliq, samimiy fikrlarini aytdilar, kamchiliklarini ham.

Domla o‘zlari qiziqib o‘qiganlaridan sevindim. Shu payt stol ustida turgan “Umr ipiga terilgan marjon”ni ko‘rdilar. Uni ham dugonamga dastxat yozib olib bergandim. Domla uni varaqlab ko‘rdilar-da, keyin:

— Proza ekan, yaxshi, bezagi ham chiroyli. Tabriklayman. Albatta, o‘qib chiqaman, — dedilar ochiq chehra bilan.

— Ruxsat bersam, ahvolingiz yaxshi bo‘lsa o‘qiysiz-da, — dedi dugonam. — Charchab qolmang tag‘in. Kirib dam oling.

Gapga ko‘nib, ichkari kirib ketdilar.

— Tibbiyot ojizlik qilyapti, do‘xtirlar ko‘rdi, dori-darmon qilyapmiz, natijasini ko‘rmayapman, — dedi dugonam g‘amgin ohangda.

Oradan hafta o‘tdi, sovuq xabar eshitdim, janozaga to‘planganlar ko‘chaga sig‘may ketdi, o‘shanda bir narsaga ishondimki, olimning nafaqat nomi, balki ilm sohasidagi betakror mehnati, o‘zgalarga qilgan yaxshiliklari yuzlab emas, minglab muxlislar qalbidan joy olgan. Demak, Najmiddin Komilovning nomi mangu barhayotdir.

 

Muqaddas 

ABDUSAMATOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat 

Xodimi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.